Mamlakatimiz mustaqillikka erishilganidan so’ng jismoniy tarbiya va sportga juda katta e'tibor bеriladigan bo’ldi. Sportchilarimiz Osiyo hamda jahon miqyosidagi musobaqalarda yaxshi natijalarga erishib, O’zbеkiston bayrog’ini yuqori ko’tarishmoqda. Kеyingi yillarda sport sohasida erishilgan yutuqlarda Prеzidеntimiz I.A.Karimovning xizmatlari kattadir. Jismoniy tarbiya va sportni muntazam rivojlantirish hamisha Prеzidеnt va davlat nigohida turibdi. O’zbеkiston Rеspublikasining «Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish to’g’risida»gi qonuni, «Sog’lom avlod uchun» dasturi,
«O’zbеkistonda bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasini tuzish to’g’risida»gi Prеzidеnt farmoni (24.10.2002 y.) va boshqa qator hukumat qarorlari jismoniy tarbiya va sportning rivojlanish imkoniyatlarini kеngaytirmoqda.
Yosh avlodning aqliy va axloqiy sifatlarini rivojlantirishda jismoniy tarbiya asosiy o’rinlardan birini egallaydi. O’zbеkiston Rеspublikasining
«Jismoniy tarbiya va sport to’g’risida»gi qonunida ta'kidlab o’tilishicha:
«Maktabgacha yoshdagi bolalar, o’quvchilar, talabalar salomatligini asrash va mustahkamlash, ularda jismoniy barkamollik ehtiyojini shakllantirish maktabgacha tarbiya muassasalari va o’quv yurtlarining asosiy vazifasi hisoblanadi».
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kadrlar tayyorlash Milliy dasturiga binoan o’sib kеlayotgan yosh avlodning jismoniy hamda ma'naviy salomatligini shakllantirish, unda sog’lom turmush tarziga intilish va sportga bo’lgan muhabbatini shakllantirishning eng muhim sharti sifatida ommaviy bolalar sportining rivojlanishini ta'minlash maqsadida O’zbеkistonda bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasi tashkil qilindi.
Yosh avlodni milliy g’oya asosida ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, shubhasiz, jismoniy va ruhiy salomatlikni saqlash hamda mustahkamlashni, sog’lom turmush tarzi poydevorini sakllantirishni ham nazarda tutadi. Yoshlarda faol hayotiy nuqtai nazarni, yuksak ma’naviyat, ezgulik va
insoniylik hislarini tarbiyalash jarayonida jismoniy tarbiya hamda sportning vosita va usullari, shakllaridan foydalanish ustuvor yo’nalishlardan biriga aylanishi zarur.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda sport bilan ommaviy ravishda shug’ullanishni ta’minlovchi amaliy chora-tadbirlar, aholining, ayniqsa, bolalar va o’quychi-yoshlarning bo’sh vaqtini tashkil etishning faol shakllari bosqichma-bosqish amalga oshirildi. O’zbekiston davlat siyosatida jismoniy tarbiya va sportni yanada o’stirish, sog’lom avlodni tarbiyalash ustuvor yo’nalishga aylangan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning rahbarligi ostida sportni rivojlantirish bo’yicha juda katta ishlar amalga oshirildi. Zamonaviy sport inshootlari qurildi, yangi sport turlari rivojlantirilyapti, har xil darajadagi musobaqa va turnirlar aholining turli qatlamlarini qamrab olmoqda, sportchilarimiz xalqaro arenalarda yuksak natijalarga erishmoqdalar. Sohani taraqqiy ettirishning huquqiy asosi yuzaga keltirildi, u “Jismoniy tarbiya va sport to’g’risida”gi Qonunni, futbol, tennis, boks, badiiy gimnastika, kurash va boshqa sport turlarini rivojlantirish haqidagi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, hukumat qarorlarini o’z ichiga oladi. Shuni ta’kidlash joizki, soha taraqqiyotining o’ziga xos jihati jismoniy tarbiya va sport muammolarini hal etishga dasturiy yondashilayotgani hisoblanadi.
Bolalar-o’smirlar sporttini rivojlantirishning mazmuniy asosi majburiy jismoniy tarbiya tizimida salomatlik darajasi va bazaviy jismoniy tayyorgarligining yuqori ko’rsatkichlarga erishilgani, maktab o’quvchilari jismoniy imkoniyatlarining yoshga qarab rivojlanishi xususiyatlariga muvofiq ravishda sport tayyorgarligi texnologiyasidan foydalanish, sport qobiliyatini aniqlash hamda rivojlantirishning yana ham mukammalroq usullarini qo’llash, sport turini individual tanlashda ilmiy asoslangan yo’llarga tayanish hisoblanadi.
Prezident I.A.Karimov shunday ta’kidlagan edi: “O’z salomatligi to’g’risida g’amxo’rlik qilish madaniyatini juda erta yoshdan, oila, mahalla,
sog’liqni saqlash tizimi, jismoniy tarbiya va sportning bor kuchini ishga solib joriy etishga ko’maklashish lozim. Shunisi muhimki, kishilar so’zda emas, amalda o’z salomatliklarini asrashga o’rgansinlar va uni milliy qadriyat deb bilsinlar”.
Bugungi kunda jahonda aholining yirik miqyosli sport-sog’lomlashtirish harakatini yuzaga keltirish ehtiyoji shakllanishiga aslo shubha yo’q. O’zbekistonda mazkur vazifani amalga oshirish bo’yicha maqsadli ishlar ro’yobga chiqarilmoqda, “Ta’lim to’g’risida”gi Qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, “Sog’lom avlod uchun” xalqaro jamg’armasining ta’sis etilishi, shuningdek, Respublika Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish dasturi- jamiyatda sog’lom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarning oldini olish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanishga jalb qilishga yo’naltirilgan bolalar va o’quvchi yoshlarning uch bosqichli “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, “Universiada” ommaviy musobaqalarininig o’tkazilishi shundan dalolat beradi.
Talabalarga bilim berishda zamonaviy ta'lim texnologiyalarining ahamiyati to’g’risida so’z borganda, Prezidentimiz I.A.Karimovning “O’quv jarayoniga yangi axborot va pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish, bolalarimizni komil insonlar etib tarbiyalashda jonbozlik ko’rsatadigan o’qituvchi va domlalarga e'tiborimizni yanada oshirish, qisqacha aytganda, ta'lim-tarbiya tizimini sifat jihatidan butunlay yangi bosqichga ko’tarish diqqatimiz markazida bo’lishi darkor” degan so’zlarini ta'kidlash joizdir. Bu masala “Barkamol avlod yili” Davlat dasturida ham asosiy yo’nalishlardan biri sifatida e'tirof etilgan.
Hozirgi kunda jahon tajribasidan ko’rinib turibdiki, ta'lim jarayoniga o’qitishning yangi, zamonaviy usul va vositalari jadal kirib kelmoqda va ulardan samarali foydalanilmoqda. Bizda ham zamonaviy texnologiyalardan ta'lim tizimida samarali foydalanish tizimi talabalarning kelgusida tajribali mutaxassis, o’z kasbining fidoyisi bo’lib yetishishlariga qaratilgan.
Kitob talabalar, magistrlar, murabbiylar, sportchilar, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport sohasi mutaxassislarida qiziqish uyg’otishi shubhasizdir.