Intonatsiya, ayniqsa, uning asosiy komponenti bo'lgan melodiya (ohang) grammatik ma'noni ifodalashda xizmat qiladi. Masalan, U keldi (tushuvchi ohang – darak gapda), U keldi? (ko'tariluvchi ohang – so'roq gapda), U keldi!(ancha baland ohang – undov gapda) va so'zlovchining his-hayajon, ehtirosini ifodalovchi past yoki baland ohang qo'llanishi mumkin. Musiqiy ohangga ega bo'lgan tillarda (hitoy, tay, vyetnam, koreys) ohang grammatik ma'noni farqlashda ko'proq xizmat kiladi. Masalan, Alyaskadagi takelama qabilasi tilida "hi1a" so'zi tushuvchi ohang bilan aytilsa "qo'shiq", ko'tariluvchi ohangda talaffuz etilsa, "qo'shiq aytmoq" (fe'l) ma'nosini ifodalaydi.
GRAMMATIK MA'NOLARNI IFODALOVCHI SINTETIK VA ANALYTIK VOSITALAR.
SINTETIK VA ANALITIK TILLAR
Tillardagi grammatik ma'nolar sintetik va analitik vositalar yordamida ifodalanadi. Sintetik (grekcha synthesis – birga yig'moq) usul grammatik ma'noning so'zning tarkibida ifodalanishi va bir yo'la so'z o'zining leksik ma'nosi va grammatik ma'nosini qamrab olishi bilan izohlanadi. Grammatik ma'nolarni ifodalovchi sintetik vositalarga reduplikatsiya (takror), urg'u, affiksatsiya, ichki fleksiya kabilar kiradi. Masalan, xizmat-chi-lar-i-miz-da-gi so'z shaklida -chi – so'z yasovchi affiks, -lar – ko'plik qo'shimchasi, -i – egalik affiksi, -miz – 1-shaxs ko'plik shakli, -da – o'rin-payt kelishigi qo'shimchasi, -gi – shaxsga tegishli affiks mavjud. Bu so'z shaklida bir yo'la uning leksik ma'nosi (xizmat) va grammatik ma'nolari (turli affikslar yordamida) o'z ifodasini topgan.
Grammatik manoni analitik yo'l bilan ifodalashda (grekcha analysis – bo'lakka bo'lish, qismlarga ajratish) so'zning leksik ma'nosi bir so'z bilan ifodalansa, uning grammatik ma'nosi boshqa so'z orqali beriladi va har ikki so'z bir grammatik shaklga tegishli bo'ladi. Masalan, ingliz tilida ko'plik shaklini ifodalovchi shall go, will do fe'l shakllarida shall/will kelasi zamonni ifodalashda qo'llanuvchi yordamchi fe'llar hisoblanadi, go, do fe'llari mustaqil ma'noga ega bo'lgan fe'llardir. Lekin ularning har ikkisi bir grammatik ma'no, ya'ni kelasi zamon shakliga tegishlidir. Sifatlarning qiyosiy darajalarini ifodalashda yaxshi – oddiy darajani va yaxshiroq – orttirma darajani sintetik yo'l bilan ifodalaydi, lekin bu sifatning kuchaytirma darajasi juda kuchli shaklida analitik yo'l bilan ifodalangan. Turli tillarda bir yo'la sintetik va analitik yo'l bilan grammatpk ma'noni ifodalash mumkin. Lekin ularning qaysinisi ko'proq qo'llanishiga ko'ra, ya'ni sintetik vositalar ko'proq ishlatilsa bu tilni sintetik, analitik vositalar ko'proq qo'llansa, analitik til deb ataladi. Shu jihatdan qadimiy tillardan bo'lgan lotin, sanskrit, qadimiy slavyan, qadimiy grek tillari sintetik tillar hisoblanadi. Ingliz, fransuz, bolgar, hozirgi grek va hind tillari analitik tillardir.
Dostları ilə paylaş: |