Atoqli va turdosh otlar. Otlar o‘z ma’nolariga qarab dastlab ikki guruhga bo‘linadi:
1) atoqli otlar;
2) turdosh otlar.
Bir turdagi predmetlarning biriga atab qo‘yilgan ot atoqli ot bo‘lib, yakka shaxslarning nomi, borliqdagi yakka narsa, voqea-hodisalarning nomi bo‘lib xizmat qiladi: Komilov, Osiyo, Toshkent, O‘zbekiston, Zarafshon.
Turdosh otlar ot turkumiga kirgan so‘zlarning asosiy qismini tashkil qiladi. Turdosh otlar bir jinsdagi shaxs, narsa, hayvonlar, voqea-hodisalarning nomlari bo‘lib, shular haqidagi umumiy predmetlik tushunchasini anglatadi (odam, mamlakat, dengiz, ishchi, talaba, zafar, muhabbat, tezlik, sekinlik, jasurlik).
Atoqli va turdosh otlar bir-biridan faqat semantik tomondangina farq qilib qolmay, ma’lum darajada grammatik jihatdan, ya’ni grammatik son shakllarida ishlatilishi jihatidan ham farqlanadi. Atoqli otlar, odatda birlik shaklida kelib, ko‘plikda qo‘llanmaydi. Atoqli otlar grammatik ko‘plik belgisini olib kelganda, umumiy belgi-xususiyatga ega bo‘lgan shaxs va predmetlar guruhini, bir xil ataladigan yoki o‘zaro qarindoshlik munosabatidagi shaxslarni anglatadi: Aka-uka Shojalilovlar, Rahim va Rustam Rahmonovlar. Daryoning yo‘liga gullar sochgali, Shirinlar, qadlari shamshodlar keldi.
Shaxs nomini bildiruvchi ko‘pgina atoqli otlar narsa, belgi, holat bildiruvchi turdosh otlar va ayrim boshqa so‘z turkumlari asosida kelib chiqqan. Bunday so‘z yakka narsaning nomiga aylansa, atoqli otga o‘tadi:
1. Turdosh otdan: Muhabbat, Zafar, Bolta, Qo‘chqor, Shuhrat, Lolaxon.
2. Sifatdan: O‘tkir, Bahodir, Baxtiyor, Kenjaxon, Erkin.
3. Sondan: Ellikboy, Oltmishboy, Yetmishboy, Saksonboy, Mingboy.
4. Olmoshdan: Kimsanboy.
5. Fe’ldan: To‘xtasin, Tursunboy, Turdixon, Keldivoy.
6. Ravishdan: Bulturali.
Tarixiy hodisalar ilmiy-badiiy asarlar, gazeta-jurnal nomlarida turdosh otlarga xos leksik ma’no saqlanadi: 8- Mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami, «O‘tgan kunlar», «Yulduzli tunlar», «Boy ila xizmatchi» asarlari, «Sharq yulduzi» jurnali, «Sado» gazetasi.
Atoqli otlar bir jinsdagi shaxs va narsalarning umumiy nomiga aylansa, turdosh otlarga – xosiyatxon (atlas), muslimka (bug‘doyning bir turi), amper, makentosh, avgust, rentgen, gerkules aylanadi.
Atoqli ot turdosh otga va turdosh ot atoqli otga o‘tib, ayni zamonda avvalgi ma’nolarida ham ishlatilsa, go‘yo omonimlar kelib chiqadi: yo‘ldosh – Yo‘ldosh, to‘lqin – To‘lqin kabi.
Otlar borliqdagi qanday narsalarning nomini bildirishiga ko‘ra atoqli va turdosh otlarga bo‘linadi. Bunday bo‘linish faqat mazmuniy nuqtayi nazardangina emas, balki grammatik jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Chunki qanday ot bo‘lishi ularning morfologik belgisiga ham ta’sir qiladi. Ma’lum morfologik shakl otning bu ikki ma’no turiga turli grammatik semalari bilan qo‘shiladi.
Atoqli va turdosh otlar borliqdagi predmetlarni nomlash darajasi bilan ham bir-biridan farq qiladi.
Turdosh otlar bir turdagi predmetlarning umumiy nomi sifatida birlamchi nom hisoblanadi. Shuning uchun ham turdosh otlarning moddiy (shakliy) tomoni bilan borliqdagi “predmetlik” ma’nosi o‘rtasidagi uzviy bog‘lanish til egasi ongida qat’iy o‘rin oladi. Masalan, t-o-l tovush qatori barqaror holda borliqdagi “ko‘p yillik, mevasiz, tarvaqaylab o‘suvchi daraxt” ma’nosi bilan uzviy bog‘langan. Bu tovush kompleksini eshitgan har bir til egasi uni shu predmet bilan bog‘lay oladi.
Aniq otlar aniq shaxs, narsalarni anglatadi. Aniq otlar bevosita ko‘rish va sanash mumkin bo‘lgan narsalarni anglatgani uchun sanoq son bilan ifodalangan sifatlovchi oladi, shuningdek, birlik va ko‘plik shakllarida qo‘llanadi: daftar – ikkita daftar daftarlar, bola o‘nta bola bolalar.
Mavhum otlar mavhum tushunchalarni, belgi, xususiyat, harakat va holatni narsa sifatida bildiradi. Bu otlar ko‘plik son shaklida kelmaydi: mohiyat, mundarija, sevgi, go‘zallik, qahramonlik, vatanparvarlik, aql, sharaf, ovchilik kabi.
Mavhum otlar ayrim hollardagina ko‘plikda ishlatiladi. Bu vaqtda ularning mavhum ma’nosi ma’lum darajada konkretlashtiriladi: zo‘r muvaffaqiyatlar, katta qiyinchiliklar, shahrimiz yangiliklari, bayram shodliklari.
Mavhum otlarning bir qismini tub so‘zlar tashkil qiladi: aql, shovqin, tajriba, sharaf, harakat, taqdir, g‘am, kulfat kabi. Ko‘pgina mavhum otlar esa yasama. Mavhum otlar sifat va fe’ldan, shuningdek, otlarning o‘zidan yasaladi, ular ko‘plikda deyarli qo‘llanmaydi. Chunonchi, -lik, -gi (-g‘i, -qi), -g‘in (-kin, -qin), -ch, -lashtirish, -(i)sh kabi affikslar orqali yasalgan mavhum otlar: bolalik, do‘stlik, savodsizlik, yaxshilik, eskilik, to‘sqin, toshqin, sevinch, sog‘inch, avtomatlashtirish, milliylashtirish.
Jamlovchi otlar bir jinsdagi narsalarning yig‘indisini bir butun holatda anglatadigan turdosh otlardir. Bu otlar birlik shaklda yakka-yakka predmetlarni emas, balki bir butunga jamlangan ko‘p predmetlarni anglatadi: xalq, qo‘shin, jamoa, to‘da.
Yakka otlar esa ma’no jihatidan jamlovchi otlarga qarama-qarshi bo‘lib, to‘da sostaviga kirgan alohida predmetlarni bildiradi. Bu otlarning birlik shaklida ham, ko‘plik shaklida ham narsalar yakka-yakka holatda tasavvur qilinadi: kishi – kishilar, dehqon dehqonlar.
Dostları ilə paylaş: |