davlat xarajatlarining muntazam oshib borishi tashqi savdo defitsitining o‘sishiga sezilarli darajada hissa qo‘shib kelayotganligi shubhasiz.
Qolaversa, nisbatan qattiq monetar siyosatni ushlab turish yaqin kelajakda moliyaviy shart-sharoitlar nuqtai nazaridan manfaatliroq ekanligi hisobga olinsa, budjet xarajatlarini imkon qadar qisqartirish tashqi savdoning muvozanat nuqtaga tomon siljishini ta’minlashda eng optimal yechimlardan biri bo‘lishi mumkin. Masalan, manzilliligi so‘roq ostida bo‘lgan va samarasiz ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishdan voz kechish bu borada dadil qadam bo‘ladi. Sababi, bu singari loyihalar qisqa muddatda ijtimoiy kayfiyatning yaxshilanishigagina xizmat qilishi, aholining zaif qatlami turmush farovonligi oshgandek va barqarorlik o‘rnatilgandek illyuziya hosil qilishi mumkin, biroq yakunda aholi zaif qatlamining kambag‘allikdan qutilishi yoki mamlakatda uzoq muddatli barqarorlikka olib kelmaydi.
Umuman, samarasiz budjet xarajatlaridan tiyilishning boshqa vositalari ham topiladi, buning uchun qaror qabul qiluvchilarning irodasi zarur, xolos.
Tahlillardan xulosa qilish mumkinki, qaror qabul qiluvchilar tashqi savdo defitsitini qisqartirishni istasa, birinchi navbatda fiskal xarajatlarni kamaytirish yo‘lidan borish maqsadga muvofiq. Zero, hozirgi vaqtda monetar siyosatning yo‘nalishini o‘zgartirish qimmatga tushishi va ko‘plab insonlar uchun og‘ir kechishi shubhasiz. Sababi rag‘batlantiruvchi monetar siyosat inflyatsiyaning yanada tezlashishiga zamin yaratadi. Yuqori inflyatsiya esa moliyaviy barqarorlikka putur yetkazish bilan bir qatorda, aholining zaif qatlami uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi.
Fiskal siyosatda budjet xarajatlarini qisqartirish yo‘lidan borish qisqa muddatda o‘sish tempini biroz sekinlashtirishi mumkin — yuqorida guvohi bo‘lganimizdek, budjet xarajatlari hozirgi kunda YAIMning katta qismini tashkil etadi. Biroq, budjet xarajatlarini qisqartirish, birinchidan, qaror qabul qiluvchilarni tashvishga solayotgan tashqi savdo defitsitining qisqarishiga sabab bo‘lsa, ikkinchidan, inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichiga tezroq erishishga ham zamin yaratishi shubhasiz.