3-MA’RUZA: O’rta Osiyo va Farg’ona vodiysi hayvonot dunyosini o’rganilish tarixi. Farg’ona vodiysi tabiati va hayvonot olamini o‘rganish asoslari
Reja
1. O‘rta Osiyo tabiatini o‘rganish tarixi( 1820 y E.A. Eversman )
2. 1857-1878 y N.A. Severov ishlarining ahamiyati.
3. N.A. Zarudniy va D.N. Kashkarovlarning zoologiyaning rivojiga qo‘shgan hissalari
Mashg‘ulotning maqsadi:O‘rta Osiyo tabiati va hayvonot olamini o‘rganish tarixini, 1820 yildan boshlab E.A. Eversman, 1857-1878 y N.A. Seversev, N.A. Zarudniy, Moskva universitetining prfessorlari A.N. Formozov, G.P Dementev, V.G. Geptnerlarning faunani urganish buyicha faoliyatlarini asoslashdan iborat. D.N. Kashkarovning zoologiya fanining rivojiga qo‘shgan xissasi keng izohlanadi.
Mavzuning nazariy asoslari
Ma’lumki, E.A. Eversman 1820-yili O‘rta Osiyo tabiatini o‘rganishga asos soldi.U rus diplomatik elchixona xodimi sifatida savdogarlar karvoni bilan Buxoroga yo‘l oldi. Bu ekspeditsiyada naturalist sifatida doktor Pander ham ishtirok etdi. Ekspeditsiya katta Buxoro “Karvon yo‘li” yo‘nalishi bo‘ylab xarakatlandi. Ekspeditsiya 10 oktabrdan boshlanib ikki oyda Qizilqum cho‘llari orqali Buxoroga etib bordi. Eversmann bu sayoxatda asosan O‘rta Osiyo geologiyasi va ekologiyasi bilan shug‘ullandi. Kech kuz bo‘lganligi sababli ko‘pchilik hayvonlar qishki uyquga ketgan edi. SHuning uchun ham olim zoologik materiallarni yig‘a olmadi. Buxoroga ikkinchi ekspeditsiya bahor oyida boshlandi, bunda juda ko‘p hayvonlar kolleksiyalari to‘plandi va materiallar Berlin Universitetiga yuborildi. Professor Lixtenshteyn bu materiallarni qayta ishlab 1823 yili Eversman ishlariga ilova tarzida maqola e’lon qildi. 1825-1826 yillarda Eversman Ustyurtni shimoliy qismida bo‘lib, juda ko‘p zoologik materiallar to‘pladi va “Orenburg o‘lkasining tabiiy tarixi” kitobini yozdi. 1832 yili G. S. Karelin Kasbiy dengizining sharqiy qirg‘oqlarida ilmiy izlanishlar olib bordi.
G.S.Karelinda zoologik materiallar unchalik ko‘p emas edi va bu materiallarni uning o‘limidan so‘ng M.N. Bogdanov “Karelinni Kaspiy dengizi bo‘ylab sayoxati” nomli kitobida nashr qildirdi. Bu kitobda Kaspiy dengizini o‘ziga xos hayvonot dunyosi flamingo, oqqushlar haqida to‘la ma’lumotlar berilgan edi.
O‘rta Osiyo umurtqali hayvonlarini o‘rganishga taniqli tadqiqotchi va olim Nikolay Aleksandrovich Seversev katta xissa qo‘shdi. Uning O‘rta Osiyoga birinchi sayoxati 1857 yilda, ohirgisi esa 1878 yilda bo‘lgan. Bu davr ichida olim Ustyurtda, Orol dengizida, SHimoliy Qizilqumda, Sirdaryo voxasida, Tyan-SHan va Pomir tog‘ining turli qismlarida bo‘ldi.
Eskpeditsiya davomida zoologik materiallar bilan bir qatorda o‘sha davrda o‘rganilgan foydali qazilmalar, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham qimmatli materiallar to‘pladi. O‘rta Osiyoda eng ko‘p uchraydigan qushlardan 12 mingdan ortiqroq kolleksiya to‘pladi va bu materiallar hozirda Moskva Davlat Universitetining zoologiya muzeyida saqlanmoqda. O‘rta Osiyo bo‘ylab o‘tkazilgan ekspeditsiyalarda N.A.Seversev juda ko‘p xavf-xatarni boshidan kechirgan. Qo‘qon xonligi askarlari bilan bo‘lgan olishuvda yaralangan va asirga olingan. Juda ko‘p urishlardan keyin uni asirlikdan ozod qilingan. O‘rta Osiyo hayvonlari bo‘yicha to‘plagan qimmatli materiallari bir-necha kitoblarda rus va xorijiy tillarda nashr qilingan. “Turkiston hayvonlarini vertikal va gorizontal tarqalishi” nomli kitobida O‘rta Osiyo hayvonot dunyosi haqida aniq ma’lumotlar bergan. N.A.Seversev o‘zining ishlarida O‘rta Osiyo hayvonlarini bosqich bo‘yicha tarqalishi xususiyatlarini aniqladi. U asosan 5 ta bosqichga bo‘ldi.
Birinchi –saksovulzorlar va sho‘rxok erlar,
Ikkinchi o‘zlashtiriladigan madaniy o‘t bilan qoplangan cho‘llar, haydaladigan erlar va bog‘lar,
Uchinchi- Tyan-SHan tog‘ oldi bosqichi tilog‘och o‘rmonlari bilan,
To‘rtinchi-oq qayin va ignabarglilar,
Beshinchi-alp mintaqasi qorli tog‘lar va qor ostidagi alp o‘tloqlar. So‘ngra u O‘rta Osiyo turli qismlaridagi hayvonot dunyosini farqlarini aniqlab, zoogeografik zonalarga ajratgan.
