Ko’hi balo- balo tog’i, ruxsora- yuz, koh- somon. Oshiq iztirob chekishdan, balo tog’ining yukini tortishdan ranglari somonday sarg’aygan. Bu ahvol tongning bo’zarib oqarishi orqasidan quyosh nurlarining oltin (sariq) rangda ko’rina boshlashi bilan qiyoslangan. Aftidan, tong ham men kabi ayriliq g’amining balosidan xalos bo’libdi, chunki somonday sarg’aygan yuzini ko’rsatmoqda, deydi oshiq. Tog’ balosidan halos bo’lish quyoshning tog’ ortidan chiqib kelishiga ishora hamda quyosh tunda ufq ortida, tog’lar keyinida bandi bo’ladi, ertalab yana qutilib yo’lga chiqadi, degan qadimiy tasavvurga vobasta tasvir bu. Navoiy subh (tong) ni bir shaxs sifatida jonlantirib, uni lirik qaxramon holati bilan qiyoslashni davom ettirgan.
“Balo”- ilohning imtihonlari, solik yo’lda uchraydigan qiyinchiliklar, “balo tog’i” shunga muvofiq – tariqat yo’lida uchraydigan imtihonlarning eng og’iri demak. Mazkur baytda ko’h va koh (tong va somon) so’zlarini zid qo’yish (tazod san’ati) ham bor. Oshiq o’zining darddan yuzi sarg’ayganini aytish bilan birga ilohiy qudrat, zoti azaliy va uning imtihon – balolarining behadligi oldida zarra misol kichik va haqir ekanini ham ta’kidlaydi. Shu tariqa, solikning maqomot sari intilishlaridagi ikkilanishlar, imtihonlar, mushkulotlar qiyinchiligi va ularni engib o’tish uchun ifodani chiniqtirish ishtiyoqi aks etadi bu baytda.
Sakkizinchi bayt:
Subhidam bedoru giryon bo’l, agar fayz istasang,
Kim sening uyqunga xandon o’lmasun nogoh subh.
G’azalning orifona mazmuni bu baytda yana ham ochiqroq ifodalangan. Subh ilohiy fayz timsoli ekanini shoir o’z tili bilan bayon etadi. Bunday fayzga tunlari bedor o’tirib, toat ibodat bilan shug’ullangan, iloh ishqida kuygan, o’rtangan dardli odamlargina erishadilar. Navoiy davrida ilohtalab darvishlar, orif solihlar dunyo rohatlaridan voz kechib, ma’naviyat sirini kashf etish uchun kechalar uxlamay, zikr aytib chiqar, butun vujudlari, qalb shuurlarini shu maqsadga qaratib, sidqidildan mutloq ruh sari intilganlar. Natijada ularning ko’ngillari ravshanlashib, zavqu surur topar, zehnlarida ma’rifat tongi yorishardi. Ma’naviyat olami oshiqlari Navoiy vasf etgan haqiqiy oshiqlardir, ular shoirning ideal obrazlari, ezgulik farishtalari edi. Shuning uchun u oriflar g’oyasini jonu dildan targ’ib etib, deydiki: agar ilohiy fayz istasang erta sahardan uyquni tark et, xudo yo’lida bedor va giryon bo’lgin (baytda giryon va xandon – kulish va yig’lash so’zlari zid qo’yilgan), g’aflatda yotma, bo’lmasa fayzdan benasib qolasan – tong sening ahvolingga kuladi. Kamolot istagan odam tongday uyg’oq, tongdek pok bo’lishi lozim.
To’qqizinchi bayt:
Ey Navoiy, ul quyoshning mujdai vaslin berib,
Qilsa netay shomi hajrim mehnatni kutoh subh.
g’azalning boshidan davom etib kelgan shom – tong badiiy zidlanishi makta’ga kelib yakunlanayapti. Subhdan keyin quyosh chiqishi va tunning chekinishi muqarrar. Lekin Alisher Navoiy nazarda tutgan ilohiy tajalli safosi bo’lganligi sababli quyosh ham piri murshid qalbi yoki mutlaq ruhning manbai timsolidir. Tong esa shu manba’ – nur chashmasining darakchisi. Oshiq yo’lovchi hijron tuni, ya’ni dunyoviy talablar, ilohiyotdan uzoqlashtiruvchi ishlar-zulumlar zulumoti qiynog’idan keyin nihoyat vasl shodmonlig’i imkonini topadi, ko’ngil darichasi yor jamoliga qarab ochila boshlaydi. Maqta’ning zoxiriy ma’nosi: “Ey Navoiy ul quyosh, ya’ni yor vaslining daragini etkazib, hijron shomi azobini (mehnat-azob degani) qisqartirsa koshkiydi”. Baytning orifona botiniy ma’nosi esa bunday: “Ey Navoiy, vahdat nuri jilosi – tong zoti mutloq (yoki komil inson qalbi) manbaiga etishish xushxabarini etkazib, iloh yodidan begonalashuv qiynog’i, kasrat zulumoti ichra chekayotgan ruhiy iztirobu azoblarimni qisqartirsa nima bo’lar ekan”. Mazkur g’azalda Navoiy ilohiy ishq kechinmalarini real insoniy kechinmalar tarzida ana shunday tasviru talqin etadi.
Nazorat topshiriqlari: “Qora ko’zum” g’azalidagi so’zlar ma’nosini izohlang.
“Axtarin ashk ettiyu sovuq nafasni oh subh…” tahlili asosida so’z jilosini sharhlang.
Bironta g’azalni tahlil qilishga harakat qiling.
Talabalar uchun mustaqil ish topshiriqlari: Alisher Navoiy asarlari tilida boshqa til xususiyatlarini aniqlash.
Alisher Navoiy asarlari tili bo’yicha lug’at tuzish.
Alisher Navoiyning bittadan g’azalini sharhlash.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Doniyorov X. Alisher Navoiy va o’zbek adabiy tili. T.1993.
Rustamov A. Alisher Navoiy tilining fonetik va morfologik xususiyatlari. DDA. T. 1966.
Tursunov U. O’rinboev B.Aliev A. O’zbek adabiy tili tarixi.T.1995.
Jahonda qiyosiy-tarixiy tilshunoslik asoschilari “Jahonda qiyosiy-tarixiy tilshunoslik asoschilari ” mavzusidagi ma’ruza mashg’ulotining texnologik xaritasi