134-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qabul qilingan hujjatlar qat’iy hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida bajarilishi majburiydir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emas.
Mamlakatda mustaqil sud hokimiyatini shakllantirish va uning nufuzini oshirish yuzasidan qator islohotlar amalga oshirilayotganligini sud hokimiyatiga tegishli yangi normalar yangi tahrirda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilganligidan ham kuzatishimiz mumkin.
Kun sayin amaliyotda yangidan yangi ijtimoiy munosabatlar paydo bo'layotgan bir davrda sudyalardan yuqori ko'nikma, bilim, mantiqiy fikrlash qobiliyati, keng dunyoqarash va qobiliyatlarni talab etmoqda. Sud'yalik lavozimi O'zbekiston Respublikasida yuqori lavozimlardan biri ekanligini inobatga olib, tizim rahbarlarining almashinuv tendensiyasi orqali rivojlantirish bugungi kunda yuqori natijalarni berib kelmoqda. Mazkur lavozimdagi shaxslarning o'zgarib turishi birinchi navbatda xolislikni ta'minlashga xizmat qiladi. Shunga ko'ra, Konstitusiyaga ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va o'rinbosari lavozimiga saylanishi mumkin emasligi haqidagi qoida kiritilganligi xalqaro amaliyotga ham mos keladi. Ko'plab rivojlangan davlatlar Konstitusiyalarida shu kabi qoida mavjud.
2021-yil 28-iyulda yangi tahrirda qabul qilingan “Sudlar to’g’risida”gi Qonunning 18-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining vakolatlari belgilab berilgan. Unga ko’ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organidir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi:
o‘z vakolatlari doirasida ishlarni birinchi, apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudi sifatida, shu jumladan kassatsiya instansiyasi sudida takroran, shuningdek yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ko‘rib chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumida sud amaliyotining dolzarb masalalarini ko‘rib chiqadi va qonunchilikning qo‘llanilishi yuzasidan tushuntirishlar beradi;
harbiy sudlarning, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining tashkiliy faoliyatini o‘rganadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining tushuntirishlari sudlar tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
sud amaliyoti va sud statistikasining tizimli tahlilini amalga oshiradi;
sudyalarning va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.