Shakliy (simvolik) tamoyil. Bu prinsipga ko`ra, odatda, boshqa tillardan olingan so`zlar o`sha tillarda qanday yozilsa shunday yozamiz: Nyu-York, kilogramm, kross,taassurot, koeffitsiyent, trolleybus kabi.
Ma’lumki, o`zbek xalqi qarib 70 yil davomida kirill yozuvidan foydalanib keldi. Kirill yozuvining imlo qoidalari 1956-yil 4-aprelda hukumat tomonidan tasdiqlangan edi. Unga ko`ra, o`zbek orfografiyasining asosiy qoidalari 72 moddadan iborat bo`lib ularning ba’zilari o`zbek tilining tabiatiga hamma vaqt ham mos kelavermasdi. Chunonchi, е, ё, ю, я grafemalari, ц harfi, ayirish, yumshatish belgilari (ъ, ь) bilan bog`liq o`rinlar shular jumlasidandir.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 13-sessiyasi (1993-yil 2-sentabr) da “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy qilish to`g`risida” O`zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Bu qonunni joriy qilish to`g`risida prezident farmoni ham e’lon qilindi. 1995-yil 24-avgustda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida”gi 339-son qarori qabul qilindi. Yangi imlo qoidalari 82 – moddadan iborat bo`lib, unda harflar imlosi, asos va qo`shimchalar imlosi, qo`shib yozish, chiziqcha bilan yozish, ajratib yozish, bosh harflar imlosi, ko`cherish qoidalari alohida bo`limlarda ko`rsatilgan.
Ma’lumki, orfografiya adabiy tilning talaffuzini o`rganuvchi orfoepiya bilan, alifbo bilan uzviy bog`liqdir. Orfografiya bilan orfoepiya adabiy tilni takomillashtirishda, uni muntazam bir shaklga solishda muhim rol o`ynaydi. Lotin alifbosiga asoslangan imlo qoidalarida juda ko`p o`rinlarda orfografiyaning adabiy talaffuz me’yorlari bilan muvofiqlashganligini ko`rish mumkin. Masalan,
mo`tabar, mo`jiza, mo`tadil kabi arab tilidan o`zlashgan so`zlar tarkibidagi o` unlisi cho`ziq aytiladi va yozuvda ulardan keyin tutuq belgisi ishlatilmaydi;
parvo, mavqe, mavzu, avzo so`zlariga I, II shaxs egalik qo`shimchalari qo`shilganda bir y tovushi qo`shib aytiladi va shunday yoziladi; parvoyim, parvoying, … mavqeyim…;
ruscha цилиндр, кварц, акция, конституция, лицей, милиция kabi o`zlashgan so`zlar tilimizda o`zbekona talaffuzga muvofiq yoziladi: silindr, kvars, aksiya, konstitutsiya, litsey, militsiya va hokazo.
Demak, orfografiya va orfoepiya og`zaki hamda yozma nutqni bir – biriga yaqinlashtirishda, milliy – adabiy tilning birligini yaratishda muhim ahamiyat kasb etuvchi mushtarak sohalardir.
http://fayllar.org
Dostları ilə paylaş: |