Ma’muriy qamoqqa olish — huquqbuzar shaxsga nisbatan uning shaxsiy erkinligini ma’lum bir muddat (uch sutkadan o‘n besh sutkagacha, favqulodda holat tartibi sharoitida esa, jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun — o‘ttiz sutkagacha)ga vaqtinchalik cheklash va jamiyatdan ajratib qo‘yishdan iborat bo‘lgan qattiq ma’muriy jazo turidir.
Ma’muriy qamoqqa olish tarzidagi ma’muriy jazo chorasi faqat ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar uchun belgilangan bo‘lib, ular o‘zining darajasi jihatidan jinoiy qilmishlarga yaqin bo‘lgan quyidagi huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladi:
giyohvandlik vositalarini yoki psixotrop moddalarni oz miqdorda g‘ayriqonuniy tarzda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish (56-m.);
tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish (60-m.);
d) mayda bezorilik (183-m.);
jamoat tartibiga va fuqarolarning xavfsizligiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish (184-m.);
jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichish, xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish (187-m., 2-q);
militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, uni takror sodir etish (194-m., 2-q.);
militsiya xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish (195-m.);
chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarning qonuniy talablarini bajarmaslik va ularning qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish (1961-m., 3-q.);
g‘ayriqonuniy nodavlat notijorat tashkilotlari, oqimlar, sektalarning faoliyatida qatnashishga undash (2021-m.);
favqulodda holat tartibining talablarini buzish (204-m.);
favqulodda holat tartibi sharoitida jamoat tartibiga tajovuz qilish (205-m.). Mazkur huquqbuzarlik uchun o‘ttiz sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazo chorasi qo‘llaniladi;
nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatni amalga oshirish tartibini buzishi (239-m.);
diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzish (240-m.);
diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish (241-m.). Mazkur ma’muriy-huquqiy normalarning sanksiyalarida asosan ma’muriy qamoqqa olish jazo chorasining faqat eng ko‘p muddati keltiriladi. Bunday hollarda ma’muriy qamoqqa olish uch sutkadan muayyan moddaning sanksiyasida ko‘rsatib o‘tilgan
muddatgacha tayinlanishi mumkin.
Ma’muriy qamoqqa olish faqat tuman (shahar) sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyasi tomonidan, favqulodda holat
tartibi sharoitida esa, harbiy komendant yoki ichki ishlar organi boshlig‘i tomonidan qo‘llanilishi mumkin.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 29-moddasining 2- qismida ma’muriy qamoqqa olish jazo chorasini qo‘llab bo‘lmay- digan shaxslar ro‘yxati belgilangan bo‘lib, ushbu ma’muriy- huquqiy normaga asosan homilador ayollarga, uch yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollarga, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini yakka o‘zi tarbiyalayotgan shaxslarga, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs- larga, birinchi va ikkinchi guruh nogironlariga hamda MJTKning 16-moddasida ko‘rsatilgan harbiy xizmatchilar va yig‘inga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar, shuningdek ichki ishlar organlarining safdorlar va boshliqlar tarkibiga mansub shaxslarga nisbatan ma’muriy qamoqqa olish jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin emas.
Ma’muriy qamoqqa olish to‘g‘risidagi qaror boshqa ayrim ma’muriy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlardan, qaror chiqarilgandan keyin darhol ijro etilishi bilan farqlanadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida ma’muriy qamoq jazosini o‘tash tartibi belgilangan bo‘lib, u o‘z ichiga quyidagilarni qamrab oladi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar ichki ishlar organlari belgilab qo‘ygan joylarda qamoqda saqlanadilar. Ma’muriy qamoqqa olish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish chog‘ida qamoqqa olinganlar o‘rnatilgan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkaziladilar. Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish muddati ma’muriy qamoq muddatiga qo‘shib hisoblanadi.
Shuningdek, ma’muriy qamoqni o‘tash O‘zbekiston Respub- likasi qonunlarida belgilangan qoidalar asosida amalga oshiriladi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan jismoniy ishlarda foydalaniladi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar mehnatidan foydalanishni tashkil etish tuman (shahar) hokimliklariga yuk- latiladi.
Ma’muriy qamoqqa olingan doimiy ish joyiga ega bo‘lgan shaxslarga qamoqda bo‘lgan vaqtlari uchun doimiy ish joylaridan ish haqi to‘lanmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining «Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash xarajatlarini undirish to‘g‘risida»gi qonuniga1
muvofiq, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyaning qaroriga binoan ularni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar sutkasiga eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida undirib olinadi.
Shaxs ma’muriy qamoqda bo‘lgan vaqtida ishlab, o‘zini saqlash xarajatlarini qoplagan hollarda undan xarajatlar undirib olinmaydi. Agarda ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar mehnatga qobiliyatsiz bo‘lsalar, ular ham bu xarajatlarni undirishdan ozod qilinadilar. Shu bilan birga, ayrim hollarda sudya aniq holatlarni va huquqbuzarning shaxsini hisobga olib, uni mazkur xarajatlarni to‘lashdan ozod qilishi mumkin.
Nazorat uchun savol va topshiriqlar
Ma’muriy jazo va uning maqsadi nimalardan iborat?
Ma’muriy jazoning qanday vazifalari mavjud?
Ma’muriy jazoni qo‘llash asoslari qanday?
Ma’muriy jazo qo‘llanishining umumiy qoidalari haqida so‘zlab bering.
Qanday hollarda yengilroq ma’muriy jazo chorasi qo‘llaniladi?
Bir necha huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qanday ma’muriy jazo qo‘llaniladi?
Ma’muriy jazoning qo‘llanish muddatlari haqida so‘zlab bering.
Ma’muriy jazo choralari haqida tushuntiring.
Asosiy ma’muriy jazo deganda nimani tushunasiz?
Qo‘shimcha ma’muriy jazo deganda nimani tushunasiz?
Ma’muriy jarima qanday tartib va asoslarda undiriladi?
Ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish nima degani?
Ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevo- sita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilish deganda nimani tushunasiz?
Muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum etish qanday hollarda yuz beradi?
Ma’muriy qamoq jazo chorasini qo‘llashning asoslari va tartiblari haqida so‘zlab bering.
bob
AYRIM TURDAGI HUQUQBUZARLIKLAR UCHUN MA’MURIY JAVOBGARLIK