O‘spirinlikning inson hayot yo‘li tizimidagi o‘rni
O’spirinlik davri bolalikdan kattalikka o’tish, aniqrog’i o’smirlikdan mustaqil kattalar hayotiga qadam qo’yishdan iborat. O’spirinlik yoshiga(15-18 yosh) o’tishdagi inqirozli xolatlar, uning suby`ekt sifatida shakllanishi bilan bog’liq holda kechadi. O’spirinlik yoshida jismoniy kamolotga erishish jarayoni yakunlana boshlaydi. O’spirinning ijtimoiy rollari va qiziqishlar ko’lami kengayadi, mustaqillik va mas`uliyat hissi ortadi.
Ilk o’spirinlik yoshidagi yuqori sinf o’quvchilari uchun o’quv-kasbiy faoliyat yetakchi ahamiyatga ega bo’ladi. O’quv faoliyatiga undovchi motivlar bo’lajak kasbiy faoliyat va o’zining hayot yo’lini belgilashdan kelib chiqadi, I.V.Dubrovina ma`lumotlariga ko’ra, o’z-o’zini rivojlantirish motivi ham muhim o’rin tutadi. Ilk o’sprinlik yoshidagi yigitlar va qizlar o’zlarining ichki dunyolariga yanada chuqurroq nazar solishga intiladilar, o’zlarini shaxs sifatida ulg’ayib qolganlarini his qiladilar, o’z o’rinlarini topishga harakat qiladilar.
O‘spirinlik davrida ahloqiy va aqliy taraqqiyot
O’spirinlik yoshini o’rganishga oid ko’plab ilmiy kuzatishlar “Mensiymosi”, “Haqiqiy - Men” va “Ideal - Men” orasidagi o’zaro muvozanatni tadqiq etishga qaratilgan, chunki ushbu xolat o’ta muhim sanaladi. Kattalar olamiga kirish, faoliyat va muloqot jarayonida yetarlicha tajriba to’plash orqali ularda ota-onalar va o’qituvchilar fikridan ko’ra, o’ziga nisbatan shaxsiy baho yuzaga keladi.
Ijobiy “Haqiqiy - Men” hissining paydo bo’ishi, o’z-o’ziga xurmat tuyg’usining shakllanishi kelgusi hayotiy rejalarni tuzishga va ularni muvaffaqiyayli amalga oshirishga yaqindan ko’mak beradi. O’zining shaxsiy imkoniyatlarini ortiqcha baholash, o’ziga bino qo’yish esa, zarur bo’lmagan tavakkalchilikka undaydi. O’zini shaxs sifatida har tomonlama bilish, o’z-o’ziga “Men qanday odamman?” deya savol berish, refleksiyaning ortishiga, o’zini chuqur tahlil qilishga zamin tayyorlaydi: “Nima uchun o’zimni bunday tutdim?”, “Nima uchun o’zimni tutib tura olmadim?”, “Mana bu vaziyatda aql bilan ish ko’rdam-ku? ” degan savollar va fikr-mulohazalar paydo bo’ladi.
Yuqori sinf o’quvchisi shaxsining axloqiy jihatdan shakllanishi:
O’spririnlik davri, odamning axloqiy shakllanishidagi hal qiluvchi davr hisoblanadi;
O’spirin shaxsining axloqiy shakllanishi, o’zgalar fikriga asoslangan bolalik davridan, mustqil fikr yurita oladigan kattalar olamiga o’tish davrida sayqal topa boshlaydi;
O’z-o’zini axloqiy jihatdan nazorat qilish rivojlanadi;
Kattalarning vazifasi – o’spirinning axloqiy me`yorlarni tushunib yetishi, o’zlashtirishi va amal qilishiga ko’maklashish.
O‘spirinlik davrida shaxsning rivojlanish xususiyatlari
Balog’atga yetib kelayotgan shaxsning o’zi yashab turgan dunyoni bilishi, o’z-o’zini va atrofidagi insoniy munosabatlarni tushunishi, anglab yetishi va shaxslararo munosabatlar tizimidagi o’z o’rni topishining ijtimoiy-psixologik manbalarini o’rganish, yoshga va jinsga bog’liq jihatlarini tahlil qilish, shaxs -jamiyatning ajralmas bir qismidir deb xulosa chiqarishga imkon beradi.
