66-modda. “Mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak”.
Dunyo davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining bugungi bosqichida integratsiyalashuv va globallashuv tobora kuchayib boryapti. Bunda har bir mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligi, eng avvalo, hududda istiqomat qiladigan aholining iqtisodiy jihatdan ijtimoiylashgani, iqtisodiy tarbiyalangani hamda iqtisodiy yo‘nalganligi darajasi bilan aniqlanadi. Davlatning iqtisodiy ta’lim borasidagi olib borayotgan siyosati, amalga oshirayotgan islohotlari, barcha ilmiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishlarining yakuniy ko‘rsatkichi, qisqacha aytganda, iqtisodiy bilimdonligi raqobatbardoshlikning ta’minlanishi bilan xarakterlanadi.
Gap, bugungi davr insonlarining iqtisodiy bilim va tushunchalarga ega bo‘lishi, bu borada erkin qarorlar qabul qila olishi, jarayonga to‘g‘ri yondashuvi hamda buning uchun sharoitlar yaratish haqida bormoqda. Buni O‘zbekistonning oxirgi yillardagi islohotlari, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotini erkinlashtirish borasidagi faol harakatlari misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Davlatimiz rahbarining har bir nutqi va asarlarida mulkdorlar sinfi, tadbirkorlar, kichik biznes, dehqon va fermer xo‘jaliklari muammolariga alohida o‘rin berilishi Yangi O‘zbekiston fuqarolari shaxsida sotsial-iqtisodiy tarbiyani mustahkamlash, iqtisodiy tafakkurni shakllantirish, shaxs tuzilmasida iqtisodiy ong komponentlarining o‘rni qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligini isbotlaydi. Zero, bozor munosabatlariga o‘tishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan sotsial-iqtisodiy tanazzulning oldini olish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy qoloqlikning o‘rnini sog‘lom g‘oyalar, ilmiy asoslangan bilimlar, tushunchalar va dunyoqarash bilan to‘ldirish ishbilarmon inson shaxsini shakllantirishdagi muhim vazifadir.
67-modda. “Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi. Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli. O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi. Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi”.
Erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ilg‘or tajribalar asosida soliq va bojxona ma’murchiligi yengillashtirilyapti. Joriy yilda ham qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizga pasaytirildi. Buning hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida kamida 14 trillion so‘m mablag‘ qolishi hisob-kitob qilingan. Tabiiyki, bu mablag‘ biznesni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ishchi-xodimlarning, demakki, aholining turmush farovonligi uchun yo‘naltiriladi. Ya’ni, fuqarolarning ta’lim olishi, munosib sharoitlarda mehnat qilib, daromad topishi uchun sharoit, imkoniyatlar yaratilyapti. Endi hamma gap, shu imkoniyatlardan to‘g‘ri va unumli foydalanishda. Buning uchun esa iqtisodiy bilim va ko‘nikma zarur.
Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi.
Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.
Monopolistik faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi.
Erkin bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatning iqtisodiy jarayonlarni boshqarishga doir konstitutsiyaviy vazifa va funksiyalarini aniq belgilash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga qaramasdan, tadbirkorlikka aralashish yoki ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilish kabi holatlarga xanuzgacha guvoh bo‘lmoqdamiz. Hattoki ushbu harakatlar uchun javobgarlik kiritilganligi ham ularning oldini olishga lozim darajada imkoniyat bermayapti.
Shu bilan birga, hammamiz uchun ayrim mulkdorlar tomonidan atrof muhitga zarar yetkazish (daraxtlarni kesish, xavoni ifloslantirish va hoq.) “kun mavzusi”ga aylangan bo‘lib, ko‘p hollarda aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Bunday holatlarni oldini olish maqsadida Konstitutsiyaning 67-moddasiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, kiritilayotgan o‘zgartirishlar quyidagi holatlarni mustahkamlaydi:
• Davlat bozor iqtisodiyotining rivojlanishi va halol raqobat uchun zamin yaratadi.
• Davlat tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni, shart- sharoitlarni ta’minlaydi.
• Tadbirkorlar o‘z faoliyatining yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlashga haqli.
Tadbirkor uchun o‘z faoliyatining yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlash qanchalik ahamiyatli?
Birinchidan, bu tadbirkorlar uchun iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida faoliyat yuritish imkoniyatini taqdim etadi. Bunda, muayyan faoliyat bilan shug‘ullanishi qonun hujjatlari bilan taqiq qo‘yilmaganligi talab etiladi, xolos.
Ikkinchidan, bu tadbirkorlarga o‘z biznes strategiyalarini boshqa shaxslarni, davlat organi va uni mansabdor shaxslarining o‘zboshimchalik bilan aralashuvisiz ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatini beradi.
• O‘zbekiston Respublikasida tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.
Sodda qilib aytganda, hokim bo‘ladimi, vazir bo‘ladimi, hech bir amaldor tadbirkor va fermerlar mahsulotlarini bir viloyatdan boshqa viloyatga olib o‘tishiga, sotilishiga to‘sqinlik qilishiga haqqi bo‘lmaydi.
• Monopolistik faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi.
Monopolistik faoliyatni bozor qonuniyatlariga amal qilgan holda tartibga solish nazarda tutilmoqda, chunki iqtisodiyotdagi har qanday monopollashuvdan barcha birdek aziyat chekadi: mijoz ham, tadbirkor ham, davlat ham. Shu bois, davlat tarafidan monopolistik faoliyatga qarshi kurashish kabi muhim vazifani o‘z zimmasiga olishi biznes hamjamiyatning ham, fuqarolarning ham manfaatiga javob beradi.
Konstitutsiyaga ushbu normaning kiritilishi tovar va xizmatlar bozorining barcha ishtirokchilari uchun teng iqtisodiy-huquqiy imkoniyatlar yaratish orqali tadbirkorlar o‘rtasida halol raqobatni rivojlantirishga hamda ishlab chiqarishga yangiliklarni tezkor joriy etish orqali samaradorligini ortishiga xizmat qiladi.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur o‘zgarishlar kelajakda davlat tomonidan bozor iqtisodiyotini rivojlanishi uchun iqtisodiy erkinlikni ta’minlash, qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yaratish, tadbirkorlar o‘zlarini faoliyat yo‘nalishini mustaqil tanlash hamda O‘zbekistonda tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘larni erkin harakatlanishiga shart-sharoit yaratadi.
Ushbu qoida kelgusida turli darajadagi mansabdor shaxslar tomonidan tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishini cheklovchi qarorlar qabul qilinishini taqiqlaydi.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur qo‘shimchalar “qonunda taqiqlanmagan har qanday faoliyatga ruxsat beriladi” tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni asosiy mezonlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlaydi.
Ushbu qoidaning kiritilishi tadbirkorlik faoliyatini to‘sqinliksiz amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi, shuningdek, mamlakatda biznes muhitini rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.