Oldini olish va davolash. O’tkir kolitning oldini olish shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishdan iborat. Oziq-ovqatni sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda saqlash, shuningdek zaharlovchi metallar, qo’rg’oshin va simob bilan ishlashda texnika xavfsizligini ta’minlash choralarini ko’rish muhim ahamiyatga ega. O’rinda yotish bemorni davolashning birdan-bir to’g’ri usulidir. Basharti, bemorning kasalligi dizenteriya deb gumon qilinsa, darhol boshqa bemordan ajratish (izolyatsiya) lozim.
Antibiotiklar (tetratiklin, levomitsitin) va sulfanilamid preparatlari (ftalazol, enteroseptol) beriladi, parhez buyuriladi. Kasallikning birinchi kunida bemorga qandli issiq choy ichiriladi. Uchinchi kundan boshlab kisel va shunga o’xshash yengil taomlar beriladi. Kasallik protsessi pasaygach, bemorga № 4 parhez stoli buyuriladi. Og’riqni yo’qotish maqsadida qoringa grelka qo’yiladi. Kuchli tenezmda to’g’ri ichakka turli davolash shamlari: anuzol, betiol kabilar qo’yiladi. Organizm suvsizlanib qolsa, venaga tomchilab fiziologik etirma yuboriladi. Yurak faoliyati susaysa, kamfara, kordiamin preparatlari inyeksiya qilinadi.
Xronik kolityo’g’on ichakning yallig’lanishi natijasida funksiyaning buzilishi.
Etiologiyasi va patogenezi. Xronik kolit yuqumli kasalliklar- dizenteriya, toksik kolit, turli og’ir metallardan zaharlanish, ichki sekretsiya bezlari faoliyatining buzilishi, allergik kolik- ba’zi oziq moddalar va dorilarga nisbatan o’ta sezuvchanlik natijasida kelib chiqadi. Bundan tashqari ba’zan boshqa kasalliklar bilan birga axiliyada, pankreatitda, avitaminozda, Bazedov kasalligida ham uchraydi. Yallig’lanish protsessi yo’g’on ichakni butunicha yoki bir qismini qamrab olishi mumkin. Yallig’lanish xarakteriga qarab kataral, follikulyar, infiltratli, yiringli, yarali hamda gangrenali kolitlar ajratiadi.
Belgilari. Tez-tez va suyuq ich ketadi. Bemor uzoq davom etuvchi og’riqdan shikoyat qiladi. Og’riq ichakning zararlangan qismida bo’lib, ich ketishidan oldin kuchayadi. Ba’zan og’riq sanchib-sanchib tutatadi. Bemorning kayfiyati o’zgarib, darmoni quriydi.