1.3 Yevrosiyo materigining balandlik mintaqalari. Yevrosiyoning murakkab geologik rivojlanish tarixi va tektonik tuzilishi materikning yer yuzasi tuzilishida va rel’ef shakllarida to’g’ridan-to’g’ri o’z aksini topgan. Yevrosiyo kontinenti uchun butun Yer yuzida ma’lum bo’lgan barcha tektonik strukturalar va rel’ef tiplari xarakterli. Uning dengiz sathidan o’rtacha balandligi 840 m. Materikning asosiy qismini yirik makrorel’ef tiplari - tekisliklar, pastekisliklar, yassi tog’liklar, tog’liklar, tog’ tizimlari va tog’oralig’i botiqlari tashkil etadi. Ular yoshi va genetik tipi jihatidan turli xil bo’lgan strukturalarga to’g’ri keladi. Keng tarqalgan va materikning katta-katta maydonlarini egallab yotgan makrorel’ef tiplari quyidagilar. Tekisliklar va pastekisliklar. Yevrosiyo hududida boshqa materiklarga nisbatan bepoyon tekisliklar va pastekisliklar nihoyatda keng tarqalgan. Shimoliy Yevropa, O’rta Yevropa, Sharqiy Yevropa, G’arbiy Sibir, Shimoliy Sibir, Buyuk Xitoy, Turon, Mesopotamiya, Hind-Gang pastekisliklari shular jumlasidandir. Bu eng katta tekislik va pastekisliklar zaminini turli geologik davrlarda vujudga kelgan platforma strukturalari tashkil etadi. Shuning uchun bu regionlarda tabaqalashgan kuchsiz tebranma harakatlar ro’y berib turadi. Sharqiy Yevropa tekisligi. Yevrosiyo materigi tekisliklari o’rtasida Sharqiy Yevropa tekisligi maydonining kattaligi jihatidan birinchi o’rinda turadi va yer usti tuzilishining murakkabligi bilan farq qiladi. Bu tekislik kembriydan oldin vujudga kelgan eng qadimgi kristall jinsli platforma ustida hosil bo’lgan. U sharqda Ural tog’ etaklaridan boshlanib, g’arbda Pol'sha va Shimoliy Germaniya hududlarigacha davom etadi. Asosiy rel’ef shakllari mustaqil nomlarga ega bo’lgan tekislik, pastekisliklar (Boltiqbo’yi, Dvina-Mezen, Pechora, Meshchera, Polese, Oka-Don, Qora-dengizbo’yi, Kaspiybo’yi) va balandliklar, kryajlar (O’rtarus, Valday, Dneprbo’yi, Belorus, Bugulma-Belebey, Yal’pi Sirt, Timan, Donesk) dan iborat. Sharqiy Yevropa tekisligining o’rtacha mutloq balandligi 370 m atrofida bo’lib, eng baland nuqtasi qirlarda va kryajlarda 380 m gacha yetadi. Kaspiybo’yi pastekisligi platformaning eng chuqur sinklizasida shakllangan akkumulyativ tekisliklar tipiga kiradi. Uning yuzasi dunyo okeani sathidan -26, -28 m pastda joylashgan. Bu pastekislik eng yosh dengiz yotqiziqlaridan tarkib topgan, parchalanmagan mezorel’ef va mikrorel’ef shakllari hukmronlik qiladi. G’arbiy Sibir pastekisligi. Ural tog’lari bilan O’rta Sibir yassi tog’ligi oralig’ida joylashgan bo’lib, G’arbiy Sibir pastekisligi Yer yuzidagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi. Uning yer yuzasi tuzilishi Sharqiy Yevropa tekisligi va Turon pastekisligi yer yuzasining tuzilishiga nisbatan ancha oddiyligi bilan farq qiladi. G’arbiy Sibir pastekisligi epigertsin plitasi ustida shakllangan bo’lib, uning zaminini dislokasiyalashgan va metomorflashgan paleozoy yotqiziqlari tashkil etadi. Tekislikning yuza qatlami esa mezozoy va kaynozoyning dengiz hamda kontinental yotqiziqlaridan tarkib topgan. G’arbiy Sibir hududi dengiz havzasidan o’rta oligosenda ozod bo’lgan. Yuqori paleogendan qum-gil kontinental yotqiziqlari to’plana boshlagan. G’arbiy Sibirning umumiy yuza ko’rinishi botiq shakliga ega bo’lib, uning o’rtacha balandligi markaziy qismida 50-100 m ni, Uralyoni qismida va Oltoy tog’ etaklarida 150-250 m ni tashkil etadi. Yer yuzasining umumiy nishabligi janubdan shimolga tomon juda sekin pasayib boradi. G’arbiy Sibir pastekisligi odatda to’rtta yirik geomorfologik oblastga bo’linadi: 1) Shimoldagi dengiz akkumulyativ tekisliklar; 2) muzlik va suv-muzlik tekisliklar; 3) muzlikyoni ko’l-allyuvial tekisliklar; 4) janubiy muzlikdan tashqari tekisliklar. Bu geomorfologik oblastlar to’rtlamchi davr rivojlanish tarixi, yangi tektonik harakatlarning namoyon bo’lish xususiyatlari hamda hozirgi zamon ekzogen jarayonlarning zonalligi bilan bir-biridan farq qiladi. G’arbiy Sibir Yevrosiyo tekisliklari va pastekisliklari orasida eng kuchli botqoqlangan hudud hisoblanadi. Bu o’lkada botqoqliklar va botqoqlangan o’rmonlarning umumiy maydoni 128 mln. ga dan ortiq. Turon pastekisligi. O’rta Osiyoning tekislik va pastekislik qismlarini egallagan. Uning dengiz sathidan o’rtacha balandligi 100-200 m ni tashkil etadi. Pastekislikning asosiy qismi qumli va gilli cho’llardan iborat. Bu yerda sharqiy sohillaridan boshlanib, sharqda Tyanshan va Pomir, Oloyning tog’ etaklarigacha iqlim nihoyat darajada quruq bo’lganligi sababli eol jarayonlar kuchli ro’y beradi. Natijada Qoraqum va Qizilqum massivlarida mezorel’ef hamda mikrorel’efning asosiy shakllarini vujudga keltiradi. Turon pastekisligi uchun qum massivlari va gilli cho’llardan boshqa paleozoyda burmalangan qoldiqli tog’ tizmalari, kattaligi har xil bo’lgan berk quruq botiqlar ham xarakterli. Qizilqumning markaziy qismi Tomditog’, Quljuqtog’, Ovminzatog’, Aristontog’, Bukantog’ va boshqa qoldiqli tog’larning balandligi 700 m dan 900 m gacha boradi va undan ham ortadi. Berk oqmas botiqlardan eng kattalari Oyoqog’itma, Qoraxotin, Mingbuloq va boshkalardir. Bulardan tashqari Mang’ishloq yarim orolida eng chuqur Qoragiyo (Botir) cho’kmasi joylashgan bo’lib, uning tagi dengiz sathidan -132 m past, Qorniyoriq cho’kmasining tagi esa -70 m pastdir. Turon pastekisligi atrofdagi o’lkalarga nisbatan berk ichki havza hisoblanadi. Yevrosiyoning janubiy qismida joylashgan Arabiston va Hindiston platformalarinipg ichki va tashqi bukilmalarida yirik allyuvial tekisliklar - Mesopotamiya va Hind-Gang pastekisliklari hosil bo’lgan. Bu pastekisliklar katta qalinlikdagi allyuvial yotqiziqlardan tarkib topgan. Ular uzoq yillar mobaynida kishilar tomonidan o’zlashtirilib, qishloq xo’jaligida keng foydalanib kelinmoqda. Shu boisdan bu pastekisliklarda o’ziga xos irrigasion