Protestantlarning o‘ziga xos jihatlari
Xristianlikning katta yo‘nalishlaridan yana bittasi protestantizmdir
(lotincha protestans – qarshi chiquvchi, norozi degan ma’nolarni
anglatadi). U XVI–XVII asrlarda G‘arbiy Yevropadagi feodal tuzum va
uning mafkuraviy tayanchi bo‘lgan reaksion katolitsizmga qarshi kuchli
ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-madaniy va diniy harakatlarning boshlanishi
sababli vujudga kelgan. Harakat ishtirokchilari katolik cherkovini
yevangeliyalar g‘oyalaridan chekinishda ayblab, uni asl holatiga
qaytarishni talab qilib chiqqanlar. Bu tarixda «reformatsiya harakati»
(lotincha reformatio – o‘zgartirish, to‘g‘rilash kabi ma’nolarni anglatadi)
deb ataladi.
Reformatsiya harakati chuqur tarixiy ildizga ega. Harakat bosh-
lanishidan oldingi davrlarda ham ruhoniylarning ma’naviy buzuqligi, o‘z
vazifasini suiiste’mol qilishlari, dabdababozliklari, kishilarga befarqlik,
tamagirlik va rasmiyatchilik kabi illatlari ilg‘or jamoatchilik vakillari
tomonidan keskin tanqid qilingan. Jumladan, Oksford universiteting
professori J.
Viklif va Praga universitetining professori YA.
Gusning
chiqishlarini alohida qayd etish lozim.
Germaniya va Shveysariya reformatsiyaning markazlari edi. Ushbu
harakat keyinchalik G‘arbiy Yevropaning boshqa davlatlariga yoyilgan.
Martin Lyuter (1483–1546), Tomas Myunser (1430–1525), J. Kalvin
(1509–1564) reformatsiya harakatining tashkilotchilari va rahbarlari
hisoblanganlar.
O‘rta asrlarda katolik cherkovi asosiy boylik sanaluvchi yer may-
donlarining katta qismiga egalik qilgan. Aholi daromadning o‘ndan bir
qismini soliq shaklida cherkovga to‘lagan. Ruhoniylar tushumlarni
ko‘paytirish maqsadida xizmat to‘lovlari miqdorini oshirib borish bilan birga
mansabni suiiste’mol qilish, tamagirlik, poraxo‘rlik kabi vositalardan
121
foydalanar edilar. Indulgensiyalar (lotincha ihduigehtia – rahm-shafqat degan
ma’noni anglatadi) sotish keng qo‘llanilgan. Ruhoniylarning ma’naviy
buzuqligi, befarqligi, beg‘amligi shu darajada keng ildiz otgan ediki, cherkov
uni o‘z doktrinasida ham aks ettirishga majbur bo‘lgan. Doktrinaga binoan,
ma’naviy fazilatlaridan qat’i nazar, diniy marosimni ruhoniy bajargan bo‘lsa,
ilohiy ahamiyatini yo‘qotmagan.
Katolik cherkovidagi «nosog‘lom» munosabatlar reformatsiya
harakatining vujudga kelishida muhim bo‘lgan, lekin uning asosiy sababi
o‘z umrini yashab bo‘lgan feodal munosabatlardir. Feodal jamiyat
negizida vujudga kelib, ijtimoiy mavqeini tobora mustahkamlab borgan
burjuaziya hokimiyat uchun kurashda dastlab eski jamiyatning mafkuraviy
tayanchi sanalgan katolik cherkovini mag‘lubiyatga uchratishi lozim
bo‘lgan.
Reformatsiya harakati dastlab Germaniyada Martin Lyuterning Rim
papasiga qarshi chiqishidan boshlangan. 1517 yil 31 oktabrda Martin
Lyuter o‘z qarashlarini 95 ta tezisda bayon etib, uni Vittenberg shahar
cherkovlaridan birining darvozasiga osib qo‘ygan. Tezislarda cherkovning
avliyolar yordamida xalos bo‘lish, a’rof, ruhoniylarning vositachilik
vazifasi haqidagi ta’limotlari tanqid qilingan. Keyinchalik Rim papasining
hokimiyati inkor qilingan. Lyuter cherkov tashkilotining iyerarxiya
prinsipi asosida tuzilishini va boshqarilishini rad etgan, Isoning xaloskorlik
kuchiga ishonchi orqali kishi mustaqil ravishda, cherkovning vosita-
chiligisiz xalos bo‘lishi mumkinligi g‘oyasini himoya qilgan.
