101-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati o‘z tarkibidan Senat Raisi va uning
o‘rinbosarlarini saylaydi. Senat Raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan
saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi o‘rinbosarlaridan biri
Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakili bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi va uning o‘rinbosarlari yashirin
ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan Senat vakolati muddatiga
saylanadi.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Senatining Raisi bo‘lishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi va uning o‘rinbosarlari yashirin
ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ining ovozi bilan qabul
qilingan Senat qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi:
1) Senat majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
3) Senat qo‘mitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
4) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va Senat qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni
tashkil etadi;
5) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament
tashkilotlari ishi bilan bog‘liq Senat guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
6) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, boshqa davlat organlari,
chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarda Senat nomidan ish ko‘radi;
7) Senat qarorlarini imzolaydi;
8) ushbu Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga
oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi farmoyishlar chiqaradi.