139-modda.O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda yoxud qonunga muvofiq boshqa tilda olib boriladi. Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.
Sud ishlari yuritiladigan til Jinoyat-prosessual kodeksining 20-moddasi va "Sudlar to'g'risida"gi Qonunning 13-moddasida mustahkamlab qo'yilgan. Prosessual qonunchilik prosess ishtirokchilariga o'z prosessual huquq va majburiyatlarini to'liq bilishlari uchun qator aniqlik va qo'shimchalar kiritadi hamda kafolatlar yaratib beradi. Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sud ishtirokchilariga tarjimon xizmatidan foydalanish imkoniyati kafolatlangan. Tarjimonga ham o'z navbatida, ishni aniq hamda to'liq bajarish majburiyati yuklatiladi. Ushbu majburiyatni lozim darajada bajarmaslik tarjimonning, hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi uchun sabab bo'ladi. Ayblanuvchiga (gumondorga, sudlanuvchiga) tarjimon tomonidan barcha holatlarda ko'rsatilgan yordam bepul amalga oshiriladi.
140-modda.Sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan amalga oshiriladi hamda u odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi kerak.
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 yanvardagi “Sud organlari faoliyatini moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF–6134-son Farmoni bilan sud organlari faoliyati davlat byudjeti mablag'lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qo'yildi.
“Sudlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 90-moddasiga asosan, sudlarni moliyalashtirish, ularning binolarini qo‘riqlash va saqlab turish respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ajratiladigan mablag‘lar miqdori O‘zbekiston Respublikasining har yilgi Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun bilan tasdiqlanadi.
Ajratilgan mablag‘larni taqsimlash:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, tumanlararo, tuman, shahar sudlari va harbiy sudlar uchun — Departament tomonidan;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi uchun — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir sud alohida bino, qo‘riqlash va avtotransport bilan ta’minlanadi.
Konstitutsiyaviy islohotlar zamirida O'zbekistonda sud hokimiyatini shakllantirishning huquqiy asoslarini yaratish hamda insonparvarlik tamoyillariga asoslangan odil sudlovni ta'minlash orqali demokratik, huquqiy jamiyatni barpo etish mujassam.