Martin Lyuter rohiblikni bekor qilish, diniy marosimlarni
soddalashtirish va cherkovni dunyoviy hokimiyatga bo‘ysundirish ka-
bilarni talab qilib chiqqan. Uning talablari Germaniyada endigina
shakllana boshlagan burjuaziyaning manfaatlariga mos kelgan. Shu-
ningdek, ko‘pchilik nemis knazlari va feodal guruhlarining vakillari ham
unga xayrixohlik bildirgan. Mazkur guruhlar cherkovning katta yer
maydonlariga egalik qilishi, behisob boyliklarga egaligi, german
cherkovlarining Rim papasiga katta pul mablag‘lari ajratishi va
davlatlarning ichki ishlariga doimiy aralashuvi kabilardan norozi
bo‘lganlar.
Bir guruh lyuterchi nemis knazlarining talabi bilan Shpeyer Reyxstag
har bir nemis knazi o‘zi va fuqarosi uchun xohlagan dinni tanlash
huquqiga ega ekanligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Lekin Germaniyada
Rim papasiga qarshi kurash olib borishga qodir kuchli, markazlashgan
davlat yo‘q edi. Rim papasining tazyig‘i bilan 1529 yilda Reyxstag bu
122
qarorni bekor qilgan. Reyxstagning qaroriga javoban, 5 nafar nemis knazi
va 14 nafar imperiyaning shaharlari Reyxstagdagi ko‘pchilikka qarshi
norozilik (protest) bildirganlar. Mazkur voqeadan keyin xristianlikda
reformatsiya natijasida paydo bo‘lgan yangi yo‘nalish «protestantizm» deb
atala boshlangan.
Germaniyadagi reformatsiya harakatida aholining o‘rtahol va
kambag‘al tabaqalari ham keng ko‘lamda ishtirok etgan. Ularning man-
faatlarini Tomas Myunser o‘z qarashlarida himoya qilgan. Dastlab Tomas
Myunser siyosiy faoliyatini lyuterchilar harakatida ishtirok etishdan
boshlagan. Lekin keyinchalik Lyuterning qarashlari cheklanganligi va
hukmron tabaqalarning manfaatiga xizmat qilishidan norozilik bildirib,
diniy aqidalar va ijtimoiy-siyosiy muammolar tanqidida, Lyuterdan farqli
o‘laroq, murosasizlik yo‘lini tanlagan.
Tomas Myunser diniy ta’limotga munosabat sohasida cherkov tash-
kilotlarining quyidan yuqoriga bo‘ysunishiga asoslangan boshqaruv
tartibiga qarshi chiqqan, ortodoksal diniy ta’limotlar va yepiskoplar
hokimiyatini inkor qilgan, xudoga e’tiqod har bir kishining qalbida
tug‘ilishi kerak, deb hisoblagan. Shu bilan birga kishi Isoning ruhini
qalbida his qilsa, soxta haqiqat og‘usini tark etadi, oliy ilohiy haqiqatga
erishadi, bunga erishishdagi tenglik fuqarolarning huquqiy tengligini
bildiradi, deb ta’kidlagan. Tomas Myunser kishilarni umumiy tenglikka
asoslangan ilohiy jamiyat qurishga da’vat etgan. Tomas Myunserning
da’vati Germaniyadagi dehqonlar qo‘zg‘olonining shioriga aylangan.
Dehqonlar qo‘zg‘oloni mag‘lubiyat bilan tugagan va Tomas Myunser
asirga olinib, qatl etilgan. Uning tarafdorlari esa Yevropa davlatlariga
tarqab ketganlar.