antropogen mikrorel’ef shakllari vujudga kelgan. Xitoyning sharqiy qismida Taykanshan tog’lari bilan Sariq dengiz oralig’ida Buyuk Xitoy tekisligi joylashgan. Bu aslida pastekislik tipidagi tekislik bo’lib, Xitoy platformasi hududidagi yirik bukilmada qalinligi 800-1000 m dan ziyod bo’lgan to’rtlamchi davr allyuvial yotqiziqlaridan tashkil topgan. Uning yer yuzasi juda pastlik bo’lib, asosiy qismining o’rtacha dengiz sathidan balandligi 50 m dan oshmaydi, tog’ etaklarida esa 100 m gacha ko’tariladi. Tekislikning markaziy qismida maksimal balandligi 1591 m bo’lgan va qadimiy jinslardan tuzilgan Shandun tog’lari ko’tarilgan. Tekislikda ko’llar va botqoqliklar keng tarqalgan. Yassi tog’liklar va tog’liklar. Yevrosiyoning katta balandlik qismini yassi tog’liklar va tog’liklar tashkil etadi. Ular materik hududida juda notekis tarqalgan. Eng yirik makrostrukturali yassi tog’liklar va tog’liklar materikning Osiyo qismida joylashgan. Bular O’rta Sibir, Gobi, Ordos yassi tog’liklari va Tibet, Kichik Osiyo, Armaniston, Eron, Beyshan tog’liklaridir. Yevropaning turli regionlarida joylashgan yassi tog’liklar va tog’liklar maydon jihatidan bir muncha kichik va kam tarqalgan. Bular Skandinaviya yarim orolidagi Norland, Pireney yarim orolidagi Meseta, Buyuk Britaniya orolidaga Shotlandiya yassi tog’liklari hamda Bolqon yarim orolidagi Dinar tog’ligidir. Barcha yassi tog’liklar va tog’liklar materikning tekislik va pastekisliklariga o’xshab geologik eralarning turli davrlarida paydo bo’lgan. O’rta Sibir yassi tog’ligi. O’rta Sibir yassi tog’ligi shimoliy Osiyoning markaziy qismida, Yenisey va Lena daryolari oralig’ida joylashgan. Uning hozirgi rel’ef shakllarining tarkib topishida yer yuziga chiqib yotgan kristall jinsli qalqon va anteklizalar, zinapoyalarni vujudga keltirgan effuziv jinslar, eroziya jarayoniga to’sqinlik qiluvchi ko’p yillik muzloq yerlarning mavjudligi, kontinental rejimning uzoq vaqt davom etishi asosiy rol o’ynagan. Yassi tog’lik paleozoy va mezozoyda eroziya - nurash jarayonlari ta’sirida bo’lgan. Uzoq yillar davom etgan turli xil tabiiy geografik jarayonlar ta’sirida supasimon tog’lar, qadimgi peneplenlar, keng vodiylar, balandlik va tog’lik joylarda chuqur erozion vodiylar hosil bo’lgan. O’rta Sibir yassi tog’ligining eng baland Putorana tog’ massivi uning shimoli-g’arbiy qismida joylashgan. Massivning eng baland nuqtasi Kamen cho’qqisi bo’lib, dengiz sathidan 1071 m ko’tarilgan. Sharqda yassi tog’likning eng past joyi Lena-Vilyuy pastekisligi bo’lib, uning yuzasi dengiz sathidan 75 m dan 200 m gacha ko’tarilgan. Yassi tog’likning poydevorini Sibir platformasi tashkil etadi. Gobi yassi tog’ligi. Gobi atamasi mongolcha “gov” so’zidan olingan bo’lib “suvsiz joy” degan ma’noni bildiradi. Gobi Markaziy Osiyoning yirik yassi tog’ligi bo’lib, uning asosiy qismini kristall jinslar tashkil etadi, qolgan hududi dengiz va kontinental yotqiziqlar