Nazorat uchun savollar va topshiriqlar
1. Dinshunoslik fanining predmeti va vazifalari nimalardan iborat?
2. Dinshunoslikning boshqa gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar
bilan aloqadorligini tahlil qiling.
3. Dinshunoslikning boshqa fanlardan farqli jihatlarini aniqlang.
4. Ichki ishlar organlari xodimlarining dinshunoslik fanini o‘rganish
zaruriyati nimalardan iborat?
5. Dinning tarkibiy qismlari deganda nimani tushunasiz?
6. Diniy psixologiya nima?
20
7. Diniy mafkura nima?
8. Diniy mafkuraning xususiyatlarini aytib bering.
9. Diniy marosimning qanday shakllarini bilasiz?
10. Diniy tashkilot deganda nimani tushunasiz?
11. Din jamiyatda qanday funksiyalarni bajaradi?
21
2-mavzu
DINNING ILK SHAKLLARI VA ULARNING INSON
DUNYOQARASHIGA TA’SIRI
Dinning vujudga kelish sabablarini o‘rganishga asosiy
yondashuvlar
Dinning vujudga kelish sabablarini o‘rganish qadimdan insoniyatni
qiziqtirib kelgan va hozir ham bu muammo o‘zining dolzarb ahamiyatini
yo‘qotmagan. Masalaning murakkabligi shundaki, ilk diniy qarashlar
paydo bo‘lgan insoniyat tarixining qadimgi davrlaridan bizgacha yetib
kelgan ashyoviy manbalar va etnografik ma’lumotlar ilmiy xulosa
chiqarishimiz uchun yetarli emas.
Qadimgi davrlardan dinni o‘rganishda muammoga yondashuv va ular-
ni hal etish usullari bilan o‘zaro farq qiladigan ilohiyot va ilmiy
yo‘nalishlar yuzaga kelgan.
Ilohiyot ta’limotiga ko‘ra olam, undagi barcha narsa va jonzodlarni
xudo yaratgan. Olamdagi barcha hodisa va jarayonlar uning irodasi bilan
yuz beradi. Jahon dinlaridan biri bo‘lgan xristianlik ta’limotiga binoan
xudo insonni o‘zining jismiga monand qilib yaratdi va moddiy olamga
egalik qilishni buyurgan. Xudo borliqni, shu jumladan, insonni ham
yaratgan vaqtda u bilan bevosita muloqotda bo‘lgan. Lekin, Odam Ato
(Adam) va Momo Havo (Yeva) xudoning irodasini bajarmay gunohga yo‘l
qo‘yganligi sababli, u bilan bevosita muloqot imtiyozidan mahrum bo‘ldi.
Lekin xudo insonga xalos bo‘lish imkoniyatini berdi. Insoniyat xudoni
bilish, ilohiy haqiqatni idrok etish salohiyatini saqlab qoldi. Zero, inson-
ning xudo bilan bevosita aloqani qayta tiklash yo‘lidagi faoliyati umumiy
nom bilan din deb ataladi.
Insoniyat xudo bilan aloqadan mahrum bo‘lganidan keyin jaholat,
zulmat, adolatsizlik, yovuzlik va muhtojlik kabi vayronkor kuchlarga qarshi
tinimsiz kurash olib borishga duchor qilindi. Qiyin sinovlarga duchor bo‘lgan
inson xudoni bilish maqsadidan voz kechmadi. Uning bu boradagi dastlabki
qadami xudoga ibodat qilishdan boshlangan. Injilda qayd etilishicha, inson
dastlabki ibodatida xudoga qurbonlik keltirgan. Mashaqqatli mehnat bilan
topgan mahsulotining bir qismini qurbonlikka bag‘ishlagan va yo‘l qo‘ygan
xatosi uchun har qanday sinovlardan o‘tishga tayyorligini namoyish etgan.