XVI asrning birinchi yarmida reformatsiya harakati Yevropaning
boshqa davlatlariga yoyila boshlagan. Bu harakatning yirik markazlaridan
biri Shveysariya edi. Mamlakatning Jeneva va Syurix shaharlaridagi
harakatlarga J. Kalvin va U. Svingli rahbarlik qilganlar. Shveysariyadagi
reformatsiya harakati protestantizmda yangi kalvinizm oqimini vujudga
keltirgan. Kalvinizm – burjuaziyaning katolik cherkoviga qarshi kurashi
timsoli. Oqimda umum e’tirof etgan e’tiqod ramzi yo‘q. Injil esa diniy
ta’limotning yagona manbai hisoblanadi. Taqdiri azal haqidagi ta’limot
oqimning asosiy g‘oyalaridan biridir. Kalvinning fikricha, xudo ayrim
kishilarni abadiy rohat-farog‘atda, ayrimlarni do‘zax azobida qiynalib
123
yashash uchun yaratgan. Lekin har qanday kishi azoblardan xalos bo‘lishi
mumkin, chunki xudo uni yolg‘izlatib qo‘ymaydi. Xudoning marhamati
tushgan kishi tashabbuskor bo‘lishi va abadiy rohat-farog‘atda yashashga
loyiq ekanligini isbotlashi kerak. Bunday kishi tadbirkor va har ishda
omadli bo‘ladi. U dunyoning lazzatlaridan tiyilishi, tejamkor bo‘lishi va
kamtarona yashashi kerak.
O‘rta asrlarda diniy marosimlarda qo‘llanib kelingan ikonalar, sham
yoqish, xoch va boshqa vositalardan foydalanishdan voz kechilgan. Sirli
marosimlardan faqat ramziy ma’nodagi cho‘qintirish, non va vino
tortishdan foydalanilgan. Asosan cherkovda va’z o‘qishga katta e’tibor
berilib, marosim diniy qo‘shiqlar va xudoga sig‘inishlar bilan to‘ldirilgan.
Dindorlar jamoasini saylab qo‘yiladigan presviterlar (grekcha presbyteros
– oqsoqol degan ma’noni anglatadi, xristian cherkovidagi ruhoniy kishi) va
pastorlar (lotincha pastor – cho‘pon, podachi degan ma’nolarni anglatadi,
protestant cherkovining xizmatchisi) boshqargan. Ular ayni paytda diniy
marosimlarga rahbarlik ham qilganlar. Diniy tashkilotlarga esa avtonomiya
huquqi berilgan.
Reformatsiya harakatining yirik markazlaridan yana biri Angliya
bo‘lgan. Bu mamlakatda reformatsiya yuqori tabaqalarning tashabbusi va
boshchiligida amalga oshirilgan. 1531 yilda Angliya parlamenti katolik
cherkovi aqidalari va marosimlarini saqlab qolgan holda cherkovning Rim
papasidan mustaqilligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Cherkovga rahbarlik
qilish vakolati esa qirol zimmasiga yuklatilgan. Barcha monastirlar yopib
tashlanib, cherkov mulklari musodara qilingan. Rim papasiga qarshi
kurash tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan yakunlangan. 1571 yilda
Angliya parlamenti e’tiqod ramzi to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilgan.
Ushbu hujjat asosida anglikan cherkovi vujudga kelgan.
XVI asrda protestantizm yo‘nalishining asosiy oqimlari lyuteranlik,
kalvinizm va anglikanlar cherkovi vujudga kelgan. Lekin yo‘nalish
tarkibida oqimlarning shakllanish jarayoni hozirga qadar davom etmoqda.
Ular qatoridagi baptistlar, metodistlar va pyatidesyatiniklar oqimlarini
misol keltirish mumkin. Protestantizm yo‘nalishining turli oqimlardan
tashkil topganligi ular o‘rtasida diniy ta’limot, aqida va marosimlarda
umumiylik bormi, degan savol tug‘diradi.
Protestantizm ta’limotida cherkov va rohiblarning xudo va odamlar
o‘rtasidagi vositachilik vazifasi inkor qilinadi. Unda har bir kishining xudo
124
bilan bevosita muloqot qilish va xalos bo‘lish imkoniyatiga ega ekanligi
ta’kidlanadi. Ushbu aqidaning qabul qilinishi natijasida dindorlar
zimmasidagi og‘ir yuk bo‘lmish hashamatli monastirlarni qurish va ko‘p
sonli rohiblarni boqish zarurati o‘z-o‘zidan barham topgan.
Odamlarning xudo bilan bevosita aloqa o‘rnatishi haqidagi aqidadan
har bir dindorning ruhoniy bo‘lishi to‘g‘risidagi aqida paydo bo‘lgan.
Unga binoan, protestantlik e’tiqodini qabul qilib, cho‘qintirilgan kishi va’z
o‘qish va diniy marosimlarni bajarish huquqiga ega bo‘ladi. Bu
ruhoniylarning umuman inkor qilinishini bildirmaydi, protestant
ruhoniylari xristianlikning boshqa yo‘nalishlaridagidan farqlanadi.
