O’RTA OSIYO QO’RIQXONALARI Reja: O`rta Osiyo va O`zbekistondagi maxsus qo`riq maskanlari va ularning geografik joylashish xususiyatlari
O’rta Osiyo qo‘riqxonalari
Qo’riqxonalarda yo’qolib borayotgan o’simlik va hayvonarni saqlab qolish tadbirlari
Keyingi yillarda planetamizda qo‘riqlanadigan hududlar soni to‘xtovsiz oshib bormoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 70-yillarning boshida dunyo bo‘yicha 1204 ta qo‘riqxona va milliy bog‘lar bo‘lgan edi. Qo‘riqlanadigan hududlarning tez o‘sishi shundan ma’lumki, ularning uchdan bir qismi 1960 yillardan boshlab tashkil qilingan. Hozirgi kunda yer kurrasi bo‘yicha tabiatni muhofaza qilinadigan hududlarning soni 40 mingdan ko‘p. Shunday qilib, yuqorida aytganimizdek, muhofaza qilinadigan landshaftlar, ya’ni qo‘riqlanadigan hududlarning formasi xilma-xil. Xorijiy mamlakatlarda tabiatni muhofaza qilishning asosiy ko‘rinishlari – milliy bog‘ va rezervatlar bo‘lsa, masalan, Rossiyada qo‘riqxona va zakazniklardir. Qo‘riqxona quruqlik maydonining harakterli tabiiy landshaftlari bo‘lgan ma’lum bir uchastkasi bo‘lib, tabiatni muhofaza qilishning eng samarador formalaridan biridir. Alohida muhofaza qilinadigan hududlar orasida qo‘riqxonalar muhim rol o‘ynaydi. Qo‘riqxonalarning asosiy vazifasi – tabiatning diqqatga sazovor qimmatli landshaftlarini jamiyat manfaatlari uchun saqlashdan iborat. Qo‘riqxona hududlaridan xo‘jalikda foydalanish, hatto, pichan tayyorlash, ov qilish, baliq tutish, qo‘ziqorin terish umuman ta’qiqlangan. Qo‘riqxonalar atrofi kam foydalanib, muhofaza qilinadigan zona bo‘lishi kerak. Qo‘riqxonalarning asosiy vazifasi va maqsadlari nimadan iborat? Qo‘riqxonalar hududidagi mavjud komplekslar tabiiy holatda saqlanadi. Ular inson tomonidan o‘zlashtirilayotgan va o‘zgargan qo‘shni hududlar uchun etalon bo‘lib xizmat qiladi. Bunday etalonlar inson xo‘jalik faoliyatining biz uchun qulay yoki noqulay ekanligini taqqoslashga, tabiatdan amaliy foydalanish u yoki bu usulining naqadar maqsadga muvofiqligini nazorat qilishga imkon beradi. Qo‘riqxonalarning asosiy vazifasi tabiatni har tomonlama o‘rganishdir. U landshaft komponentlari o‘rtasidagi uzviy aloqadorlikni bilib, tabiiy boyliklardan unumli foydalanish yo‘llarini ishlab chiqish uchun zarur. Masalan, Kursk yaqinidagi Markaziy Qoratuproq qo‘riqxonasi o‘rmon-dasht zonasi uchun harakterli bo‘lgan tabiiy– hududiy komplekslarning etaloni bo‘lib, bu yerda Rossiya Fanlar akademiyasi Geografiya instituti tabiiy jarayonlarni ko‘p yillardan buyon tekshiradi. Qo‘riqxonalardagi tabiiy jarayonlarni o‘rganish landshaft geografik jihatdan o‘xshash bo‘lgan hududlarning tabiiy boyliklari va tabiiy sharoitidan unumli foydalanishni tashkil qilishni yengillashtiradi. Shuning uchun qo‘riqxonalar tabiiyhududiy komplekslarning hamma tipida bo‘lishi kerak. Asosiy muhofaza qilish ob’ektiga bog‘liq holda qo‘riqxonalar oldiga kompleks va maxsus vazifalar qo‘yiladi. Kompleks qo‘riqxonalarda butun tabiiy-hududiy komplekslar tabiiy holda muhofaza qilinadi. O‘rta Osiyodagi qo‘riqxonalarning asosiy qismi oldiga kompleks maqsadlar qo‘yilgan. Maxsus vazifalarni bajaradigan qo‘riqxonalar asosan katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan ayrim ob’ektlarni muhofaza etish uchun tashkil qilinadi. Masalan, Orol dengizidagi tashkil etilgan Borsakelmas qo‘riqxonasi, eng avval, shu yerda iqlimlashtirilgan qulon hamda sayg‘oq va jayronlarni qo‘riqlash va biologiyasini o‘rganish uchun tashkil qilingan edi. Pitsunda qo‘riqxonasi asosan relikt qarg‘aylarini muhofaza qilish uchun bunyod etilgan. Chelyabinsk oblastidagi Ilmen qo‘riqxonasi uncha katta bo‘lmagan hududda 200 dan ortiq noyob minerallar to‘plangan maydonni saqlash uchun tashkil qilingan. Zarafshon tizmasining janubiy yon-bag‘irdagi Kitob davlat paleontologik-stratigrafik qo‘riqxonasi geologik maqsadlar uchun tashkil etilgan. Qo‘riqxona tabiiy-hududiy komplekslarning daxlsizligini ta’minlovchi tabiiy etalondir. Hozirgi sharoitda planetamizning turli-tuman tirik organizmlar genofondini saqlashda qo‘riqxonalarning roli katta. Qo‘riqxona hududida ko‘pgina hayvon va o‘simlik turlarining hayoti uchun zarur bo‘lgan optimal sharoit mavjud. Shuning uchun qo‘riqxonalar hayvon va o‘simliklarning ayrim turlarini saqlash va ularni ko‘paytirishda muhim rol o‘ynaydi. Inson tomonidan o‘zgartirilgan landshaftlarga moslasha olmagan hayvonlarni faqat qo‘riqxonalarda saqlash mumkin bo‘lmoqda. Bular – zubr, qulon, goral, begemot, yo‘lbars, arslon, qoplon, ilvirs (bars), suv kalamushi, turach, qizil g‘oz, gaga va boshqalardir. Shuningdek, bir qancha o‘simlik turlari faqat qo‘riqxonalarda saqlanmoqda. Masalan, AQShda mamont (sekvoyya) daraxti, Livanda livan kedri, Rossiya hududida tis, shamshod, nilufar va boshqa turlar ana shunday o‘simliklardandir. Qo‘riqxonalar ovlanadigan hayvonlarni saqlash va ularni ko‘paytirishda katta rol o‘ynaydi. Masalan, Baykalda Barguzin qo‘riqxonasi tashkil qilingan paytda (1916 yil) qurum toshlarda hammasi bo‘lib 20-30 suvsar yashardi. Muhofaza qilish natijasida hozir bu hayvon ko‘payib, qo‘riqxonadagina emas, balki qo‘shni hududlarda ham ovchilik ahamiyatga ega. Voronej qo‘riqxonasi barpo qilingan vaqtda (1927 yil) bir necha juft qunduz bor edi. Shu qo‘riqxona tashkil etilgandan buyon undan Rossiyaning 73 rayoniga 3 mingdan ortiq qunduz tarqatildiki, ular 70 mingdan ortiq nasl berdi. Shunday qilib, qo‘riqxona hududlari turli xil hayvon va o‘simlik turlarini, ovlanadigan hayvonlarning miqdori va genetik fonlini saqlash uchun xizmat qiladi. Mamlakatimizda hamma qo‘riqxonalar ilmiy muassasalar hisoblanadi. Qo‘riqxonalarda yuzlab xodimlar tabiiy komplekslarni va ularning ayrim kompo-nentlarini tekshiradilar, tabiiy hodisalarni qayd qiladilar, ilmiy tajribalar o‘tkazadilar. Qo‘riqxonalar bilan mamlakati-mizning ilmiy muassasa va oliy o‘quv yurtlari yaqin aloqa o‘rnatgan. Qo‘riqxonalarda bo‘lajak biologlar, geograflar, o‘rmonshunoslar, geologlar dala praktikasini o‘taydi. Qo‘riqxona hududlaridagi tabiiy jarayonlarga inson doimo aralashib turishi kerak. Jumladan, qo‘riqxonadagi yirtqichlar, ularning o‘ljalari hamda tuyoqlilar soni va yem-xashak bazasi ustidan nazorat qilib turilishi lozim. O‘rta Osiyoda o‘ttizdan ortiq qo‘riqxonalar bor, shulardan ayrimlariga tavsif beramiz. Zomin tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi Turkiston tizmasi g‘arbiy qismining shimoliy yon-bag‘irda, Zomin tog‘ida 1900-3500 metr mutlaq balandlikda joylashgan. Bu yerda tog‘ dasht (cho‘l), o‘rmon va subalp o‘simlik mintaqalari mavjud. Qo‘riqxona hududida 150 dan ortiq o‘simlik turlari uchraydi. Qo‘riqxona hududining katta qismi – 6756 gektari o‘rmon mintaqasi, archazordan iborat. Bu yerda archaning uch turi uchraydi. O‘rmonzorning pastki qismida (1900-2700 metr balandlikda) Zarafshon archasi yoki qora archa, o‘rta qismida (2100-2800 metr) yarim sharsimon yoki savr archa, yuqori qismida (2100-3200 metr) turkiston archasi (o‘rik archa) o‘sadi. Qo‘riqxonada sudralib yuruvchi hayvonlarning 6 turi, parrandalarning 63 va sutemizuvchilarning 18 turi mavjud. Sutemizuvchilardan oq tirnoqli ayiq, to‘ng‘iz, silovsin, bo‘ri, tog‘ echkisi, arhar (tog‘ qo‘yi), jayra, quyon, kaklik, qirg‘iy, burgut, boltayutar, himolay kurkasi, tog‘ qarg‘asi, qalqontumshuqilon, chiporilonlar yashaydi. Zomin tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasida archazorlarning tabiiy holati va archa-o‘rmon mintaqasiga xos tipik tabiiy geografik komplekslarni saqlash, ularni har tomonlama tadqiq etish, tabiiy boyliklar sifatini yaxshilash, ularni ko‘paytirish, shuningdek archa biologiyasini o‘rganish, archazorlarni kengaytirish, hayvonot dunyosini saqlash va tiklash bo‘yicha ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda. Qo‘riqxona har yili o‘rmon xo‘jaligiga 1,5 tonnadan ko‘proq qimmatli archa urug‘ini yetkazib bermoqda. Chotqol tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi Chotqol tizmasining janubi-g‘arbiy qismida dengiz sathidan 1000-3200 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, maydoni 47,5 ming gektar yerni tashkil qiladi. Qo‘riqxona hududida quruq dashtdan tashqari mevali o‘rmonlar, archazorlar, alp o‘tloqlari kabi landshaft mintaqalari mavjuddir. Bu yerda 600 dan ortiq o‘t, 40 ga yaqin daraxt va buta o‘simlik turlari uchraydi. Qo‘riqxona hududining 40 protsenti archazorlardan iborat. Shuningdek, bu yerda pista, Kavkaz shamshodi, zirk, irg‘ay va boshqa noyob buta va daraxtlar ko‘p uchraydi. Qo‘riqxonada sudraluvchilarning 23 turi yashaydi. Yirtqichlardan savsar, oq suvsar, bo‘rsiq, ayiq, bo‘ri va boshqalar uchraydi. Qo‘riqxonaga 1953 yilda yelik bug‘usi (kosulya) olib kelingan edi. Hozir yelik tobora ko‘payib bormoqda. Qo‘riqxonaning toshli va qoyali landshaftlarida kiyik yashaydi. Kiyiklarning soni bir necha yuz boshdan ortiq. Chotqol qo‘riqxonasining eng qimmatli hayvonlaridan biri relikt jonivor – menzbir sug‘uridir. Shuni aytish kerakki, sug‘urning 14 turi mavjud bo‘lib, shundan oltitasi mamlakatimiz hududida yashaydi. Menzbir sug‘uri yer sharining boshqa biror qismida uchramaydi. Tanasining uzunligi yarim metr, vazni esa 4 kilogramm atrofida bo‘lib, 4 oy mobaynida bir yarim kilogrammgacha yog‘ to‘playdiki, bu yog‘ uyqudagi karaxtlik davrida bemalol yetadi. Menzbir sug‘uri xalqaro «Qizil kitob» va O‘zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan. Hozirgi vaqtda bu nodir jonivorning yashash sharoiti keng o‘rganilmoqda. Chotqol tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi tog‘li o‘lkalarni xo‘jalik jihatdan o‘zlashtirish yo‘llarini ishlab chiqmoqda. Qo‘riqxona hududida ilmiy bazalar ishlab turibdi va olimlar ilmiytadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Qorako‘l qo‘riqxonasi Buxoro viloyatining Qorako‘l rayoni hududida qumli maydonlarda 180-200 metr absolyut balandliklarda joylashgan.