Arktika iqlim mintaqa. Arktika iqlim mintaqasi Yevrosiyoning Arktikadagi orollarini va materikninng Yamal yarim orolidan tortib to Chukotka yarim oroligacha cho’zilgan Shimoliy Muz okeaniga tutashib turgan qismini ishg’ol etadi. Bu yerda yil davomida sovuq arktika havo massasi hukmronlik qiladi. Harorat yoz oylarida ancha past, iyulning o’rtacha harorati +1°+3°S atrofida bo’ladi, qishda esa qattiq sovuqlar uzoq davom etadi. Yanvarning o’rtacha harorati g’arbda -20°S dan sharqda -32°S gacha pasayadi. Mintaqaning yozi juda qisqa bo’lib, qutb quyoshi bir necha oy ufqdan bir oz ko’tarilib turadi va quruqlik yuzasini isita olmaydi, siklonlar tez-tez takrorlanib turadi, yog’in miqdori 300 mm atrofida bo’ladi.
Subarktika iqlim mintaqa. Bu iqlim mintaqasi uncha katta bo’lmagan polosani egallab, Yevrosiyoning g’arbida Islandiyadan va Skandinaviyadan shimoliy qutb doirasidan shimolroqdan boshlanadi va sharq tomon bir oz kengayib, Bering dengizi sohiligacha davom etadi. Yevropaning g’arbiy, ayniqsa Islandiyaning subarktika rayonlari uchun nisbatan mayin qish va salqin yoz xarakterli. Umuman subarktika mintaqasida iqlim Arktika mintaqasiga nisbatan bir oz iliqroq. Yoz oylarida o’rtacha harorat +4°S dan +14°S gacha ko’tariladi. yil davomida sovuq shamollar esib turadi. Atmosfera yog’inlari mintaqaning g’arbida 400-700 mm va sharqida 200-400 mm atrofida tushadi.
Mo’tadil iqlim mintaqa. Yevrosiyoning eng keng va katta hajmdagi qismi mo’tadil iqlim mintaqasida joylashgan. U g’arbda Atlantika okeani sohillaridan boshlanib, sharqda Tinch okean sohillarigacha davom etadi. Mintaqaning janubiy chegarasi Biskay qo’ltig’ini janubiy qirg’og’idan, Qora va Kaspiy dengizlarining o’rta qismidan, Koreya yarim orolining shimolidan va Xonsyu orolining o’rtasidan o’tadi. Mo’tadil mintaqada iqlim sharoitining shakllanishida Atlantika okeanidan keladigan dengiz havo massasi, materik ichkarisida tarkib topgan kontinental havo massasi va Tinch okeanidan keladigan musson havosi yetakchi rol o’ynaydi. Shuning uchun bu yerda mo’tadil iqlim mintaqasining dengiz, kontinental va musson iqlim variantlari hosil bo’ladi. Yevrosiyoning g’arbiy qismida Atlantika okeanidan keladigan havo massalarining ta’siri tufayli mo’tadil mintaqaning qishi yumshoq, yozi salqin bo’ladi. Yanvarning o’rtacha harorati 0°S atrofida, iyulniki esa +15°+20°S ga teng. Yog’in yil davomida bo’lib turadi va uning o’rtacha yillik miqdori 1000 mm dan oshadi. Mumkin bo’lgan bug’lanish miqdori esa 800 mm ga yetmaydi. Shu sababli Yevropaning Atlantikabo’yi rayonlari uchun serob namlanish xarakterli. Quyoshli kunlar yozda ham kam, bulutli va yog’inli kunlar esa ko’p bo’ladi. Qishda qor kam yog’adi va tez erib ketadi. Iqlimning bunday xususiyatlari mo’tadil mintaqaning dengiz iqlim variantiga xosdir. Sharqqa borgan sari Atlantika okeanining ta’siri kamaya boradi, iqlimning kontinentalligi orta boradi. Sharqiy Yevropa tekisligida mo’tadil mintaqaning dengiz iqlimidan kontinental iqlimga o’tishdagi o’tkinchi iqlim varianti hukmronlik qiladi. Yoz oylari iliq, qish esa sovuq bo’ladi. Ural tog’lariga yaqin joylarda kattiq sovuqdar tez-tez takrorlanib turadi. Yanvarning o’rtacha harorati -8°S dan -20°S 221 gacha pasayadi. Qishda ayozli kunlar iliq kunlar bilan almashinib turadi. Yozda yog’inlar Sharqiy Yevropa tekisligining g’arbida ko’p bo’ladi. Ural tog’laridan sharqda mo’tadil mintaqaning iqlim sharoiti kontinental havo massalariga bog’liq. Yozda yer yuzasi qattiq isiydi, harorat +25°+30°S gacha ko’tariladi, qishda esa juda sovuydi va harorat -50°-60°S gacha pasayadi. Dengiz havo massalari bu yerlarga nam keltirmaydi, yog’in 200-300 mm atrofida tushadi. Qishda qor kam yog’adi va qattiq sovuq yer yuzasini ancha chuqurgacha muzlatadi. Bunday xususiyat mo’tadil mintaqaning keskin kontinental iqlim variantiga xosdir.
Mo’tadil mintaqaning sharqiy qismidagi Tinch okean sohillarida, Katta Xingan tog’ tizmasidan sharqda, Shimoli-sharqiy Xitoyda, O’rta va Quyi Amurbo’yi tekisliklarida, Quyi Primoreda, Koreya yarim orolining shimolida, Xokkaydo orolida va Xonsyu orolining shimoliy qismida musson iqlim hukmronlik qiladi. Musson havo massalarining asosiy xususiyati shundan iboratki, ular fasllarga qarab almashinib turadi va mo’tadil mintaqaning musson iqlim variantini hosil qiladi. Yog’in asosan yoz oylarida bo’ladi, qishda esa aksincha kam tushadi. Musson iqlim faqat mo’tadil iqlim mintaqasida emas, balki subtropik va tropik iqlim mintaqalarida ham mavjud.