Individ, ya’ni tabiiy zot sifatida dunyoga kelgan odam bolasi tug’ilgan kunidan boshlab o’ziga o’xshash insonlar qurshovida bo’ladi va uning butun ruhiy olami, qiziqishlari, intilishlari, qobiliyatlari ijtimoiy muhitda aks etadi.
Ijtimoiylashuv tushunchasi, shaxsnining uni o’rab turgan tashqi ijtimoiy muhit ta’sirlariga berilishi, uning ijtimoiy me`yorlarini o’zlashtirishga moyilligini ifodalaydi, bola shaxs sifatida ijtimoiy muhit ta’siri ostida ulg’ayadi.
Oila ijtimoiy muhiti har bir shaxs uchun ana shunday birlamchi, dastlabki ijtimoiylashuv o’chog’i va ulg’ayish maskani hisoblanadi.
Ijtimoiylashuvning ikkilamchi maskanlariga barcha bosqichdagi ta’lim muassasalari, Mehribonlik uylari, ixtisoslashgan maxsus maktab-internatlar hamda harbiy bilim yurtlari kiradi, chunki u yerda nisbatan uzoq vaqt mobaynida bola ta`lim oladi va tarbiyalandi, ijtimoiy me`yorlarni o’zlashtiradi, ma`naviy-axloqiy, qadriyatli yo’nalishlar ta’sirida dunyoqarashi shakllanadi, ulg’ayadi.
Ijtimoiy-psixologik moslashuv ya’ni, shaxsning ijtimoiy munosabatlarga qadam qo’yishi, ijtimoiy normalarni egallashi, ko’nikishi va moslashishi orqali orttirgan tajribasi ijtimoiylashuvning bir ko’rinishi sanaladi.
Ijtimoiylashuv jarayonida shaxs jamiyatdagi ijtimoiy normalarni o’zlashtiradi, turli rollarni bajarishga o’rganadi, jamoatchilik sharoitida o’zini tutish ko’nikmalarini hosil qiladi. Shaxsning ijtimoiylashuvi uning ijtimoiy ta`sirlarni qabul qilishi, ijtimoiy borliqni bilishi va anglashiga asoslanadi.
Ijtimoiylashuv manbalari:
bolalik davrida orttirilgan tajriba – bu jarayon psixik funksiyalar(bilish jarayonlari)ning shakllanishi va dastlabki ijtimoiy xulq normalarining namoyon bo’lishi bilan bir hil tarzda kechadi;
ijtimoiy institutlar – ta’lim va tarbiya tizimi; oiladan boshlab, to oliy o’quv yurtlari va undan yuqori pog’onalardagi ta’lim olishga imkon beruvchi maskanlar, mehnat jamoalari shular jumlasidandir;
muloqot va hamkorlikdagi faoliyat jarayonidagi odamlarning ta’siri – rasmiy yoki norasmiy shart-sharoitlarda odamlarning bir-birlari bilan kechadigan o’zaro muloqoti va muomalasi nazarda tutiladi.
Attraksiya va yuksak his-tuyg’ular
Ilk o’spirinlik o’z qadr-qimmatini bilish, o’zligini anglash, va boshqalarga nisbatan munosabat bildirish tajribasini egallash davri. O’smirlik davri bola qalbida kim bilandir sirlashish, kimnidir o’ziga eng yaqin kishi sifatida tan olish, uni ruhiyatida kechayotgan barcha o’zgarishlardan vofiq etish istagini uyg’otadi.
Birinchi marta «do’stlik», «muhabbat», «sevgi » tushunchalari ham aynan shu davrda paydo bo’ladi, yetuklik va keksalik davridagi kishilar ham o’smirlik va ilk o’spirinlik yillarini eng beg’ubor, jozibali va yoqimli davr sifatida xotirlaydilar.
Ilk o’spirinlik yoshidagi jismoniy va ruhiy taraqqiyot davrida attraksiya deb atalgan xissiyotning paydo bo’lishi uchun eng maqbul davr xisoblanadi.
Attraksiya(lotincha attrahere – yoqimli bo’lish, o’ziga jalb etish, mahliyo qilish) - bu bir insonda boshqa bir insonga nisbatan ijobiy munosabatning yuzaga kelishi asosidagi yoqtirish hissi, yoqish yoki yoqtirish(simpatiya), o’ziga rom etish, bir-biriga o’zaro moyilligini tushuntirib beruvchi hissiy kechinma sanaladi.
