O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” faniga kirish. Fanning predmeti, maqsadi va vazifalari



Yüklə 296,23 Kb.
səhifə61/96
tarix09.10.2023
ölçüsü296,23 Kb.
#153229
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   96
Seminar mavzulari — копия (6)

100-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi oʻz tarkibidan Qonunchilik palatasining Spikeri va uning oʻrinbosarlarini saylaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri boʻlishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri:
1) Qonunchilik palatasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
3) Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Qonunchilik palatasi qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
5) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʻliq Qonunchilik palatasi guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda Qonunchilik palatasi nomidan ish koʻradi;
7) Qonunchilik palatasi qarorlarini imzolaydi;
8) ushbu Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri farmoyishlar chiqaradi.
Maʼlumki, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi 120 deputatdan iborat tarkibda oʻz faoliyatini amalga oshiradi. Bu, oʻz navbatida, deputatlar orasidan boshqaruvchi va uning oʻrinbosarlari saylanishini talab etadi. Shundan kelib chiqqan holda Qonunchilik palatasida “Spiker” lavozimi taʼsis etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi har ikki palatasi rahbarini nomlashda dunyo huquqiy tajribasi hamda umuminsoniy qadriyatlarga suyangan holda ish olib borildi va natijada Qonunchilik palatasi boshqaruvchisi – “Spiker”, Senat rahbari – “Rais” deya nomlandi.
Qonunchilik palatasi Spikerini saylash tartibi quyidagicha:
Yangi faoliyatini boshlagan Qonunchilik palatasida Spiker saylangunga qadar uning majlislariga Markaziy saylov komissiyasining Raisi rahbarlik qiladi. Qonunchilik palatasining birinchi majlisi Qonunchilik palatasi Spikerini saylashdan boshlanadi.
Oqsoqollar kengashining tarkibi toʻgʻrisidagi taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi kiritadi. Oqsoqollar kengashi tarkibiga: Markaziy saylov komissiyasining Raisi; deputatlik faoliyatida katta tajribaga ega boʻlgan, yoshi eng ulugʻ deputatlar; nomzodlari Qonunchilik palatasiga saylangan siyosiy partiyalar deputatlarining vakillari; Qonunchilik palatasiga saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlarning vakillari kiritiladi.
Oqsoqollar kengashining tarkibi toʻgʻrisidagi qaror Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Oqsoqollar kengashi Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzodlarni, qoida tariqasida, eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiyalar yoki saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar orasidan koʻrsatadi.
Nomzod, agar u yashirin ovoz berish natijasida Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan koʻp ovozini olgan boʻlsa, Qonunchilik palatasining Spikeri etib saylangan hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 11 apreldagi "Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida"gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 29-avgustda qabul qilingan "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida"gi qonunga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Bunda, Qonunchilik palatasida tuzilgan fraksiya oʻz vakili Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari lavozimlaridan birini egallashida kafolatli huquqqa ega ekanligi inobatga olinadi.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarini saylash uchun fraksiya, qoida tariqasida, oʻz fraksiyasi rahbarining nomzodini kiritadi.
Fraksiyadan taqdim etilgan nomzod Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari lavozimiga saylanmagan taqdirda, fraksiya oʻz fraksiyasi aʼzolari orasidan boshqa nomzodni taqdim etish huquqiga ega.
Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari saylanganligi toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinadi, qarorlarni palata majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
Qonunchilik palatasi Spikeri yashirin ovoz berish orqali Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin.
Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin:
Oʻzining lavozimdan ozod qilishni soʻrab murojaat etgan arizasiga asosan. Oʻz ixtiyori yoki boshqa subyektiv sabablarga koʻra faoliyatini davom ettirishni xohlamagan Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari ariza orqali murojaat qilishlari mumkin. Ariza koʻrib chiqilib, qanoatlantiriladi.
Sogʻligi yomonlashganligi (kasalligi) tufayli. Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari kasalligi tufayli, maxsus tibbiyot boʻlimining xulosasiga asosan muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin.
Oʻz vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun. Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari oʻzlarining xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganliklari uchun, oʻz xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan yondoshganliklari uchun muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga zid normativ-huquqiy hujjat chiqarganliklari uchun. Ushbu holatda muayyan manfaat boʻlishi mumkin. Harakat qasddan, oldindan bilib turib, amalga oshirilgan boʻlishi lozim.
Maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etgan holatlarda. Qachonki, sud ularni aybdor deb topsa.
