Dasturning informatsion uslubiy ta`minoti. Mazkur fanni o‘qitish jarayonida ta`limning zamonaviy metodlari, pedagogik va axborot-kommunikastiya texnologiyalarini qo‘llash nazarda tutilgan:
- multimedia xizmatlariga bag‘ishlangan mavzular zamonaviy kompyuter texnologiyalari yordamida prezentastiya va elektron-didaktik texnologiyalaridan foydalanilgan holda o‘tkaziladi;
- amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarda aqliy xujum, guruhli fikrlash, “ish o‘yini” va boshqa pedagogik texnologiyalardan foydalaniladi;
- amaliyot va laboratoriya mashg‘ulotlarida kichik guruhlar musobaqalari, guruhli fikrlash pedagogik texnologiyalarini qo‘llash nazarda tutiladi.
“Metrologiya, standartlashtirish va sertifikatlashtirish” fanidan talabalar bilimini kredit tizimi asosida baholash mezoni
Fan bo‘yicha talabalar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida ta`limning kredit tizimi sharoitlarida talabalar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga muvofiq tashkil etiladi.
“Metrologiya, standartlashtirish va sertifikatlashtirish” fani bo‘yicha kredit jadvallari, nazorat turi, shakli, soni hamda har bir nazoratga ajratilgan maksimal ball, shuningdek mustaqil ishlar va oraliq nazoratlarining saralash ballari haqidagi ma`lumotlar fan bo‘yicha birinchi mashg‘ulotda talabalarga e`lon qilinadi.
Fan bo‘yicha talabalarning bilim saviyasi va o‘zlashtirish darajasining Davlat ta`lim standartlariga muvofiqligini ta`minlash uchun quyidagi nazorat turlari o‘tkaziladi:
Joriy nazorat (JN) – talabaning fan mavzulari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash va baholash usuli. Joriy nazorat fanning xususiyatidan kelib chiqqan holda amaliyot mashg‘ulotlarda og‘zaki so‘rov, test o‘tkazish, suhbat, nazorat ishi, uy vazifalarini tekshirish va shu kabi boshqa shakllarda o‘tkazilishi mumkin;
Oraliq nazorat (ON) – semestr davomida o‘quv dasturining tegishli (fanning bir necha mavzularini o‘z ichiga olgan) bo‘limi tugallangandan keyin talabaning nazariy bilim, amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash va baholash usuli. Oraliq nazorat bir semestrda bir marta o‘tkaziladi va shakli (yozma, og‘zaki, test va hokazo) o‘quv faniga ajratilgan umumiy soatlar hajmidan kelib chiqqan holda belgilanadi;
Yakuniy nazorat (YaN) – semestr yakunida muayyan fan bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni talabalar tomonidan o‘zlashtirish darajasini baholash usuli. Yakuniy nazorat asosan tayanch tushuncha va iboralarga asoslangan “Yozma ish yoki test” shaklida o‘tkaziladi.
“Metrologiya, standartlashtirish va sertifikatlashtirish” kursi davomida talabalar 100 ballik tizimda baholanadi. Shundan 50% ball joriy va oraliq nazoratlarga, 50% ball esa yakuniy nazorat natijasiga ajratiladi.
Fan bo‘yicha joriy va oraliq nazoratga ajratilgan umumiy ballning 60 % (30 ball) saralash ball hisoblanib, ushbu foizdan kam ball to‘plagan talaba yakuniy nazoratga kiritilmaydi.
Yakuniy nazorat “Yozma ish” shaklida amalga oshirilganda, sinov ko‘p variantli usulda o‘tkaziladi. Har bir variant 5 ta nazariy savol va amaliy topshiriqlardan iborat. Nazariy savollar fan bo‘yicha tayanch so‘z va iboralar asosida tuzilgan bo‘lib, fanning barcha mavzularini o‘z ichiga qamrab oladi.
Har bir nazariy va amaliy topshiriq savollarga yozilgan javoblar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 0-10 ball oralig‘ida baholanadi. Talaba maksimal 50 ball to‘plashi mumkin.
Yozma sinov bo‘yicha umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash uchun variantda berilgan savollarning har biri uchun yozilgan javoblarga qo‘yilgan o‘zlashtirish ballari qo‘shiladi va yig‘indi talabaning yakuniy nazorat bo‘yicha o‘zlashtirish bali hisoblanadi.
Agarda yakuniy nazorat “Test” shaklida amalga oshirilganda, sinov ko‘p variantli usulda o‘tkaziladi. Har bir variant 25 ta test savollaridan iborat bo‘ladi. Nazariy savollar fan bo‘yicha tayanch so‘z va iboralar asosida tuzilgan bo‘lib, fanning barcha mavzularini o‘z ichiga qamrab oladi.
Test sinov bo‘yicha umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash uchun variantda berilgan savollarga to‘g‘ri belgilangan javoblarga qo‘yilgan ballari yakuniy nazorat bo‘yicha o‘zlashtirish bali hisoblanadi.
Yakuniy nazoratda 30 va undan ko‘p ball to‘plagan talaba fanni o‘zlashtirgan hisoblanadi. Fanni o‘zlashtirmagan talaba “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida ta`limning kredit tizimi sharoitlarida talabalar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga asosan qayta o‘qishga qo‘yiladi.