O'zbekiston milliy universiteti a. A. Abduazizov tilshunoslik nazariyasiga kirish oliy o’quv yurtlarining filologiya fakultetlari ucun darslik toshkent- 2010



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə35/68
tarix16.12.2022
ölçüsü1,21 Mb.
#75480
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   68
3c41fd8ed3ee62afcf35db36143ad8a5 Tilshunoslik nazariyasiga kirish.

TILNING LUG'AT TARKIBI

Tilning leksikasi tildagi barcha so'zlarni o'z ichiga oladi. Tilda bor bo'lgan barcha so'zlar uning lug'at tarkibini tashkil etadi. Tilda bor bo'lgan so'zlarning hisobi aniq emas. Har bir til o'zining lug'at tarkibiga ega bo'lib, yuz minglab so'zlarni o'z ichiga olgan. Eng mukammal tuzilgan lug'at ham barcha so'z­larni qamrab ololmaydi. Chunki tilning asta-sekin rivojlanish jarayonida uning lug'at tarkibi ham takomillashib boradi. Barcha yangi so'zlar yoki eski so'zlar lug'atdan o'rin olmagan bo'lishi mumkin.


Odatda lug'at tarkibidagi so'zlar ishlatilishiga ko'ra ikki guruhga bo'linadi: ko'p ishlatiluvchi so'zlar yoki faol lug'at va kam ishlatiluvchi so'zlar yoki nofaol lug'at. Ko'p ishlatiluvchi so'zlar barcha uchun tushunarli bo'lishi bilan ajralib turadi. Masalan, choy, non, ovqat, kelmoq, ketmoq, chiroyli, xunuk, gul, yo'l kabi. Bundan tashqari, xalqning turli guruhlari ham o'z faol lug'atiga ega bo'lishi mumkin. Jumladan, tilshunoslar affiks, fonema, morfema, sintaksis, sinonim, omonim kabi so'z-terminlarni ko'p qo'llaydilar. Faylasuflar esa zamon, makon, obyektiv borliq, bazis, ustqurma kabi terminlardan ko'p­roq foydalanadilar. Bu esa har bir guruhdagi kasb egalarining o'z faol lug'ati borligini ko'rsatadi.
Kam ishlatiluvchi so'zlar (nofaol lug'at)ga tilda mavjud bo'lgan, lekin doim ham qo'llanmaydigan so'zlar kiradi. Masalan, yuho, po'rtana, mo'ndi kabi so'zlar o'zbek tilida nofaol lug'atni tashkil etadi.
Faol va nofaol lug'at o'rtasida aniq chegara yo'q. Ba'zan faol so'zlar yangi so'zlar bilan almashtirilib, kamroq ishlatilishi natijasida nofaol lug'atga o'tadi. Masalan, bir vaqtlar faol lug'at­ga mansub bo'lgan omoch, qozi, ellikboshi kabi so'zlar keyin­gi paytda nofaol lug'atg'a o'tdi. Aksincha, nofaol lug'atdagi so'zlarning ishlatilishi faollashadi. Masalan, jamiyat taraqqiyotida paydo bo'lib turadigan yangi so'zlar dastlab nofaol lug'atga kiradi. Ularning ma'lum qismi keyinchalik qo'llanish doirasi kengayib, hammaga tushunarli bo'lib, faol lug'atg'a o'tishi mumkin: traktor, gektar, invistitsiya va boshqalar. Bu hol jamiyatning rivojlanish jarayonida kishilar nutq madaniyatining ham o'sib borishi bilan bog'liq.
Faol va nofaol lug'at tushunchalari chet tiliga o'rgatishda ko'p qo'llanadi.
Leksikologiya tilning lug'at tarkibini turli qatorlarga yoki guruhlarga ajratib o'rganadi. Lug'at tarkibini bunday tasnif qilishda ularning tarixiy kelib chiqishi va ishlatilishiga e'tibor beriladi. Jumladan, barcha kishilar tomonidan keng qo'lla­nuv­chi so'zlar alohida guruhni tashkil etadi. Ular kundalik turmushda eng ko'p ishlatiluvchi so'zlardir. Qo'llanishi ma'lum bir hudud bilan chegaralangan so'zlar dialektizmlar leb ataladi va ular ham alohida guruhni tashkil etadi. Masalan, shoti so'zi Toshkent shevasida arava qismining nomi; Farg'ona sheva­larida: a) narvon, b) arava qismi; pashsha so'zi Toshkent shevasida pashsha (муха), Farg'ona shevasida chivin; tuxum so'zi Toshkent shevasida tuxum (яйцо), j-lovchi shevalarda mayak, qipchoq shevalarida urug'1 deb ishlatiladi.
Lug'at tarkibidagi fan va texnika sohalarida ishlatiluvchi so'zlar terminlar deb, ularni o'rganuvchi soha esa termino­logiya deyiladi. Bunday so'z-terminlar nutqda ko'pincha eks­pressiv bo'yoqqa ega bo'lmaydi. Ekspressiv bo'yoqqa ega bo'­lishi va bo'lmasligiga ko'ra so'zlar tasnif qilinadi. Ekepressiv bo'yoqqa ega bo'lmagan so'zlar neytral so'zlar deyiladi. Bunday so'zlarga kelmoq, istamoq, kitob, qalam kabi kundalik hayotda qo'llanuvchi so'zlar kiradi. Ekspressiv bo'yoqda ega bo'lgan so'zlar stilistik ma'noda qo'llangan so'z­lar deb ham ataladi. Bunday so'zlarga oy, kun, chashma, qosh, yer, nazar tashlamoq, chehra kabi so'zlar kiradi.
Tilning lug'at tarkibidagi so'zlar, asosan, to'rt guruhga bo'linadi:
1) umumso'zlashuv nutqiga xos leksika;
2) mahalliy so'zlashuv nutqi leksikasi (dialektizmlar);
3) adabiy-kitobiy leksika;
4) umumadabiy til leksikasi (og'zaki va yozma nutqda ishlatiluvchi so'zlar).
Albatta, bu guruhlarga oid so'zlarni ishlatilishi aniq che­ga­raga ega emas. Umumso'zlashuv nutqiga xos so'zlar barcha stillarda ishlatiladi.
Odatda, adabiy tillarda quyidagi stillar farqlanadi:
1) badiiy stil;
2) publitsistik stil;
3) ilmiy stil;
4) rasmiy ish qog'ozlari stili;
5) so'zlashuv stili.
So'zlar ham bu stillarda ishlatilishiga ko'ra tasnif qilinadi. Neytral so'zlar barcha stillarda qo'llanaveradi. Terminlar esa fan va texnikaga oid ilmiy asarlarda ishlatiladi. Terminlar badiiy uslubda ham ba'zan uslub talabiga ko'ra qo'llaniladi. Masalan, urush mavzusida yozilgan asarlarda harbiy terminlar qo'llaniladi. Asqad Muxtorning "Daryolar tutashgan joyda" asarida sanoat va ishlab chiqarishga oid terminlarning keng qo'llanilganligi kuzatiladi. Dialektizmlar ilmiy va rasmiy nutq­da, badiiy (muallif nutqida) va publitsistik asarlarda qo'llan­may­di. So'zlashuv uslubida, badiiy asar qahramonlari nutqini aynan berishda dialektizmlardan foydalaniladi: Eshit­digu moro bo'singa kelaverdik (Rahmat Fayziy). Eskirgan so'zlar ham, asosan, badiiy nutqda shu maqsadda qo'llanadi:

Ey bizning birinchi rais jumhur,


Ismingdan o'zbekning sha'niga g'urur.

(G'afur G'ulom)


Umumso'zlashuv stilida ishlatiluvchi so'zlar barcha kishi­lar nutqida qo'llanuvchi odatiy so'zlardir: daraxt, tog', o'rmon, suv, kiyim, ovqat kabilar. Umumso'zlashuv stilida ishlati­luv­chi so'zlar ba'zan poeziyada ham qo'llanadi. Masalan, O'zbekiston vatanim manim (A.Oripov). Bu o'rinda mening so'zi jonli so'zlashuv nutqi shaklida (manim) ishlatilgan.


Ekspressiv bo'yoqqa ega bo'lgan so'zlar ko'proq badiiy va publitsistik stillarda ishlatiladi. Bunda badiiy tasvirlar o'xsha­tish, jonlantirish, sifatlash, mubolag'a, ko'chma ma'nodagi so'zlar yordamida voqea-hodisalarga stilistik bo'yoq berib, o'quvchida estetik zavq uyg'otadi. Har bir tilning lug'at tarkibi nutq madaniyati xazinasini tashkil etadi va turli stillarga xos bo'lgan ifoda vositalarini boyitishga xizmat qiladi.



Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   68




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin