TILNING GRAMMATIK VOSITALARI
So'z o'zgartirish va so'z yasash qoidalari va grammatik konstruksiyalarni tuzishda qo'llanadigan usullari majmuini tilning grammatik vositalari deb yuritiladi. Bu tartib-qoidalar yig'indisi tilning grammatik (aniqrog'i morfologik) turini aniqlashda yordam beradi. Jahondagi tillar grammatik vositalarning qaysi birini ko'proq qo'llashi va bu vositalardan qaysinisi shu tilda borligi bilan farqlanadi. Turkiy tillari affiksatsiyaning ko'p qo'llanishi bilan ajralib tursa, vyetnam tilida affiksatsiya deyarli yo'q, xitoy tilida juda kam uchraydi.
Grammatik ma'nolarni ifodalashda ishtirok etuvchi vositalar barcha tillarda bor, lekin ularning miqdori chegaralangan, bu vositalar qatoriga affiksatsiya, ichki fleksiya, reduplikatsiya, so'zlarni qo'shish, urg'u, intonatsiya, yordamchi so'zlar, so'z tartibi va suppletivizm kiradi. Ularning har birini alohida ko'rib chiqamiz.
1) Affiksatsiya – so'zning o'zagiga yoki asosiga turli affikslarni (prefiks, infiks, suffiks, fleksiya yoki qo'shimchalar) qo'shish yordamida grammatik ma'noni ifoda qilish vositasidir. Turkiy tillarda, xususan o'zbek tilida prefiks faqat boshqa tillardan o'tgan so'zlarda uchraydi. Masalan, o'zbek tilida tojik tilidan olingan be- (bemalol, beminnat kabi), bo- (boadab), ba'zan ba- shaklida (badavlat) prefikslari ko'p qo'llanadi. O'zbek tilida -gina suffiksi erkalash va kichraytirish ma'nolarini ifodalaydi: yaxshigina, kichkinagina, shiringina kabi. Kelishik qo'shimchalari, ko'plik qo'shimchasi va fe'l shakli, zamoni va hokazo qo'shimchalar grammatik ma'noni ifodalashda keng qo'llanadi. Affiksatsiya ingliz, nemis, fransuz va boshqa tillarda ko'p tarqalgan.
2) Ichki fleksiya – so'zning o'zagi ichida unlilarning o'zgarishi yoki tovushning yo'qolishi. Turli grammatik vositalarni hosil qilishda va yangi so'zlar yasashda ichki fleksiya ishtirok etadi. Ichki fleksiya tashqi fleksiyadan, ya'ni so'z o'zagining oxiridagi grammatik ko'rsatkichlardan, masalan, son va kelishik kategoriyalari qo'shimchalaridan farq qiladi. Ichki fleksiya semit tillariga, xususan, arab tiliga xosdir. Masalan, k-t-b o'zagidan ("yozmoq") ichki fleksiya vositasida kataba ("u yozdi"), kutuba ("u yozilgan"), kotibun ("yozuvchi", "hattot"), kitabun ("yozilgan"). Ichki fleksiya yordamida kelishik shakllari yasaladi. Rus tili ichki fleksiyaga boy bo'lib, unda unlilarning almashinuvi ko'p uchraydi. Masalan, лежать, лёжа, ложиться, ходить, хождение, ход, ходячий kabi.
3) Reduplikatsiya (lotin tilidagi reduplicare – "ikkilantirmoq") – so'z, uning o'zagi yoki boshlang'ich bo'g'inini qaytarish vositasida grammatik ma'noni ifodalashdir. U juda ko'p tillarda mavjud. Qaytarish yo'li bilan so'zlarning ma'nosi kuchayishi mumkin: ko'm-ko'k, qop-qora, sap-sariq kabi. Indonez tilida so'zlarni qaytarish vositasida ko'plik ifoda etiladi: sudara – "o'rtoq", sudara-sudara (sudara2) – "o'rtoqlar", malaya tilida orang – "inson, kishi", orang-orang – "insonlar, kishilar" kabi.
4) Qo'shish – so'zlarni va ularning elementlarini yangi so'z yasash uchun biriktirishdir. Masalan, o'zbek tilida gultojixo'roz, karnaygul, ishlabchiqarish, ishyoqmas kabi so'zlar ikki yoki uch so'zning qo'shilishidan yasalgan. Odatda bunday so'zlarni qo'shma so'zlar deb ataladi. Ba'zi qo'shma so'zlarning ikkinchi qismi turli affikslarni qabul qiladi va o'zgarishlarga uchraydi: hokimiyat, saryog' (sarig' yog' birikmasining qisqargani), bugun – bul kun birikmasining qisqargani) va h.k. Ko'pgina qo'shma so'zlar va so'z birikmalari qisqartma so'zlar shaklida qo'llanadi: AQSH, mexmat (mexanika-matematika fakulteti), O'zMU, OAK (Oliy Attestatsiya Komissiyasi) kabi.
5) Yordamchi so'zlar – sirasiga shunday so'zlar kiradiki, ular gapda biror bo'lak vazifasini bajarmaydi, lekin gapning mustaqil bo'laklari bo'lib kelgan so'zlarning grammatik ma'noni ifodalashiga yordam beradi. Yordamchi so'zlar biror narsani atamaydi, ya'ni nominativ funksiyani bajarmaydi. Yordamchi so'zlarga artikl, predlog (rus, ingliz, nemis va boshqa tillarda), yuklama, yordamchi fe'llar va bog'lovchilar kiradi. Artikl otning belgisi bo'lib, uning turlanishi, qaysi rodga tegishli ekanini ko'rsatadi. Masalan, nemis tilida der, das, die artikllarining qo'llanishi otlarning rodiga bog'liq. Otning turlanishiga ko'ra nemis tilida artiklning shakli o'zgarishi mumkin:
bosh kelishik – der Mensch (odam)
qaratqich kelishigi – des menschen
tushum kelishigi – dem menschen
chiqish kelishigi – den Menschen
Predloglar gap bo'laklari o'rtasidagi aloqalarni aniqlashtirib turuvchi yordamchi so'zlardir. Masalan ingliz tilida to school – maktabga, at school – maktabda, from school – maktabdan, shuningdek rus tilida в школе, из школы, по школам kabi. Bog'lovchilar gap va so'zlarni bog'lash uchun xizmat qiladi: kitob va daftar, aka bilan uka, bahor keldi va gullar ochildi kabi. Ing'liz, nemis, fransuz va rus tillarida ham bog'lovchilar so'z va gaplarni bog'lashda qo'llanadi. Yordamchi fe'llar o'z ma'nosini yo'qotgan, lekin fe'lning boshqa zamon, aspekt va darajasini ko'rsatuvchi vosita sifatida qo'llanadi. Rus tilidagi быть ingliz tilidagi be, have, shall, will, – should, would yordamchi fe'llari ko'p qo'llanadi.
6) So'z tartibi so'zlarga yangi ma'no beruvchi va gapning mazmunini o'zgartiruvchi vositadir. Gaplarda so'z tartibi ayniqsa affiksatsiya kuchsiz bo'lgan tillarda, jumladan, ingliz va fransuz tillarida katta ahamiyatga egadir. Ingliz tilida ot va sifatlardagi affikslar unchalik farqlanmasligi tufayli ularning gapdagi o'rniga ko'ra farklash mumkin. Masalan, the arrived people – kelgan odamlar (sifat), the people arrived – Odamlar keldi (fe'l). The arrived are the tourists – Kelganlar sayohatchilardir (ot).
Gapda so'zlarning' tartibiga ko'ra gap bo'laklari va bu so'zlarning o'zaro aloqasi aniqlanadi. Xind-ovrupo tillarida so'z tartibi erkin hisoblanadi, ya'ni ko'pincha gapdagi so'zlarning o'rnini almashtirish mumkin. Masalan, The boys walked slowly up the hill – Bolalar vodiy tepasiga sekin chiqdilar. Slowly the boys walked up the hill – Sekin bolalar vodiy tepasiga chiqdilar. Up the hill slowly walked the boys1 – Vodiy tepasiga sekin bolalar chiqdilar. Bu misolni o'zbek tiliga tarjimasidan ko'rinib turiptiki, bu tilda ham so'z tartibi erkin hisoblanadi. Bu, ayniqsa, she'rlarda yaqqol namoyon bo'ladi.
Ba'zi tillarda, xususan, hind, xitoy, vyetnam, indonez tillarida gapda so'z tartibini o'zgartirish katta ahamiyatga ega bo'lib, bu tillarda affiksatsiya grammatik ma'noni ifodalash vositasi sifatida qo'llanilmaydi. Affiksatsiya kuchli bo'lgan tillarda gapda so'zlar tartibi unchalik ahamiyatli emas. Gapda so'z tartibining o'zgarishi stilistik va mantiqiy jihatdan ahamiyatli bo'lishi mumkin.
Urg'u so'zlarning grammatik ma'nosyni farqlay oluvchi vosita bo'lib xizmat qilishi mumkin. Hind-ovrupo tillarida so'zlar va so'z shakllari urg'uning o'rniga ko'ra grammatik ma'nolari bilan farqlanadi. Masalan, rus tilida мукá– un,мýка – azob, рукú (r.p.yed.ch.) qo'l – рýки (im.p.mn. ch.). Ingliz tilida `present – sovg'a, présent – hozir bo'lmoq, im`port – import (ot), to ímport – import qilmoq. German, turkiy, hind tillarida urg'u so'zlarning grammatik ma'nolarini ifoda qilishda kamroq qo'llanadi. Masalan, o'zbek tilida olmá (meva) – ólma (fe'lning buyruq shakli), atlás (mato) – atlas (xarita kitob) kabi urg'uning o'rniga ko'ra farqlanuvchi so'zlar juda kam.
Dostları ilə paylaş: |