Tarbiyaning turli tamonlari yagonaligiga qat’iy rioya qilish. Jismoniy tarbiya tufayli erishiladigan natijalar o’zidan-o’zi hali odamning mehnatga va Vatan himoyasiga g’oyaviy–siyosiy tayyorgarligini ifoda etmaydi. Har bir fuqaroning yuksak darajada rivoj topgan jismoniy sifatlari va ko’nikmalari, uning sportda erishgan natijalari estetik va g’oyaviy – siyosiy tarbiyasi bilan birga borgan bo’lsa, shu taqdirdagina ijtimoiy ahamiyat, chuqur mazmun kasb etadi.
Sportchilarning mehnatda ilg’or bo’lishlari, jamoa uchun kurashishlarining hal qiluvchi garovi dastavval ularning shu jamiyatning peshqadam kishilar sifatidagi ijtimoiy ongliligidan darak beradi.
Keng umumiy jismoniy tayyorgarlikni ta’minlash.Har qanday ijtimoiy foydali faoliyat aniq va ma’lum ma’noda ixtisoslashtirilgan harakterga ega. Bu dastavval ishlab chiqarish mehnatiga va harbiy faoliyatga taalluqli. Shu
ravshanki, u yoki bu ishda ixtisoslashtirishning muvaffaqiyati oldindan umumiy ta’limga va jismoniy tayyorgarlikka bevosita bog’liq bo’ladi.
Har taraflama umumiy jismoniy tayyorgarlik talablari inson kamolotining asosiy qonuniyatlaridan biriga – tizim va organlarning o’zaro chambarchas aloqasiga tayanadi. Insonning kuchi, bardamligi, tezligi, epchilligi qancha yuksak darajada kamol topsa, harakat ko’nikmalarining zahirasi qancha boy bo’lsa va kishining salomatligi qancha mustahkam bo’lsa, uning maxsus tayyorgarligini, shu jumladan, sport tayyorgarligini amalga oshirish shu qadar yuksak bo’ladi. Rang – barang jismoniy tayyorgarlikning mustahkam poydevoriga qurilgan sportning muayyan turiga ixtisoslashtirish har taraflama jismoniy tarbiya sifatini yaxshilashning eng muhim vositalaridan biri bo’lib qoladi.
Qaerdaki sport mashqlari jarayoni sport shuhratparastligiga qaratilsa va ko’r – ko’rona natijaga ishqibozlikdangina iborat bo’lib qolsa, ya’ni har taraflama kamolot tamoyili shuhratparastlik uchun qurbon qilinsa, sportchining mehnat faoliyati to’g’risida, uning intellektual va ma’naviy tarbiyasi to’g’risida unitib qo’yilsa, bu erda, odatda, rahbarlarning xohishiga qaramay, qo’pol, o’jar, mehnat hayotiga moslashmagan, sportda chala bilag’onlar – chinakam sport madaniyatidan yiroq, jamiyatga manzur tushmaydigan kishilar tayyorlanadi.
Har taraflama tayyorgarlik faoliyatning har qanday turida kamolotning buzilmas negizini tashkil etadi, inson ma’naviy va jismoniy kuchlarining bitmas – tuganmas manbai bo’lib xizmat qiladi.