Hozirgi kunda gripp virusining kun sayin yangi turdagi shtammlari paydo boʻlayotganligi hech kimga sir emas. Ommaviy axborot vositalaridan gripp emidemiyalari haqida koʻp maʼlumotlar berib turiladi. Ular borgan sari hayot uchun xavfli boʻlib bormoqda. Xoʻsh, bu kabi holatga tushmaslik uchun nimalar qilish kerak? Oʻzimizni va yaqin insonlarimizni gripp virusidan qanday himoya qilish mumkin?
Gripp va OʻRVI dan qanday himoyalanish mumkin?
Gripp va OʻRVI (Oʻtkir Respirator Virusli Infeksiya) dan himoyalanishning bir necha usullari mavjud. Albatta, koʻpchilik bu ikki kasallikni bir-biridan farqlay olmaydilar, bundan tashqari OʻRK (Oʻtkir Respirator Kasallik) ni ham adashtirib yuboradilar. OʻRVI – bu nafas yoʻllarining faqatgina viruslar keltirib chiqaradigan kasalliklaridir. Agar nafas yoʻllarida viruslardan boshqa patogenlar kasallik keltirib chiqarsa bu OʻRVI ga kirmaydi. Statistika boʻyicha, nafas yoʻllari (respirator kasalliklar) kelib chiqishida koʻpincha viruslar sabab boʻladi. Albatta, bakteriyalar sababli ham nafas yoʻllari yalligʻlanishi mumkin, ammo organizmda mahalliy va umumiy immunitet pasayishiga asosan viruslar sabab boʻladi.
OʻRVI ni chaqiruvchi asosiy viruslarga – paragripp, adenovirus, rinovirus, enteroviruslar kiradi. Grippga keladigan boʻlsak, bu kasallikni ham OʻRVI ga kirgizsak boʻladi, chunki grippni ham viruslar chaqiradi. Ammo, gripp kasalligi xavfli boʻlganligi sababli, patologiya alohida koʻrib chiqiladi, hamda gripp profilaktikasiga jiddiy yondashishni talab etadi.
Profilaktik chora tadbirlar ikki guruhga boʻlinadi – spetsifik va nospetsifik. Gripp va OʻRVI ning spetsifik profilaktikasi gripp va OʻRVI viruslarini bloklashdan iborat. Kasallikning nospetsifik profilaktikasida esa respirator kasalliklarning oldini olishda umumiy qoʻllaniladigan chora tadbirlardan iborat, bunda aynan virusga qarshi kurashilmaydi.