1869-1871 yillarda buyuk tabiatshunost va sayyox A.P. Fedchenko birinchi bo‘lib Oloy tog‘larida va Farg‘ona vodiysida bo‘ldi. Olim shuningdek Samarqandda va SHimoliy Qizilqumda tadqiqot ishlarini olib bordi. Fedchenkoni barcha ekspeditsiyalarida uni turmush o‘rtog‘i botanik va rassom Olga Aleksandrovna hamkorlik qildi. O‘simliklar dunyosi bilan birga turli landshaftlarni rasmlarini chizdi. Gulcha vodiysidagi eng xushmanzara joylardan biri “Olga o‘tlog‘i” deb ataladi.
Fedchenko Farg‘ona va oloy vodiysidagi o‘simlik va hayvonot dunyosi haqida, vohaning tabiati haqida o‘zining kitoblarida qimmatli materiallar bergan.
1873 yili Amudaryoning quyi oqimi va qizilqum cho‘llari bo‘ylab M.N. Bogdanov ilmiy tekshirish ishlari olib bordi. Xiva voxasi va Qizilqumni tabiati o‘simlik va hayvonot dunyosi haqida kitob yozdi.
1886 yilda janubiy Qoraqum bo‘ylab Kavkaz muzeyini direktori G.I. Radde boshchiligida ekspeditsiya tashkil etildi. Ekspeditsiya zamonaviy asboblarga ega bo‘lib, juda ko‘p zoologik materiallar to‘pladi va bu materiallar maxsus to‘plamda nashr qilindi.
1884 va 1889 yillar ichida Nikolay Alekseevich Zarudniy boshchiligidagi O‘rta Osiyoga to‘rt marta ekspeditsiya uyushtirildi. Tekshirishlar shimoliy yonbag‘irlarida, Tedjet va Murg‘ob vodiysida, Amudaryo va CHordjo‘da olib borildi va natijada quruqlikda yashovchi barcha umurtqali hayvonlar bo‘yicha materiallar to‘plandi. 1906 yildan boshlab Zarudniy Toshkentdagi kadet korpusida dars bera boshladi. YOzgi ta’til davrida esa har yili uzoq muddatli ekspeditsiyalar tashkil etib Qizilqum, Orol dengizi, janubiy va shimoliy Farg‘ona, janubiy O‘zbekistonda bo‘ldi. SHuningdek Mirzacho‘l va Toshkent atrofidagi tumanlarga tez-tez chiqib turdi. O‘rta Osiyo hayvonot dunyosi bo‘yicha juda ko‘p qimmatli materiallar to‘pladi. Umurtqali hayvonlarni tarqalishi, hayot tarzi bo‘yicha ma’lumotlar bilan N.A.Zarudniy O‘rta Osiyo zoolog olimlari o‘rtasida birinchi o‘rinda turadi. Uning 200 dan ortiq asarlari nashr qilingan. Qushlarni o‘rganishga bag‘ishlangan “Zakaspiy o‘lkasining ornitologik faunasi” nomli monografiyasi qushlarning hayoti, tarqalishi, ko‘payishi kabi qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Toshkentdagi tabiat muzeyiga o‘z kolleksiyalarini asosiy qismini topshirib muzeyni tashkil etishda asos solgan olim Zarudniy hisoblanadi. Olim tomonidan yig‘ilgan 15 mingdan ortiq qushlar kolleksiyasi hozirgi vaqtda ToshDUni umurtqali hayvonlar zoologiyasi kafedrasini ilmiy kolleksiyasida saqlanmoqda. O‘zining boy ornitologik kolleksiyasi bilan bu kafedra shubxasiz O‘rta Osiyodagi barcha universitetlardan ustun turadi.
1907 yilda V.N. SHnitnikov janubiy Qozog‘istonda ilmiy izlanishlar olib borib, quruqlikda yashaydigan umurtqalilarni barcha sinflari vakillari bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarni to‘pladi.
1897-1911 yillarda Krasnovodsk, Kushka va Konibodom oralig‘idagi temir yo‘l atrofida tarqalgan qushlar faunasini L.V. Loudon o‘rgandi. Moddiy ta’minlangan oiladan bo‘lganligi sababli aloxida vagonda yurib qushlarning hayoti, tarqalishi, sistematikasini o‘rgandi.
Uning asarlarida qushlar hayoti, tarqalishi, ko‘payishi va uchish muddatlari haqida yangi ma’lumotlar bergan. L.V.Loudon tomonidan 12 ming ekzemplyar qushlar kolleksiya qilingan ayrim qushlarning sistematik o‘rni va bir necha yangi kenja turlari aniqlandi.
1899-1903 yillarda Orol dengizida, Sirdaryoda, Balxash va Issiq ko‘lda ixtiolog olim L.S. Berg ilmiy izlanishlar olib borib o‘zining “Turkiston baliqlari” nomli asarini nashrdan chiqardi. 1928-1945 yillarda G.V. Nikolskiy CHu daryosi, Orol dengizi, Amudaryo baliqlarini o‘rganib, ularni tur tarkibi, ko‘payishi haqida maqolalar e’lon qildi.
Ornitofaunani o‘rganishda N.A. Zarudniy katta hissa qo‘shib, 445 tur qushlarni yozib qoldirgan. SHu bilan birga M.A. Menzbir, D.N. Kashkarov, V.G. Geptner ishlarining ahamiyati ham katta.
O‘zbekiston faunasini o‘rganishning hozirgi yo‘nalishlari: protozoologiya, parazitologiya, gelmintologiya, entomologiya, arxanoentomologiya, ixtiologiya, ornitologiya, teriologiya yutuqlari tugrisida keng ma’lumotlar berishdan iboorat.
Dostları ilə paylaş: |