O‘zbekiston – Xitoy . Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi
mustaqilligini 1991-yil 27-dekabrda tan olgan. 1992-yil yanvarda diplo-
matik munosabatlar o‘rnatildi. O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq
Respublikasi o‘rtasida an’anaviy do‘stlik munosabatlari o‘rnatilgan.
Bular ikki mamlakatga har ikki tomonni qiziqtiruvchi ko‘plab masalalar
bo‘yicha o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik olib borish imkonini
beradi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisining 2010-yildagi O‘zbekistonga
va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil iyunda Xitoy Xalq
Respublikasiga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Uchrashuvlar
davomida hamkorlikning istiqbollari belgilandi. Buning yaqqol dalili sifatida
O‘zbekiston rahbarining Xitoyga tashrifi chog‘ida davlatlar rahbarlari
tomonidan “Strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma
bayonot” imzolanganini ko‘rsatish mumkin.
O‘zaro manfaatli hamkorlikning huquqiy bazasini 2005-yilda imzolangan
Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma,
2010-yildagi Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlarini har tomonlama
chuqurlashtirish va rivojlantirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya,
2012-yildagi Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya,
2013-yildagi Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish
va rivojlantirish haqidagi Qo‘shma deklaratsiya, 2014–2018-yillarga
mo‘ljallangan Strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish dasturi hamda
2016-yilda imzolangan Qo‘shma bayonot tashkil qiladi. Mazkur hujjatlarning
qabul qilinishi uzoq muddatli istiqbolda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi
munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
2017-yil 11–13-may kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoy
Xalq Respublikasiga davlat tashrifi O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini
yangi bosqichga ko‘tardi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev
va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi
o‘rtasidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Shavkat Mirziyoyev Xitoyga
boʻlgan tashrifi davomida umumiy qiymati 23 mlrd. dollar boʻlgan 105 ta
ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.