bilan qoplangan. Yassi tog’lik dengiz sathidan o’rtacha 800- 1200 m balandlikda joylashgan. Yer yuzasining rel’ef shakllari qiya tekisliklardan, keng tog’oralig’i vodiylaridan, cho’kmalardan tashkil topan. Yassi tog’likning kamroq maydoni nisbiy balandligi tekislik yuzasidan 1000-1500 m ko’tarilib turgan tog’lar bilan band. Bu tog’lardagi ayrim cho’qqilarning balandligi 2500 m gacha yetadi va undan ham oshadi. Ordos yassi tog’ligi. Ordos Xitoy platformasi ustida vujudga kelgan yassi tog’likdir. Uning hududining bir qismi Ordos sinklizasiga va ikkinchi qismi Shanxay anteklizasiga to’g’ri keladi. Aksariyat qismining balandligi 1000-2000 m atrofida. Yassi tog’lik qumtoshlardan, qumli slaneslardan va gillardan tarkib topgan. Yer yuzasining tuzilishida qum massivlari bilan qoplangan yassi tekisliklar, uzoq masofaga cho’zilgan pastqam joylar va qiya yon bag’irli balandliklar birin-ketin takrorlanib ko’pchilikni tashkil etadi. Ahyon-ahyonda uncha baland bo’lmagan kryajlar ham uchraydi. Yassi tog’likning 50% maydonini turli xil rel’ef shakllariga ega bo’lgan qum massivlari egallab yotadi. Tibet tog’ligi. Tibet tog’ligi Markaziy Osiyoning janubiy qismida joylashgan bo’lib, Yer yuzidagi eng baland va yirik tog’lik hisoblanadi. Tibetning dengiz sathidan o’rtacha balandligi 4000-5000 m ni tashkil etadi. Kenglik bo’ylab cho’zilgan tog’ tizmalarining balandligi 6000-7000 m gacha yetadi. Keng bo’ylama cho’zilgar pastliklar tizmalarni bir-biridan ajratib turadi. Tibet tog’ligining shimoliy va markaziy qismlarini rel’efi balandligi 4600-5200 m bo’lgan yassi va to’lqinsimon tekisliklardan hamda balandligi 6000 m dan ziyod bo’lgan kenglik bo’ylab cho’zilgan, qiya yon bag’irli tog’ tizmalaridan iborat. Ayrim tog’ cho’qqilari uchun Al’p tipidagi rel’ef shakllari xarakterli. Sina-Tibet va Himolay tog’ tizimlariga tutash joylardagi tog’oralig’i botiqlarining balandligi 3500 m dan oshadi. Chekka tizmalarning yon bag’irlari tik, kuchli parchalangan, daryo vodiylari tog’larni 2000- 3000 m chuqurlikkacha o’yib tushgan. Tibet tog’ligining katta qismi qumtoshlardan, ohaktoshlardan, kvarsitlardan, gilli slaneslardan tarkib topgan. Shuningdek, granit va gneyslar ham keng tarqalgan. Uning poydevorini Xitoy platformasining tarkibiy qismi bo’lgan Tibet massivi tashkil etadi. Tibet tog’ligining Shimoliy qismi Gertsin burmalanishida va janubiy qismi Al’p burmalanishida vujudga kelgan. Old Osiyo tog’liklari. Old Osiyo tog’liklari Osiyoning g’arbiy qismida birbiriga tutash joylashgan Kichik Osiyo, Armaniston va Eron tog’liklaridan tarkib topgan. Bu tog’liklar mintaqasining uzunligi g’arbdan sharqqa qarab 4000 km masofaga va shimoldan janubga qarab 600-1500 km masofaga cho’zilgan. Umumiy maydoni 3,6 mln. km2 . Yassi tog’liklar rel’efi uchun hududiy yaxlitlik, yer yuzasining gipsometrik yuksakligi, ichki hududlarini past tog’liklar massivi egallab olganligi va chekka qismlarini