Marganets (Mn). O‘simliklar va hayvonlar organizmi uchun zarur va muhim mikroelementlardan hisoblanadi. Marganets o‘simliklarda fermentlar tarkibiga kiradi, fotosintez faoliyatini kuchaytiradi hamda oqsillar hosil bo‘lishida muhim rol uynaydi. Marganets qator minerallar (radonit, gausmonit, manganazit) tarkibida bo‘ladi. Tuproqning gumusli qatlamida va illyuvial gorizontida ko‘proq to‘planadi. Marganetsning tuproqdagi o‘rtacha miqdori 0,085 foiz bo‘lib, O‘rta Osiyoning bo‘z tuproqlarida 0,06-0,07 foiz va gidromorf tuproqlarda ancha ko‘p.
Kobalt (So) turli alyumosilikatlar tarkibida saqlanadi, kolloidlarda singdirilgan va turli organik-mineral birikmalar holida bo‘ladi. O‘simliklarda fotosintez jarayonini yaxshilaydi, oqsil almashinuvini tezlashtiradi.
Kobaltning tuproqdagi o‘rtacha miqdori 0,008 foiz bo‘lib, gumusli qatlamda ko‘proq. Ayrim hududlardagi tuproqlarda kobalt juda kam. Bunday yerlarga kobaltli mikroo‘g‘itlar qo‘llash yaxshi natija beradi.
Yod (J) odatda tuproqning yuqori gumusli qatlamida ko‘proq to‘planadi, o‘rtacha mikdori 0,0005 foiz. O‘rta Osiyoning to‘q tusli bo‘z va o‘tloqi tuproqlarida tipik bo‘z tuproqlarga nisbatan yod ko‘proq uchraydi. Yod o‘simliklardagi fotosintez jarayonida faol qatnashadi, oqsil moddalar almashinuvini tezlashtiradi.
4.2. Tuproq gumusining miqdori va tarkibi
Organik moddalar tuproqning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Organik moddalarning, shu jumladan chirindining ham miqdori turli tuproqlarning haydalma qatlamida turlicha (3- jadval).
3- jadval
Turli tuproq tiplari tarkibidagi gumusning miqdori
Tuproq tipi
|
Haydalma qatlamdagi gumus miqdori, foiz
|
Tuproq qatlamidagi gumus zahirasi, t/ga
|
0-20 sm
|
0-100 sm
|
Chimli podzol
Sur tusli podzollashgan o‘rmon tuproqlari
Qora tuproqlar:
Yuvilgan
Yuvilmagan
Oddiy
Janubiy
Bo‘z tuproqlar
Qizil tuproqlar
|
2-4
4-6
7-8
10-12
6-8
4-5
1-2
5-7
|
53
109
192
224
137
-
37
153
|
80-120
150-300
500-600
650-800
400-500
300-350
50
150-300
|
3-jadval ma’lumotlariga ko‘ra tuproqlar tarkibidagi organik moddaning miqdori turlicha bo‘lib, ayrimlarida 10 va undan ham ko‘proq foizni tashkil qilgani holda, ayrim tuproqlarda bu ko‘rsatkich 1-2 foizga teng bo‘lishi ko‘rinib turibdi.
Tuproqning organik qismi turli-tuman organik moddalarning majmuidan iborat. Ular ikkita guruhga ajratiladi:
- o‘simlik va hayvon qoldiqlaridan hosil bo‘lgan gumusga aylanmagan organik moddalar;
- chirindi holatidagi o‘ziga xos tabiatli organik moddalar.
Chirindiga (gumusga) aylanmagan organik moddalar, tuproqdagi chirib ulgurmagan yoki chala chirigan o‘simlik qoldiqlari (ildizi, shox-shabbalari) hamda tuproqda hayot kechiradigan hayvonlar (chuvalchanglar va hashoratlar) va mikroorganizmlarning qoldiqlari tushuniladi.
I.V.Tyurinning ma’lumotlariga ko‘ra tuproqlarga yil davomida 5-8 tonna (1 gektar maydonga) o‘simlik qoldiqlari tushadi. Shundan 1-10 foizigina tuproq haydalma qatlamining organik moddasiga aylanadi. Tuproqning 0-20 santimetrli qatlamida 0,7-2,7 t/ga (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra 5-8 t/ga ) bakteriyalar bo‘lib, shulardan ko‘pi bilan 1-2 foizi organik moddaga aylanadi. Tuproqlarda kamroq miqdorda bo‘lsa ham kimyoviy jihatdan o‘ziga xos organik birikmalar mavjud, ular asosan organik kislotalar, oqsillar va boshqa o‘zida azot tutgan organik moddalar, smolalar, yog‘lar, aldegidlar, poliuron kislotalar, oshlovchi moddalar, lignin ko‘rinishida uchraydi.
Gumusga aylanmagan organik moddalar umumiy organik moddalarning 10-15 foizini tashkil qiladi, lekin shunday bo‘lsada, ularning tuproq unumdorligidagi ahamiyati katta.
Gumus moddalari tuproq organik qismining 85-90 foizini tashkil qiladi. Ular o‘zining tarkibi va xususiyatlariga ko‘ra asosan 3 ta guruhga bo‘linadi:
gumin kislotalar;
fulvo kislotalar;
guminlar.
Aytilganlar ichida gumin kislotalar yaxshi o‘rganilgan. Buni M.A.Pankovning “Tuproqshunoslik” darsligida to‘liq bayon qilingan. Gumin kislotalar o‘z ichiga tarkibi va xossalari jihatidan o‘xshash, lekin aynan bir xilda bo‘lmagan moddalarni oladi. Gumin kislotalarning eng sodda tarkibi quyidagichadir: uglerod- 55-62%, kislorod 31-39% , vodorod 2,8-6,6% va azot 3,3-5,1% .
Gumusning tarkibidagi ikkinchi modda – fulvo kislotalar bo‘lib, ular azotli yuqori molekulyar oksikarbon kislotalardan hisoblanadi. Fulvo kislotalar gumin kislotalardan o‘zining och tusli, suvda va mineral kislotalarda eruvchanligi va kislotali gidrolizga oson uchrashi bilan farq qiladi.
Fulvo kislotalarning eng sodda kimyoviy tarkibi quyidagicha: uglerod 45-48% , vodorod 5-6% , kislorod 43- 48,5% va azot 1,5 -3,0%.
Fulvo kislotalar tarkibidagi azot tuproq umumiy azotining 20-40% ini tashkil qiladi.
Tuproq chirindisi tarkibidagi guminlar tabiatan gumin kislotalarga o‘xshash bo‘lsada, tuproqning mineral qismiga kuchli bog‘langanligi bilan farq qiladi. Shu sababdan ham ular kislota va ishqorlarning ta’siriga ancha chidamli bo‘ladi. Chirindining bu fraksiyasi tarkibidagi azot tuproqdagi umumiy azotning 20-30% ini tashkil qiladi, nisbatan kuchli bog‘langan va mikroorganizmlarning ta’siriga chidamlidir.
Turli tuproq tiplari o‘zaro faqatgina chirindining miqdori bilan emas, balki gumin kislotalarning fulvo kislotalariga nisbati va ularning xossalari bilan farqlanadi. Masalan, chimli podzol tuproqlarda Sgk:Sfk teng 0,4-0,6 bo‘lsa, qora tuproqlarda bu nisbat 1,0-1,5 ga tengdir. O‘rta Osiyoning bo‘z tuproqlarida bu nisbatan ancha o‘zgaruvchan bo‘lib, cho‘l va bo‘z tuproqlar mintaqalarida sezilarli darajada farq qiladi.
Tuproqlardagi chirindi moddalarning juda kam qismigina erkin holatda bo‘lishi mumkin. Gumin va fulvo kislotalari tuproqning mineral qismi bilan kimyoviy va kolloid–kimyoviy ta’sirga kirishib turli tuman organo-mineral birikmalarni hosil qiladi. Bundan tashqari ular loyli minerallar tomonidan kuchli yutiladi va mikroorganizmlarning ta’siriga bardoshli bo‘lib qoladi.
Umuman olganda, chirindi moddalari mikrobiologik parchalanishga unchalik berilmasligi, qiyin minerallashishi bilan ajralib turadi. Lekin shunday bo‘lsada, ularda asta sekinlik bilan parchalanish sodir bo‘lib turadi.
Ko‘p yillik kuzatishlarning ko‘rsatishicha, qishloq xo‘jalik ekinlari o‘g‘itlanmasdan yetishtirilganda, gumus va azot zahirasining keskin kamayishi kuzatiladi. Bir yilda 1 ga maydonda o‘rtacha 4-10 santimetr qatlamda chirindining minerallashishi sodir bo‘ladi. Ayniqsa bu jarayon toza shudgor qilib tashlab qo‘yilgan maydonlarda ancha jadal kechadi.
Lekin tuproqda gumusning faqatgina parchalanishi emas, balki to‘planishi ham sodir bo‘ladi. Mazkur ikki jarayondan qaysi biri ustun bo‘lsa, gumus ortib yoki kamayib borishi kuzatiladi.
Tuproqlarda organik moddalarning miqdori nisbatan kam bo‘lsa ham, tuproq unumdorligi va o‘simliklarning oziqlanishida muhim ahamiyatga egadir. Gumus moddalarning ta’sirida silikatlar, alyumosilikatlar, kalsiy va magniy karbonatlarining hamda boshqa qiyin eriydigan birikmalarning parchalanishi sodir bo‘lib kalsiy, magniy, fosfor kabi oziq elementlari o‘simliklar o‘zlashtira oladigan shaklga o‘tadi.
Organik moddalar o‘simliklarning asosiy oziq manbai hisoblanadi, chunki ularda azot zahirasi to‘laligicha, qisman fosfor va oltingugurt hamda kamroq miqdorda kaliy, kalsiy, magniy va boshqa elementlar jamlangan bo‘ladi.
Organik moddalar ko‘pchilik tuproq mikroorganizmlari uchun asosiy va energiya materiali bo‘lib ham xizmat qiladi.
Dostları ilə paylaş: |