Oybek prozasidagi badiiy tasvir vositalarining ba’zi xususiyatlari
(“Quyosh qoraymas” romani misolida)
Badiiy asar tilining ta’sirchan va o’qishli bo’lishi matn mazmuniga mos keluvchi til birliklarini to’g’ri tanlash va ularni yozuvchi o’zi ko’zlagan maqsadga xizmat qildira olishiga bog’liq. Adib til birliklaridan foydalanishda asar mavzusidan kelib chiqqan holda o’zi tasvirlayotgan shaxsning, voqea-hodisaning xarakter-xususiyati, harakat-holati, mazmun-mohiyatini to’liq ifodalaydigan, kitobxon ko’z o’ngida jonli gavdalantiradigan so’z va iboralarni qo’llashga harakat qiladi. Matn ruhiga mos keluvchi birliklardan foydalanish asar tilining estetik qimmatini oshiradi. So’zning estetik imkoniyatlari va emotsional-ekspressiv nozikliklari, asosan, badiiy matnda o’z ifodasini topadi. Tildagi barcha birliklar - fonetik, leksik-frezeologik va grammatik elementlar matnlarda tilning tasviriy vositalari degan umumiy nom ostida qo’llaniladi. Bulardan tashqari, tilda stilistikaning o’rganish obyekti hisoblanadigan va qo’llanishi badiiy matnlarga xos bo’lgan maxsus ifoda tasvir vositalari ham mavjud.
“Badiiy adabiyot tilida uslubiy vazifani bajarishga xizmat qiluvchi tilning ifoda tasvir vositalari badiiy uslubning boshqa funksional uslublar orasidagi mavqeyini belgilovchi eng muhim alomatlardan sanaladi. Chunki til vositalarining majoziy, ya’ni ko’chma ma’nolarda hamda obrazli tasvir uchun turli shakllarda qo’llanish zarurati ma’lum darajada tilning barcha funksional uslublarida bor bo’lsa-da, ammo ularni badiiy uslubdagichalik bamalol, erkin, mukammal va keng doirada foydalanishning imkoniyati yo’q. Boshqa uslublarda, asosan, ko’pchilikka ma’lum bo’lgan, tilda qisman turg’unlik kasb etgan tasviriy vositalaga murojaat qilinadi. Badiiy matnda esa tasviriy vositalarning shunday ko’rinishlariga duch kelamizki, ularni faqat maxsus ijodiy mehnat mahsuli bo’lgan badiiy tafakkurgina yuzaga keltirishi mumkin.”1 Ana shunday tafakkur sohiblaridan biri o’zbek adabiyotining yirik namoyondasi, “prozani lirik poeziya darajasiga ko’tara olgan novator” (Hamid Olimjon) Muso Toshmuhammad o’g’li Oybekdir. Adib asarlarida xalq tili boyligidan o’rinli foydalanishga intildi. Bu to’g’risidagi fikrlarini qator maqolalarida bayon qildi. XX asrning 30-yil boshlarida e’lon qilingan “O’zbek poyeziyasida til”, “Falsafiy terminlar ustida bir qancha og’iz so’z” va boshqa maqolalarida tilning keng imkoniyatlari va ulardan o’rinli foydalanish kerakligini ta’kidladi. Oybek xalq tilida yozish mas’uliyatini yaxshi his qilgan yozuvchi edi. Bu haqida oybekshunos olim Qarshiboy Samadov “Oybek - so’z san’atkori” kitobida yozuvchi tilga ijodiy yondashsa, uning xizmatlari xalq tili taraqqiyotiga ta’sir etishini ta’kidlab, Oybekning “O’zbek poyeziyasida til” maqolasidan parcha keltiradi: “ … tilning… boyishida, ifoda va so’zlarning aniqlanishida, fikrlarni ochiq va qabariq bera bilishida adabiyotning, demak, san’atkorlarning katta xizmatlari bo’ladi.”2 Adibning bu nazariy xulosasini amaliy ijod namunasi - “Quyosh qoraymas” romani orqali tahlil qilamiz. Ushbu romanda ikkinchi jahon urushi voqealari qalamga olinadi va obrazlilikning yuksak maqomda ekanligi, tasviriy vositalarning o’ziga xos tanlovi bilan yozuvchining boshqa asarlaridan ajralib turadi. Asarni o’qir ekansiz, urush maydonlarida jangchilarni yonginasidan ularni kuzatib turgandek, ular bilan bir safda jang qilayotgandek his uyg’onadi. Buning birinchi sababi Oybek o’zbek jangchilari hayotidan maxsus asar yozish maqsadida ataylab frontga borgan va u yerdagi ahvol bilan, jang va jangchilar hayoti bilan yaqindan tanishgan. Shuning uchun mavzu talabiga ko’ra tasvirlanayotgan davr va personajlar xarakterini ochib berishga xizmat qiluvchi ifoda-tasvir vositalari ushbu kuzatishlar hosilasi bo’lib gavdalanadi. So’z estetik imkoniyatlari matnda badiiy tasvir vositalari orqali voqelanadi. Oybek tarixiy jarayonni - Ulug’ Vatan urushi voqealarini haqqoniy aks ettiradi va bunda tasviriy vositalarning tabiiyligiga e’tibor qaratadi. Zero, hayotiy materialning haqqoniy bo’lishi uchun til unsurlari ham tabiiy bo’lishi kerak.
Badiiy uslubda emotsionallikni yuzaga keltirish maqsadida uyushgan bo’laklar alohida qat’iyat va keskinlik, jangovorlik bilan talaffuz qilinib asindeton - bog’lovchisizlikni yuzaga keltiradi. Adibning “Quyosh qoraymas” romanida bunday stilistik figuralar asar tabiiyligini ta’minlagan: “Yerlarda yumalab yotgan