O‘zbekiston milliy universiteti z. Z. Abdushukurova, S. Q. Zakirova, S. Sidiqov, S. Abdullaev O‘zbekiston tuproqlarining agrokimyoviy tavsifi



Yüklə 1,31 Mb.
səhifə28/52
tarix19.12.2023
ölçüsü1,31 Mb.
#185859
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   52
Ozbekistontuproq.agr.tavsifi-09.12.16

Kalsiy va magniy. Ushbu elementlar tuproqdagi plagioklazlar, slyudalar, shox aldamchisi, montmorillonit, gidroslyudalar, kalsit, magnezit, fosfatlar, sulfatlar kabi birlamchi va ikkilamchi minerallar tarkibida bo‘ladi. Tuproqdagi kalsiy va magniyning o‘rtacha miqdori mutanosib ravishda 2 va 0,6 foizni tashkil etadi. SaSO3, MgCO3 suvda qiyin eriydigan birikmalar bo‘lib, tuproqlarda keng tarqalgan, ular kalsiy va magniyning asosiy manbai hisoblanadi. Karbonatlar suvda erigan karbonat angidridi ta’sirida bikarbonatlar [Ca(HCO3)2, Mg(HCO3)2 ] ga o‘tadi.
Kalsiy tuproq strukturasining shakllanishida ishtirok etib, tuproqning fizikaviy, fizik-mexanik va biologik xossalarini yaxshilashda muhim rol o‘ynaydi. O‘rta Osiyoning ayrim gidromorf tuproqlarida kalsiy karbonati 25-30 va hatto 50-80 foizgacha bo‘lib, alohida qattiq (shux) qatlamni hosil qiladi. MgCO3 esa ko‘p to‘planganda magniyli sho‘rxoklar yuzaga keladi hamda tuproqning unumdorligi pasayib ketadi (D.M.Kuguchkov, P.Uzoqov).
Uglerod asosan tuproq gumusida, turli organik moddalar tarkibida va shuningdek karbonatlarda saqlangan bo‘ladi. Uglerodning tuproqdagi o‘rtacha miqdori 2%, chirindiga boy qora tuproqlarda esa 10 foizga etadi. Torfli tuproqlarda bunga nisbatan bir necha barobar ko‘pdir. Uglerod muhim biogen element bo‘lib, yerdagi hayot asosini tashkil etadi. O‘simlik quruq qismining o‘rtacha 45 foizi ugleroddan iborat.
Tuproqdagi gumus zahirasining kamayishi bilan uglerod ham ozayib ketadi. Buni ayniqsa, O‘rta Osiyoning paxtachilik hududlari tuproqlari misolida ko‘rish mumkin. Uglerod zahirasini ko‘paytirish uchun yerga organik, jumladan guminli o‘g‘itlar solish va almashlab ekishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim. Agrokimyoviy tekshirishlardan ma’lumki, ko‘p yillik o‘simliklar ikki yil davomida tuproqdagi uglerod miqdorini 0,39-0,59 foizgacha oshiradi (T.Zokirov, 1986).
Azot uglerod singari biosferada nihoyatda katta rol o‘ynaydi. Tuproqdagi azot asosan quyidagi birikmalar: gumusdagi azot, ammoniyli (NH4+) va nitrat (NO3- ) tuzlaridagi azot, oqsillardagi organik azot va ularning parchalanish mahsulotlaridagi aminokislotalar, peptidlar, amidlar va aminlar holida bo‘ladi. Tuproqdagi azotning asosiy qismi organik moddalar tarkibida saqlanganidan, azot miqdori organik birikmalar, jumladan gumus miqdoriga bog‘liq. Tuproq ona jinslarida azot juda kam bo‘ladi. Tuproqdagi murakkab organik birikmalar (gumus) tarkibidagi azot minerallashgandan keyin ammoniy va nitrat birikmalari holida o‘simliklarga o‘tadi. Bu jarayon nam etarli bo‘lgan va havo kirib turadigan sharoitda yaxshi kechadi. Ammoniy ionlari almashinadigan va qisman almashinmaydigan (fiksatsiyalangan) holda tuproqqa yaxshi singdiriladi. Nitrat ioni asosan tuproq eritmasida bo‘lib, o‘simliklar uni oson o‘zlashtiradi. Nam ko‘p bo‘lgan sharoitda nitratlar yuvilib ketadi. Azot tirik organizmlar hayotida asosiy rol o‘ynaydi. Shuning uchun azotning tuproqdagi zahirasi yerga mineral va organik o‘g‘itlar solish, beda almashlab ekish yo‘li bilan ko‘paytirib boriladi.
Tuproqlardagi azot miqdori 0,3-0,4 foiz atrofida bo‘lib, ko‘pincha 0,1 foizdan oshmaydi. O‘rta Osiyoning ayrim tuproqlarida azot miqdori quyidagicha: och tusli bo‘z tuproq haydalma qatlamida - 0,04-0,07, qadimdan sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarda 0,08-0,12, qadimdan sug‘oriladigan o‘tloq tuproqlarda 0,10-0,15 va to‘q tusli bo‘z tuproqlarda 0,20-0,50 foiz bo‘ladi. Yerga azotli mineral o‘g‘itlar qo‘llash bilan birga g‘o‘za-beda almashlab ekishni yo‘lga qo‘yish qo‘shimcha ravishda 400-600 kg/ga biologik azot to‘plash imkonini beradi. Bu esa o‘simliklarning azot bilan samarali oziqlanishini va ulardan yuqori hosil olishni ta’minlaydi.
Fosfor. Tuproqda fosfor juda kam bo‘lib, uning yalpi miqdori 0,1-0,2 foizdan oshmaydi. Tuproqdagi fosfor organik va mineral birikmalar holidadir. Organik fosfor fitin, nuklein kislotasi, nukleoproteidlar, fosfatidlar hamda fosfatlar shaklida bo‘ladi. Gumus tarkibida to‘plangan organik fosfor barcha tuproq fosforining 14-44 foizini tashkil etadi. Mineral fosfor ortofosfat kislotasining kalsiy, magniy, temir va alyuminiy tuzlaridan iborat. Tuproqdagi fosfor apatit, fosforit va vivianit minerallari tarkibiga kiradi. Yer po‘stidagi barcha fosforning 95 foizi magmatik jinslardagi apatitda saqlangan bo‘ladi. Tuproqdagi mineral fosfor birikmalari ko‘pincha kam harakatchan bo‘ladi. Kislotali tuproqlarda temir va alyuminiy fosfatlari, neytral va kam ishqorli (O‘rta Osiyo) tuproqlarda esa kalsiy fosfati ko‘p bo‘ladi. Karbonatli tuproqlarda eruvchan fosfatlar qiyin eriydigan gidroksilapatit yoki uch kalsiyli fosfatga o‘tadi va o‘simliklar uni qiyin o‘zlashtiradi. Fosfor muhim biologik element sifatida protoplazma, qator fermentlar va vitaminlar tarkibiga kiradi. Tuproqning reaksiya muhiti kuchsiz kislotali (pH=6,5) bo‘lganda o‘simliklarning fosfat ionlarini o‘zlashtirishi uchun yaxshi sharoit yuzaga keladi. Ekinlardan yuqori hosil olish uchun barcha tuproqlarda fosfor o‘g‘itlaridan keng foydalaniladi.

Yüklə 1,31 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin