Nazorat topshiriqlari: 1. Turkiy tilshunoslik tarixi qaysi davrdan boshlanadi?
2. Turkiy tilshunoslikni o’rganish o’zbek tilini o’rganish uchun qanday qo’shimcha ma’lumot beradi?
3. Turkiy tilshunoslik tarixini o’rganish asosida sizning xayolingizda qanday o’ylar kechdi?
2-asosiy savol bo’yicha o’qituvchining maqsadi: O’zbek tilshunosligi tarixiga nazar tashlash. Ularning ba’zilarini qayd etish. O’zbek tilshunosiligi tarixiga hozirgi o’zbek tilshunosligining bog’lanishi. Ulardan ba’zilariga qayd.
Identiv o’quv maqsadlari: 2.1. O’zbek tilshunosligi tarixiga nazar tashlaydi.
2.2. Ularning ba’zilarini qayd etadi.
2.3. Tarixiy tilshunoslik va hozirgi tilshunoslik munosabatini belgilaydi.
2-asosiy savolning bayoni: Ma’lumki, turkiy tillar tarixi juda qadimga borib taqaladi. Bu bizga shu paytgacha o’tilgan "qadimgi turkiy til" kursidan ham aniq. Ana shu xalqlar va uning tili tarixini o’rganishga ham qiziqish juda avval boshlangan. Bu muammo dastlab XI asr tilshunos olimi Mahmud Koshg’ariy tomonidan uning "Devonu lug’otit turk" asarida tahlil qilindi, o’rganildi. Keyinchalik Zamaxshariy (1084-1142) o’zining "Muqaddimatul adab" nomli arabcha-forscha-turkcha lug’atida shu tillarning fonetik, leksik, grammatik tahlillarini ham berdi. XIII-XIV asrlarga kelib esa ayrim (Masalan,"Tarjimon turkiy va arabiy"(1245), "Kitobu majmu-u tarjimon turki va ajami va mo’g’uli va forsi" va b.) tarjima lug’atlari tuzildi. XV asrga kelib nafaqat turkiy tillar, balki ikki sistema, ikki oiladagi - turkkiy tillar oilasidagi o’zbek, eron gruppasidagi fors tillari qiyoslab, solishtirib o’rganildi. Bu masala Alisher Navoiyning mashhur "Muhokamatul lug’atayn" nomli asarida o’z ifodasini yaxshi, atroflicha topgan deyish mumkin.
Ma’lumki, Alisher Navoiyning eski o’zbek adabiy tili tarqqiyotiga qo’shgan hissasi benihoya. Shunga ko’ra uning asarlariga qiziqish va uni o’rganish o’sha paytdayoq boshlandi. Shu munosabat bilan turli lug’atlar tuzildi. Chunonchi,"Badoe al lug’at" (Toli Xiraviy XV asr oxiri), "Abushqa" (XVI asr), "Lug’ati turki" (Fazlullaxon, XVII asr), "Kelurnoma" (XVII, Muhammad Yakub Chingiy), "Sangloh" (Medixon) va boshqalar.
O’tgan asrda eski o’zbek tiliga qiziqish va uni o’rganishga chet el va rus turkologlari faol kirishdi. Ular o’zbek tilining turli tomoniga qiziqdi va uni turli maqsadda o’rgandi. Evropada eski o’zbek tilini o’rganishga avvalroq G.Vamberi (Cagafaishe Sprachstudien. leiprig,1867.) kirishdi. U asosan "chig’atoy tili" termini ostida o’rganib, uning kitobida grammatik ocherk jami 16 bet, qolganlari xrestomatiya va lug’at. G.Vamberi "Shayboniynoma"ning tekstini va tarjimasini nashr ettirdi. Albatta, uning grammatika qismi haqidagi fikrlar eskirdi, o’zining qimmatini yuqotdi.
G.Vamberi bilan bir paytda E.Katrmer ham eski o’zbek tilini o’rganishga kirishib, Navoiy asarlari asosida adabiyot bo’yicha xrestomatiyalar nashr eta boshladi.
I.N. Berezin kengroq planda o’rganishga harakat qilib, "Turetskaya xrestomatiya"- ning 1 jildida "chig’atoy" tiliga aloqador anchagina matnlardan namunalar beradi hamda "Shayboniynoma"ning nasriy matnini nashr ettiradi. (I.N.Berezin, Sheybaniada. Istoriya mongolotyurkov na djagatayskom dialekte, Kazan 1849). N.I.Ilminskiy eski o’zbek tilining ayrim xususiyatlari, jumladan "Boburnoma"ning til xususiyatlari yuzasidan kuzatishlar olib bordi.
Eski o’zbek tili materiallarini tahlil qilishda A.Pave-de-Kurtey alohida o’rin tutadi. Chunonchi, "Boburnoma", "Me’rojnoma", "Tazkirai avliyo" matnlari va tarjimalarini nashr ettirdi. Lug’atlar tuzdi. Keyingi davrda eski o’zbek tilining tadqiq etilishi A.N.Samoylovich, A.K.Borovkov, K.Brokkelman nomlari bilan ko’proq bog’liq. A.N.Samoylovich A.Navoiy, Atoiy, Amiriy va boshqa shoirlar asarlariga chuqur lingvistik va tekstologik harakteristikalar berdi. Bir qancha ocherklar yozdi va tekstlar e’lon qildi. A.K.Borovkov ham bu sohada juda katta ilmiy ishlarni amalga oshirdi. Masalan, Toli Xiraviyning "Badoe-al-lug’at," Fatx Ali-xanning lug’atini tayyorlab nashr ettirdi. Navoiy va boshqa shoirlar ijodiga aloqador bir qancha maqolalar yozdi. (M:Izuchenie jizni i tvorchestva Alishera Navoi va b.) Ba’zi ishlarida eski o’zbek tilining morfologiya va fonetikasini tahlil etadi. (Mas: «Tsenno’ istochnik dlya istoriya uzbekskogo yazo’ka, ocherki istorii uzbekskogo yazo’ka»). Keyingi yillarga kelib eski o’zbek tili muammolari A.N.Kononov. K.K.Yudaxin, K.Mengels, Ya.Ekman, F.Isxokov, U.Tursunov, G’.Abdurahmonov, X.Doniyorov, A.Rustamov, G.F.Blagova, O.Usmonov, H.Ne’matov, A.Aliev, S.Mutallibov, Q.Mahmudov, Sh.Shukurov, A.M.Shcherbak va boshqa qator olimlarning asarlarida o’z ifodasini topa boshladi.
Hozirgi o’zbek tilining barcha bo’limlari fan sifatida shakllanib ulgurdi. Chunonchi, fonetika bo’yicha A.Rustamov, Sh.Shoabdurahmonov, Q.Mahmudov. X.Doniyorov, F.Abdullaev, M.Mirtojiev va boshqa qator olimlar samarali ish olib bordi. Ko’zga ko’rinarli ilmiy ishlar yaratdi.
Leksikologiya bo’yicha Sh.Shoabdurahmonov, S.Mutallibov, O.Usmon, F.Kamol, I.Qo’chqortoev, S.Ibragimov, E.Begmatov va boshqa ko’zga ko’ringan olimlar birmuncha ish qildilar.
Morfologiya bo’yicha A.G’ulom, A.Hojiev, J.Muxtorov, Berdiyorov H, N.Mamatov va boshqa bir qancha olimlar samarali ish olib bordilar.
O’zbek sintaksisi ham fan sifatida shakllandi va uning shakllanish va taraqqiyotida A.G’ulom, M.Asqarova, I.Rasulov, A.Axmedov, B.O’rinboev, X.Abdurahmonov, A.Safaev, G’.Abdurahmonov, A.Sulaymonov va boshqa taniqli olimlar muhim rol o’ynadilar.
Uslubiyat ham o’zbek tilshunosligida fan sifatida shakllanib ulgurdi. Sh.Shoabdurahmonov, X.Doniyorov, R.Ko’ng’urov, Yo.Tojiev, E.Begmatov, Q.Samadov va boshqa yirik tilshunos olimlar bu sohada sezilarli ish qildilar.
Dialektologiya fan sifatida to’liq shakllandi. Sh.Shoabdurahmonov, F. Adbullaev,X.Doniyorov, M.Mirzaev, A.Aliev, Q.Muhammadjonov, B.Jo’raev, A.Shermatov va boshqa bir qator olimlar yirik-yirik tadqiqot olib bordilar.
Talabalar uchun mustaqil ish topshiriqlari: 1. Mahmud Koshg’ariyning "Devonu lug’otit turk" asarini topib, kirish qismi bilan tanishib chiqish.
2. Til tarixi bo’yicha yaratilgan lug’atlar ko’rsatkichini tuzib chiqish.
3. Tarixiy tilshunoslik bilan hozirgi tilshunoslikning munosabatini belgilash.
Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Shukurov Sh.,Bazarova D. «Uzbekskoe sovetskoe yazo’koznanie». Fan, T. 1986.
2. Uzoqov H. O’zbek tilshunoslari. T.1972.
3. Mahmud Koshg’ariy. "Devonu lug’otit turk", T.1960-63.3-jildlik.
4. O’zbek sovet entsiklopediyasi.