baland tog’ tizmalari o’rab olganlik xususiyatlari xarakterli. Ichki yassi tog’liklarning dengiz sathidan balandligi 1000-2000 m bo’lsa, chekka yassi tog’liklarning balandligi 2000-4000 m ga yetadi. Old Osiyo tog’liklarining xarakterli xususiyati shundan iboratki, ularning shimoliy va janubiy chekka qismlari yoy shaklida cho’zilib yotgan bir necha tog’ tizmalari bilan o’ralgan. Jumladan, Old Osiyoning shimoliy chekka qismida g’arbdan sharqqa tomon cho’zilgan tog’ tizmalari Kichik Osiyo tog’ligida Pontiya tog’laridan, Armaniston tog’ligida Kichik Kavkaz va Eron Ozarboyjoni tog’laridan, Eron tog’ligida Elbrus, Turkman-Xuroson tog’ tizmalaridan, Paropamiz va Hinduqush tog’ tizmalaridan tarkib topgan. Old Osiyoning janubiy chekka qismida g’arbdan sharqqa qarab cho’zilib yotgan tog’ tizmalari Kichik Osiyo tog’ligida Tavr tog’laridan, Armaniston tog’ligida Armaniston Tavri va Kurd tog’ tizmalaridan, Eron tog’ligida Zagros, Makran, Sulaymon tog’laridan va Xaybar tog’ tizmasi yoyidan tashkil topgan. Materikning janubiy qismida Arabiston yarim orolida Arabiston tog’ligi va Hindiston tog’ligi mavjud. Tog’lar va tog’ tizimlari. Yevrosiyoning tog’lari va tog’ tizimlari ham yassi tog’lik va tog’liklarga o’xshash Yer sharining taraqqiyot tarixida birin-ketin yuz bergan turli xil burmalanish bosqichlarida vujudga kelgan. Materikning shimoliy va o’rta qismlarida joylashgan Skandinaviya, Ural, Birranga, Verxoyansk, Cherskiy, Qozog’iston burmali tog’lari, Tyanshan, Oltoy, Sayan, Baykalorti kabi burmalipalaxsali va palaxsali tog’ tizmalari ancha qadimgi tog’lar hisoblanadi. Bu tog’lar kaledon, Gertsin va Mezozoy burmalanish davrlarida hosil bo’lib, bir necha millionlab yillar davomida ekzogen kuchlar ta’sirida kuchli yemirilgan, peneplenlashgan va past tog’larga aylangan. Ulardan ba’zilari, masalan, Tyanshan, Oltoy, Sayan, Ural tog’lari keyinchalik yangi tektonik harakatlar natijasida qaytadan ko’tarilgan va yashargan. Xuddi shunday Markaziy Osiyoning paleozoyda vujudga kelgan burmali-palaxsali va palaxsali Mongoliya Oltoyi, Kun'lun tog’ tizmalari va uning Shimoliy tarmoqlari bo’lgan Oltintog’ va Nanshan tizmalari ham neogenantropogen davrlarida yangi tektonik harakatlar natijasida o’rtacha 3000-4500 m balandlikkacha, ayrim cho’qqilari 6000-7000 m gacha ko’tarilgan. Yevrosiyoning eng yosh, harakatchan baland tog’lari va yirik tog’ tizimlari Al’p burmalinish bosqichida hosil bo’lgan. Ular asosan ikkita mintaqada Al’pHimolay va Tinch okean mintaqalarida joylashgan. Janubiy Yevropa va JanubiG’arbiy Osiyo bo’ylab cho’zilgan Al’p, Karpat, Pireney, Andalusiya, Qrim, Kavkaz, Elbrus, Zagros, Kopetdog’, Pomir, Hinduqush, Himolay tog’ tizimlari Al’pHimolay mintaqaga mansub hisoblanadi. Ularning aksariyatining balandligi 5000- 6000 m atrofida. Ko’pchilik cho’qqilarning baland nuqtasi 7000 m dan hatto 8000 m dan ham oshadi. Jumladan, Himolay tog’ tizmasidagi Jomolungma (Everest) (8848m), Kanchenjanga (8585m), Dxaulagiri (8221m), Qoraqurumdagi Chogori (8611m), Hinduqushdagi Tirichmir (7690m) va boshqalar. Bu tog’larning barchasida Al’p tipidagi rel’ef shakllari keng tarqalgan. Baland tog’ tizmalarining chekka qismlarida va flish bukilmalarida vujudga kelgan Karpat, Bolqon, Apennin, Dinor, Tavr, Makran kabi tog’larda tektonik ko’tarilmalar kam bo’lgan. Bular o’rtacha balandikdagi tog’ tizmalari bo’lib, ularning suvayirg’ich tepaliklari gumbazsimon shaklga ega. Erozion rel’ef shakllari yaxshi rivojlangan. Yevrosiyoning Tinch okean mintaqasiga Osiyoning sharqiy qismidagi Koryak tog’ligi, Kamchatkaning O’rtalik va Sharqiy tog’lari, Sixote-Alin tog’larining sharqiy qismi, Hindixitoyning g’arbiy qismida joylashgan Rakxayn tog’ tizmasi hamda Saxalin, Xokkaydo, Tayvan, Kalimantan, Sumatra, Yava orollaridagi tog’lar kiradi. Tog’oralig’i botiqlari. Yevrosiyo materigida kelib chiqishi va rivojlanishi burmalanish jarayonlari bilan uzviy bog’liq bo’lgan yirik tog’ oralig’i botiqlari tog’li o’lkalarda keng tarqalgan. Ayniqsa bu tipdagi rel’ef shakllari paleozoy va kaynozoy burmalanish zonalarida ko’p uchraydi. Yevropaning talaygina hududi yirik tog’oralig’i botiqlari bilan band. Bular Pireney yarim orolidagi Aragon na Andalusiya botiqlari, Apennin yarim orolidagi Padan botig’i, G’arbiy Yevropadagi Akvitaniya botig’i, Markaziy va O’rta Yevropadagi Parij, O’rta Dunay, Sandomej, Transilvaniya, Frakiya tog’oralig’i botiqlaridir. Materikning Osiyo qismida yirik tog’oralig’i botiqlari asosan Kavkaz, O’rta Osiyo, Janubiy Sibir va Markaziy Osiyo tog’li o’lkalarida keng tarqalgan. Bu o’lkalardagi botiqlarning yer yuzasini o’rtacha dengiz sathidan balandigi 300-600 m dan 3500-4200 m gacha yetadi. Eng baland tog’oralig’i botiqlari Pomirda va Baland Osiyoda joylashgan. Al’p burmalanish zonasida vujudga kelgan Kavkaz tog’li o’lkasida Kolxida, Kura va O’rta Araks tog’oralig’i botiqlari mavjud. O’rta Osiyo tog’li o’lkasining katta maydoni Farg’ona, Zarafshon, G’arbiy Tojikiston, Oloy, Issiqko’l, Talas, Chuv, Ili, Zaysan va boshqa yirik tog’oralig’i botiqlari bilan band. Janubiy Sibir tog’li o’lkasida uncha baland bo’lmagan Kuznesk, Minusinsk, Yenisey-Chulim, Tuva, Barguzin kabi tog’oralig’i botiqlari ko’pchilikni tashkil etadi. Uzoq Sharqdagi Yuqori Zeya, Zeya-Bureya, O’rta Amur, Sayfun-Xanka botiqlari bir necha tog’ tizmalarini bir-biridan ajratib turadi. Markaziy Osiyoda ham turli xil gipsometrik balandliklarda vujudga kelgan yirik tog’oralig’i botiqlari nihoyatda ko’p. Bu o’lkadagi yer yuzasi dengiz sathidan -154 m past bo’lgan To’rfon cho’kmasi, juda katta maydonni egallab yotgan Tarim botig’i, balandligi 2700-3000 m atrofida bo’lgan Kunlun tog’ tizimidagi Saydam botig’i, Sharqiy Xitoydagi Sichuan botig’i, G’arbiy Mongoliyadagi Katta ko’llar botig’i va boshqalar Yevrosiyo materigining rel’ef tuzilishini murakkablashtirishda alohida o’rin tutadi.