Devoni istifo (moliya devoni) – davlat kirim-chiqimlarini, soliqlar, boj va boshqa moliyaviy daromadlar, ularni alohida ro‘yxatga olish bilan shug‘ullangan. Bu devonning xizmatchilari dargoh kirim-chiqimlari, xazinadagi ahvol, mavjud naqd pulning hisobi, davlat qaramog‘ida bo‘lganlarga ketadigan xarajat, maosh, nafaqa miqdori kabilarni ham nazorat qilganlar;
Devoni ishrof (davlat nazorati) – moliya-soliq ishlarini nazorat qilish va tekshirish, vaqfga tegishli mulklar ustidan umumiy nazorat olib borish, sulolaga tegishli er-suvlar, qimmatbaho moliya qog‘ozlari, zarbxonalar, amaldagi muhrlar, bozor mutasaddilari, soliqchilar, qishloq oqsoqollari va boshqa amaldorlar ustidan nazorat olib borgan;
Devoni arz (harbiy vazirlik) – lashkarga mo‘ljallangan maosh va ta’minot, harbiylarning ro‘yxati, yangilanib turishi, harbiy qismlarning tarkibiy soni, ularga ketadigan xarajatlarning turi va hajmi, ot-ulov, harbiy yurishlar paytidagi ta’minot, harbiylar ko‘rigini tashkil etish kabi vazifalarini bajargan.
Saljuqiylar hokimiyatida, ayniqsa Sulton Sanjar hukmronligi davrida hokimiyatda harbiy sarkardalar katta o‘rin egallaganlar. Harbiy boshliqlar va sarkardalarning ko‘pchiligi turli urug‘ va qabilalardan (o‘g‘o‘z, turkman, xalaj, chig‘il va boshq.) chiqqan kishilardan bo‘lgan. Harbiy sarkardalar tabaqasi o‘z ta’sirini Sulton Sanjar boshqarayotgan hokimiyatga o‘tqazib, ularning ixtiyori bilan ish tutishni talab qilganlar. Harbiy sarkardalarning mavqei Sulton Sanjarning Qatvan cho‘lidagi mag‘lubiyatidan so‘ng yanada kuchayib ketgan edi.
Saljuqiylar davri mahalliy boshqaruv tizimida viloyat boshliqlari (voliylar) ham o‘z devonlariga ega bo‘lganlar. Voliylarni oliy hukmdor tayinlagan va mansabidan olgan. Voliylar butun viloyat hayoti bilan bog‘liq barcha sohalarga boshchilik qilganlar. Moliya, soliq, sud, harbiy ishlar, jazo idoralari voliylar nazorati ostida faoliyat ko‘rsatgan. Tumanlar va shaharlar miqyosidagi boshqaruv tizimi ham viloyatlarniki singari bo‘lgan.
Adabiyotlar: 1. Азамат Зиё. Ўзбек давлатчилиги тарихи: (Энг қадимги даврдан Россия босқинига қадар). T.: Шарқ. 2000.
2. Сагдуллаев ва бошқалар. Ўзбекистон тарихи: давлат ва жамият тараққиёти. T., 2000.
3. Сагдуллаев А.С., Мавлонов Ў. Ўзбекистонда давлат бошқаруви тарихи. -Т., 2006.
4. Ртвеладзе Э.В. История государственности Узбекистана. – Т.: Узбекистан. 2009.
5. Эшов Б.Ж. Ўзбекистонда давлат ва маҳаллий бошқарув тарихи. – Т.: Янги аср авлоди, 2012.