Qonunchilik palatasi Spikerini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masala Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismidan iborat Qonunchilik palatasi deputatlari guruhining taklifiga binoan palata tomonidan koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasi Spikerini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, qarorni palata majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri quyidagi vakolatlarga ega:
1) Qonunchilik palatasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi. Qonunchilik palatasi bir yilda kamida uch marta oʻz majlislarini oʻtkazadi. Uning chaqirilish sanasi, koʻriladigan masalalar tartibi qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan belgilanadi. Belgilangan muddatda Spiker tomonidan majlislar chaqiriladi.
Qonunchilik palatasi majlislariga Spiker raislik qiladi. U kun tartibidagi masalalar boʻyicha tegishli qoʻmita aʼzolari yoki boshqa oʻz fikrini bildiruvchi ishtirokchilarga navbatma-navbat soʻz beradi.
2) Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi. Quyi palataning navbatdagi yoki navbatdan tashqari majlislarida koʻriladigan masalalar Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan tegishli qoʻmitalarga taqdim etiladi. Ularni tayyorlashga umumiy rahbarlik Spikerning vakolatiga tegishli.
3) Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Qonunchilik palatasida mavjud turli qoʻmitalar faoliyatini uygʻunlashtiradi, ularni qonunlarni puxta, aniq va sifatli tarzda ishlab chiqishga yoʻnaltiradi.
Qonunchilik palatasi tarkibida turli masalalar boʻyicha tashkil etilgan komissiyalarning asosiy faoliyat yoʻnalishini belgilaydi va ular tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlarni baholaydi, ulardagi kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish choralarini koʻradi.
4) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Qonunchilik palatasi qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi. Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan qonunlar hamda qonunchilik palatasi tomonidan chiqarilgan va amalga kiritilgan qarorlarning ijroiya hokimiyat organlari va fuqarolar tomonidan qay daraja amalga joriy etilayotganligi ustidan nazoratni tashkil etadi. Olingan natijalarga asoslanib, tegishli xulosa chiqaradi va istiqbolli rejalarni belgilaydi.
5) Parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʻliq Qonunchilik palatasi guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi. Oliy Majlis faoliyatida parlamentlararo aloqalar muhim oʻrin egallaydi. Ushbu faoliyat orqali turli mamlakatlar qonun chiqaruvchi organlari tajriba almashadilar va oʻz amaliyotlarini boyitadilar. Shunday tadbirlar bilan bogʻliq Qonunchilik palatasi guruhlariga rahbarlik Spiker tomonidan amalga oshiriladi. Misol uchun biror davlatning parlament vakillari Oʻzbekistonga tashrif buyursa, Spiker ular bilan uchrashadi, hamkorlik qiladi va h.k.
6) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va oʻzga tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda Qonunchilik palatasi nomidan ish koʻradi. Qonunchilik palatasi ijtimoiy hayotning turli masalalari yuzasidan Oliy Majlis Senati, davlat organlari, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan huquqiy munosabatlarda ishtirok etadi. Ushbu hamkorlik natijalarida tuzilgan bitimlar, shartnomalar va boshqa hujjatlar Spiker tomonidan imzolanadi. Yuqoridagi tuzilmalar bilan oʻrnatilgan hamkorlikda Spiker Qonunchilik palatasi nomidan ish olib boradi.
7) Qonunchilik palatasi qarorlarini imzolaydi. Qonunchilik palatasi oʻzining vakolatiga kiritilgan masalalar yuzasidan, shuningdek, palataning ichki faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi. Qabul qilingan qarorlar Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan imzolanadi.
8) Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. Bu vakolatlar Qonunchilik palatasi Spikerining vakolatlari sharhlanayotgan moddada ixchamlashtirilgan (8 ta) tartibda berilgan. Bularga qoʻshimcha vakolatlarning yana bir nechasini sanashimiz mumkin. Misol uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy qonunning 14-moddasida Qonunchilik palatasi Spikeri vakolatlarining 14 tasi koʻrsatilgan. Umuman normativ-huquqiy hujjatlarda qanday vakolatlar koʻzda tutilgan boʻlsa, Qonunchilik palatasi Spikeri barchasidan foydalanishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri farmoyishlar chiqaradi. Maʼlumki, vakolatli davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan chiqariladigan normativ-huquqiy hujjatlar mazmuniga koʻra tasniflanadi. Ular: qonun, qaror, farmoyish, buyruq, koʻrsatma shaklida boʻlishi mumkin. Qonunchilik palatasi Spikeri oʻz faoliyatida belgilangan vakolatlardan kelib chiqqan holda farmoyishlar chiqarishi mumkin. Masalan, Spiker Qonunchilik palatasi matbuot organlari bosh muharrirlarini tayinlashi va ularni lavozimidan ozod qilishi mumkin. Bu masala Qonunchilik palatasi Spikerining farmoyishi asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari Qonunchilik palatasi Spikerining topshirigʻiga binoan uning vazifalarini bajaradi va Qonunchilik palatasi Spikeri yoʻqligida yoki oʻz vazifalarini amalga oshirish mumkin boʻlmagan hollarda uning vazifasini bajarib turadi. Masalan, Qonunchilik palatasi Spikeri kasal boʻlib, davolanayotgan yoki xizmat safari bilan xorijiy davlatlarga ketgan vaqtlarda uning oʻrinbosarlari uning vakolatlari doirasida faoliyat olib boradilar.
101-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati oʻz tarkibidan Senat Raisi va uning oʻrinbosarlarini saylaydi. Senat Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan saylanadi.

Yüklə 296,23 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   96




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin