To‘rtinchidan, ma’muriy-huquqiy munosabatlar irodaviy xususiyat kasb etadi, chunki uning o‘z-o‘zidan namoyon bo‘lishi va ishtirokchilarining yoki hech bo‘lmasa, ulardan birining xohish- irodasisiz amal qilishi mumkin emas. Binobarin, huquqiy munosabatga turtki beruvchi irodaviy harakat yuz berishi zarur.
Beshinchidan, ma’muriy-huquqiy munosabatlarda subyektning mavjudligi muqarrardir. Bunday subyekt sifatida, odatda, davlat boshqaruvining tegishli organi (yoki mansabdor shaxs) namoyon bo‘ladi. Mazkur munosabatlar ijroiya-boshqaruv faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha majburiyat va huquqlarga ega bo‘lgan subyektning ishtirokisiz vujudga kelishi mumkin emas. Ma’muriy-huquqiy munosabatlarning ehtimol tutilgan boshqa barcha subyektlari ikkinchi taraf bo‘lishi mumkin. Ma’muriy-huquqiy munosabat- larning mazkur xususiyati, avvalo shu bilan izohlanadiki, ijroiya- boshqaruv faoliyatini davlat nomidan amalga oshirishga davlat boshqaruvi organlari va ularning mansabdor shaxslari vakolatli bo‘ladi. Aynan shu sababli ularning ishtirokisiz huquqiy shakldagi boshqaruvga oid munosabatning bo‘lishi mumkin emas.
Oltinchidan, ma’muriy-huquqiy munosabatlar ham huquq kabi davlat tomonidan qo‘riqlanadi. Huquqiy munosabatni tashkil etuvchi huquqlar va majburiyatlarni buzganlik uchun yuridik javobgarlik belgilanadi. Bu bilan huquqiy munosabatlar ijtimoiy munosabatlarning boshqa turlaridan, xususan axloqiy munosa- batlardan farq qiladi.
Yettinchidan, ma’muriy-huquqiy munosabatlar yana shunisi bilan ajralib turadiki, ularning muqarrar subyekti doimo yuridik iroda bilan ish ko‘radi. Ularning bu xususiyati bundan oldingi xususiyat bilan belgilanadi va bevosita undan kelib chiqadi. Darhaqiqat, ma’muriy-huquqiy munosabatlarda muqarrar subyekt davlat nomidan ish ko‘rsa va bu munosabatlarda uning manfaatlarini ifoda etsa, u hokimiyat irodasisiz ish ko‘rishi mum- kin emas. Hokimiyat vakolatlari hamisha ijroiya-boshqaruv faoliyatini amalga oshiruvchi subyekt tomonida bo‘ladi.
Sakkizinchidan, ma’muriy-huquqiy munosabatlar taraflardan istalgan birining tashabbusi bilan yuzaga kelishi mumkin, lekin ikkinchi tarafning roziligi (istagi) muqarrar shart hisoblanmaydi. Bunday rozilik talab etilgan hollarda u ma’muriy-huquqiy
munosabat yuzaga kelishiga zamin yaratuvchi omil rolini o‘taydi. Ammo bu yerda rozilik bevosita huquqni vujudga keltiruvchi ahamiyat kasb etmaydi, ya’ni mustaqil yuridik aktga (masalan, shartnomaga) aylanmaydi. Bu hol, avvalo shu bilan izohlanadiki, davlat boshqaruvi organlari o‘z tashabbusi bilan muayyan ma’muriy-huquqiy munosabatlarni yaratishga haqlidirlar.
Binobarin, taraflar tashabbusi bevosita ma’muriy-huquqiy munosabatni u ma’muriy-huquqiy normalarda (huquqiy muno- sabat yuzaga kelishining yuridik sharti sifatida) nazarda tutilgan hollardagina vujudga keltiradi. Bunday munosabatlarga kirishishning huquqiy imkoniyati davlat boshqaruvi organlari uchun ayni vaqtda majburiyat ham hisoblanadi. Biroq, ma’muriy-huquqiy muno- sabatning boshqa taraflari bunday imkoniyatga ega bo‘lmaydi.
To‘qqizinchidan,ma’muriy-huquqiy munosabatlarning muhim xususiyati shundaki, ularning ishtirokchilari o‘rtasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolar, odatda, ma’muriy tartibda (sudsiz), ya’ni vakolatli davlat boshqaruvi organi (mansabdor shaxs)ning bevosita yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan va bir taraflama farmoyishi bilan hal qilinadi. Ayni vaqtda, amaldagi qonunchilik hujjatlarida bunday nizolarni sudda ko‘rishning ayrim holatlari nazarda tutiladi. Subyekt, obyekt va yuridik faktlar ma’muriy-huquqiy muno-
sabatlarning elementlarihisoblanadi.
Ma’muriy-huquqiy munosabatlarning subyektlariga ma’muriy huquqlar va majburiyatlar yuklatiladi; bular davlat boshqaruvi subyektlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, davlat idoralari xodimlari, fuqarolar, chet elliklar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardir. Davlat boshqaruvi organlari ma’muriy huquq layoqatining mohiyati ularning maxsus ijtimoiy vazifasi bilan belgilanadi. U mazkur organlarning u yoki bu hajmda davlat boshqaruvi vazifa- lariga ega bo‘lish va ularni bajarish, mazkur vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan ma’muriy-huquqiy munosabatlarga kirishish layoqatini anglatadi. Unga davlat boshqaruvi tizimining mazkur bo‘g‘iniga beriladigan davlat-boshqaruv vakolatlari hajmi mos keladi. Davlat boshqaruvi organlarining vakolatlari majmui belgilangan tartibda tasdiqlanadigan tegishli nizomlarda, shuningdek boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlanadi. Ularda muayyan boshqaruv organi ishtirok etishga haqli bo‘lgan huquqiy muno-
sabatlarning turlari, shuningdek unga berilgan vakolatlar va ma’muriy-huquqiy munosabatlarni amalga oshirish jarayonida u foydalanadigan davlat-boshqaruv vakolatlari doirasi belgilanadi.
Davlat boshqaruvi organining umumiy ma’muriy huquq layoqatiga uning tegishli hajmdagi ijroiya-boshqaruv funksiyalarini mustaqil bajarish layoqati xosdir. Bundan tashqari, boshqaruv organi maxsus ma’muriy huquq layoqatiga ega bo‘lishi ham mumkin. Bunday huquq layoqatiga muvofiq, boshqaruv organiga unga yuklatilgan vazifalarga mos keluvchi alohida vakolatlar beriladi. Masalan, ma’muriy majburlov choralarini bevosita qo‘llashga har qanday boshqaruv organi ham haqli emas. Odatda, maxsus huquq layoqati umumiy huquq layoqatiga qo‘shimcha hisoblanadi.
Davlat boshqaruv organlarining ma’muriy huquq layoqati ular tashkil topgan va vakolatlari belgilangan paytdan e’tiboran vujudga keladi; shu bilan bir vaqtda ushbu organlarning ma’muriy muomala layoqati, ya’ni o‘z huquq layoqatini amalda ro‘yobga chiqarish layoqati (imkoniyati) ham vujudga keladi.
Davlat xizmatchilarining ma’muriy huquq layoqati shu bilan belgilanadiki, ular amalda davlat boshqaruvi organlarining xizmat apparatiga uyushgan holda kundalik ijroiya-boshqaruv faoliyati bilan shug‘ullanadi. Tabiiyki, ushbu o‘rinda ma’muriy-boshqaruv personal tarkibiga kiruvchi xodimlar nazarda tutiladi.
Davlat xizmatchisining ma’muriy huquq layoqati u boshqaruv apparatida egallagan lavozimi bilan belgilanadi. Umuman olganda, u mazkur boshqaruv organining vakolatlari, uning ma’muriy huquq layoqati bilan belgilanadi. Davlat xizmatchisining faoliyati
organ faoliyatining tarkibiy qismidir, chunki har qanday boshqaruv organi mazkur organning vazifalari va tashkiliy tuzilmasiga bo‘ysundirilgan shaxslar jamoasi (guruhi) hisoblanadi. Davlat xizmatchisining vakolatlari majmui — u muayyan lavozimni egallagan organ vakolatlari majmuining bir qismi. Uning ma’muriy huquq layoqati lavozim yo‘riqnomalari bilan, agar ular bo‘lmasa, davlat huquqi va ma’muriy huquqning umumiy yoki maxsus normalari bilan belgilanadi.
Davlat xizmatchisi ma’muriy huquq layoqatining hajmi u xodimlarning qaysi toifasiga (rahbariy tarkib, yordamchi xodimlar) kirishi bilan belgilanadi. U mansabdor shaxslar va ma’muriy
hokimiyat vakillarida ayniqsa salmoqlidir, bunda ma’muriy shaxslar umumiy ma’muriy huquq layoqatiga, hokimiyat vakillari esa — maxsus ma’muriy huquq layoqatiga ega bo‘ladi. Davlat xizmatchilarining bu ikki toifasi vakillari tegishli davlat boshqaruvi organlarining boshqaruv vakolatlarini bevosita amalga oshiradilar. Yordamchi tarkib xodimlari, odatda, mansabdor shaxslar tomo- nidan boshqariladigan shaxslar hisoblanadi.
Jamoat birlashmalarining ma’muriy-huquqiy layoqati ustav normalari bilan emas, balki davlat organlarining hujjatlari bilan belgilanadi. Mazkur hujjatlarda jamoat birlashmalari organlarining davlat boshqaruvi sohasidagi vakolatlari, ular ishtirok etishi mumkin bo‘lgan ma’muriy-huquqiy munosabatlarning turlari nazarda tutiladi. Bunday hujjatlar qabul qilingan paytdan e’tiboran ular ma’muriy huquq subyektiga aylanadi.
Jamoat birlashmalari ishtirokidagi ma’muriy-huquqiy muno- sabatlar ularning o‘zida emas, balki ulardan tashqarida, ya’ni ular davlat boshqaruvi organlari, fuqarolar bilan hamkorlik qilishi chog‘ida yuzaga keladi.
Fuqarolarning ma’muriy huquq layoqati ular tug‘ilgan payt- dan boshlab vujudga keladi. Ularning davlat boshqaruvi sohasidagi muomala layoqati esa, odatda, 16 yoshdan paydo bo‘ladi.
Fuqarolarning ma’muriy huquq layoqati hajmi Konstitutsiya, qonunlar, shuningdek ma’muriy-huquqiy normalar mustahkam- langan boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi. Fuqarolar huquqlari va majburiyatlarining muayyan hajmi bir qancha holatlarga, chunonchi: ularning yoshi, ma’lumoti, jinsi, sog‘lig‘ining holatiga bog‘liq bo‘ladi. Fuqarolarning ma’muriy huquq layoqati ularda davlat boshqaruvi sohasida subyektiv huquqlar va majburiyatlar mavjudligi bilan tavsiflanadi.
Davlat boshqaruvi sohasidagi munosabatlar ma’muriy- huquqiy munosabatlarning umumiy obyekti hisoblanadi. Har bir muayyan ma’muriy-huquqiy munosabatda uning ishtirokchilari huquq va majburiyatlari yo‘naltirilgan obyekt mazkur munosabat obyekti hisoblanadi. Ma’muriy-huquqiy munosabatlarda boshqaruv sohasidagi subyektlarning xulq-atvori, harakatlari va ularning natijalari muayyan huquqiy munosabatlar obyekti sifatida namoyon bo‘ladi.