Tushum kelishigi Tushum kelishigida kelgan so‘z fe’l anglatgan ish-harakatning ta’sirini o‘z ustiga olgan harakatni bevosita o‘ziga qabul qilgan narsani ifodalaydi, gapda vositasiz to‘ldiruvchi vazifasida keladi. Tushum kelishigining affiksi -ni. Bu kelishikdagi so‘z kimni?, nimani?, qayerni? so‘roqlariga javob bo‘ladi, har vaqt o‘timli fe’llarga bog‘lanadi: Onangni kaftingda tutsang, singlingni boshingda tut. O‘zbek tilida tushum kelishigining affiksi ba’zan (she’riy asarlarda egalik affiksidan keyin) -nshaklida ham keladi: Dala yuzin qoplar gul-chechak. Men, sen kishilik olmoshlariga tushum kelishigi -ishaklida qo‘shiladi: meni, seni. Tushum kelishigidagi ot o‘timli fe’lga bog‘lanib, faqat vositasiz to‘ldiruvchi vazifasida keladi. Boshqaruv aloqasini hosil qilishda ishtirok etadi, bitishuv va moslashuvda bosh so‘z tarkibida kelishi mumkin.
Qaratqich kelishigida bo‘lganidek, tushum kelishigining belgili yoki belgisiz qo‘llanishi ham ma’no talabiga va grammatik holatga ko‘ra voqe bo‘ladi. Masalan, tushum kelishigidagi so‘z so‘zlovchi va tinglovchi uchun avvaldan ma’lum narsani anglatsa, bunda kelishik belgili shaklda qo‘llanadi, aks holda esa belgisiz shaklda qo‘llanadi; Kitobni o‘qidingmi? (Ma’lumbir kitob ko‘zda tutiladi). Kitob o‘qidingmi? (Umuman kitob ko‘zda tutaladi). Quyidagi holatlarda tushum kelishigi belgili shaklda qo‘llanadi:
Tushum kelishigidagi so‘z atoqli ot bo‘lganda: Men Dehqonboyni bilmagan ekanman
Kishilik, o‘zlik va ko‘rsatish olmoshlari tushum kelishigida kelganda:Keksa domla buni javobimning boshidanoq sezib qoldi. (Ba’zan ko‘rsatish olmoshida tushiriladi: U-bu olib keldimi?)
Tushum kelishigidagi so‘z payt bildiruvchi so‘z bo‘lib, shu so‘z ajratilib ko‘rsatilganda: Ergash yozni qanday o‘tkazganini o‘rtoqlariga so‘zlab berdi.
Tushum kelishigidagi so‘z harakat nomi bo‘lganda: Men o‘zimni oqlashni istardim.
Tushum kelishigi otlashgan so‘zlar bilan ifodalanganda:Bilagi zo‘r birni yiqar...
6. Tushum kelishigidagi ot o‘z aniqlovchisiga ega bo‘lganda: Bu gapni hamma ma’qulladi. 7. Tushum kelishigidagi so‘z bilan uni boshqargan so‘z orasida boshqa so‘zlar kelsa: Qo‘limni boshimning orasiga qo‘yib chalqancha yotardim. 8. Tushum kelishigi egalik affiksidan keyin qo‘shilsa: Bulbul chamanin sevar.