Ilohiyot insoniyat tarixini xudoni bilish tarixi deb biladi. Odamzod
asrlar davomida xudoni bilishga intilib, moddiy dunyo to‘g‘risidagi
bilimlarini takomillashtirib bordi va bu jarayon hali nihoyasiga yetgani
yo‘q.
22
Kishi xudoga e’tiqod qilishni dastlab yakka xudoga sig‘inishdan
boshlagan. Keyinchalik turli obyektiv va subyektiv sabablar tufayli tabiat
voqeliklarini ilohiylashtirgan va ko‘pxudolik paydo bo‘lgan. Uzoq vaqt
davom etgan izlanishlardan keyin yagona xudoga sig‘inish yana qayta
tiklandi. Ilohiyot an’analariga asoslanadigan dinshunoslar din tarixini
yuqorida qayd etilgan prinsiplar asosida o‘rganadi.
Fan dinning vujudga kelish sabablarini o‘rganishda boshqa prinsip va
qonuniyatlarga asoslanadi. Olamning g‘ayritabiiy kuch faoliyati natijasida
paydo bo‘lganligi g‘oyasi inkor qilinadi. Fan dinni madaniyatning tarkibiy
qismi sifatida ilmiy uslublarga tayanib o‘rganadi. Dinni ilmiy o‘rganish
dalillarga asoslanadi. Dinshunoslik bu dalillarni tabiiy va ijtimoiy
fanlardan oladi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra insoniyat hozirgi holatga ega bo‘lishi uchun
bir necha million yillik tadrijiy rivojlanish davrlaridan o‘tgan. Bu jarayon
bir qator bosqichlarga bo‘linadi. Miloddan avvalgi 40–35-ming yilliklarda
«Xomo xabilis» (ishbilarmon odam) o‘rnini «Xomo sapiyens» (ongli
odam) egallagan. «Xomo sapiyens»ning dastlabki vakili «kromanyon
odam» ajdodlaridan jismoniy tuzilishi, fiziologik va ruhiy imkoniyatlari
bilan keskin farq qilgan. Shu davrdan boshlab madaniyatning muhim
elementlari til orqali muloqot qilish, qon-qardoshlik aloqalari, o‘zaro
munosabatlarni axloq normalari asosida tartibga solish singari madaniyat
elementlari vujudga kelgan.
Bizgacha yetib kelgan arxeologik manbalarning tasdiqlashicha, yuqori
paleolit davridan boshlab odamlar vafot etgan urug‘doshlarini ko‘mish
marosimini amalga oshirganlar. Marhumlarning tanasiga rangli bo‘yoq
surtilgan, qabriga ov va mehnat qurollari, maishiy buyumlar qo‘yilgan. Qoya
va g‘orlarda chizilgan sujetlarda odamlar yarim odam va yarim hayvon
qiyofasida tasvirlangan. Ushbu ma’lumotlar ham o‘sha vaqtda dinning paydo
bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Dinning vujudga kelish sabablarini ilmiy o‘rganish qadimgi davrlardan
boshlangan. Dastlabki ilmiy qarashlar Qadimgi Sharq va Qadimgi O‘rta Yer
dengizi sivilizatsiyalarida namoyon bo‘lgan. O‘rta Yer dengizi havzasida
vujudga kelgan Qadimgi Grek va Rim sivilizatsiyalarida dinning vujudga
kelishini ilmiy o‘rganishda katta yutuqlar qo‘lga kiritilgan. Qadimgi grek
mutafakkirlari bunga munosabat masalasida ikki oqimga bo‘linadi. Birinchi
oqim tarafdorlari odamlarning xudoga e’tiqod qilishi sabablarini ruhiy (ideal)
kuchlarning obyektiv mavjudligi bilan bog‘lab tushuntirganlar; ikkinchi
oqim tarafdorlari esa dinning vujudga kelishini tabiiy va ijtimoiy sabablarini
axtarib topishga harakat qilganlar. Ularning fikrlariga ko‘ra, din o‘z-o‘zidan
23
(immanent) vujudga kelmagan, balki u odamlarni qo‘rqitish va jamiyat
qonunlarini bajarishga majbur qilish uchun o‘ylab topilgan. Qadimgi grek
mutafakkirlaridan biri bo‘lgan Demokrit dinni odamlarning tabiatdagi
dahshatli kuchlardan qo‘rqishlari va ular oldidagi ojizliklar sababli vujudga
kelgan deb hisoblagan. Albatta, buni inkor etib bo‘lmaydi, lekin xudoga
munosabatda odamlarda ko‘proq qo‘rqinch hissi emas, balki mehr-muhabbat
tuyg‘usi ustuvorlik qiladi. Bundan tashqari, qo‘rqinch hissining odamda naf-
ratni vujudga keltirishini ham unutmaslik kerak.
Antik davr hurfikrligi dinning vujudga kelishi sabablarini moddiy
borliq bilan uzviy bog‘lab tushuntirishda erishgan yutuqlari ilmiy
dinshunoslikning vujudga kelishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
O‘rta asrlarda ijtimoiy va siyosiy shart-sharoitlar ta’sirida dinning
iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotdagi o‘rni va mavqei yanada ortdi.
Cherkov va ruhoniylar dunyoviy hokimiyatga da’vogarlik qilish bilan
birga hurfikrlikning har qanday ko‘rinishlariga qarshi keskin kurashdilar.
Mutafakkirlarning haqiqatni izlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarida diniy
dogmalar doirasidan chetga chiqishga yo‘l qo‘yilmadi.
Yevropada Uyg‘onish davriga kelib, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy
hayotda amalga oshirilgan o‘zgarishlar (kapitalistik munosabatlarning
vujudga kelishi va rivojlanishi, fan va san’atning yuksalishi, gumanizm va
reformatsiya harakatlari) natijasida hurfikrlilik asta-sekin qayta tiklana
boshlagan. Ingliz mutafakkiri Tomas Gobbs (1588–1679 yillar) dinning
vujudga kelishi sabablarini odamlarning tabiat va jamiyat rivojlanishi
qonuniyatlarini bilmasligi, ular oldidagi ojizligi, doimo tahlika va qo‘rquvda
yashashlari bilan bog‘lab tushuntirgan. Niderlandiyalik mutafakkir
B. Spinoza esa (1632–1677 yillar) T. Gobbsning g‘oyalarini rivojlantirgan. U
o‘z kuchiga ishonmaslik, umid va qo‘rquv o‘rtasida doimiy ikkilanish
odamlarga xos deb hisoblagan va diniy e’tiqodning ular ta’sirida vujudga
kelgani to‘g‘risidagi g‘oyani ishlab chiqqan.
XVIII asrda feodal tuzum inqirozi sababli burjua revolutsiyalarining
yangi kuch bilan Yevropada yoyilishi mutafakkirlarning dinga
munosabatida o‘ta keskin namoyon bo‘lgan. Din – feodal tuzumning
inqirozi sababchisi va ijtimoiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi kuch, degan
kayfiyat ustuvorlik qilgan. Bunday fikr ayniqsa fransuz
ma’rifatparvarlarining qarashlarida keskin namoyon bo‘lgan. Ma’ri-
fatparvar P. Golbax (1723–1789) dinni kishining xayolida vujudga kelgan
safsata deb baholagan. F. Volter (1694–1778) diniy e’tiqod va cherkov
an’analarini tanqid qilib, agar din bo‘lmaganida uni o‘ylab topish kerak
edi, deb P.
Golbaxning fikrini qo‘llab-quvvatlagan. Ma’rifatparvar
24
P. S. Mareshal (1750–1803) dinni tanqid qilishda yanada keskin fikr
bildirgan va din inson uchun afyundir degan xulosaga kelgan.
Ma’rifatparvar mutafakkirlarning din vujudga kelishi sabablarini
o‘rganishda aytgan mulohazalarini amaliyotdan yiroq deb bo‘lmaydi.
Lekin ularning muammoni o‘rganishdagi ilmiy-obyektiv yondashuvlari
buzilganligi shubhasizdir, chunki dinni quruq safsatadan iborat voqelik
yoki inson uchun afyun deb baholash uning ijtimoiy hayotdagi ahamiyatini
to‘liq inkor etishdan boshqa hech narsa emas. Ayni damda
ma’rifatparvarlarning, o‘ta keskin bo‘lsa-da, dinning vujudga kelishini
ijtimoiy hayot bilan bog‘lab tushuntirishga urinishlari antik davr
hurfikrligining qayta tiklanishi va jamiyatda mustahkam o‘rniga ega
bo‘lishiga sharoit yaratganini qayd etish lozim.
XIX asrda dinning mohiyati va vujudga kelishi sabablarini kompleks
o‘rganish boshlagan. Ilmiy dinshunoslik maktablari, yo‘nalishlari va
ta’limotlari paydo bo‘lgan. Birinchilar qatorida V. Grimm, M. Myuller kabi
shaxslar rahbarligida mifologik maktab vujudga kelgan. Ushbu maktab
vakillari diniy e’tiqodlarni qadimgi munajjimlar bajarganlar va afsonalarda
ta’riflangan marosimlarni o‘rganishdan paydo bo‘lgan deb hisoblaganlar.
Ammo maktab vakillari rivojlangan diniy tizimlarni tahlil qilishda aniq
xulosalar bermaganlar.
Dinning paydo bo‘lishini o‘rganishda o‘sha davrda antropologik
maktabning vujudga kelishi muhim bo‘ldi. Ushbu maktabning vakillaridan
biri L.
Feyerbax (1806–1880) dinni tushuntirishda uning yerdagi
manbalari va ildizlarini izlab topishga harakat qilgan. Odamlar din
timsolida o‘zlarining tasavvurlari orqali vujudga keltirilgan obrazlarga
sog‘inadi deb diniy qarashlar va hissiyotlar kishilarda tug‘ma mavjudligi
to‘g‘risidagi ilohiyot g‘oyasini tanqid qilgan. Uning vujudga kelishi
sabablarini odamlarning ruhiy fiziologik xususiyatlari va qurshab turgan
tabiatdan axtarib topishga harakat qilgan. Mutafakkir diniy e’tiqodning
vujudga kelishida salbiy his-tuyg‘ular, ya’ni qo‘rqish, qayg‘u-iztirob
kabilar bilan birga shodlik, mehr-oqibat, sevgi, minnatdorlik singari ijobiy
his-tuyg‘ular ham ishtirok etishini qayd etgan.
XIX asrning o‘rtalarida vujudga kelgan marksizm dinni o‘rganishda
o‘zgacha yondashuvga asoslanadi. Unda ijtimoiy shart-sharoitlar va
jamiyat rivojlanishi darajasiga alohida e’tibor beriladi. Marksizm
ta’limotiga binoan, individ shaxs sifatida tarixiy shart-sharoitlar ta’sirida
shakllanadi. Shu bois diniy tasavvurlar inson ongida emas, balki tarixiy
jarayonlar ta’sirida paydo bo‘ladi. Din turlarining rivojlanishi ham o‘z-
25
o‘zidan yuz bermaydi. Ular ijtimoiy shart-sharoitlarning pishib yetilishi va
jamiyatning rivojlanishi ta’sirida o‘zgarib boradi.
Marksizm dinning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va ahamiyati masalasida
dinni hukmron sinflarning afkor xalq ommasini ezish vositasi, ijtimoiy
taraqqiyotga qarshi kuch hamda ma’naviy zulm shakli deb baholagan.
XX asrda dinning vujudga kelishi sabablarini antropologik
yondashuvidagidek ibtidoiy odamning abstrakt tafakkuri mahsuli, ongning
mantiq qoidalariga zid kelishi natijasi sifatida baholash va marksizmdagi
hukmron sinflarning afkor xalq ommasini ezish vositasi, ijtimoiy
taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi kuch kabilar bilan bog‘lab tushuntirishdan
farq qiluvchi g‘oyalar vujudga kelgan.
XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida dinni sotsiologik
o‘rganishda katta yutuqlar qo‘lga kiritilgan. Bu sohada nemis mutafakkiri
M.
Veber (1864–1920) va fransuz mutafakkiri E.
Dyurkgeymlarning
(1858–1917) xizmatlari katta bo‘lgan.
M. Veberning fikriga ko‘ra, sotsiologiyani dinning manbalari va
metafizik mohiyati masalasi emas, balki uning mavjudligi, shart-sharoitlari
qiziqtiradi. Sotsiologiya esa diniy g‘oyalar va tasavvurlarning kishilar
xatti-harakatlari va ijtimoiy hayotga ta’siri kabi masalalarni o‘rganishi
kerak.
M. Veber sotsiologiya predmetini dinning sotsial funksiyasidan kelib
chiqqan holda belgilagan. Dinni individ va jamiyatning ahamiyati,
simvollari va qadriyatlarini belgilovchi madaniy tizim, ijtimoiy institut deb
hisoblagan.
Din qadriyatlarning birlamchi asosidir. Zero, din kishi harakatiga
ma’no va mazmun baxsh etuvchi eng muhim usul sifatida uning maqsadini
belgilaydi. Din vositasida dunyo manzarasi ishlab chiqiladi, unda amal
qiladigan qadriyatlar va normalar tizimi hosil qilinadi. Bu esa hayot uchun
nimalar ahamiyatli yoki ahamiyatsiz ekanligini aniqlovchi vosita vazifasini
bajaradi.
E. Dyurkgeym dinni o‘rganishda M. Veberga nisbatan tamoman bosh-
qacha yondashadi. U dinni o‘rganishda sotsiologik tadqiqotlarning
umumiy prinsiplariga tayanadi. Uning fikriga ko‘ra, sotsial ma’lu-
motlarning manbai tafakkurda yoki alohida olingan kishilarning xatti-
harakatlarida emas, balki jamiyatdadir. Sotsial voqelik hosil bo‘lishi uchun
kamida bir necha kishi birlashib harakat qilishi va bu jarayon yangi
natijani vujudga keltirishi kerak. Mazkur jarayonlarning natijasi individ
ongidan tashqarida yuzaga kelganligi sababli, individual tafakkurlar uchun
xatti-harakatlar, qadriyatlar va normalar namunasi vujudga keladi va
26
mustahkamlanadi. Natija ijodiy jarayonda ishtirok etayotgan individ uchun
obyektiv voqelikka aylanadi. Din ijtimoiy voqelik bo‘lib, unda boshqa
ijtimoiy institutlarni o‘rganishdagi uslublar va baholash mezonlaridan ham
foydalanish mumkin.
Din muayyan ijtimoiy ehtiyojlarni ta’minlash maqsadida yuzaga
kelgan ijtimoiy institutdir. Uning manbai odamlarning ijtimoiy hayotidan
kelib chiqadi. Din orqali jamiyat o‘zini ilohiylashtiradi. Uning mavjudligi
va mohiyati ijtimoiy his-tuyg‘ularni muqaddaslashtirishga, jamiyatning
shaxsga ta’sirini mustahkamlashga xizmat qilishdan iborat bo‘ladi.
Dinni sotsiologik o‘rganish uni ijtimoiy voqelik sifatida yondashuvga
asoslanadi. Lekin din nafaqat sotsiologik, balki ruhiy voqelik ham
hisoblanadi. Din psixologiyasi vakillari uni o‘rganishda ushbu jihatlariga
alohida e’tibor beradilar. Ular dinning vujudga kelishi sabablarini odamni
o‘rab turgan tashqi dunyodan emas, balki insonning o‘zida, ichki borlig‘i
va hissiy-irodaviy kechinmalarida deb hisoblaydilar.
Din psixologiyasini o‘rganishda Z. Freydning (1856-1939) xizmatlari
katta bo‘lgan. Z. Freyd dinni inson faoliyatining mahsuli deb hisoblagan.
U dinning kishi tabiatga qaramligi sababli vujudga kelganligini qayd etgan
holda bilishning irratsional (lotinchada – mantiqsizlik, tafakkurga zid
qarashlar degan ma’nolarni anglatadi) mexanizmlarini hal qiluvchi
ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlagan.
Z. Freydning ta’limotiga ko‘ra, inson psixikasi uch darajaning o‘zaro
hamkorligidan hosil bo‘ladi: ongsizlik, ong oldi va onglilik darajalari.
Bularning ichida ongsizlik darajasi psixikada katta ahamiyatga ega. Inson
psixikasining bu darajasida tabiiy instinktlar va «birlamchi mayllar»
ustuvorlik qiladi. Z. Freyd asosiy mayllar qatorida jinsiy mayllarni ustun
qo‘ygan. Individning ongsizlik bilan bog‘liq mayllari jamiyat uchun katta
xavf-xatar tug‘diradi. Jamiyat o‘zini kishi mayllaridan himoya qilishi
uchun ijtimoiy normalar va boshqa madaniyat elementlaridan iborat
ustqurma mexanizmlarni vujudga keltirgan. O‘ta kuchli tabiiy ehtiyojlarni
ijtimoiy normalar bilan tiyib turish din yordamida mustahkamlanadi.
Z. Freydning fikriga ko‘ra, tabiiy mayllarning tiyilishi individ psixikasida
nevroz holatini vujudga keltiradi. Din ham jamoa nevrozining bir turidir.
Lekin din jamoa nevrozi sifatida kishini individual iztiroblardan saqlaydi,
individual nevrozning rivojlanishini to‘xtatadi va fojiali oqibatlarga olib
kelishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Yuqorida qayd etilgan fikrlardan kelib chiqib, dinni vujudga kelishi
sabablarini uning alohida xususiyatlarini o‘rganish bilan to‘liq tushuntirib
bo‘lmasligiga amin bo‘lamiz. Masalaga bunday yondashuv dinni kompleks
27
o‘rganishni taqozo etadi. Zero, kompleks o‘rganish uning jamiyatda takror
ishlab chiqarishga sabab bo‘ladigan ildizlarini aniqlashga yordam beradi.
Dinning vujudga kelishi, avloddan-avlodga o‘tib borishi va ri-
vojlanishi uchun shart-sharoitlarni shakllantiruvchi omillar uning ildizlari
deb ataladi. Dinning ildizlari uch qisimga bo‘linadi. Ularning har biri dinni
o‘rganishda juda muhim. Bu qisimlar birgalikda dinning vujudga kelishi
uchun shart-sharoit yaratadi. Ular quyidagilardan iborat:
1) dinning ijtimoiy ildizi kundalik hayotda kishilarning turmushini
belgilovchi moddiy va ma’naviy munosabatlar tizimidan iborat. Dinning
ijtimoiy ildizida moddiy sharoitlar ustuvor. Siyosiy ustqurma institutlari
dinga ikkilamchi ta’sir etadi.
Dinning ijtimoiy ildizini tashkil etuvchi jabhalardan biri ijtimoiy
hayotni stixiyali qonuniyatlar asosida rivojlanishidir. Undagi boshqarib
bo‘lmaydigan jarayonlar jamiyatda iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy
inqirozlarni, urushlarni, kasalliklarni keltirib chiqaradi. Tabiiyki, individ
ularning vayron qiluvchi ta’sirlaridan o‘zini himoya qilishga intiladi va
oqibatda g‘ayritabiiy kuchlardan najot so‘rab murojaat qilishga majbur
bo‘ladi.
2) dinning gnoseologik (grekcha
Dostları ilə paylaş: |