Tadqiqotlarda bu kabi emotsional munosabatlar aynan balog’at yoshida yuzaga kelishi isbotlangan, attraksiyaning namoyon bo’lishi, uning kuchi va mazmuni, ilk o’spirinlik yoshidagi yigit yoki qizning shaxs sifatida o’zini idrok etishi, o’z-o’zini va boshqalarni hurmat qilishiga bevosita ta’sir ko’rsatar ekan.
Do’stlik. Ilk o’spirinlik yoshida paydo bo’ladigan muammoli vaziyatlarni muhokama qilish va hayotiy to’siqlarni yengib o’tish uchun uni tushuna oladigan, maqbul yo’lni ko’rsatadigan do’st zarur bo’ladi. kerak. Ruhiyat ilmi nuqtai-nazari bo’yicha, do’st bu - «alter - Ego», ya’ni uning ikkinchi «Men»i sifatida idrok etiladi va o’sha paytdagi «Men»ning bir qismi sifatida baholanadi.
Do’stlik tuyg’isining boshqa intim, emotsional munosabatlardan asosiy farqli tomoni, odatda bir jins vakillari orasida, ma`lum bir talab va istaklar asosida paydo bo’ladi, ushbi hissiyot bir-biriga o’zaro yaqinlik tarzida boshlanadi.
Do’stlikning eng muhim shartlaridan biri - o’zaro bir-birini tushunishdir.
Qarama-qarshi jins vakillari o’rtasida ham do’stlik bo’lishi mumkin, faqat u ko’pincha hissiy yaqinlik, muhabbat o’rnini to’ldirishga xizmat qiladi.
Do’stlarga xos bo’lgan sifatlarga o’zaro hurmat, g’amho’rlik qilish, o’zaro ishonch, muammolarga befarq bo’lmaslik, qo’llab-quvvatlash, mehr kabilar kiradi.
Ayniqsa ilk o’spirinlik yoshida do’stga bo’lgan ehtiyoj kuchayadi, yaqin do’sti bo’lmagan odam o’zini juda baxtsiz, nochor hisoblaydi. Agar, kimningdir do’sti unga nisbatan sadoqat ko’rsatmasa, sotqinlik qilsa, uning kutishlariga zid harakat qilsa, ushbu xolat juda kuchli ruhiy iztiroblarni keltirib chiqaradi.
Agar ilk o’spirinlikda do’stlik mazmunan ancha yuzaki, bevosita muloqot maqsadlari asosida yuzaga kelgan bo’lsa, yosh ulg’ayishi, turli hayot sinovlaridan o’tishi tufayli mustahkamlanadi va hayotdagi yuksak qadriyatga aylanib boradi.
Sevgi-muhabbat. Agar do’stlikda attraksiya, ya`ni tashqi yoqimtoylik orqali o’ziga rom eish ustunlik qilsa, sevgi qalblar yaqinlashuvining muhim alomatidir.
Aynan o’smirlik va ilk o’spirinlikdagi sevgi beg’ubor, tiniq, samimiy bo’lib, yosh ulg’aygan sari uning mazmuni o’zgarib, boshqa qadriyatlar ham o’rin egallay boshlaydi, haqiqiy sevgida yuksak insoniy fazilatlar hukm suradi.
Ma’lum bo’lishicha, sevgining dastlabki bosqichi, o’zaro yoqtirib qolish -simpatiya bo’lib, bunda asosan sevgi ob’yektining tashqi jozibasi rol o’ynaydi.
O’spirinlik yillaridagi muhabbat tuyg’usi nafaqat qarama-qarshi jinsga, balki ota-onaning qadrlanishi va ularga nisbatan mehr-muhabbat, o’z yaqinlari - aka-uka, opa-singil, hayotda ibrat bo’ladigan kishilarni yaxshi ko’rish, o’zi tug’ilib, voyaga yetgan Vatanini sevish kabi oliy hislar ham tarbiyalanadi.
Ta’lim tizimining barcha bosqichida, ma’naviy tarbiyaning ajralmas bo’lagi sifatida ana shunday samimiy munosabatlarni shakllantirish, mehr-oqibat, o’zaro hurmat, sadoqat kabi milliy qadriyatlarimizni singdirishimiz zarur.
Yuksak his-tuyg’ularning eng oliy darajasi Vatan tuyg’usi bo’lib, bu tuyg’u beg’ubor bolalikning ilk davrlaridan uning ongi va qalbiga singib boradi.
