O`zbek tili leksikasida o`z va o`zlashgan qatlam



Yüklə 51,5 Kb.
tarix11.08.2023
ölçüsü51,5 Kb.
#139204
Muqaddas Sodiqova Normatovna Xor

O`zbek tili leksikasida o`z va o`zlashgan qatlam.


Muqaddas Sodiqova Normatovna Xorazm viloyati Yangibozor tumani 20-maktab Ona tili va adabiyot 97 526 48 08
Annotatsiya: Ushbu maqolada O`zbek tili leksikasida o`z va o`zlashgan qatlam,tilarning leksikasi,qardosh tillar qirg`iz, qoraqalpoq, turkman, ozarbayjon, no`g`oy, tatar, chuvash, yoqut, tuva, shor, qoraim, qo`miq, gagauz, xakas, balqar, oyrot, karagas,haqida ma‘lumotlar berilgan.
Kalit so'zlar:O‘zbek tili,tarixiy davrlar,tilning leksikasi,qardosh tillar,leksika,o'z qatlam,o‘zlashgan qatlam.

Ma’lumki, o`zbek xalqi tarixiy davrlar mobaynida boshqa xalqlar bilan iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqada bo`lib kelgan. Bu aloqalar o`zaro aloqada bo`lgan xalqning tiliga ma’lum darajada o`z ta’sirini o`tkazadi. O`zaro ta’sir natijasida tilning barcha bo`limlarida: fonetika, leksika, grammatika kabilarda o`zgarishlar yuz beradi. Tildagi o`zgarish va rivojlanish tilning leksikasida kuchli bo`ladi.O`zbek xalqi qardosh bo`lmagan tojiklar bilan qadimdan aloqada bo`ldi. SHuning tarixiy sabablar bilan bog`liq holda arab, ruslar bilan aloqada bo`ldi. Hozirgi davrga kelib bir qancha xorijiy davlatlar bilan do`stona aloqalar o`rnatgan. Bular o`zbek tili leksikasiga ko`plab so`zlarning o`zlashishiga sabab bo`lmoqda.Hozirgi o`zbek tili leksikasi tarixiy jihatdan ikki qatlamga ajratiladi:


1. O`z qatlam.
2. O`zlashgan qatlam.
O`z qatlam. O`z qatlamga umumturkiy so`zlar va o`zbekcha so`zlar kiradi.1. Umumturkiy so`zlar. Ko`pchilik turkum xalqlar tilida qo`llanadigan, barcha turkiy tillar uchun umumiy bo`lgan so`zlar umumturkiy so`zlar deyiladi. Bu so`zlar turkiy qabilalarning goh qo`shilishi, goh ajralishi natijasida yuzaga kelgan, hozirda turkiy xalqlar deb nomlanadigan kishilar tiliga mansub so`zlardir. Oltoy tillar oilasining turkiy guruhida (turkumida) 24 ta til: o`zbek, qozoq, uyg`ur, boshqird, qirg`iz, qoraqalpoq, turkman, ozarbayjon, no`g`oy, tatar, chuvash, yoqut, tuva, shor, qoraim, qo`miq, gagauz, xakas, balqar, oyrot, karagas, turk, qorachoy, oltoy turklari tillari mavjud.Umumturkiy so`zlar hozirgi o`zbek tili leksikasining asosiy qismini, deyarli yarmini tashkil qiladi.Umumturkiy so`zlar turli sohalarga oid bo`lib, ularga narsa-shaxs, belgi, miqdor, harakat, his-tuyg`u bildiradigan so`zlar kiradi: kishi, oyoq, qo`l, bosh, ko`z, qosh, qizil, ko`k, yashil, oq, bir, ikki, uch, to`rt, o`n, kel, tur, yot, o`tir, ol, ur, yaxshi, yomon, sen, u, biz, siz, ular, asta, sekin, tez kabi.
2. O`zbekcha so`zlar. O`zbek tili sharoitida o`zbek tili va boshqa til elementlari asosida yaratilgan so`zlar o`zbekcha so`zlar deyiladi. O`zbekcha so`zlar o`zbek tilining o`z ichki imkoniyatlari asosida, o`z qonuniyatlari asosida yaratiladi. Bunda quyidagi holatlar kuzatiladi:1. Asli o`zbekcha so`zlarga shu tildagi so`z yasovchi qo`shimchalar yordamida hosil qilingan so`zlar: ter+im+chi, bir+lash+ma, qo`l+lan+ma, o`t+kaz+gich, tur+g`un, bola+larcha.2. Boshqa tildan o`zlashgan so`zlarga o`zbek tilidagi yasovchi qo`shimchalarni qo`shish bilan yasalgan so`zlar: a) tojikcha so`zlardan yasalgan so`zlar: mard+lik, jang+chi, do`st+lik, pul+siz; b) arabcha so`zlardan yasalgan so`zlar: rahbar+lik, qimmat+li, shifo+la+moq, nifoq+chi, nomus+li; v) ruscha-internotsional so`zlardan yasalgan so`zlar: sport+chi, razvedka+chi, beton+la+moq, ekskavator+chi.3. Boshqa tillardan kirgan yasovchi qo`shimchalar yordamida o`z va o`zlashma so`zlardan hosil qilingan so`zlar: til+shunos, mehnat+kash, chizma+kash, kitob+xon, ilm+iy, vagon+soz va boshqalar.O`zlashgan qatlam. Hozirgi o`zbek tilining lug`at tarkibiga tarixiy sabablarga ko`ra boshqa tillardan ko`plab so`zlar kirib kelgan. O`zbek tiliga boshqa tillardan kirib kelgan so`zlar o`zlashgan so`zlar (olinma so`zlar) deb yuritiladi. O`zlashgan so`zlar uyg`ur, tojik, arab, rus, nemis, frantsuz, ispan, ingliz va boshqa tillarga oid.
O`zbek tiliga boshqa tillardan kirib kelgan so`zlarni quyidagi qatlamlarga bo`lish mumkin:
1. Tojikcha so`zlar: osmon, oftob, bahor, baho, barg, daraxt, mirob, dasta, bemor, g`isht, dasht, xonadon, shogird, xaridor, mard, kam, chala, balki, agar, ham kabi.
2. Arab tilidan o`zlashgan so`zlar. Arabcha so`zlar o`zbek tiliga VII-VIII asrlardan boshlab kirgan. Bu hol arablarning Markaziy Osiyoni bosib olishi bilan bog`liq. Kitob, maktab, xalq, maorif, shoir, ma’no, ilhom, kasb, qassob, san’at, asbob, bino, imorat, ovqat, g`alla, fil, parranda, hasharot, inson, odam, oila, amma, xolla, dimog`, idora kabi.
3. Ruscha-internotsional so`zlar. XIX asrning 2-yarmidan Markaziy Osiyo, jumladan, O`zbekiston chor Rossiyasining mustamlaka mamlakatiga aylandi. Rus tilining o`zbek tiliga ta’siri shu davrdan boshlandi. Rus tilidan, rus tili orqali boshqa tillardan ko`plab so`zlar o`zlashdi.
O`zbek tiliga rus tilidan va rus tili orqali Evropa xalqlari tillaridan (frantsuz, italyan, nemis, ingliz, ispan) so`z kirishi ikki tarixiy davrni o`z ichiga oladi:
1. XIX asrning 2-yarmidan XX asrning boshlarigacha bo`lgan davr.
2. 1917 yildan keyingi davr.
Rus tilidan so`zlar ikki yo`l bilan o`zlashdi:
1. Rus ishchilari, ustalari, rus askarlari, chinovniklarining mahalliy aholi bilan turli xildagi aloqalari bilan og`zaki nutq orqali: chilon (chlen), adbakat (advokat), apisor (ofitser), iskalat (sklad), axran (oxrana), choynay (choynak) kabi.
2. Matbuot orqali: ayrapilan (aeroplan), pabrik (fabrika), po`shta (pochta), zovut (zavod), uez (uezd), kridit (kredit), banka (bank), veksil (veksil) kabi.Rus tili orqali kirgan so`zlarning ba’zilari dunyodagi ko`pgina xalqlarning tilida tovush tomoni deyarli o`zgartirilmay ishlatiladigan xalqaro so`zlardir. Ular, odatda, internotsional (baynalminal) so`zlar deb yuritiladi. O`zbek tiliga o`zlashgan internotsional so`zlar tarixiy jihatdan quyidagi tillarga mansub:
1. Rus tiliga: sudya, samolyot, stol, stul, tok, ruchka kabi.
2. Lotin tiliga: reviziya, nota, metall, refleks, rezina, general, kapital, kanal, plan, direktor, radio kabi.
3. Grek tiliga: grammatika, pedagog, talant, tezis, kafedra, poeziya, poema, metr, neft, taktika, parallel kabi.
4. Nemis tiliga: raketa, kran, shaxta, rolik, politsiya kabi.
5. Ingliz tiliga: chempion, futbol, dollar kabi.
6. Frantsuz tiliga: roman, palto, serjant, ministr, bank kabi.
Rus tili va rus tili orqali boshqa tillardan kirgan so`zlar ijtimoiy-siyosiy hayotga, sanoat, qishloq xo`jaligi, fan-texnika, madaniy-oqartuv, san’at, savdo, sport, harbiy sohaga doir.Hozirgi Yeropa tillaridan so`zlar bevosita aloqalar orqali o`zlashmoqda. Masalan, o`z navbatida so`zlar o`zbek tilidan rus tiliga ham o`zlashmoqda: o`rik, anjir, somsa (uryuk, injir, samsa)kabi.Xalqlar orasidagi turli xildagi aloqa tillarning lug`at tarkibining boyib borishiga xizmat qiladi.O`zbek tili leksikasining ishlatilish doirasi.O`zbek tili leksikasi shu tilda gaplashuvchi kishilar tomonidan bir xilda qo`llanmaydi. Ayrim so`z keng jamoatchilik tilida qo`llansa, ba’zilari esa ma’lum territoriyada yashovchi yoki ma’lum kasb-hunar bilan shug`ullanuvchi kishilar nutqida ishlatiladi. SHunga ko`ra o`zbek tilidagi so`zlar ikki guruhga ajratiladi:
1. Ishlatilish doirasi chegaralanmagan leksika.
2. Ishlatilish doirasi chegaralangan leksika.
O`zbek tili lug`at tarkibining asosiy qismini ishlatilish doirasi chegaralanmagan leksika tashkil etadi.O`zbek tilida gaplashuvchi barcha kishilar tilida qo`llanadigan so`zlar ishlatilish doirasi chegaralanmagan leksika deyiladi. Ishlatilish doirasi chegaralanmagan leksikadan yashash joyi, kasbi, hunari, jinsi, madaniy saviyasidan qat’iy nazar barcha o`zbek millatiga mansub kishilar foydalanadi, shunga ko`ra ular umumiste’moldagi so`zlar deb ham yuritiladi. Umumiste’moldagi so`zlarning ma’nosi hammaga tushunarli bo`ladi. Bu so`zlar ijtimoiy hayotning barcha sohalariga, barcha so`z turkumlariga oid bo`ladi. Umumiste’moldagi so`zlarning ko`p qismini umumturkiy so`zlar va o`zbekcha so`zlar tashkil etadi.Boshqa tillardan kirgan so`zlar ham o`zbek xalqining barchasiga tushunarli bo`lsa, ular ishlatilish doirasiga ko`ra chegaralanmaydi. Masalan, arab tilidan o`zlashgan shamol, soat, inoq, dohiy, mag`rur, hafa, maqol, hayot, millat, hikoya so`zlari; tojik tilidan o`zlashgan go`sht, non, sozanda, suhbat, sabzavot, ombur kabi so`zlar; rus tili va rus tili orqali boshqa tillardan kirgan traktor, kino, teatr, tsirk, kartoshka, fabrika, zavod kabi so`zlar umumxalq tilida qo`llanadi.Demak, ishlatilish doirasi chegaralanmagan so`zlar o`z qatlamga ham, o`zlashgan qatlamga ham oid bo`lishi mumkin.Ishlatilish doirasi chegaralangan leksika. Tildagi so`zlarning umumxalq tomonidan ishlatilmaydigan qismi ishlatilish doirasi chegaralangan leksika deyiladi. Bunday so`zlarning ishlatilishi ma’lum sabablarga ko`ra chegaralangan bo`ladi. Ishlatilish darajasi chegaralangan leksikaga dialektal so`zlar, atamalar, jargon va argolar kiradi.Dialektal leksika ishlatilish territoriyaga ko`ra chegaralangan so`zlar bo`lib, ular adabiy tilga kirmaydi. Ma’lum bir xududdagi kishilar nutqida qo`llanib, ulargagina tushunarli bo`lgan so`zlar sheva so`zlari deyiladi. SHeva so`zlari yig`indisi dialektizm deb yuritiladi. Dialektizm – grekcha so`z bo`lib, dialektos – «tilning mahalliy ko`rinishi» demakdir. SHuning uchun dialektizm umumtilning mahalliy ko`rinishi bo`lgan dialektlarga xosdir.Misollar: qorinja (chumoli), g`o`z (yong`oq), karvich (g`isht) – Xorazm; norbon (narvon), bodrak (varrak), poku (ustara) – Buxoro; mishiq (mushuk) - Farg`ona; inak (sigir), mo`rcha (chumoli), pishak (mushuk) - Samarqand shevasida.Shevadagi ba’zi so`zlar adabiy tilda ham bo`lishi mumkin. Lekin ular boshqa-boshqa ma’nolarni bildiradi. Masalan: kosa so`zi Xorazm shevasida «piyola» ma’nosini, adabiy tilda «suyuq ovqat soladigan idish», lagan so`zi Xorazm shevasida kir yuvadigan tog`ora, adabiy tilda «quyuq ovqatlarni soladigan idish» ma’nosini bildiradi.Yozuvchilar badiiy asarda mahalliy koloritni berish, qahramonning nutqini individuallashtirish, uning qaerlik ekanini, tilidagi xususiyatlarni ko`rsatish maqsadida sheva so`zlardan foydalanadi.Kasb-hunar leksikasi. O`zbek xalqi qadimdan turli kasb-hunar bilan shug`ullanib keladi. SHuning uchun O`zbekistonda kasb-hunar tarmoqlari taraqqiy etgan. Jumladan, kulochilik, qashshoqlik, kashtachilik, duradgorlik, terimchilik, ovchilik, chorvachilik, kosibchilik va hokazolar shular sirasiga kiradi. Turli kasb-hunarga doir so`zlar kasb-hunar leksikasi deyiladi. Hozirgi o`zbek tili leksik tarkibida kasb-hunarga doir so`zlarga boy. Masalan: kulolchilikda dog`chil (xum yasashda ishlatiladigan asbob), aspak yoki ob yog`och, bandak, bog`ich (idish chetini tekislash uchun ishlatiladigan latta, charm yoki kigiz parchasi) kabi so`zlar, suvoqchilik sohasida bozi (tokcha yoki), andava (asbob), loykash (kishi), mola gazcho`p (asbob) kabi maxsus so`zlar bor. Ular shu hunar egalari tilida qo`llanadi va ular uchun tushunarlidir.Yozuvchilar badiiy asarlarda qahramonlarning mehnat faoliyatini ko`rsatishda kasb-hunarga doir so`zlardan foydalanadilar.Atamalar. Fan-texnika, xalq xo`jaligi, qishloq xo`jaligiga doir ilmiy tushunchalarni aniq ifodalaydigan so`zlar atamalar deyiladi. Fan-texnika va ishlab chiqarish sohasida qo`llanadigan terminlarning jami terminologiya (terminologik leksika) deb yuritiladi. Masalan: fonetika, leksika, morfologiya, morfemika, sintaksis – tilshunoslikka oid; kvadrat, ildiz, teorema – matematikaga doir; sifatlash, o`xshatish, jonlantirish – adabiyotshunoslikka doir atamalardir. Hozirgi kunda dunyoda fanning 500 dan ortiq tarmoqlari bor, ular har tomonlama taraqqiy etmoqda. Bu tilda atamalarning boyib borishiga olib keladi. Atamalar ilmiy nutqda qo`llanadi va ular bir ma’noli bo`ladi.Ba’zi atamalar o`zbek tilida so`zlashuvchi barcha kishilar nutqda qo`llanib ommalashib ketishi mumkin. Bunda ular ishlatilish doirasi chegaralanmagan umumxulq so`ziga aylanadi. Masalan, o`qituvchi, kitob, daftar, dars kabi.Jargon va argolar. O`tmishda xalqni ekspluatatsiya qiladigan sinf vakillari, saroy ahllari, mansabdor shaxslar, savdogarlar, qalandar, maddohlar, xalqni aldab yuruvchi gadoylar, o`g`rilar, firibgarlar o`z niyatlarini xalqdan yashirish uchun o`zlariga tushunarli so`z va iboralardan foydalanganlar.Tilda sinfiy ayirmalikni ko`rsatib turadigan bunday so`zllar «sinfiy dialektning so`zlari» - jargonlar deb yuritiladi.Ayrim ijtimoiy guruhlar tomonidan yaratilib, umumxalq tilidan farq qiladigan dabdabali so`z va iboralar jargonlar deyiladi. Masalan, oftobi olam (podsho), husni mutlak (xudo), nishoni oliy mon, shoe’ qiling (bildiring), mal huz emas (mulohaza qilingan emas), ne’mati jannat (yor, mahbuba),shavaqqu’ aylang (umid bilan kuting), tanzil (foyda).O`g`rilar, qimorbozlar orasida qo`llanadigan so`zlar argolar deb yuritiladi; loy (pul), xit (militsioner), bedana (to`pponcha), xitola (o`g`irla), zamri (jim tur), atamri (gapir), atanda (qoch) kabi.Qadimda savdogarlarning, otarchilarning ham argolari bo`lgan: yakan (pul), joyi (yo`q), xasut (non), dax (yaxshi, durust) – otarchilar argosi; sar yoki sari piyoz (ming so`m), saru nimsar (bir ming besh yuz so`m), kapara (olti ming so`m).Tarixiy jihatdan o`zbek tili leksikasi.Tilning tarixiy taraqqiyoti davomida uning barcha bo`limlarida, jumladan, leksikasida ham o`zgarishlar yuz beradi. Bunda tildagi ba’zi so`zlar eskirib, iste’moldan-ishlatilishdan chiqib ketadi yoki yangi tushunchalarni nomlovchi so`zlar paydo bo`ladi. Bu hodisalar tilning leksik tarkibini 2 qatlamga ajratishni taqazo etadi:
1. Zamonaviy qatlam (neytral qatlam).
2. Eskirgan qatlam.
3. Yangi qatlam.
Zamonaviy qatlam. Bu qatlam o`zbek tili leksikasining asosiy qatlami bo`lib, uni umumxalq leksikasiga – ishlatilish doirasi chegaralanmagan leksikaga oid so`zlar, shuningdek, atamalar, kasb-hunarga doir so`zlar tashkil etadi. Bu qatlamdagi so`zlar yangilik bo`yog`iga ham, eskilik bo`yog`iga ham ega bo`lmaydi.Zamonaviy qatlamda so`zlarning nutqda ko`p yoki kam ishlatilishi, barcha kishilarning ishlatishi yoki ma’lum guruh kishilari nutqidagina ishlatilishi asosga olinmaydi.Demak, yangilik va eskilik bo`yog`iga ega bo`lmagan so`zlar eskirgan qatlam. So`z ifodalaydigan predmet yoki tushuncha hayotda yo`qolishi, yoki ularning ma’nosini ifodalaydigan boshqa so`zlarning paydo bo`lishi munosabati bilan ayrim so`zlar asta-sekin qo`llanilmay unutila boradi. Ular nutqda kam qo`llanadi. Ularning ba’zilarini tushunish mumkin, ayrimlarini ko`pchilik tushunmaydi, ular badiiy va ilmiy adabiyotlarda qo`llansa, izoh talab etadi. Eskilik bo`yog`iga ega bo`lgan so`zlar eskirgan leksika deyiladi. Eskirgan leksika 2 turga ajratiladi:
1. Tarixiy so`zlar yoki istorizmlar.
2. Arxaik so`zlar yoki arxaizmlar.
Tarixiy so`zlar o`tmishdagi narsa va hodisalarning nomi bo`lgan, ammo hozir eskirib qolgan so`zlar tarixiy so`zlar deyiladi. Tarixiy so`zlar jamiyatda yo`q bo`lib ketgan narsalar, shaxslar haqida gap borganda qo`llaniladi. Hozirgi tilda ularning sinonimii yo`q. Masalan: foytun, yasovul, taxt, kanizak, dinor (tilla pul), chaqirim (1 km), tosh (8 chaqirim – 8 km), gaz (71 sm), botmon (176, 128 kg), misqol (4,25 g.), miri (5 tiyin).Ba’zi so`zlar til taraqqiyoti davomida turli xil narsalarni ifodalaydigan bo`lib qoladi. Bunday so`zlarning bir ma’nosi eskirsa, ikkinchi xil ma’nosi zamonaviy qatlamda ishlatiladi.Masalan: boy so`zining ma’nosini qiyoslang: Boy Yo`lchini zimdan kuzatdi (Oybek). Sen boy bo`laman deb nima ishlarni qilmading, oqibati nima bo`ldi?Arxaik so`zlar. Hozir mavjud bo`lgan narsa-hodisalarning eskirib qolgan nomlari arxaik so`zlar deyiladi. Arxaik so`zlar yig`indisi arxaizmlar deyiladi. Arxaizm – grekcha so`z bo`lib, archaios – «qadimgi» degan ma’noni bildiradi.Eskirgan so`z ifoda etayotgan narsa-hodisalar hozirgi hayotda bor bo`lgani uchun uning eskirgan nomini almashmay oladigan zamonaviy qatlamga oid so`z mavjud bo`ladi. Aslida bir narsaning birdan ortiq nomi bo`lsa, ulardan til taraqqiyoti qonuniyatlariga javob bera oladigan tilda saqlanib qoladi, javob bera olmaydigani eskilik bo`yog`iga ega bo`lib, ishlatilmay qolib ketadi. Masalan, sekretar – kotib, mirzo, kotiba. Ular ichidan kotib so`zi hozirgi kunda kishilar tomonidan keng ko`lamda qo`llanilyapti. Sekretar so`zi eskirib, arxaiklashib qolgan. Arxaik so`zlar so`zlovchining ko`z oldida iste’moldan chiqib