«Urf-odat» deyilganda kishilarning turmushiga singib ketgan, ma'lum muddat takrorlanib turuvchi xatti-harakat, ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan xulq-atvor qoidalari ko‘nikmasi tushuniladi. Demak, marosim va urf-odatga berilgan qisqacha qaydlardan ham ko‘rinib turibdiki, urf-odat tushunchasi xalq hayotining barcha sohasini o‘z ichiga qamrab olsa, marosim tushunchasi hayotning muayyan sohalarigagina aloqador, xolos. Urf-odat bir vaqtning o‘zida bir shaxs yoki bo‘lmasa qo‘pchilik tomonidan bajarilishi majburiy qoida bo‘lsa, marosim belgilangan shaxslar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan xatti-harakatdir. Jumladan, kichikning kattaga birinchi salom berishi yoki ko‘pchilikka kamchilikning salom berishi yoxud mehmonlarga alohida hurmat ko‘rsatish, bayram arafasida yaqinlari, keksa qariyalar, qo‘ni qo‘shnilar holidan xabar olish kabi ko‘rinishlar o‘zbeklarga xos milliy urf-odatlardir. Milliy urf-odatlar bo‘lsa motam marosimida hasratli motam, sochlarini to‘zg‘itib qayg‘uli ahvolda motam aytimlarini aytib yig‘lash motam marosimida ishtirok etayotgan ayrim kishilarnigana vazifasiga kiradi. Urf-odatlar bilan marosim orasidagi o‘zaro farqni ular ichidaga ramziy xarakatlarning qo‘llanilishi darajasi orqali ham anglab olish mumkin. Jumladan, urf-odat o‘z ichiga ramziy va ramziy bo‘lmagan harakatlarni to‘la qamrab olsa, marosim faqat ramziy xarakterdagi hatti-harakatlarnigina qamrab oladi. Qolaversa, urf-odat muayyan xalq uchun asosan bir xil — o‘zgarmas qoida, norma bo‘lsa, marosim bir xil xalq doirasida keskin lokal farqlanishlarga ham ega bo‘ladi35. Shuningdek, har qanday marosim o‘zi mansub bo‘lgan xalq urf-odatlarining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Shu bois marosimdan urf-odat elementlarini qidirib topish mukin, lekin urf-odatdan marosimni qidirib bo‘lmaydi. Bu o‘rinda biroz boshqacharoq tarzda folklorshunos B.Sarimsoqov ta'biri bilan aytadigan bo‘lsak, har qanday marosim urf-odat hisoblanadi, ammo har qanday urf-odat marosim bo‘la olmaydi. Tadqiqotchi olimlar tomonidan o‘zbek marosimlari ikkita katta guruhga — oilaviy-maishiy va mavsumiy marosimlariga bo‘lingan. Biz mazkur ikki guruh marosimlar haqiqatdan ham marosimlarning asosiy uzvlaridan ekanligani rad etmagan va mazkur klassifikatsiya to‘g‘ri tasniflash ekanini e'tirof etgan holda marosimlar tasnifiga diniy marosimlarni ham kiritish lozim deb hisoblaymiz. Chunki marosimlarni mohiyatan tahlil qiladigan bo‘lsak diniy marosimlar alohida mustaqil turkumni tashkil etishini anglash qiyin emas. Insonning hayot yo‘li bilan bog‘liq holda bajariladigan marosimlarning aksariyatini oilaviy urf-odat va marosimlar tashkil etadi. Oilaviy-maishiy marosimlarni esa oilaning u yoki bu a'zosi hayotidagi muhim voqealarning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, quyidagilarga ajratib ko‘rsatish mumkin:
oilada farzand tug‘ilishi va uning tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan urf-odat va marosimlar;
nikoh-to‘y marosimlari;
oila a'zosini so‘nggi yo‘lga kuzatish, ya'ni dafn etish va ta'ziya bilan bog‘liq urf-odat va marosimlar.
Marosimlar tarkibidaga ikkinchi katta turkum marosimlarga yilning turli fasllari bilan bog‘liq mavsumiy marosimlar, ya'ni — qishki, bahorgi, yozgi va kuzgi marosimlar kiradi. O‘z navbatida mazkur turkum marosimlarni quyidagacha ichki turkumlarga bo‘lib tasnif etish mumkin:
Qishki marosimlar. Bu turkum marosimlarga yas-yasun, gap-gashtak, birinchi qor yoqqanda o‘tkazildagan «qor yog‘di» kabi marosimlar kiradi.
Bahorgi marosimlar. Bunga dastlabki «shoxmoylar» — dalaga qo‘sh chiqarish marosimi, yerga dastlabki urug‘ni tikish marosimi, Navro‘z, sumalak sayli, «sust xotin», loy tutish, hashar kabi marosimlar kiradi.
Yozgi marosimlarga «Choy momo», qovun sayli, uzum sayli kabi marosimlar kiradi.
Kuzgi marosimlar. Bu turkum marosimlarga «Oblo baraka», shamol chaqirish va hosil bayrami kiradi.
♦ Diniy marosimlarga hayitlar, mavlud, bibimushkulkushot, bibiseshanba, bibichorshanba, zikr kabi marosimlar kiradi.
Ziyoratgohlarda o‘tkaziladigan marosimlar.
Urf-odat va marosimlar maishiy turmush va oila hayoti bilan bog‘langan ijtimoiy hodisadir. Urf-odat va marosimlar jamiyat taraqqiyotining ilk davrlaridanoq shakllanib, rivojlanib kelgan. Kishilar o‘z hayotlari davomida qo‘plab urf-odat va marosimlarda ishtirok etishga tortiladilar, bevosita uning qatnashchisiga aylanadilar.
O‘zbekiston Respublikasida mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab ma'naviy yangilanish jarayonlari boshlanib, bu jarayonda esa nomoddiy madaniy meros ma'naviy targ‘ibotning samarali vositasiga aylandi. Sobiq tuzum davrida e'tibor berilmay, turlicha tahdidlarga uchragan nomoddiy madaniy meros yana qayta tiklandi va ijtimoiy hayotning harakatlantiuvchi kuchiga aylandi.
Binobarin, mamlakatimizda avloddan avlodga o‘tib kelayotgan barhayot boylik nomoddiy madaniy meros doimo elimizning o‘‘z tarixiga bog‘liq holda yaratiladi va bu tabiiy ravishda o‘ziga xoslikni, vorislik tuyg‘usini shakllantiradi hamda shu bilan insoniyat ijodini va madaniy turli-tumanlikning hurmat qilinishiga ko‘maklashadi.
Bu esa muhim samara bo’lib, “turli hamjamiyatlar, guruhlar va shaxslar o’rtasida o’zaro hurmatni yo’lga qo’yish talablariga, shuningdek, barqaror taraqqiyot talablariga mos tushuvchi nomoddiy madaniy meros” 1 boyib, rivojlanib borishi uchun zaruriy omilga aylanadi.
Har qanday urf-odat va marosimlar muayyan etnosning boshqa etnoslardan farqlanib turishini ta'minlovchi muhim etnografik belgilardan biridir. Ayni vaqtda ushbu urf-odat va marosimlarda inoetnik jihatlar ham aks etib turadi. Negaki, har bir etnosga xos madaniyat mazkur etnosning boshqa etnoslar bilan uzoq davom etgan etnogenetik va tarixiy-madaniy aloqalari natijasining mahsulidir. Bunday jarayon ma'naviy madaniyatda ham, jumladan, urf-odat va marosimlarda ham namoyon bo‘ladi.