16-Mavzu: Tarbiya turlari va uning shaxs kamolotiga ta'siri
Reja:
Tarbiya jarayonining mazmun-mohiyati
Tarbiya qonuniyatlari.
Tarbiya tamoyillari.
Tarbiya jarayonini tashkil etish-ga doir zamonaviy yondashuvlar va ularning o‘ziga xosliklari.
Tarbiya pedagogikadagi asosiy tushunchalardan biri sanaladi. Jamiyat va pedagogikaning tarixiy rivoji davomida mazkur kategoriyani tushuntirishga turlicha yondashuvlar yuzaga keldi. Eng avvalo, yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, keng va tor ma'nodagi tarbiya farqlanadi. Keng ma'noda tarbiya shaxsga jamiyatning ta'sir etishi, ijtimoiy hodisa sifatida qaraladi. Mazkur holatda tarbiya ijtimoiylashtirish bilan uyg‘unlashadi. Tor ma'nodagi tarbiya deganda, pedagogik jarayon sharoitida ta'lim maqsadini amalga oshirish uchun pedagog va tarbiyalanuvchilarning maxsus tashkil etilgan faoliyati tushuniladi. Ushbu holatda pedagoglarning tarbiyaviy faoliyati tarbiyaviy ish deb ataladi.
Tarbiya jarayoni tarbiyachi va tarbiyalanuvchilar o‘rtasida tashkil etiluvchi hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan hamkorlik jarayonidir.
Tarbiyaning maqsadi – har tomonlama barkamol shaxsni shakllantirish.
Tarbiya mazmuni deganda, qo‘yilgan maqsad va vazifalar bilan bog‘liqlikda tarbiyalanuvchilarning egallashi lozim bo‘lgan bilim, malaka, e'tiqod, shaxs sifati va xarakteri, xulq-atvor tizimi tushuniladi.
Tarbiyaning umumiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
jamiyat rivoji uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy madaniyatga mos yetarlicha hajmdagi “inson kapitali”ni tayyorlash;
ma'lum jins yoshi va ijtimoiy-kasbiy guruhlarning qiziqishlarini hisobga olgan holda ijtimoiy munosabatlar doirasida jamiyat a'zolarining harakatini tartibga solish.
Tarbiya jarayoni – tarbiyaviy ishlar, tadbirlarning doimiy harakatdagi zanjiridan iborat. Tarbiyaviy tadbirlar – turli xil moddiy va ma'naviy ehtiyojlarga javob beruvchi, tarbiyaviy maqsadlarnipg yagona majmuasiga bo‘ysundirilgan, bir-biri bilan o‘zaro hamkorlik qiluvchi, o‘zida bir butun ta'limni ko‘zda tutgan tarbiyaviy ta'sir majmuidir. Ta'lim jarayoni alohida mashg‘ulotlardan tashkil topgani kabi tarbiyaviy tadbirlardan tarbiya jarayoni vujudga keladi. Tadbirlar, tarbiyaviy ishlar – tarbiya jarayonining bir bo‘lagidir.
Tarbiyaviy ish – bu tarbiyaning tizimliligi, to‘laligi, uzviyligi va uzluksizligidir. Tarbiyaviy ish tarbiyalanuvchilarning muaiyan faoliyatini tashkil etuvchi va amalga oshiruvchi shakldir. Tarbiyaviy ishning asosiy xususiyati – zaruriylik, foydalilik va tatbiq etish imkoniyatidan iborat.
Tarbiya jarayonining o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilarda yorqin namoyon bo‘ladi:
maqsadga yo‘naltirilganlik. Tarbiya jarayoni – bu natijasi jamiyat uchun foydali shaxsni shakllantirish qaratilgan maxsus tashkil etiluvchi, boshqariluvchi va nazorat qilinuvchi tarbiyachi va tarbiyalanuvchilarning birgalikdagi faoliyati. Boshqacha aytganda, mazkur jarayon qo‘yilgan maqsadga erishishga yo‘naltirilgan tarbiyachi va tarbilanuvchilarning o‘zaro hamkorligidir;
ko‘p qirrali jarayon. Tarbiya jarayoni ko‘plab ob'ektiv va sub'ektiv omillarga bog‘liq. Sub'ektiv omillar bolaning ichki ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lsa, ob'ektiv omillar tarbiyaviy vazifalarni muvafaqqiyatli hal etishga yordam beradigan bola yashaydigan muhit sharoitlari bilan tavsiflanadi;
uzoq muddat davom etishi. Pedagogikada tarkib topgan qonuniyatga ko‘ra tarbiya jarayoni inson tug‘ilganidan boshlab umrining oxirigacha davom etadi;
uzluksizligi. Tarbiya – tarbiyachi va tarbiyalanuvchilarning izchil, tizimli o‘zaro harakati jarayoni. Qo‘yilgan maqsadga erishish uchun tarbiyaviy ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilishi lozim;
yaxlitligi. Ya'ni tarbiya jarayoni maqsad, vazifa, mazmuni, shakl, metod va vositalarining birligi. Bolani tarbiyalash jarayoni yaxlit tavsifga ega bo‘lganligi bois tarbiyaviy ta'sirning ham to‘laqonli bo‘lishiga erishish lozim;
variativligi. Tarbiya jarayoni xilma-xil ko‘rinishda amalga oshirilib, mazkur holatda tarbiyalanuvchilarning individual rivojlanishidagi o‘ziga xosliklar, tarbiyaviy jarayonga munosabati, ijtimoiy tajribalari alohida ahamiyat kasb etadi;
natijalarning oldindan aniqlanmasligi. Tarbiya jarayoning murakkabligi shundaki, mazkur jarayon o‘z mahsulini yillar davomida ko‘rsatadi. Kutilgan natijaga erishish ham tarbiyachining kasbiy mahoratiga, ham tarbiyalanuvchining shaxsiy faolligiga bevosita bog‘liqdir;
ikki tomonlamalilik. Tarbiya jarayonining borishi ikki yo‘nalishda amalga oshadi: tarbiyachi – tarbiyalanuvchi (to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa) va tarbiyalanuvchi – tarbiyachi (qayta aloqa).