Vatan hissi - bu o’zbek xalqini sevish, ardoqlash, milliy o’zlikni anglash, qadriyatlarimizni e`tirof etishdan iborat ulkan mas’uliyat hissidir.
Shaxs–ijtimoiy munosabatlar sub`yekti va ob`yekti.
Shaxsga taalluqli bo’lgan eng muhim fazilatlardan biri, u shu tashqi ijtimoiy ta’sirlar, ya`ni ob`yektlarni o’z aqli-idroki bilan qabul qiladi, so’ngra shu ta’sirlarning sub’ekti sifatida faoliyat ko’rsatadi.
Ijtimoiy muhit — kelishuvlar, tortishuvlar, hamkorliklar, an’analar, rasm-rusum va udumlar, turli xil dunyoqarashlar olami bo’lib, undagi ko’plab ijtimoiy me`yorlarni ko’pchilik to’la, ba’zilar qisman qabul qiladi va amal qiladi.
Kishilik jamiyatidagi ushbu ijtimoiy qoidalar va normalarni qabul qilish ijobiy kechinmalarni yuzaga keltiradi, ularga bo’ysunmaslik va amal qilmaslik jamiyat tuzhilmalari va kishilar tomonidan salbiy baholanadi.
Xulosa shuki, voyaga yetib kelayotgan shaxs - jamiyatga nisbatan barcha tartib-qoidalarni qabul qiluvchi sub’ekt bo’lsa, jamiyat-ijtimoiy intizom va tartib, ma`naviyat-ma`rifat va madaniyatning mufassal ko’rinishidir.
Ijtimoiy normalar. Ijtimoiy norma - shaxs hayotidagi shunday kategoriyaki, u jamiyatning o’z a’zolari xulq-atvoriga nisbatan ishlab chiqqan va ko’pchilik tomonidan e`tirof etilgan xarakatga nisbatan talablaridir.
Ijtimoiy normalarning u yoki bu davrda, u yoki bu toifa vakili bo’lmish shaxs tomonidan qay darajada bajarilishi yoki unga amal qilinayotganligi ijtimoiy sanksiyalar orqali nazorat qilinadi.
Ijtimoiy sanksiyalar – ijtimoiy normalarning shaxs xulq-atvorida namoyon bo’lishini nazorat qiluvchi jazo va rag’batlantirish mexanizmlari bo’lib, ularning borligi tufayli biz, har bir alohida olingan vaziyatlarda ijtimoiy xulq-atvot normalarini buzmaslikka, jamoatchilikning salbiy fikri ob’ektiga aylanib qolmaslikka harakat qilamiz.
Ijtimoiy rollar. Har bir alohida olingan shaxs jamiyat tomonidan ishlab chiqilgan va qabul qilingan ijtimoiy normalar va sanktsiyalarni u yoki bu ijtimoiy rollarni bajarishi mobaynida o’z xulqi va hatti-harakatlarida namoyon etadi.
Rol - shaxsga nisbatan shunday tushunchaki, bu shaxsning konkret hayotiy vaziyatlardagi xuquq va burchlaridan iborat xarakatlari majmuini bildiradi.
Ijtimoiy normalar, sanksiyalar, rollar ijtimoiy mexanizmlar sifatida shaxs xulq-atvorini ma`lum ma`noda idora etib, muvofiqlashtirib turishga yordam beradi.
“Men-siymosi” va o‘zini-o‘zi anglashning shakllanishi
Shaxsning o’zi, o’z xulq-atvorining xususiyatlari, jamiyatdagi mavqeyini tasavvur qilishidan hosil bo’lgan obraz «Men»-obrazi deb atalib, uning qanchalik adekvatligi va reallikka yaqinligi shaxsning barkamollik mezonlaridan hisoblanadi. «Men»-obrazining ijtimoiy-psixologik ahamiyati shundaki, u shaxs tarbiyasining va tarbiyalanganlik darajasining muhim omillaridan hisoblanadi.
O’z-o’zini anglash, o’zidagi mavjud sifatlarni baholash jarayoni ko’pincha konkret shaxs tomonidan og’ir kechadi, ya’ni, inson tabiati shundayki, u o’zidagi o’sha jamiyat normalariga to’g’ri kelmaydigan, no’maqul sifatlarni anglamaslikka, ularni «yashirishga» harakat qiladi, xattoki, bunday tasavvur va bilimlar ongsizlik sohasiga siqib chiqariladi (avstriyalik olim Z.Freyd nazariyasiga ko’ra).
Men»-obrazi asosida har bir shaxsda, o’z-o’ziga nisbatan baholar tizimi shakllanadi. O’z-o’ziga nisbatan baho, haqiqatga yaqin(adekvat), o’ta yuqori yoki quyi darajada bo’lishi ham mumkin. O’z-o’ziga baho sof ijtimoiy xodisa bo’lib, uning mazmuni va mohiyati shaxsni o’rab turgan jamiyat normalariga, shu jamiyatda qabul qilingan va e’zozlanadigan qadriyatlarga bog’liq bo’ladi.
Mustaqillik sharoitida mamlakatimiz yoshlari ongiga milliy qadriyatlarimiz, vatanparvarlik, adolat va mustaqillik mafkurasiga sadoqat xislarining tarbiyalanishi, tabiiyki, har bir yosh avlodda o’zligini anglash, o’zi mansub bo’lgan xalq va millat ma’naviyatini qadrlash xislarini tarbiyalamoqda.
Bu esa, o’z-o’zini anglashning poydevori va muhim shakllantiruvchi kuchi sanaladi, o’z-o’zini baholash - o’z-o’zini tarbiyalashning muhim mezonidir.
Ilk o’spirinlik yoshida o’zining ichki dunyosiga nisbatan qiziqishning ortishi, uni qadriyat sifatida e`tirof etish kechinmasini yuzaga keltiradi. O’zini betakror, boshqalarga o’xshamaydigan shaxs sifatida his qilish, tevarak atrofdagi ijtimoiy voqelikning uning ko’z o’ngida gavdalanishi bilan uzviy bog’liqdir.
O’smirlik yoshida atrofdagi olamni aks ettirish quyidagicha kechadi:
O’zining shaxsiy “Men”ini anglash(“Men kimman?”, “Men qanday odamman?”, “Mening nimaga qobiliyatim bor? ”, “Men xurmatga loyiqmanmi?”);
O’zining xolatini anglash(“Mening hayotdan maqsadim nima?”, “Mening do’stlarim va dushmanlarim kimlar?”, “Men kim bo’lmoqchiman?”, “O’zimni va hayotimni yanada yaxshilash uchun nima qilishim lozim”).
O‘spirinlik davrida ijtimoiy faollik
Ilk o’spirinlik davriga qadam qo’ygan yuqori sinf o’quvchilarining shaxs sifatida kamol topishida yoshlar ittifoqi tizimidagi jamoat tashkilotlari alohida o’rin egallaydi. Mazkur yo’nalishda o’quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida ularni keng jamoatchilik ishiga jalb etish, turli tanlovlar va forumlar orqali o’spirinlarda shaxsiy faollik, tashabbuskorlik, mustaqillik, qat`iyatlilik, mas`uliyatlilik va tanqidiylik singari insoniy fazilatlar tarkib topadi.
Ilk o’spirinlik yoshidagi o’quvchining, o’smirlik yoshi davridagi boladan farq qiluvchi yana bir xususiyati – murakkab shaxslararo munosabatlarda aks etuvchi burch, vijdon hissi, o’z qadr-qimmatini bilish, xis qilish va fahmlashga moyillikdir. Masalan, o’spirin yigit va qiz sezgirlik deganda nozik va nafis holatlarning farqiga borish, tez anglash, xolisona yordam uyushtirishishni, shaxsning nafsoniyatiga tegmasdan amalga oshirishni tushunadi. O’spirin o’zining kelgusidagi ezgu niyatini baholashga jamoada o’z o’rnini belgilash nuqtai nazaridan yondashadi, ya`ni «o’zim tanlagan kasbga mos tushamanmi, uni eplay olamanmi?», «o’z vatanimga, ota-onamga munosib farzand bo’la olamanmi?», «hayotda o’z o’rnimni topa olamanmi?» kabi savollarga javob izlaydi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ilk o’spirinlik yoshidagi o’quvchida o’zining shaxsiy fazilati to’g’risida yaqqol tasavvur hosil qilish uchun o’qituvchi unga juda moxirlik, bilimdonlik hamda ziyraklik bilan yordam berishi lozim.
Pedagog o’zining do’stona, samimiy, o’zaro hamkorlikka asoslangan iliq munosabati bilan, yuqori sinf o’quvchilari e’tiboridagi har bir fikr-mulohazasida psixologik kompetentlikka rioya qilishi, ilk o’spirinlik yoshidagi o’quvchilarda o’z kuchiga, imkoniyatiga, qobiliyatlariga ishonch hissini paydo qiladi. Ularda ustozga nisbatan chuqur hurmat, minnatdorchilik tuyg’ulari uyg’onadi.
O’spirinlik yoshidagi o’quvchida o’zini-o’zi anglash negizida o’zini-o’zi tarbiyalash istagi tug’iladi va bu ishni amalga oshirish usullari hamda vositalarini topish, ularni kundalik turmushga tatbiq qilish ehtiyoji vujudga keladi.
O’spirinlik davrida o’quvchilar o’zlarida eng qimmatli fazilatlarni, o’quv va malakalarni ongli, rejali, tartibli, izchil va muntazam tarkib toptirishga ehtiyoj sezadilar. Ma’lumki, ilk o’spirinlik yoshidagi o’quvchilar ma’naviy-psixologik qiyofaga ega bo’lish uchun oqilona o’lcham, mezon, vazifalarini bajaruvchi barkamol, mukammal timsol, namuna, yuksak orzu tasvirini qidiradilar.
O’spirinlarda ideallar bir necha ko’rinishda namoyon bo’lishi va aks etishi mumkin. Ular taniqli kishilarning qiyofalari, badiiy asar qahramonlari timsolida o’zlarida yuksak fazilatlarni (sifatlarni) gavdalantirishni orzu qiladilar.
Masalan, qizlar ko’pincha taniqli go’zal ayolning, jozibali, nazokatli, iboli, iffatli jamoat arbobining, badiiy asar yoki film qahramonining xususiyatlari mujassamlashgan qiyofalarni ideal darajasiga ko’taradilar. Ayrim o’g’il bolalar esa, taniqli qahramonlar(josus, tan soqchi, biznesmen, amaldor)ning tashqi qiyofasi, jismoniy yetukligi kabi sifatlariga taqlid qilishga ham moyil bo’ladilar.
O’spirin o’quvchilarning o’zini-o’zi tarbiyalashi bevosita sinf jamoasida jamoatchilik tashkilotlarining, pedagoglarning tarbiyaviy ta`siri va amaliyotchi psixologning faoliyat yo’nalishlari doirasida amalga oshitilishi talab etiladi, chunki o’zini-o’zi takomillashtirish - jamoada munosib o’rin egallash, jamiyatdagi ijtimoiy burchini anglash va foydali mehnatga qiziqishga xizmat qilishi kerak.
Kuzatishlar va hayot tajribalarining ko’rsatishicha, ba’zi hollarda o’spirinlar o’zlarini qo’rqmas, jasur qilib ko’rsatishga, noo’rin xatti-harakatlarga moyil bo’ladilar, qaltis yo’llar bilan o’z irodalarini tarbiyalashga intiladilar, ba`zan o’zlarining hayotlarini xavf ostida qoldirishgacha borib yetadilar.
O’spirinlik yoshidagi o’quvchlarning yoshlar harakatiga doir jamoatchilik tashkilotlari bilan o’zaro hamkorligi, ularda jamiyat hayoti bilan hamnafaslikka intilishni kuchaytiradi, insoniylik, vatanparvarlik va o’zaro yaqinlikni oshiradi.
Ushbu xolatlarni tadqiq etgan psixolog L.I.Umanskiy ilk o’spirinlik yoshidagi o’quvchilarda tashkilotchilik qobiliyati o’zaro uzviy aloqadorlikka ega bo’lgan quyidagi tarkibiy qismlardan iborat ekanligini ta’kidlaydi:
tashkilotchilik tuyg’usi (psixologik topqirlik, kashfiyotchilik, odob, nazokat, amaliy aql-idrokda o’z ifodasini topadi);
tengdoshlariga nisbatan emotsional-irodaviy ta’sir ko’rsatish imkoniyati (muammolarning yechimini topishga jalb qilish, ularning kuch-g’ayratlarini birlashtitish);
tashkilotchilik faoliyatiga moyillik (emotsional his-tuyg’u, ijobiy munosabat, faollik ko’rsatish, qat’iy qiziqish bildirish).
Dostları ilə paylaş: |