O`zbek tilshunosligida grammatik shakllarning milliy talqini va unda lug’aviy-sintaktik shakllarning o`rni
Istiqlol sharofati bilan hamma fan, hamma soha bo`yicha jiddiy ilmiy tadqiqot ishlari olib borishga keng yo`l ochildi. O`zbek tilshunosligini Yevropa, ayniqsa, rus tilshunosligi andozasi ta’siridan holi tarzda tadqiq etish imkoni yaratildi. Endi o`zbek tilshunosligi mustaqil tarzda, asosan, o`zbek tilining o`ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda milliy til hodisasini baholash imkoniga ega bo`ldi. Ilmiy izlanishlar ko`lami kengaydi.
Grammatik ma’no, grammatik shakl, grammatik ma’no ifodalovchi usullar, suppletivizm, ichki fleksiya, grammatik ma’noning turli usullar bilan ifodalanishi, bir grammatik shaklning polifunksionalligi.
Grammatik ma’no, grammatik shakl va grammatik kategoriya grammatikaning eng muhim tushunchalaridir va bular o`zaro uzviy bog`langan. Grammatik ma’no tilda rang-barang usullar bilan ifodalanadi. Dastlab, grammatik ma’no to`g`risida mufassal to`xtaylik. Grammatik ma’noning tashuvchisi va ifodalovchisi grammatik shakl sanaladi. Tabiatan agglyutinativ va sintetik bo`lgan o`zbek tilida qo`shimchalardan aloqa - munosabat qo`shimchalari va lug`aviy shakl hosil qiluvchi qo`shimchalar, asosan, grammatik ma’no ifodalaydi. Masalan, kitobi so`zshakliga e’tibor bersak. Bu shakldagi [-i] qo`shimchasi kitobning qandaydir uchinchi bir shaxsga tegishliligini ifodalasa, "O`tgan kunlar" kitobi” birikmasida tur va jins nomini o`zaro bog`lab birikma hosil qilyapti. Shu ma’nolar [-i] qo`shimchasida mujassamlangan va shu ma’no ushbu affiksal morfema orqali yuzaga chiqmoqda. Kelishik qo`shimchalari grammatik ma’no ifodalaydi. Masalan, "Javondagi kitoblardan oldi" gapida [–dan]qo`shimchasi ma’lum bir manbadan biror narsa ajralayotganini ifodalasa, "Vijdondan qo`rqing" gapida [-dan] vijdon va "qo`rqmoq so`zlarini bir-biriga bog`lashga xizmat qilyapti, "Anvar uydan chiqdi" gapida esa Anvar degan shaxsning chiqish joyini ko`rsatmoqda. Yuqorida keltirgan misollarimizdan shunday xulosaga kelish mumkinki, grammatik ma’no lisoniy va nolisoniy munosabatlarning muayyan shakl(qolip) da mujassamlangan mavhum inikosidir. Chunki, yuqoridagi kitobi so`zidagi [–i]qo`shimchasida, "Javondagi kitoblardan oldi" gapidagi [-dan] qo`shimchasida nolisoniy munosabat yotsa, "O`tgan kunlar” kitobi” birikmasidagi [-i] va "Vijdondan qo`rqing" gapidagi [-dan] qo`shimchalarida sof lisoniy munosabat mujassamlangan. Shuning uchun grammatik ma’no tarkiban murakkab bo`lib, lisoniy va nolisoniy munosabatlar inikosining birikishidan iboratdir.
Fe’l zamonlari ham grammatik ma’no ifodalaydi. Bu zamonlar faqat nutqdagi, matndagi so`zlarning qaysi zamonga oid ekanligini ko`rsatish bilan chegaralanmay, balki tashqi dunyoda sodir bo`ladigan voqea va hodisalarning qachon bo`lib o`tganini, ya’ni aynan gapirilayotgan vaqtda yoki gapirilayotgan vaqtdan oldin yo keyin sodir bo`layotganligini ifodalash uchun ham xizmat qiladi: Lola o`qidi; Lola o`qiydi; Lola o`qiyotir; Лола прочитала; Лола читаеть… Sifat darajalari ham grammatik ma’no anglatadi. Ular narsa, predmet, hodisalarning borliqdagi nisbiy farqini aks ettiradi: tor/ torroq /eng tor; go`zal/ go`zalroq/ eng go`zal; красивый-красивее-самый красивый. Mana shunday ma’lum bir shaklda mujassamlangan va tilda ifodalanishi zarur bo`lgan umumlashgan, lug`aviy ma’no ustidagi ustama ma’no ─ grammatik ma’no sanaladi. Grammatik ma’no aytib o`tganimizdek, rang-barang usullar bilan ifodalanadi. Grammatik ma’nolar quyidagi usullar bilan ifodalanadi:
Affiksatsiya.
Yordamchi so`zlar.
So`z tartibi.
Takror.
Ohang.
So`zlarni juftlash.
Ichki fleksiya.
Urg`u.
Suppletivizm.
1999-yil qabul qilingan DTS talablari va ta’limdagi qator o`zgarishlar natijasi o`laroq o`zbek tilining mumtoz talqini namunasi asosida o`zbek milliy tilshunosligini yaratish yuzasidan bir qancha muhim ilmiy-tadqiqotlar amalga oshirildi, yangicha nazariy qarashlar asosida darsliklar, o`quv qo`llanmalari yuzaga keldi. Bu, avvalo, istiqlol tufayli, qolversa, Prezidentimiz I.A.Karimovning qo`llab-quvvatlashi bilan o`zbek tilining mumtoz tavsifini berish, o`zbek tilshunosligini yaratish imkoni vujudga kelganligi bilan belgilanadi. Berilgan imkoniyatlar natijasi o`laroq morfologik ko`rsatkichlarning asl tasnifi taqdim etildi. Yangilangan ona tili darsligida tilshunoslarimiz o`zbek tilining turkona agglutinativ tabiati va shakl yasash xususiyatlariga tayangan holda so`z qo`shimchalarinining yangi tasnifini yaratdilar. O`zbek tilshunosligi tadqiq doirasiga lug’aviy shakl hosil qiluvchilar va aloqa-munosabat shakli hosil qiluvchilar deb nomlangan yangi atama va tushunchalar kirib keldi. Yangi nom ostida qo`shimchalarning bunday tasniflanishining asosi A.Bondarko, N.Y.Shvedova, H.Ne’matov, A.M.Peshkovskiy, N.Mahmudov, A.Nurmonov, Sh.Shahobiddinova, Z.Qodirov kabi olimlarning ilmiy izlanishlarida o`z aksini topdi.
Keyingi yillarda nashr etilayotgan o`rta maktab darslikliklarida asos va uning qo`shimchalari quyidagi turlarga ajratiladi va shunday izohlanadi: “Asos va qo`shimchalar so`zning ma’noli qismlaridir. So`zlarning shakl yasovchi qo`shimchalarisiz, tub ma’noli qismiga asos deyiladi. Mustaqil qo`llana olmaydigan, asosga qo`shilib unga yangi yoki qo`shimcha ma`no yuklaydigan, shuningdek, so`zlarni bog’lashga xizmat qiladigan qismga qo`shimcha deyiladi”. “Asosga qo`shilib, yangi ma’no hosil qiluvchi qo`shimchalar so`z yasovchi qo`shimchalardir”. “Asosga qo`shilib, uning ma’nosiga qo`shimcha ma’no yuklash yoki o`zi qo`shilayotgan so`zni boshqa so`zga bog’lash vazifasini bajaruvchi qo`shimchalarga shakl yasovchi qo`shimchalar deb ataladi. Ular vazifasiga ko`ra ikki turli bo`ladi:4