50
QALDIRG‘OCH
– Biz Atlantidaga aylanib boryapmiz!
Roziya Ziyodning bu kabi ajabtovur gaplariga ko‘nikib
qolgan. Har holda o‘zi ham adabiyot odami. Ziyodning boshqa
bir olami borligini yaxshi biladi. Aslida, Roziyaning ko‘ngli ham
Ziyodning ana shu o‘zgacha olamiga tushgan edi. Talabalikning
ilk yili o‘zidan
bir kurs yuqori, doim xayolchan yuradigan bu
yigitga avvaliga deyarli e’tibor qilmagandi. Bir kun devoriy
gazetada chiqqan she’rlarini o‘qib qoldi-yu... Bu qadar birda keskir,
birda nafis satrlarni avval hech qayerda o‘qimagan edi. Shu-
shu zimdan bu yigitni kuzatadigan, yangi she’rlarini kutadigan,
daftariga ko‘chiradigan bo‘ldi.
Ammo andishadan hatlab bir
qadam tashlamadi. Ko‘ngliga tushgan bu yoqimli va otashin hisni
kundaligidan o‘zgasi bilmadi. Keyin taqdir bo‘ldimi, tasodif bo‘ldimi,
kunlardan bir kun Ziyod qizni bezorilardan qutqardi...
– Rahmat!
– Arzimaydi! Bemahalda yaxshimi ko‘chada yurishingiz?
Roziya qizardi. “Nilufarnikida qolaversam bo‘larkan. Nimagayam
ko‘nmadim-a?! Bir kun dars qilmasam, osmon uzilarmidi?! Endi men
haqimda nima deb o‘ylaydi?!”
– Dugonamnikidan qaytayotgandim – aybdor odamday pichirladi.
– Ha, mayli,
qayerda turasiz, kuzatib qo‘yaman? Yana shilqimlarga
uchramasligingizga kafolat yo‘q. Yaxshilikni oxirigacha qil deyishgan!
– Rahmat. Uncha uzoq emas, keyingi ko‘chadagi universitet
yotoqxonasida turaman, o‘zim ketaveraman.
Ziyod “yuring” deb turavergach, jimgina ergashdi.
Birga ketyapti-
yu, boshida ming bir o‘y charx uradi. “Yo tavba, nega rozi bo‘ldim
unga? Bir institutda o‘qishimiz, she’rlarining ajoyib ekanidan boshqa
narsa bilmayman-ku. Yaxshi shoir yaxshi odam deganimas-ku. Balki,
yomon yigitdir. Xilvatroq joyda o‘zi tegajog‘lik qilsa-chi? Odamning
olasi ichida bo‘ladi, tashqaridan sipo ko‘ringani bilan... Yo Xudoyim!
Dostları ilə paylaş: