II. Alisher Navoiy-qiyosiy-tarixiy tilshunoslik asoschisi. Fors-tojik poeziyasi ko’p asrlik taraqqiyot davrini bosib o’tib, tengi yo’q so’z ustalariga ega bo’lgan holda gullab-yashnayotgan va obro’si ancha ortgan bir sharoitda Alisher Navoiy o’z xalqining adabiyoti va adabiy tilini himoya qilish, rivojlantirishdek juda katta muhim masalani ko’tarib chiqdi. U o’z umrining oxirigacha o’zbek adabiyoti va adabiy tilini yuksak darajaga ko’tarish uchun kurashdi. Alisher Navoiy o’zbek adabiyoti va adabiy tilining asoschisi ekanligini o’zining «Lison-ut tayr» asarida faxr bilan tilga oldi:
Turk nazmida chu tortib men alam,
Ayladim ul mamlakatni yak qalam.
Alisher Navoiy uchun adabiyot uchun kurash adabiy til rivoji uchun kurash edi. U o’zining qator asarlarida ona tilini adabiy til darajasiga ko’tarish, adabiyot uchun yagona til yaratish har shoirning faxrli burchi ekanligini ta’kidlaydi. Tabiiyki, tilning bunday qudratga ega bo’lishi so’z bilan bog’liq. Alisher Navoiy tasavvurida so’z go’yo durdir. Durning joylashish o’rni dengiz tubi bo’lsa, so’zning joylashish o’rni xotiradir.
Mir so’zlarda shakl va ma’no dialektikasi mavjudligini qayd etadi:
Qil, Navoiy, so’z aro ma’ni qast,
Istama o’ylaki suratbin lafz.
Alisher Navoiy so’zning ijtimoiy salmog’i haqida ham, ifodaviy imkoniyati haqida ham keng ravishda fikr bildiradi.
Taxayyul aro barcha bir nav emas,
Hadisin ikki kimsa bir nav demas.
Bu fikrda kishilarning har biri hayolot olami bilan, nutqi bilan o’ziga xos mavjudot ekanligini ifodalaydi.
Buyuk shoir o’z ona tilidagi so’z va so’zlar xususida fikr yuritar ekan, eng avvalo, so’zni durga, so’zlovchini g’avvosga, ko’ngilni esa durga yashiringan dengizga qiyoslaydi.
Darhaqiqat, hazrat faoliyatining bir qismi so’z, til va tilshunoslik bilan bog’liq. Bu o’rinda alohida ta’kidlanadigan narsa shundan iboratki, Mirning bu sohadagi xizmati faqat o’zbek tilshunosligi, yoki turkiy tilshunoslik bilan chegaralanib qolmasdan, jahon tilshunosligi doirasiga chiqadi. Binobarin, olimning qiyosiy tarixiy tilshunoslik sohasidagi xizmatlari jahon tilshunosligi nuqtai nazardan o’rganilishi kerak bo’lgan muhim masaladir.
Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik haqida gap ketganda, hanuz uning shakllanishi XIX asr bilan, aniqrog’i Frants Bopp, Rasmusk Rask, Yakob Grimm, A.X.Vostokov nomlari bilan bog’lanadi. Vaholangki, bu soha Mahmud Qoshg’ariy nomi bilan bog’liq. Mahmud Qoshg’ariy XI asrdayoq dunyo tilshunosligida birinchi bo’lib o’zining «Devonu lug’atit turk»i bilan tillarni qiyoslab o’rganish namunasini ko’rsatadi.
XV asrga kelib bu g’oya hazrati Alisher Navoiy tomonidan yangicha talqinda davom ettirildi. Ya’ni xazrat o’z navbatida, ikki oilaga turkiy tillar oilasiga kiruvchi o’zbek va eron tillar guruhiga mansub fors tilni «Muhokamat ul lug’atayn»da solishtiradi. Ammo bu ikki tilni solishtirish uchun olim arab tilini mezon qilib oladi. Natijada turkiy til arab tili bilan ham qiyoslaniladi.
Mir Alisher turk-o’zbek va fors-sart tillarni qiyoslar ekan, o’zbek tilining imkoniyatlarini ko’rsatish maqsadida uning barcha sathini e’tiborga oladi.
So’zlarning tovush tarkibi va ma’nosidagi o’ziga xosliklarini tahlil etib, tarkibida(vov),(alif),(yoy), harflari bo’lgan so’zlarni til va nutq bosqichida qiyoslab, ularning badiiy adabiyotlardagi vazifalarni ko’rsatgan. «Vov», xarfining to’rtta «yoy»harflarining uchta so’zlari qofiya hosil qilishini takidlab, bu hol o’zbek tilida tuyuqlar yaratish imkoniyati kengligida ekanligini uqtiradi. Tuyuqlar yaratishda tovushlardagi yumshoqlik va qattiqlik, ya’ni til oldilik, til orqalikni izohlaydi. Bu bilan olim turkiy tillarga xos fonetik hodisa - ohangdoshlik qonuniyatiga o’z munosabatini bildiradiki, hazratning bu sohadagi g’oyalari hozirgi o’zbek tilshunosligidagi ohangdoshlik xususidagi ayrim fikrlarga oydinlik kiritadi.
Olim so’zlardagi shakliy va ma’naviy nomunosabatlik tufayli o’zbek she’riyatidagi iyxom, tajnis san’atlarining mo’tabarligi, hamda tuyuq janrining manzurligini ta’kidlaydi. «Muhokamat ul-lug’atayn»da bir qancha so’zlarning matndagi birliklarini qiyoslaydi. Chunonchi, o’zbek tilidagi ism guruhini tashkil etuvchi so’zlarning aksariyati fors tilida yo’qligini ta’kidlaydi: «…husn ta’rifida ulug’roq holgakim, turklar meng ot qo’yupdurlar…»,
Aning kim, ol enginda meng yaratdi,
Bo’yi birla sochini teng yaratti.
Shuningdek o’zbek tilida qavm-qarindoshlik atamalari yoshi,jinsi,yaqinligi hisobga olib nomlanishi,ammo fors tilida bunday xususiyat yo’qligi qayd etilib asarda ularga misollar keltiradi. Chunonchi,turkiyda katta o’g’il qarindoshlarini «og’a» kichkinalarini «ini» desa,forsiyda «birodar»,turkiyda katta qiz qarindoshini «egachi» kichigini «singil» desa, forsida «xohar» deyishini takidlaydi. Ayni paytda ota va onaning og’a-insiga forsiy tilda ot qo’yilmaganligini uqtiradi: «va bular(turkiylar)otaning inisini «opag’a» derlar va onaning og’a inisini «tog’oyi» derlar. Va alar (forsiylar)hech qaysiga ot tayin qilmaydurlar va arab tili bilan birla «em»va «xol» derlar»
Alisher Navoiy o’zbek tilidagi 100 ta fe’lni sharhlar ekan,ular anglatgan harakat va holatning forsiydagi ini’kosini qayd etadi. Masalan, «Muhokamat ul-lug’atayn»da fors-sart tilidagi griyand fe’lining o’zbek tilida bir qancha muqobillari mavjudligini hazrat ta’kidlab, ularning har biri alohida holatni ifodalashini sharhlab ko’rsatadi:
Zohid ishqin desaki, qilg’ay fosh,
Yig’lamasinaru ko’ziga kelmas yosh.
Yig’lamoq fe’lining kuchliroq belgisi o’zbek tilida ingramoq,singramoq so’zi orqali berilishini izohlaydi. «…va ingramoq va singramoq dard bilan yashurun ohista yig’lamoqdur va oralarida tafavut oz topulur». «Forsiyda bu mazmunki bo’lmag’ay, shoir ne chora qilg’ay? Va siqtamoqkim,yig’lamoqda mubolag’adur:
Ul oyki, kula-kula qirog’latti meni,
Yig’latti meni demayki,siqtatti meni»
Belgining yanada ortiqligi o’kurmak fe’li orqali berilishi qayd etiladi:
Ishim tog’ uzra har yon ishq selobini surmakdur,
Firoq oshubidin xar dam bulut yanglig’ o’kurmakdur.
«Chun o’kurmak mubolag’asida forsiy tilda lafz yo’qdur…»
Yuqoridagilardan aniqki, hazrat Alisher Navoiy so’zlarini tahlil etar ekan, ularning umumiy lisoniy mohiyatlarini o’z va o’zga tillar unsurlari bilan qiyoslash asosida yoritib, so’zlar tarkibidagi miqdor o’zgarishlariga aylanish natijasida so’z ma’nolarida borliqning aks etishini ko’rsatadi. Bu o’rinda shuni alohida ta’kidlash lozimki, olim tilning turli munosabatlari majmuasi ekanligi va uning ob’ektivligi, ayni paytda til doimo taraqqiyotda, chunki u taraqqiyot mahsuli ekanligini ta’kidlaydi. Shuningdek tilning mazmuni o’zgarishiga shakl o’zgarishi ta’sir etishi haqidagi fikrlarini ham bildiradi.
Ma’lumki, keyingi davr tilshunosligida tilda biror belgining barqaror yoki barqaror emasligi masalasiga alohida e’tibor berilmoqda. Mir Alisher Navoiy o’zbek tilida mavjud bo’lgan bunday holatga «Muxokamat ul lug’atayn»da o’sha paytdayoq o’zining munosabatini bildirdi va ishonchli misollar asosida isbotladi. Chunonchi,muallif o’zining mazkur asarida turkcha qobon va megajin, huk va qilchoqchi, bug’u va moral, so’na va burchin so’zlarini forscha huk, ohu,gavan,murg’obiy so’zlari bilan qiyoslaydi. Va turkiy so’zlarda jins ma’nosi-erkak urg’ochilik belgisi aniq,forcha so’zlar belgiga betaraf ekanligini alohida takidlaydi.
Alisher Navoiy buyuk tilshunos olim sifatida o’zbek tilida so’z yasalishi masalasiga,jumladan ayrim so’z yasovchi qo’shimchalarga ham o’z e’tiborini qaratadi. Chunonchi, «Muhokamat ul-lug’atayn»da –chi qo’shimchasi bilan mansab nomlari(ko’rchi),hunar (qushchi, borschi)kabi nomlari(tamg’achi)yasalishini uqtirib, uni o’zbek tili so’z yasalish tizimining kiyikchi kabi qush-xayvon bilan shug’ullanuvchi shaxs nomlarini anglatuvchi yasamalarning muqobili sartlar lafzida yo’qligini g’urur bilan takidlaydi.
O’zbek tilini fors tili bilan chog’ishtirish asnosida bu tilning «kambag’al» va «qo’pol» til emas, balki boy va nafis, badiiy imkoniyati g’oyat keng til ekanligini nazariy tomonidan ham asoslab,Mir o’z tiliga shunday tavsif beradi:
«Chun shu’ur sinniga qadam qo’yuldi… turk alfozga mulohaza lozim qurildi-olame nazarga keldi. 18000 olamdan ortiq; anda zeb va ziynat sipehri ta’bga ma’lum bo’ldi to’qqiz falakdin ortuq; andafazal va rif’atmahzani yo’luqdi gullari sipehr axtaridin duraxshandaroq».(«Tilimiz o’n sakkiz ming olamdan ham boyroq va go’zalroq bo’lgan bir dunyodur».
«Tilimizda bo’lgan go’zallik to’qqiz falakda yo’q».
«Tilimizning har bir so’zi gullardan ham go’zal. Nozik va xushbo’y bo’lgan bir gulzordir»)
Ko’rinadiki, buyuk tilshunos olim Alisher Navoiy turkiyshunoslik tarixida turkiy va eroniy tillarni chog’ishtirish namunasini yaratgan.Tovush tarkibi va lug’aviy xazinasidagina umumiyliklari bo’lgan bu ikki til dalillarini ilk bor qiyoslab, XV asr sharoitida qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning va metodning nodir namunasini yaratgan tadqiqodchi. Demak, XIX asr qiyosiy-tarixiy metodidan farqli o’laroq Aisher Navoiy XV asr sharoitida qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning va metodning nodir namunasini yaratgan tadqiqotchidir. Demak XIX asr qiyosiy-tarixiy metodidan farqli o’laroq Alisher Navoiy XV asrdayoq tuzilishi tamoman boshqacha bo’lgan, noqordosh tillarni qiyoslash usulini ishlab chiqdiki, bu dunyo tilshunosligida qayd qilinishi zarur.