Nizom — muayyan davlat tuzilmalarini (masalan vazirliklar, davlat qo‘mitalarining) tashkil etish tartibi, tuzilishi, vazifasi, funksiyasi va vakolatlarini belgilab beruvchi kompleks tizimlashti- rilgan akt (hujjat)dir. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida tashkil etilgan barcha vazirliklar, davlat qo‘mitalari o‘z faoliyatlarini qonunlar hamda nizomlar asosida amalga oshiradilar. Nizom - boshqaruv aktlarining eng ko‘p tarqalgan turlaridan biridir. Nizom muayyan huquq ijodkorlik organi yoki vakolatli mansabdor shaxs tomonidan tasdiqlanadi. Eng ahamiyatli sohalarga taalluqli va yuridik
kuchi yuqoriroq bo‘lgan nizomlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tas- diqlanadi.
Ustav— boshqaruvning u yoki bu sohasidagi muayyan idora va tashkilotlarning faoliyatini tartibga soluvchi normalarni o‘zida aks ettiruvchi hujjatdir. Boshqaruv sohasida bevosita ishtirok etuvchi ko‘pgina davlat idoralarining, korxona, muassasa va tashkilotlarning faoliyati tegishli tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ustavlar asosida tartibga solinadi. Masalan, «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining faoliyati ustav asosida tartibga solinadi.
4-§. Ma’muriy huquqning O‘zbekiston Respublikasi huquq tizimida tutgan o‘rni
Boshqaruv jarayonida turli xil huquq normalari ta’siri ostida bo‘ladigan va ma’muriy huquq predmeti doirasiga kirmaydigan munosabatlar tartibga solinadi. Shu tariqa, O‘zbekiston Respublikasi huquq tizimi turli tarmoqlarining o‘zaro munosabati vujudga keladi.
Ma’muriy huquq fani konstitutsiyaviy huquq va moliya huquqi fanlariga juda yaqin turadi. Lekin shu bilan birga bu huquq tarmoqlari o‘zining tartibga solish predmeti (ijtimoiy munosabatlar doirasi) va o‘ziga xos xususiyatlariga qarab bir-biridan farqlanadi.
Konstitutsiyaviy huquq fani huquq tizimida alohida o‘rin egallaydi. Unda davlatning ijtimoiy tuzilishi va davlat siyosatining asoslari, davlat bilan shaxs o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, milliy- davlat va ma’muriy-hududiy tuzilish, davlat organlari tizimining asoslari, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari ifodalanadi. Konstitutsiyaviy huquq fanining predmeti ma’muriy huquq fanining predmetidan kengdir. Jumladan, konstitutsiyaviy huquq barcha davlat organlari uchun umumiy bo‘lgan tashkil etish va faoliyat ko‘rsatish prinsiðlarini belgilab beradi. Ma’muriy huquq normalari esa, yuqoridagilarga asoslanib, davlat boshqaruvida ularni qo‘llashni tartibga soladi.
Konstitutsiyaviy huquq fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va burchlarini ma’muriy huquq esa ularni amalga oshirish tartibini
belgilab beradi, yanada aniqlashtiradi; fuqarolarning huquqiy maqomini boshqa huquq va majburiyatlar bilan to‘ldiradi; fuqarolar tomonidan huquq, erkinlik va majburiyatlar bajarilishining boshqaruv mexanizmini belgilab beradi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan fuqarolar davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga egadir. Ushbu jarayon konstitut- siyaviy huquq normalari bilan tartibga solingan. Ma’muriy huquq esa, mana shu shikoyatlarning qaysi organga tegishliligi, shikoyatni ko‘rib chiqish muddati va tartibini belgilab beradi.
Ma’muriy huquq moliyahuquqibilan ham bog‘liqdir. Moliya huquqi davlatning moliyaviy faoliyati sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni, ya’ni davlat va mahalliy organlar oldida turgan vazifa va funksiyalarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida pul mablag‘lari jamg‘armalarini tashkil etish, taqsimlash va ulardan foydalanish jarayonidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. Moliya huquqining asosiy vazifasi O‘zbekiston Respublikasi milliy daromadini taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Davlatning moliyaviy faoliyati o‘z mazmuniga ko‘ra davlat boshqaruvining bir ko‘rinishi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan olganda, moliya huquqining tartibga solish predmeti ma’muriy huquqqa qaraganda torroqdir.
Moliya huquqida ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq berish uslubi (ma’muriy huquq singari) qo‘llaniladi.
Davlat moliyaviy faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organla- rining moliya sohasidagi vakolatlarining mazmunini moliya huquqi normalari, ularni amalga oshirish jarayonini esa, ma’muriy huquq normalari tartibga soladi. Demak, davlat moliyaviy faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlarining vakolat doirasini belgilovchi huquqiy normalar bir vaqtning o‘zida ham ma’muriy huquq, ham moliya huquqi normasi hisoblanadi.
Ma’muriy huquq moliya sohasidagi boshqaruv munosa- batlarini tartibga solsa, moliya huquqi moliyaviy munosabatlarning o‘zini tartibga soladi.
Uzoq vaqt mobaynida bu huquq tarmoqlari (konstitutsiyaviy, ma’muriy va moliya huquqi) yagona tarmoq sifatida o‘rganib kelingan. Keyinchalik jamiyatda ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishi, yangi ijtimoiy munosabatlarning vujudga kelishi bilan konstitutsiyaviy huquqdan ma’muriy huquq, ma’muriy huquqdan esa, moliya huquqi ajralib chiqdi. Hozirgi vaqtda moliya huquqi tarmog‘ining o‘zida ham yangi mustaqil tarmoqlarning (masalan, soliq huquqi, bank huquqi va hokazo) vujudga kelayotganini ko‘rish mumkin.
Ma’muriy huquq fuqarolik huquqi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu ikki huquq tarmog‘i ayrim hollarda bir xil ijtimoiy munosabatlarni turli uslublar yordamida tartibga soladi. Masalan, vakolatli davlat organining buyrug‘iga binoan bir xo‘jalik tashkiloti boshqasiga bino yoki inshootni beradi. Bunda davlat boshqaruv organi hokimiyat uslubidan foydalanadi, ya’ni ma’muriy huquq yordamida ikki xo‘jalik yurituvchi tashkilotning mulkiy munosabati tartibga solinadi. Fuqarolik huquqi esa, mazkur tashkilotlar o‘rtasida vujudga keladigan shartnoma munosabatlarining mazmunini belgilab beradi.
Fuqarolar ishtirokidagi ko‘pgina fuqarolik-huquqiy munosa- batlari davlat boshqaruv aktlari orqali vujudga kelishi mumkin. Ba’zi hollarda esa, mulkiy munosabatlar davlat boshqaruvi aktining o‘zidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri (ya’ni shartnomasiz) kelib chiqishi mumkin.
Ayrim hollarda davlat boshqaruv organlari davlat organi sifatida emas, balki fuqarolik huquqi normalari asosida harakat qiluvchi yuridik shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.
Demak, jamiyatda vujudga keladigan ayrim ijtimoiy munosa- batlar ma’muriy huquqning ham, fuqarolik huquqining ham tartibga solish predmeti tariqasida namoyon bo‘lishi mumkin. Lekin bu munosabatlar turli xildagi tartibga solish uslubiga ega. Fuqarolik huquqida ishtirok etuvchi tomonlar teng huquqlarga ega bo‘ladi. Ma’muriy huquqda esa, hamma vaqt bir tomonda davlat organi (mansabdor shaxs) ishtirok etganligi sababli, munosabat ishtirok- chilarining biri ikkinchisiga nisbatan ustun turadi, ya’ni davlat
manfaatini ko‘zlab harakat qilayotgan tomon ikkinchi tomonga majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarni beradi.
Ba’zi bir ma’muriy huquq normalari mehnat huquqi normalari bilan o‘zaro bog‘liq. Ma’muriy huquq normalari mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi davlat boshqaruv organlarining (masalan, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari) vakolatini belgilab beradi. Mehnat munosabatlari sohasidagi boshqaruv aktlarining mazmunini mehnat huquqi, ushbu aktlarni chiqarish tartibini ma’muriy huquq belgilaydi. Masalan, fuqaro korxona bilan mehnat shartnomasini tuzganida mehnat huquqi normalari bilan tartibga solinadigan munosabatlarga kirishadi. Korxona rahbarining xodimni ishga qabul qilish to‘g‘risida chiqargan buyrug‘i - ma’muriy huquq tomonidan tartibga solinadi. Davlat apparatidagi xizmat ma’muriy huquq tomonidan ham, mehnat huquqi tomonidan ham tartibga solinadi.
Ma’muriy huquq jinoyat huquqi bilan ham chambarchas bog‘liq. Ma’muriy huquq o‘zida ko‘pgina umummajburiy bo‘lgan qoidalarni (masalan, yo‘l harakati, pasport tizimi, sanitariya va hokazo) mujassamlashtiradi. Ma’muriy huquq fani qanday huquqbuzarliklar ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanishini, ularni ko‘rib chiqish tartibini, ma’muriy javobgarlik va jazoni belgilaydi. Jinoyat huquqi esa, qanday xatti-harakatlar jinoyat hisoblanishi va bular uchun qanday jinoiy javobgarlik choralari qo‘llanilishini belgilab beradi. Bu ikki huquq tarmog‘i bir-birining normalarini harakatga keltirishi mumkin. Masalan, takroran ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish jinoiy javobgarlik normalarini, ijtimoiy xavfi uncha katta bo‘lmagan qilmishlar esa ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi normalarni harakatga keltiradi1 .
Demak, ma’muriy huquqning O‘zbekiston Respublikasi huquq tizimida tutgan o‘rni va ahamiyatini aniqlash maqsadida, uni huquq tizimining boshqa tarmoqlari bilan o‘zaro munosabatini, ya’ni bir-biriga o‘xshash hamda o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlab olish lozim.
1Xyaoũ6epaueвaB.X.,Xoжueв℈.T.Ìаúìóðèé µó³ó³. у³óâ ³уллаíìа. – T.
2000. – 38-40-á.
Nazorat uchun savol va topshiriqlar
Boshqaruvning umumiy tushunchasini yoritib bering?
Davlat boshqaruvi deganda nimalarni tushunasiz?
Davlat boshqaruvining o‘ziga xos xususiyatlari nimada?
Davlat boshqaruvi funksiyalari haqida so‘zlab bering?
Davlat boshqaruvining asosiy prinsiðlarini nimalar tashkil etadi?
Ma’muriy huquq deganda nimani tushunchasiz?
Ma’muriy huquqning tartibga solish predmeti (ijtimoiy munosabatlar doirasi) nima?
Ma’muriy huquqning tartibga solish uslubi nimalarda ifodalanadi?
Ma’muriy huquq tizimi haqida so‘zlab bering.
Ma’muriy huquq manbalari haqida qanday tushunchaga egasiz?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ma’muriy huquq manbai sifatida.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining ma’muriy huquq manbai sifatidagi o‘rni haqida fikringiz.
Ma’muriy huquqning boshqa manbalari haqida so‘zlab bering.
Ma’muriy huquqning O‘zbekiston Respublikasi huquq tizimida tutgan o‘rni qanday?
Ma’muriy huquq va konstitutsiyaviy huquqning o‘zaro munosabatlari nimalarda ko‘rinadi?
Ma’muriy huquq va moliya huquqining o‘zaro munosabati haqida fikringizni bildiring.
Ma’muriy huquq va fuqarolik huquqining o‘zaro munosabati haqida so‘zlab bering.
Ma’muriy huquq va mehnat huquqining o‘zaro munosabati haqida fikr bildiring.
Ma’muriy huquq va jinoyat huquqining o‘zaro munosabati qanday?