Tarbiya qonuniyatlari – bu bir tomondan, ijtimoiy hodisa sifatida tarbiyaning xususiyatlari, ikkinchi tomondan, shaxsning rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan barqaror aloqalar.
Tarbiya jarayonining quyidagi umumiy qonuniyatlari mavjud:
ijtimoiy muhitning ob'ektiv va sub'ektiv omillariga bog‘liqligi. Ob'ektiv omillar tarbiyani tashkil etish shart-sharoitlari (moddiy-texnik, ijtimoiy, madaniy, sanitar-gigienik) orqali yuzaga chiqsa, sub'ektiv omillarga tarbiyachi va tarbiyalanuvchilar, ularning o‘zaro birgalikdagi harakati, murakkab aloqalar, psixologik muhit va boshqalarni kiritish mumkin;
tarbiyaning shaxsning rivojlanishi bilan birligi va o‘zaro bog‘liqligi. Tarbiya jarayoni bolalarning yosh davri rivojlanishi xususiyatlarini hisobga olgan holda tashkil etilishi; qo‘yilgan maqsad vazifalar bolalarning yosh xususiyatlariga to‘liq mos kelishi lozim;
faoliyat va munosabatni e'tirof etish shaxsning ijtimoiy qimmatli fazilatlarini shakllantirishning negizi va asosiy manbai. Tarbiyalanuvchilarning faoliyatga jalb etish orqali ularda mavjud jarayonga nisbatan munosabatni aniq baholay olish mumkin. O‘z navbatida munosabat bildira olish tarbiyalanuvchining faoliyatga tayyorligini ko‘rsatadi;
tarbiyalanuvchilarning o‘zaro tarbiyaviy ta'siri, o‘zaro munosabatlari hamda faol faoliyati o‘rtasidagi bog‘lanish. Tarbiyalanuvchilar bir-birlariga o‘zaro ta'sir etishlari va mazkur imkoniyatdan oqilona foydalana olish tarbiya jarayonining ta'sirini kuchaytiradi. Ularning o‘zaro munosabatlarining barqarorligi, shuningdek, birgalikdagi faoliyati ularda jamoaviylik, o‘zaro ishonch, mehribonlik, bir-birlari uchun qayg‘ura olish, hamdardlik, bag‘rikenglik kabi fazilatlarning qaror topishiga ko‘maklashadi;
tarbiya va o‘zini-o‘zi tarbiyalashning intensivligi. O‘z-o‘zini tarbiyalash – bu shaxsning o‘zini, shaxsiy sifatlarini takomillashtirishidir, zamon talabiga javob beradigan darajada ongli intilishidir. O‘z-o‘zini tarbiyalash yaxshi tarbiya natijasida yuzaga kelib, shaxsning o‘z-o‘zini kamolga yetkazishiga olib keladi. O‘z-o‘zini tarbiyalash bevosita tarbiyalanuvchilar hayot mazmuni, ularning qiziqishlari, u yoki bu yosh davridagi xarakterga bog‘liqdir. O‘z-o‘zini tarbiyalash muhim ahamiyatga ega bo‘lib, tarbiyalanuvchiga o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay olish, o‘zidagi ijobiy va salbiy jihatlarni aniqlay olish imkonini beradi;
tarbiyalanuvchining “ichki olami”ga ta'sir etishning intensivligi(G.I. Щukina). “Tarbiyalanuvchining ichki olami” deganda motiv, ehtiyoj, emotsiya, intellekt kabilarning birligi tushuniladi. Tajriba, bolaning ehtiyojlari orqali sinaladigan tashqi muhit ta'siri uning yutug‘i sifatida yuzaga keladi. Aynan tarbiyaviy jarayonda tashqi ta'sir bolaning ichki muvafaqqiyatini kuchaytiradi;
tarbiyalanuvchilarda verbal va sensomotor jarayonlarning rivojlanish darajasi va pedagogik ta'sirni hisobga olish (G.I.Shukina). Amaliyot ko‘rsatadiki, hamma vaqt ham bolaning aqliy rivojlanishi uning verbal nutqi va harakatga doir sensomotor ko‘rsatkichlariga mos kelavermaydi. Nazariy bilimlarga oson va erkin tayanuvchi bolalar uchun ba'zan elementar amaliy harakatlar, sohada mehnat faoliyatiga doir operatsiyalarni, jismoniy mashqlarni bajarish qiyin va murakkablik qiladi. Shuning uchun tarbiyalanuvchilarda verbal va senmotor jarayonlarning rivojlanish dinamikasi bilan pedagogik ta'sirning uyg‘unligiga erishish lozim.
Tarbiya tamoyillari – bu tarbiyaviy ishning yo‘nalishiga, mazmuniga, metodlari va tashkil etilishiga, tarbiya jarayonining ishtirokchilari orasidagi munosabatlarga qo‘yiladigan asosiy talablar ifodalanadigan dastlabki qoidalardir.
Tarbiya jarayoni quyidagi tamoyillar asosida boshqariladi:
Dostları ilə paylaş: |