O'zbekiston milliy universiteti a. A. Abduazizov tilshunoslik nazariyasiga kirish oliy o’quv yurtlarining filologiya fakultetlari ucun darslik toshkent- 2010



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə40/68
tarix16.12.2022
ölçüsü1,21 Mb.
#75480
1   ...   36   37   38   39   40   41   42   43   ...   68
3c41fd8ed3ee62afcf35db36143ad8a5 Tilshunoslik nazariyasiga kirish.

LEKSIKOGRAFIYA

So'zlarning biror maqsadda to'planib, tartibga solingan yig'indisi lug'at deyiladi. Lug'at tuzishning nazariy va amaliy tamoyillari haqidagi coha leksikografiya (grekcha lexicon – lug'at va grapho – yozaman) deyiladi. Lug'at tuzuvchi muta­xas­sislar leksikograflar deyiladi. Lug'at tuzish tamoyillari va metodikasini ishlab chiqish, leksikograflar ishini tashkil qilish, lug'at tuzish uchun asos bo'ladigan kartotekalar tuzish, ularni sistemalashtirish va saqlash leksikografiyaning vazifasidir.


Lug'atlarning so'zlar va iboralarning qo'llanishini nazariy tadqiq etishda hamda tilga amaliy o'rgatishda ahamiyati katta.
Turli turdagi lug'atlar tuzish umummadaniy ahamiyatga egadir. Lug'at alfavit tartibida tuzilib, qulay qo'llanma sifatida xalq ommasiga bilim beradi, madaniy-oqartuv funksiya baja­radi. Shuning uchun ham bu masalaga katta ahamiyat beril­moq­da. Maxsus nashriyotlar, leksikografik muassasalarning tashkil etilganligini shu bilan izohlash mumkin.
Lug'at turlari, so'zlik (lug'atdan izohlanayotgan yoki tarjima qilinayotgan so'z) tarkibi, lug'aviy maqolalar struk­tu­rasi kabi masalalar leksikografik nazariyada asosiy masala hisoblanadi.
Lug'atlar, asosan, ikki turga bo'linadi: qomusiy (ensik­lopedik) va filologik. Qomusiy lug'atlarda fan, texnika va madaniyatning barcha soxalariga oid tushunchalar izohlanadi. Ularda tabiat hodisalari, ijtimoiy hayotdagi voqealar, mashhur kishilar haqida ma'lumotlar beriladi.
So'zning o'zi haqida faqat uning kelib chiqishini ko'r­satish bilan chegaralaniladi. Shuning uchun bunday lug'atlar tushuncha lug'at deb yuritiladi. Odatda, bunday lug'atlarda rasmlar, karta va sxemalar ham keltiriladi. Qomusiy lug'at­larda so'z va iboralar alfavit tartibida maqolaning sarlavhasi sifatida qo'yiladi.
Qomusiy lug'atlar maqsad va vazifasiga ko'ra ikki xil bo'ladi: umumiy qomusiy (ensiklopedik) lug'at va biror soha­ning (qomusiy) lug'ati. Umumiy qomusiy lug'atlarga "Brita­niya lug'ati","O'zbekiston qomusi" misol bo'ladi. Biror soha­ning qomusiy lug'atlariga "Adabiyot qomusi". "Pedagogik qo­mus". "Texnik qomus". "Qishloq xo'jalik qomusi" kabilar ki­ra­di. Qomusiy lug'at Sharqda "Qomus", G'arbda esa "Thesaurus" deb ham yuritiladi.
Filologik lug'atlarda asosiy e'tibor so'zga yoki so'z birikmasiga beriladi va ular har tomonlama izohlanadi. Bun­day lug'atlar ham alfavit tartibida tuziladi va izohlanadigan so'z yoki so'z birikmasi sarlavha sifatida keltiriladi.
Filologik lug'atlar ikki xil bo'ladi: umumiy va maxsus filologik lug'atlar. Umumiy filologik lug'atlarda hamma qo'l­lay­digan so'zlarning izohi beriladi. Bular bir tilli. ikki tilli ko'p tilli bo'ladi.
Qo'yilgan maqsadga ko'ra bir tilli filologik lug'atlar bir qancha turlarga bo'linadi. Masalan, izohli lug'atlar, maxsus lingvistik lug'atlar: etimologik lug'at, morfem lug'at, frazeo­logik lug'at, sinonim so'zlar lug'ati, orfoepik lug'at, chappa lug'at, atoqli otlar lug'ati, joy nomlari lug'ati, mashhur yozuv­chilar asarlari lug'ati kabilar.
Masalan, izohli lug'atda so'zlarning barcha leksik ma'no­lari keng izohlanadi. Har bir so'z izohi kichik maqola shaklida beriladi va izohlanayotgan so'z sarlavha qilib ko'rsatiladi. Bunga 5 jildli, "O'zbek tilining izohli lug'ati", "Ingliz tilining Oksford izohli lug'ati", 17 jildli "Словарь современ­ного русского литературного языка", S.I.Ojegov­ning bir jildli "Словарь русского языка" kabilar misol bo'ladi. Olim Usmonov va Renat Doniyorovlarning "Ruscha – internatsional so'zlar izohli lug'ati" ham shular qatoriga kiritiladi.
Sinonim so'zlar lug'atida sinonimik qatorga kiruvchi har bir so'zning ma'no ottenkalari, stilistik funksiyalari bayon qilinadi. Bunga A.Hojiyevning "O'zbek tili sinonimlarining izohli lug'ati" misol bo'ladi. Etimologik lug'atlarda so'zlar­ning" kelib chiqishi, ularning dastlabki shakli va ma'nosi, til taraqqiyoti davomida ularda yuz bergan o'zgarishlar izohla­nadi. M. Fasmerning "Этимологический словарь русского языка", E.V. Sevortyanning "Этимологический словарь тюрк­­с­ких языков" , Sh. Raxmatullaevning “O’zbek tilining etimologik lug’ati” ana shunday lug'atlardir.
Morfemik lug'at so'zlarning qanday morfemalardan tuzil­ganini alfavit tartibida izohlovchi lug'atdir. Jumladan, muko­fotlanmoq so'zi mukofot (lan) moq morfemalaridan tuzilgan. (Qarang: A.G'ulomov, A.N.Tixonov, R.Qo'ng'urov. O'zbek tili morfem lug'ati. Toshkent, "O'qituvchi", 1977). Frazeologik lug'atda tildagi frazeologik birliklarning (iboralarning) seman­tik va grammatik xususiyatlari misollar yordamida izohlanadi. Unda frazeologik omonimlar, sinonim­lar va antonimlarni yonma-yon keltirish. bir frazeologik iboraning turli variant­larni berish juda foydalidir. Misol: Ko'ngli qattiq-qattiq ko'n­gil. Rahm-shafqati yo'q. Varianti: tosh ko'ngil; tosh ko'ngilli; tosh ko'ngil (zkan)ligi Sinonimi: tosh yurak-yuragi tosh. Antonimi: ko'ngl (i) bo'sh; ko'ngl(i) yumshoq-yumshoq ko'n­gil. O'xshashi: bag'ri tosh; mehri tosh...1
So'zlarning qanday harf bilan tugaganiga qarab alfavit tartibida tuzilgan lug'at chappa lug'at deyiladi. Masalan, a harfi bilan tugagan so'zlar quyidagicha beriladi: arfa, bola, dona, so'na, pona, to'nka, shona kabi. Bunday lug'at so'z yasa­lishi, morfologiya va leksikologiya bo'yicha olib boriladigan turli ilmiy-tadqiqotlar uchun manba bo'lishi mumkin. Bulardan tashqari, chappa lug'atlar tilning fonetik qonuniyat­lari­ni, she'riyat sirlari (qofiya bo'yicha)ni o'rganishda yordam be­ra­di. (R.Qo'ng'urov va A.Tixonovlarning "Обратный словарь узбекского языка" kitobi).
Izohli lug'atlar tuzilishiga ko'ra ikki xil: alfavit tartibidagi lug'atlar va uya tartibidagi lug'atlar.
Birinchi turdagi lug'atlarda so'zlar alfavit tartibida berilib izohlanadi. Yuqorida ko'rsatilgan izohli lug'atlar mana shu tartibda tuzilgan.
Ikkinchi turdagi lug'atlarda faqat o'zaklargina alfavit tarti­bida joylashtiriladi. Yasama so'zlar esa o'zak maqola­chasi­ning ichi­da (uyasida) izohlanadi. Bunday lug'atlar bir uyada keltiril­gan so'zlarning ma'no va shakl jihatdan boglanishlari haqida ma'lumot beradi. Ikki til doirasidagi tarjima lug'atlarida bir tildagi so'z yoki so'z birikmasi boshqa tilga tarjima qilib beriladi. Bunga ruscha-o'zbekcha, inglizcha-o'zbekcha, fran­suz­cha-o'z­bek­cha, nemischa-o'zbekcha lug'atlar kiradi. Chet tilini o'rga­nuv­chilar uchun mo'ljallangan qisqa tarjima lug'at­lari ham mav­jud. Ba'zan tarjima lug'atlari bir necha tillar doi­ra­sida bo'ladi. Ma­sa­lan, "Словарь наиболее употре­би­тель­ных слов англий­ского, немецкого, французского и русс­кого языков" kabi.
Filologik lug'atlarga turli sohalarga oid lug'atlar ham kiradi. Bularda fan, texnika, ishlab chiqarishning ma'lum so­hasiga oid so'z-terminlar izohlanadi. Soha lug'atlari ichida eng keng tarqalgani terminologik lug'atlardir. Bunday lug'atlar bir tilli, ikki tilli, ko'p tilli bo'ladi. Bir tilli terminologik lug'atlarda bir tilning ma'lum sohaga oid terminlari izohlanadi. Bunga O.S.Axmanovaning "Словарь лингвистических тер­ми­нов" (1966) va D.E.Rozental, M.A.Telenkovalarning "Справоч­ник лингвистических терминов" (1972) nomli kitoblari, H. Hasa­nov­ning "Geografiya terminlari lug'ati" (1964). H.Homi­diy, Sh.Abdullayeva, S.Ibrohimovalarning "Adabiyotshunos­lik terminlari lug'ati" (1967), Olim Usmon tahriri ostida nashr qilingan "Ijtimoiy-siyosiy terminlar lug'ati" (1976) kabilarni kiritish mumkin. Ikki tilli terminologik lug'atlarga N.T. Hota­movning "Adabiyotshunoslikdan qisqacha ruscha-o'zbekcha terminolagik lug'at"i (1969). Sh. Bayburov va N. Takana­yev­ning "Pedagogikadan qisqacha ruscha-o'zbekcha termikologik lug'at"i (1963) kabilar kiradi. Ko'p tilli terminologik lug'at­larga A.A.Asqarov va H.Zohidovlarning "Lotincha-o'z­bek­cha-ruscha normal anatomiya lug'ati" (1964) ni misol qilib ko'rsatish mumkin. Chet so'zlar lug'ati ham terminologik lug'atlarga o'xshab ketadi. Bunda ham, asosan, chet tillardan o'zlashgan so'zlar izs'hlanadi.
Lug'atlarning turi yuqoridagilar bilan cheklanmaydi. Tematik, differensial, yangi so'zlar, qisqartma so'zlar, chas­tota, qofiya lug'atlari ham mavjud. Masalan, tematik lug'atlar­da so'zlar ma'nolariga ko'ra guruhlanadi. Bunday lug'atlar biror fikrni ifodalash uchun eng qulay so'zlarni topish imkoniyatini beradi. Bunga ingliz tili asosida tuzilgan Roje (Roget) lug'ati, Muhammad Yoqub Chingi tomonidan tuzilgan "Kelurnoma" nomli (XVIII asr) lug'atning oxirgi XV bobi misol bo'ladi.
Xalqning o'sib borayotgan talablarini qondirish maqsa­di­da lug'atning yangi-yangi turlari yaratilishi tabiiydir.
Hozirgi tilshunoslikda tezaurus lug'at (grekcha thesayros – manba) yoki ideografik lug'at tuzish masalasi ustida ish olib borilmoqda. Tezaurus lug'at ma'lum so'z bilan ma'nolari bog'lanuvchi barcha so'zlarni qamrab oladi.
Lug'at – so'z xazinasi, undan o'rinli va maqsadga muvo­fiq foydalanish inson bilimini kengaytirish, lug'at boyligini oshi­rish­da hamda fikrni to'g'ri va ravon ifodalashda muhim omildir.



Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   36   37   38   39   40   41   42   43   ...   68




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin