Toshkent shahri tumanlari faoliyatining konstitutsiyaviy asoslari Uchinchi oʻzgartirish: 2017-yil 29-avgustda Konstitutsiyaning 99-moddasidagi “shuningdek shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan” degan soʻzlar chiqarib tashlandi. Konstitutsiyaning 99-moddasiga oʻzgartirish kiritish orqali Toshkent shahri tumanlarida xalq deputatlari Kengashlarini tashkil etishning konstitutsiyaviy asosi mustahkamlab qoʻyildi. Konstitutsiyaning 102-moddasiga ham uchta oʻzgartirish kiritildi. Yaʼni, Toshkent shahri tarkibidagi 11 ta tumanning barchasida xalq deputatlari Kengashlari tashkil etilishi munosabati bilan Konstitutsiyaning 102-moddasida tuman va shahar hokimlarini tayinlash va lavozimidan ozod qilishning yagona tartibi oʻrnatildi. Ushbu konstitutsiyaviy oʻzgartirishlar, avvalambor, poytaxt jamoatchiligiga Toshkent shahridagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarni amalga oshirishdagi ishtiroki va rolini kuchaytirish, tumanlarni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, hududlarni rivojlantirishning ustuvor dasturlarini amalga oshirish, tumanlarning bosh rejalari va qurilish qoidalari, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning miqdorini belgilash, qonun hujjatlariga muvofiq ular boʻyicha imtiyozlar berish ustidan nazorat qilish mexanizmi oʻrnatilishini taʼminlamoqda.
Mahalla va KonstitutsiyaToʻrtinchi oʻzgartirish: 2018-yil 15-oktyabrda Konstitutsiyaning 105-moddasi birinchi qismidagi “ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini” degan soʻzlar “raisni (oqsoqolni)” degan soʻzlar bilan almashtirildi.
Beshinchi oʻzgartirish: 2019-yil 18-fevralda Konstitutsiyaning 80-moddasi 7-bandidagi va 93-moddasi birinchi qismining 24-bandidagi “Milliy” degan soʻz “Davlat” degan soʻz bilan almashtirildi.
Vazirlar Mahkamasining konstitutsiyaviy maqomi Oltinchi oʻzgartirish: 2019-yil 5-martda Konstitutsiyaning 3 ta moddasiga oʻzgartirishlar kiritildi. Bu yangilanishlarga muvofiq, endilikda Prezident Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini tasdiqlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi.