So’z boshi Universitetlarning o’zbek filologiyasi va pedagogika institutlarining o’zbek tili va adabiyoti fakul’tetida «O’zbek tili va adabiyoti» mutaxassisligi bo’yicha filolog, «O’zbek tili va adabiyoti»dan malakali ilmiy xodim va o’qituvchilar tayyorlashda «O’zbek tilshunosligi tarixi» kursi ilmiy-nazariy, amaliy, ta’limiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega. Chunki bu kurs talabalarga hozirgi o’zbek adabiy tilining asosiy taraqqiyot bosqichlarini, uning taraqqiyotga hissa qo’shgan allomalar haqida tushunch hosil qilishida yordam beradi.
«O’zbek tilshunosligi tarixi» predmeti talabalarning tilimizda sodir bo’ladigan turlicha o’zgarishlarni ongli ravishda tushunib olishlariga yordam beribgina qolmay, balki hozirgi o’zbek tilini o’rganishda asosiy vosita bo’ladi.
Adabiy til va badiiy adabiyot tili ham o’ziga xos xususiyatlarga ega. Badiiy adabiyot tili ham til taraqqiyotining umumiy qonuniyatlariga bo’ysunadi.
Badiiy adabiyot tilining murakkabligi va o’ziga xosligi shundaki, u tilning adabiy bo’lmagan xilma-xil ko’rinishlarini, qatlamlarini ham o’ziga singdirib oladi. Shuningdek, badiiy adabiyot tilida adabiy tilning turli-tuman uslublari keng qo’llanishi mumkin. Badiiy adabiyot tilining o’ziga xosligini umumxalq tilining lug’aviy va grammatik xususiyatlarini hisobga olmasdan aniqlab bo’lmaydi.
Adabiy til ma’lum ijtimoiy vazifalarni bajaradi. Uning bu vazifalari davrlar o’tishi bilan o’zgarib turadi. Adabiy til tarixining bosh masalalaridan biri tilning ijtimoiy vazifalarini aniqlash masalasidir. Bu masala adabiy til tarixining xalq madaniyati tarixi bilan, ijtimoiy tafakkur, adabiyot va adabiy yo’nalishlar, oqimlar tarixi bilan bog’liqligi masalalarini ham qamrab oladi.
O’zbek adabiy tili tarixi umumxalq o’zbek adabiy tilining davrlar osha shakllanishi va rivojlanishi haqida bahs yuritadi. O’zbek adabiy tili tarixi – o’zbek elati va xalqi, millati adabiy tilining tarixiy taraqqiyoti bo’lib, umumxalq tili boyliklarining olimlar, shoirlar, yozuvchilar tomonidan qayta ishlanishi, sayqallanishi asosida yaratilgan yangi uslublar, so’z va shakllar, maqollar, matallar, iboralarning ham tarixidir.
Til tarixi kursi o’zbek adabiyoti tarixi, o’zbek xalqi tarixi, turkiy xalqlar tarixi, hozirgi o’zbek adabiy tili, o’zbek dialektologiyasi, umumiy tilshunoslik, uslubiyat, nutq madaniyati, badiiy matnning lingvistik tahlili va boshqa juda ko’p fanlar bilan aloqada ish ko’radi.
Til tarixini xalq tarixi bilan bog’lamasdan o’rganib bo’lmaydi. Til tarixi ma’lum darajada xalq tarixidir. Chunki xalq tarixida bo’ladigan o’zgarish ozmi – ko’pmi, albatta, tilga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Bu ta’sir, eng avvalo, tilning lug’at tarkibida, keyin fonetika va grammatikasida aks etadi.
Shuning uchun til tarixi kursini o’qitganda bu masalani ham e’tibordan soqit qilib bo’lmaydi.
Har bir ma’ruzaga doir ilmiy muammolarni yaxshi tushunish, imkon darajasida ularga javob topish, avvalo, masalaning mohiyatini qay darajada o’zlashtirish bilan bog’liq. O’zlashtirish esa amaliyot orqali bo’ladi. Shuning uchun mazkur qo’llanmadan amaliy mashg’ulotda bajarilishi lozim bo’lgan masalalar ham o’rin olgan. Ayni paytda amaliy ishlarni bajarish tartibi, unga kerakli bo’lgan adabiyotlar ko’rsatilgan.