II BOB: O’zbekistonning ijtimoiy siyosati. 2.2. O’zbekistonda ijtimoiy siyosat: tizimli “qayta yuklash” va yangi imkoniyatlar. Koronavirus pandemiyasi global darajada jahon sog‘liqni saqlash tizimi va iqtisodiyotiga katta zarba bo‘ldi. Ijtimoiy soha ham ana shunday zarbani qabul qilib oldi va bunda ko‘plab yechilmagan tizimli muammolar yuzaga qalqib chiqdi. Dunyo bo‘ylab millionlab odamlar himoyasiz qoldi. Shu bilan birga, inqiroz iqtisodiy rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarni ham qamrab oldi. BMT ekspertlari koronavirus infeksiyasining keng tarqalishi kambag‘allikni qisqartirish uchun so‘nggi yillarda erishilgan barcha yutuqlarga tahdid solayotganiga ishora qilib, bong urmoqda. Global kambag‘allik darajasi 1998 yildan beri birinchi marta ko‘tarilib ketdi, deya bayonot berdi.
XMT prognoziga ko‘ra, iqtisodiyot va mehnat bozoridagi inqiroz global ishsizlikning qariyb 25 million kishiga ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, rivojlangan mamlakatlarda ishsizlik, hatto, buyuk depressiya davridan ham oshib ketishi kutilmoqda.
Ish bilan bandlikning pasayishi, tabiiyki, odamlar daromadining sezilarli yo‘qotilishiga ham olib keladi. XMTning baholashicha, 2020 yilning oxiriga kelib, ular 860 mlrd. dan 3,4 trln. dollargachani tashkil etadi.
Koronavirus pandemiyasi oqibatlari Markaziy Osiyo uchun oldindan kutilganidan ancha jiddiy bo‘ldi. Jahon banki yil oxiriga qadar mintaqada yalpi ichki mahsulotning 1,7 foizga kamayishini istisno etmayapti. Qirg‘izistonda YaIMning eng katta pasayishi kutilmoqda — minus 4 foiz. Qozog‘istonda pasayish minus 3 foizdan biroz kamroq bo‘ladi. Tojikistonda — minus 2 foiz.
Bu yil mintaqada iqtisodiyoti o‘sishi mumkin bo‘lgan yagona mamlakat — O‘zbekiston bo‘lib, iqtisodiy o‘sish sur’atlari 1,5 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda.
Karantin Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan yuz minglab mehnat muhojirlarini ham daromadsiz qoldirdi. Pandemiya tufayli butun dunyo bo‘ylab pul o‘tkazmalari 20 foiz ga qisqarsa, Markaziy Osiyoda deyarli 28 foizga pasayadi.
Shu asnoda Jahon banki 2,6 millionga yaqin Markaziy osiyoliklar kambag‘allik chizig‘idan pastga tushib ketishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Bunday muhim sharoitlarda hukumatlarning asosiy vazifasi nafaqat kasallikning tarqalishini jilovlash, balki aholining zaif qatlamlarini hamda ish va daromad manbaisiz qolganlarni qanday qo‘llab-quvvatlashdan ham iboratdir.
O‘zbekistonda ahvol qanday?
Tan olish kerak, bu muammolarning barchasi mamlakatimiz oldiga jiddiy masalalarni qo‘ydi. Bundan tashqari, pandemik inqiroz hukumat butun e’tiborini muhtoj fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, kambag‘allikka qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishning hozirgi tizimi islohotlariga qaratgan bir paytda yuz berdi.
Davlat tarixida birinchi marta Prezident mamlakatda kambag‘allik muammosini ochiq tan oldi. Ilgari taqiqlangan mavzu bugun nafaqat muhokamaga aylandi, balki ushbu muammoning haqiqiy ko‘lami, balki kecha imkonsiz tuyulgan mamlakatdagi kambag‘allar soni bo‘yicha aniq raqamlar oshkor etildi.
Bundan tashqari, kambag‘allik darajasini kamaytirish vazifasi kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylandi. Uzoq muddatga mo‘ljallangan mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining barqarorligini ta’minlash strategiyasining bosh maqsadi qilib qo‘yildi. Prezidentning shu yil yanvar oyida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “Birinchi navbatda aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish — biz uchun bosh vazifalardan biri bo‘lib qoladi”, deya aniq aytildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi kambag‘allikni qisqartirish jarayonlarini tartibga solish uchun maxsus tashkil etildi. Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, 2030 yilgacha Kambag‘allikni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqishga qaror qilindi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashni muvofiqlashtirish borasidagi ishlar samaradorligini mustahkamlash maqsadida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.
Bundan tashqari, qishloq joylarda hayot sifatini oshirish va obodonlashtirish borasida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” kabi dasturlar izchil amalga oshirilmoqda.
Aytish mumkinki, mamlakatimizda birinchi marta aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning integratsiyalashgan, zamonaviy tizimi bosqichma-bosqich va izchil hayotga tatbiq etilmoqda. Shuningdek, u xalq bilan “ijtimoiy muloqot”ni amalga oshirishning tubdan yangi mexanizmlariga asoslanadi.
Bu borada olib borilayotgan sa’y-harakatlarni ko‘p jihatdan allaqachon o‘z samaradorligini isbоtlagan Xitoyning kambag‘allikni bartaraf etish strategiyasi bilan taqqoslash mumkin.
Odatda Xitoyning qashshoqlikka qarshi kurashdagi muvaffaqiyati manzilli yordam, qishloq xo‘jaligidagi islohotlar, kambag‘al aholini ma’lum ko‘nikmalarga o‘rgatish, infratuzilma va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish kabi asosiy tayanch ustunlarga asoslangan, deya e’tirof etiladi.
Bunday yondashuv tufayli, bugungi kunda Xitoy — qashshoqlikni qisqartirishning rekord sur’atlarini namoyish etayotgan va birinchi marta “Qashshoqlikni kamaytirish bo‘yicha BMT mingyillik rivojlanish maqsadlari”ga erishgan mamlakat hisoblanadi. O‘tgan 40 yil mobaynida XXR 740 milliondan ortiq kishini qashshoqlikdan olib chiqdi. Bunday yutuqlar, avvalo, joylarda izchil ishlarni amalga oshirish, qat’iy ma’muriy nazorat o‘rnatish orqali ta’minlangan.
O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etish vazifasi sektorlar bo‘yicha ishlar modeli yordamida hal etilmoqda. Har bir sektor hokimiyat, prokuratura, ichki ishlar organlari va soliq xizmati vakillaridan, ya’ni joylardagi vaziyat haqida barcha ma’lumotlarga ega bo‘lgan shaxslardan tashkil topadi. Bunday yondashuv quyi darajalarda ishlarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi, shuningdek, har bir tumandagi faoliyat uchun sektor rahbarining shaxsiy mas’uliyatini oshiradi.
Xuddi Xitoydagi kabi O‘zbekistonda ham “manzilli yondashuv” — ijtimoiy himoya tizimining asosiy elementlaridan biridir. Yordamga muhtoj barcha fuqarolar tarmoqlar va mahalla yig‘inlari rahbarlari tavsiyasi bilan “Temir daftar”ga kiritiladi. Aslida, bu “SAXOVAT.ARGOS.UZ” elektron dasturi bo‘lib, unga kiritilgan fuqarolarga davlatning maqsadli yordam ko‘rsatishi “qat’iy kafolatlanadi”.
“Temir daftar”ga ish o‘rinlari va daromad manbalarini yo‘qotganlarning barchasi, shuningdek, nogironligi bo‘lgan kishilar, yakka-yolg‘iz qariyalar va kam ta’minlanganlar kiritiladi.
“Temir daftar”dagi oilalarni tanlash ko‘plab mamlakatlarda keng tarqalgan kategorial baholash usuliga asoslanadi. Bunda aholining ayrim guruhlariga ijtimoiy yordamga muhtoj shaxslar sifatida qaraladi.
Bizning holatda “Temir daftar”ni yuritish 5 ta toifadagi oilalarni nazarda tutadi: 1) ehtiyojmand, nochor va moddiy ko‘makka muhtoj oilalar; 2) nogironligi bo‘lgan va surunkali kasallikka chalingan kishilar; 5 va undan ko‘p farzandi bor oilalar; 4) yakka-yolg‘iz keksalar, bevalar va o‘zgalar qaramog‘iga muhtojlar; 5) karantin choralari natijasida o‘zining daromad manbaini yo‘qotgan oilalar.
Bugungi kunda “Temir daftar”ga kiritishning asosiy mezoni — daromad va ishlab pul topish vositalarining mavjud emasligi hamda mehnatga layoqatlilikning cheklanganidir.
Tuman yoki shahar sektorlari rahbarlari mahalla raislari bilan birgalikda oilalarning moddiy va uy-joy sharoitlarini o‘rganish va umumlashtirish uchun uyma-uy yurmoqda, agar maqsadga muvofiq, deb topilsa, yangi aniqlangan ehtiyojmandlar ham dasturga kiritiladi.
Ta’kidlash joiz, Yevropa mamlakatlarida nafaqa tayinlashdan oldin ijtimoiy xizmatlar kam ta’minlangan fuqaroning moliyaviy vaziyatini o‘rganadi. Masalan, Germaniyada manzilli yordam yoki ijtimoiy nafaqalar to‘lash qaroriga faqat ijtimoiy soha xodimlari fuqaroning chindan ham qiyin moliyaviy vaziyatda ekaniga ishonch hosil qilganidan keyingina kelinadi.
“Temir daftar”ga muhtoj oila sektor kotibi tomonidan kiritiladi. Qayd etishda, qabul qiluvchining ma’lumotlaridan tashqari, dasturda ko‘rsatiladigan yordam turi haqida ham ma’lumotlar joy oladi.
Ushbu dasturning afzalligi shundaki, undan tuman, viloyat va umuman, respublikadagi mavjud ijtimoiy vaziyat haqida aniqroq tasavvur yuzaga keladi. Ya’ni, tuman hokimidan tortib, Prezidentgacha ishlar ko‘lami va erishilgan natijalar borasida, real yordam ko‘rsatilayotgan oilalar va ism-shariflargacha, aniq va yaxlit tasavvurga ega bo‘ladi.
Oddiy qilib aytganda, “Temir daftar”da umumiy ko‘rsatkichlar emas, balki har bir oila, har bir fuqaroning muammolari va ularning yechimlari aks etadi. Bularning barchasi har bir fuqaroning ijtimoiy muammolariga, uning o‘ta zaruriy muammolarini hal etishga yordam beradigan yo‘l va vositalarga e’tibor qaratish imkonini beradi.
“Temir daftar” ro‘yxatlari asosida epidemiyaga qarshi kurashning dastlabki kunlaridan boshlab aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda qo‘llab-quvvatlash choralari, xuddi ba’zilar tasdiqlashga o‘rganib qolganday, oddiygina ijtimoiy paketlarni tarqatish bilangina cheklanib qolinmaydi.
Avvalo, muhtoj oilalarga ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordamning ahamiyatli ekanini ta’kidlash lozim. Buning natijasida mamlakatimizda birinchi marta qiyin ahvolda qolgan barcha kishilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy qo‘llab-quvvatlash yo‘lga qo‘yildi.
Qurbon Hayiti arafasida a’zolari qariyb 700 ming kishini tashkil etadigan 182 mingdan ziyod oilaga 1 million so‘mgacha miqdoridagi to‘lovlar amalga oshirildi. Aytish kerakki, yordam to‘g‘ridan-to‘g‘ri va naqd pullarda ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning so‘nggi farmoniga asosan, “Temir daftar”ga kiritilgan muhtoj oilalarning har bir a’zosi uchun 220 ming so‘mdan to‘lovlar amalga oshirildi. 2020 yilga mo‘ljallangan byudjetda aholining turli qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish uchun jami 8 trln. so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Pandemiya davrida ijtimoiy yordam oluvchilar bazasi ham sezilarli darajada kengaydi. 14 yoshga to‘lmagan bolali ehtiyojmand oilalar soni yil oxiriga kelib 2 baravarga ko‘payadi. 2 yoshgacha bola parvarishi bo‘yicha nafaqa olishga muhtoj onalar soni 20 foizga o‘sadi. Moddiy yordam olayotgan kam ta’minlangan oilalar soni 100 mingtaga oshiriladi. 2020 yilning oxiriga qadar ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 1,2 millionga, 2021 yilda esa 1,5 million ga yetishi kutilmoqda.
Kambag‘al oilalar mamlakatdagi aholi umumiy sonining 12-15 foizni tashkil etishini hisobga olsak, ijtimoiy nafaqalar mexanizmi joriy yil oxirigacha har bir ehtiyojmand oilani qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
Hududlar kesimiga nazar tashlasak, Qoraqalpog‘istonda dekabr oyiga qadar ijtimoiy himoya mexanizmi har to‘rtinchi oilani, Surxondaryo, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida — har beshinchisini qamrab oladi.
Bir so‘z bilan aytganda, har to‘rtinchi yoki beshinchi oila o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shimcha oylik daromad oladi.
Ijtimoiy siyosat samaradorligini oshirish
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatda ehtiyojmandlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishning keng qamrovli mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda. Biroq tan olish kerakki, unga berilgan ijobiy salohiyat sabab bunday mexanizm yetarlicha moslashuvchan va maksimal darajada shaffof bo‘la olmaydi. Ayrim ob’ektiv va sub’ektiv omillar butun tizim samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mahalla vakillarining aholiga ajratilayotgan mablag‘larni taqsimlashi borasidagi mas’uliyatlarini vijdonan va ochiq ado etishayotganlariga ko‘pchilikda shubha bor. Ajratilgan ijtimoiy yordam barcha muhtojlarga va o‘z manziliga yetib bormayapti, degan xavotir ham yo‘q emas.
“Temir daftar”ga kiritish uchun oilalarni adolatli tanlash masalasi ham ochiq qolmoqda. Ko‘pchilik amaliy mezonlarning ob’ektivligi haqida o‘ylaydi, haqli ravishda inson omiliga ishora qiladi. Ijtimoiy yordamning butun taqsimotida oshkoralikni ta’minlash zarurati oydinlashib bormoqda.
Oilalarga ijtimoiy yordam ajratishda yo‘l qo‘yilgan xatolar ehtimoli yetarlicha yuqoriligini ham e’tirof etish joiz. Bunday tarzdagi taqsimotda tizimda nosozliklar yuz beradi. Yaqinda Toshkentning Sergeli tumanida sodir bo‘lgan voqea buni yaqqol ko‘rsatdi.
Biroq so‘nggi qarorlar hukumat mavjud bo‘shliqlarni ko‘rib, ularni bartaraf etishga intilayotganini ishonch bilan aytish imkonini bermoqda. Bunda yuzaga keluvchi kamchiliklarni hisobga olib, tizimni sozlashga qaratilgan hamda vaqti-vaqti bilan kiritilayotgan tuzatishlar shu bilan izohlanadi.
Prezident farmoniga muvofiq, ijtimoiy yordamning barcha turlarini bir xil mezon va bir xil hujjatga muvofiq taqdim etish imkonini beradigan Yagona ijtimoiy reyestr yaratilmoqda. Yil oxiriga qadar tizim barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Ma’lumotlarni tizimlashtirish har bir ijtimoiy yordam oluvchining ehtiyoj darajasini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. U oila a’zolarining daromadlari, mol-mulki, bank hisoblari, olingan kreditlar va avtomobillar to‘g‘risidagi turli idoralarning tegishli bazalarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida aniqlanadi.
Istiqbolda “Yagona ijtimoiy reyestr” dasturining to‘liq ishga tushirilishi inson omilini sezilarli darajada minimallashtiradi va natijada ijtimoiy yordamni taqsimlashdagi korrupsiya holatlarini imkon qadar bartaraf etadi.
Munosib daromad, yordam puli emas
Shuni ham ta’kidlash kerakki, aholining eng kambag‘al qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash siyosati ehtiyojmand oilalarga beriladigan yordam pullari bilan cheklanib qolmaydi. Asosiy maqsad — aholining iqtisodiy farovonligi darajasini oshirish uchun sharoit yaratish.
Odatda kambag‘allikka tushib qolishdan ko‘ra, undan chiqish anchayin mushkul hisoblanadi. Shu bois davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “avvalo, “to‘r belanchak” emas, balki “zina” vazifasini o‘tashi lozim” — boshqacha aytganda, odamlarni ana shu holatda tutib turishdan ko‘ra, kambag‘allar toifasidan chiqarish vositasi sifatida ko‘proq o‘zini ko‘rsatishi zarur.
Masalan, Shimoliy Yevropa mamlakatlarida (Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Daniya) umumiy bandlikka erishish va fuqarolarning barcha toifalari orasida daromad darajalarini tenglashtirish davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor vazifasi etib belgilangan.
Bu borada Prezidentimiz tomonidan belgilangan maqsad “kambag‘al oilaning hech bo‘lmaganda bitta a’zosini ish bilan ta’minlash” har qachongidan ham dolzarbdir. Bunday yondashuvning dolzarbligi ko‘plab mutaxassislar tomonidan ham tasdiqlangan. Shunday qilib, Ijtimoiy siyosat instituti IOM iqtisodchilarining fikricha, “hukumat sa’y-harakatlarni yo‘naltirishi kerak bo‘lgan asosiy soha — bu mehnat bozoridir, chunki u inqirozning asosiy zarbasini o‘ziga qabul qiladi”.
Qayd etish kerakki, inqirozga qarshi dastur doirasida, koronavirus pandemiyasi sababli ishsiz yoki xorijga ishlashga keta olmay qolgan 415 mingdan ortiq kishi allaqachon ish bilan ta’minlangan.
Ish o‘rinlari yaratish bilan birga, kam ta’minlanganlarga istiqbolda uzoq muddatga va moddiy ahvolini o‘z kuchi bilan yaxshilashga imkon beradigan shart-sharoitlar yaratishga katta e’tibor berilmoqda.
Boshqacha aytganda, bunda e’tibor ehtiyojmand qatlamga yordam puli berishga emas, balki ishlab pul topish uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishga qaratiladi. Iqtisodiy istiqbol va kambag‘allikni bartaraf etish nuqtai nazaridan bunday yondashuv eng oqilona va o‘rinli hisoblanadi.
Ish o‘rinlari yaratish bilan bir vaqtda, fuqarolarning tadbirkorlik borasidagi faolligi ham rag‘batlantiriladi. Mamlakatimizda aholi, avvalo, mehnatga layoqatli odamlar sonini hisobga olgan holda, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish fuqarolar farovonligini oshirishdagi ko‘p lab masalalarni hal etadi.
O‘zbekistonda oilaviy biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishni oshirishning eng ommaviy vositalaridan biriga aylandi. Bu maqsadlar uchun juda salmoqli miqdordagi mablag‘lar yo‘naltirilgan. Birgina “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun qo‘shimcha 2 trln. so‘m ajratilgan. Umuman, joriy yilda oilaviy biznes dasturlari uchun 4 trln. so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Ushbu yondashuvga talab mavjudligi va uning ishlashidan manfaatdorlikni tadbirkorlik faoliyati uchun 5 mingdan ortiq kishining qariyb 6 mlrd. so‘m subsidiya olgani ham dalolat beradi. Yil oxiriga qadar bunday subsidiyalarni oluvchilar soni 13 ming kishiga yetishi, ajratilgan mablag‘ esa 11,5 mlrd. so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
Kam ta’minlangan oilalarni ish va daromad manbai bilan ta’minlash nafaqat ularni inqiroz davrida ushlab turishga, balki yuz minglab odamlarning mustahkam oyoqqa turib olishiga imkon beradi. Barqaror daromadga va oilasini ta’minlay olish imkoniga ega bo‘lishi natijasida, insonlar qanday va qanaqa vositalar hisobiga yashash haqida bosh qotirmay qo‘yadi. El qatori yashay boshlaydilar, kelajakka ishonch bilan boqadilar va farzandlarini tarbiyalash, ilmli qilish borasida fikrlaydilar. Bunday ko‘rinishdagi turmush tarzida odatda “har bir keyingi avlod oldingisidan muvaffaqiyatliroq va boyroq” qoidasi ishlab ketadi.
Shunday qilib, ta’kidlash mumkinki, ehtiyojmand fuqarolarning bandligini ta’minlash imkoniyatlarini yaratish bilan birga, maqsadli va to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari majmuining birlashtirilishi tanlangan strategiyaning xalq turmush darajasini yaxshilash va farovonligini oshirish borasidagi samaradorligini bir necha baravarga oshiradi.
Ana shu yondashuv tufayli “qashshoqlik tuzog‘iga” tushib qolgan minglab umidsiz fuqarolar o‘zini o‘nglash va ahvolini yaxshilash uchun samarali iqtisodiy rag‘batga ega bo‘ldilar.
Kambag‘allik muammosini butunlay va qisqa vaqt ichida bartaraf etib bo‘lmasligi tabiiy. Boshqa mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bu juda uzoq vaqt va mashaqqatli mehnatni talab etadigan jarayon. Biroq aynan o‘sha xalqaro tajriba bu muammoga har tomonlama va izchil yondashilsa, to‘g‘ri amalga oshirilsa, kutilgan natijani berishini tasdiqlaydi. Buni “Temir daftar” amaliyoti ham tasdiqlaydi.
Xulosa. Aholini ijtimoiy himoya qilish ma’naviyatli jamiyat mavjud bo‘lishining zarur shartlaridan biri hisoblanadi. Mazkur muammoni o‘rganish insonning munosib va ijtimoiy maqbul sifatga ega bo‘lgan turmush kechirishini ta’minlaydigan qonunchilik, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-psihologik tizim ijtimoiy himoyani aniqlash imkonini beradi. Insonni ijtimoiy himoya qilishning asosiy institutlari-davlat, kasab uyushmalari va boshqa jamoat birlashmalaridir. Aytni vaqtda ijtimoiy himoya qilish ijtimoiy kafolatlarga asoslanadi. Bu kafolatlar qonunlarda qayt etilgan. Ijtimoiy himoya qilish bir tomondan, funktsional tizim, ya’ni yo‘nalishlar tizimi bo‘lib, u ana shu yo‘nalishlar asosida amalga oshiriladi, ikkinchi tomondan, u ijtimoiy himoya qilishni ta’minlaydigan institutlar tizimidan iborat bo‘lib, unga davlat, sud, kasaba uyushmalari va boshqa ijtimoiy tashkilotlar kiradi. Bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida davlatning ijtimoiy siyosati ijtimoiy himoyalash mexanizmlarini, davlatning, korxonalar va ijtimoiy siyosatning boshqa sub’ektlarining roli va vazifalarini o‘zgartiradi. Amalda bu ijtimoiy himoyalashga ajratiladigan byudjet mablag‘lari salmog‘ining qisqarishi, davlat tomonidan beriladigan bepul kafolatlarning kamayishini bildiradi. Ko‘proq og‘irlik nodavlat moliya manbalariga, shu jumladan, korxonalar zimmasiga yuklatiladi. Bu ayrim korxonalar uchun jiddiy muammolar tug‘dirib, ularning ijtimoiy himoya bo‘yicha tadbirlari hajmi va darajasini mehnat sharoitlari va uni muhofazalashga bog‘lab qo‘yadi. Ijtimoiy siyosat Bu muhim imtiyozlarga ega bo'lishni kafolatlaydigan bir qator harakatlar orqali aholining turmush sharoitlarini yaxshilashni maqsad qilgan hukumat sohasi. Bular orasida eng muhimlari sog'liqni saqlash, ta'lim va ijtimoiy va mehnatni muhofaza qilishdir. Ushbu turdagi siyosat farovonlik deb ataladigan davlatlar bilan bog'liq, garchi har bir mamlakatda rivojlanish bir xil emas. Shunday qilib, masalan, Shimoliy Evropa mamlakatlarida va fuqarolar Qo'shma Shtatlar kabi iqtisodiy jihatdan erkinroq davlatlarda foydalanadigan imtiyozlar o'rtasida juda ko'p farqlar mavjud.