Birlik va ko‘plikda ishlatiladigan otlar
Sanash mumkin bo‘lgan aniq narsalarni anglatgan otlarning hammasi birlik va ko‘plik shaklida ishlatiladi. Bunday otlar o‘zlariga sanoq sonlarni biriktirib kela oladi: daraxt – daraxtlar – ikkita daraxt kabi. Son kategoriyasi to‘liq ma’noda xuddi shunday otlarga, ya’ni ham birlik, ham ko‘plik shakliga ega bo‘lgan otlarga xos. Ko‘plik shaklda asosan konkret predmetlarni anglatuvchi turdosh otlar ishlatiladi. Bunda shaxs va predmetlarning son jihatidan ko‘pligi bildiriladi: tog‘lar, qushlar, bolalar, mehmonlar, shaharlar, zavodlar. O‘zbek tilida ko‘plik ma’nosi quyidagi usullar bilan ifodalanadi:
1) morfologik usul;
2) leksik-sintaktik usul;
3) semantik usul.
Morfologik usulda ko‘plik ma’nosi asosga -lar affiksini qo‘shish bilan ifodalanadi: kitoblar, maktablar, yigitlar, uylar.
O‘zbek tilida -lar affiksi quyidagi ma’nolarni bildiradi:
Shaxs va predmetlarning ko‘pligini, aniq bo‘lmagan ko‘p miqdorini bildiradi: Marmar hovuzning chetlaridagi o‘simliklarning gullari karnaychaga o‘xshardi. Onda-sonda ochilgan chanoqlar bu ko‘k dengizda sadafdek yaltirardi.
Egalik affiksidan (ba’zan egalik affiksi bo‘lmaydi) keyin qo‘shilib keladi va hurmat ma’nosini ifodalaydi: Dadamlar ishda, telefon qilganingni aytib qo‘yaman, xursand bo‘ladilar.
Payt bildiruvchi ravishlarga, payt, o‘rin yoki narsa sonini bildiruvchi birikmalarga qo‘shilib, chama, taxmin ma’nolarini ifodalashga xizmat qiladi: Kechqurunlari ular tog‘ etagidagi vodiyga kirib keldilar.
-lar affiksi uyushiq bo‘laklarning har biriga qo‘shilganda, ko‘plik, ta’kid, hurmat ma’nolari ifodalanadi, uyushiq bo‘laklarning faqat oxirgisiga qo‘shilib kelsa, umumlashtirish, jamlik ma’nolari anglashiladi:
a) Bahor. Jamoa bog‘idagi olmalar, o‘riklar, shaftolilar, giloslar chaman bo‘lib ochilgan;
b) Haydar, Qo‘chqor, Komillar bir ko‘rpada tepkilashib katta bo‘lishgan.
5. Piching, kesatiq ifodalaydi: O‘zlari ham ishni buzibdilar-da!
6. Narsaning turini bildiradi: suvlar, donlar, yog‘lar, donlar, arpalar.
Ko‘plik ma’nosi leksik-sintaktik usul bilan quyidagicha ifodalanadi;
1.Sanoq sonlar, gumon olmoshlari va miqdor ravishi otni aniqlab keladi: uchta kitob, bir nechta bola, ko‘p bola, juda ko‘p daftar, har xil kitob. U bilan o‘z hayotini bog‘lagan odam ko‘p narsaga erishishi mumkin. Mingta qal’angdan o‘zimning dalam yaxshi. Bu birikmalardan ba’zilari -lar affiksini qabul qila oladi: ko‘p odamlar, bir qancha bolalar. Bunda ko‘plik ikki marta: ham leksik-sintaktik usul bilan, ham morfologik usul bilan ifodalanadi.
2.Otga sifatlovchi bo‘lib kelgan ot, sifat, son takrorlanadi: dasta-dasta gul, to‘da-to‘da odam, baland-baland tog‘lar, ming-ming bola. Har rastada ming-ming do‘kon.
Misollardan ko‘rindiki, sifatlovchi takrorlanganda, aniqlanmish ot -lar affiksi bilan ishlatiladi. Demak, bunday ifodalanishda leksik-sintaktik usul ham, morfologik usul ham qatnashadi.
3.Juft so‘zlar orqali ham ko‘plik – umumlashtirish ma’nolari ifodalanadi: qozon-tovoq, qovun-tarvuz, aka-uka, arpa-bug‘doy, meva-cheva.
Dostları ilə paylaş: |