Ruhoniylar dindorlar jamoasi tomonidan saylanadi va faqat unga hisob
beradi. Ularga dindorlarning tavba-tazarrusini qabul qilish va gunohlarini
kechirish huquqi berilmagan. Bunday ruhoniylarning oila qurishlari
mumkin va ular uchun selibat (lotincha caliebs – uylanmagan degan
ma’noni anglatadi) qasami bekor qilingan.
Injil – diniy ta’limotning asosiy manbai. Muqaddas rivoyatlar, ya’ni
Rim papasining hujjatlari, «cherkov otalari»ning asarlarining ilohiy
mazmunga egaligi tan olinmaydi, lekin ulardagi Injilning mazmunini aks
ettiruvchi qismlaridan foydalaniladi. Injilni dindorlar ona tilida o‘qishlari
e’tirof etilgan. Har bir kishi o‘z ona tilida diniy marosimlarni bajarish va
Injilni mustaqil tafsir qilish huquqiga ega.
Protestantizmning asosiy aqidalari sifatida qabul qilingan odamlarning
gunohkorligi va Isoning birlamchi gunohni yuvish uchun o‘zini qurbon
qilganligiga ishonish bilan xalos bo‘lish mumkinligi g‘oyasi targ‘ib
qilinadi. Sirli marosimlar, zohidlik, savob ish qilish kabilar kishining xalos
bo‘lishiga yordam berolmaydi. Odamlarning ichki tabiati birlamchi gunoh
ta’sirida tamoman o‘zgarganligi bois ular xudoning ko‘magisiz, mustaqil
yaxshilik qilish imkoniyatiga ega emas. Yaxshilikning namoyon bo‘lishi
insonning shaxsiy xislati emas, balki xudoga bo‘lgan muhabbatining sama-
rasidir. Odam gunohkor va gunohdan xalos bo‘lish uchun xudoni doimo
yodda tutishi, unga sig‘inishi kerak. Bu amal bilan mustahkamlanmasa,
kutilgan natijani bermaydi. Odam o‘zining kundalik vazifalarini
sidqidildan bajarishi lozim. O‘z vazifalariga sidqidildan yondashish
kishining xudoga nisbatan munosabati qanchalik samimiy ekanligidan
dalolat beradi.
125
Protestantizmda taqdiri azalga ishonish mavjud. Unga ko‘ra, xudo
kishining tug‘ilishidan oldin taqdirini belgilab qo‘yadi. Odamning yerdagi
hayotida xudo uning taqdirini qanday belgilaganini bilib bo‘lmaydi. Lekin
insonning mehnatsevarligi, ishdagi omadliligi, tijoratdagi yutuqlari,
badavlat va baxtli yashashi kabilar unga xudoning nazari tushganligi va
poklanish belgilari sifatida qabul qilinadi.
Protestantizmda diniy marosimlar soddalashtirilgan va ortiqcha
xarajatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Ibodatlar va’z va duo o‘qish, psalom (diniy
qasida va ashula)lar kuylash, Injildan parchalar o‘qish bilan cheklanadi.
Marhumlar ruhiga, Bibi Mariyam, avliyolar va ikonalarga sig‘inish,
a’rofga ishonish kabilar bekor qilingan. Ibodatxonalardan hashamatli va
ko‘p chiqim talab qiluvchi jihozlar (qo‘ng‘iroqlar, mehroblar, ikonalar,
haykallar va boshqa bezaklar) olib qo‘yilgan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, protestantizm yo‘nalishi G‘arbiy
Yevropada katolik cherkovining zo‘ravonligi, odamlar taqdiriga befarqligi,
ma’naviy aynishi, boylikka o‘chligi, ijtimoiy va madaniy hayotdagi
taraqqiyparvar o‘zgarishlarga to‘sqinligiga qarshi bo‘lgan yangi ijtimoiy-
siyosiy kuchlar mafkurasi sifatida vujudga kelgan. Qayd etish joizki, katolik
cherkoviga qarshi qaratilgan ijtimoiy-siyosiy harakat dahriylik harakati emas,
balki cherkovdagi illatlarga, ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi
siyosiy katolitsizmga qarshi qaratilgan harakat edi.
Dostları ilə paylaş: |