ketayotgan so`zlardir revolyutsiya (inqilob), tuman (rayon), viloyat (oblast), baynalmilal (internotsional).Masalan: bitik (kitob), ulus, budun (xalq), o`miz (ko`krak) kabi.So`zlar butun holda arxaiklashishi yoki uning biror ma’nosi arxaiklashishi mumkin. SHunga ko`ra ular: a) leksik arxaizmlar; b) semantik arxaizmlar tarzida ikki xil bo`ladi.Leksik arxaizmda so`z eskiradi: gulgun, siymo (obraz).Semantik arxaizmda ma’no eskiradi: chechak – «gul» ma’nosida eskirgan, bekat – karvonlar to`xtaydigan joy ma’nosida eskirgan, bag`ir – «jigar» ma’nosida eskirgan, davlat – «boylik» ma’nosida eskirgan.Arxaiklashish iboralarda ham, grammatik hodisalar doirasida ham yuz beradi. Iboralarning arxaiklashishi holati ko`p, lekin grammatik hodisalarning arxaiklashishi ham uchraydi: dasti alif –lom qilib, gardonini ham qilib, yoqasini chop etmoq (iboralar); sifatdoshning –din, -mish shakllari, ravishdoshning –bon, -ibon shakllari, -dur – kesimlikni ko`rsatuvchi bog`lama eskirgan grammatik shakllardir.Fonetik arxaizmlar ham mavjud bo`lib, unda tovush eskiradi: sobun, qaboq kabi (sovun, qovoq).Neologizmlar. Kundalik hayotimizdagi angi narsalarni, ularning belgilarini, yangicha munosabatlarni, umuman yangi tushunchalarni ifoda etish ehtiyoji bilan yuzaga kelgan so`zlar yoki yangi ma’noda qo`llangan eski so`zlar neologizmlar deyiladi. Neologizm grekcha so`z bo`lib, neos – «yangi» degan ma’noni bildiradi. Neologizm yangilik bo`yog`iga ega bo`lgan so`zlardir. Masalan: bakalavr, magistratura, kompyuter, kompyuter texnologiyasi, marketing, supermarket kabi. Neologizmlar yangi paydo bo`lgan paytda, ishlatilish doirasiga ko`ra chegaralangan leksikaga kiradi. Neologizmni ma’nosi tushunarlilik kasb etsa, xalq orasida ommalashib ketishi mumkin. Bunda u yangilik bo`yog`ini yo`qotadi va umumxalq so`ziga aylanadi. Masalan: brigada, televizor, traktor, kosmos, kosmonavt va hokazo.Ba’zi neologizmlar yangiligicha qolib ketishi, ishlatilish doirasi chegaralangan leksikadan o`rin olib qolishi mumkin. Demak, neologizm – nisbiy tushuncha. CHunki har bir davr o`z neologizmiga ega bo`ladi.So`z yoki so`zning ma’nosi neologizm bo`lishi mumkin.So`z neologizm bo`lsa, leksik neologizm deb yuritiladi: broker.Leksik neologizmlar tamomila yangi, hali o`zlashib ketmagan so`zlardir. Bunday so`zlar: 1) o`zbek tilida avvaldan mavjud bo`lgan so`z va yasovchi qo`shimchalar bilan yasalgan yangi so`zlardir: etti yillik; 2) boshqa tildan kirgan hali umumxalq tiliga singib o`zlashib ketmagan yangi so`zlardir: magistr, bakalavr.Leksik ma’nolardan biri yangi bo`lsa, semantik neologizm deb yuritiladi. Masalan: Yo`ldosh (er yo`ldoshi), payvandchi (metallni ulovchi).
Foydalanilgan adabiyotlar:
www.ziyonet.uz.
Ona tilidan qo'llanma.Hamroyev
Yüklə 51,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin