Bundan ming yil muqaddam buyuk mutafakkir Mahmud Qoshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk” asarida tarbiya, axloq masalalariga to‘xtalib, “Zamon butunlay ozdi. Ilm, hikmat, poklik kamaydi. Tuban, yomonlar ko‘paydi, fazilat egalari yo‘qolayotir”, deya yozgan ekan. Turli davrlarda yashagan donishmandlarning bu singari qarashlarini dunyodagi ko‘plab xalqlar tarixida kuzatish mumkin. Ammo zamon, jamiyat taraqqiyotiga ko‘ra yoshlar tarbiyasi masalasida yangi muammolar tug‘ilgan hamda tarbiyachilar, ustozlarning oldida vazifalar ko‘payib borgan. Odamlar yaxlit, bir butun holda yaxshi yoki yomonga bo‘linmaydi. Agar shunday bo‘lganda edi, tarbiya masalasi osonlikcha hal bo‘lardi. Yaxshi fazilatlar va yomon odatlarning, turli g‘oyalarning bir odamning qalbi va ongini egallash uchun kurashi — tarbiya masalasining naqadar murakkab ekanini anglatadi.
“Tarbiya” so‘zining ma’nolari ko‘p bo‘lsa-da, milliy an’analardan kelib chiqsak, tasavvurda avvalo uning “axloqiy” sifati uyg‘onadi. Boisi, ota-bobolarimiz bola axloq-odobini tarbiyaning boshqa turlariga nisbatan ustun qo‘yishgan.
“Binobarin, bolaning aqliy va jismoniy tarbiyasi samarasiz qolmasligi uchun, — deb yozadi birinchi o‘zbek professori Abdurauf Fitrat “Oila” risolasida, — farzandning axloqiy tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanib ko‘p harakat qilish lozim. Axloqiy tarbiya — odam axloqini kamolga yetkazish demakdir, ya’ni odamni shunday tarbiya qilish kerakki, fe’li va amali o‘ziga ham, boshqalarga ham foydali va manfaat keltiradigan bo‘lsin”.
Fitrat ta’lim olishni ham tarbiya sirasiga qo‘shib, uni “aqliy tarbiya” deb ataydi. Shuningdek, farzandni sog‘lom voyaga yetkazish, ya’ni “jismoniy tarbiya”siga ham jiddiy e’tibor qaratib, tarbiyaning ushbu uch turiga xulosa berar ekan, zamonaviy til bilan aytganda, “shaxsning ijtimoiylashuvi”ni sodda ifodalaydi: “...bolalarning tarbiyasi bu farzandni jismonan, fikran va axloqan tarbiya qilib, kamolga yetishtirish demakdir. Ya’ni ularni urinish va tirishish sahrosiga, ya’ni hayot-mamot maydoniga kuchli badan, sog‘lom fikr va yaxshi axloq bilan qurollantirib yuborish demakdir”.
Abdulla Avloniy ham “Turkiy guliston yoxud axloq” risolasida bola tarbiyasiga yondashganda, uni jismoniy, fikriy va axloqiy turlarga ajratib, axloqiy tarbiyaga alohida e’tibor qaratadi.
Ammo hozirgi zamon ta’lim tizimida “tarbiya” so‘zidan chekinish holatlari seziladi, hatto qonun ham “Ta’lim to‘g‘risida” deb atalgan. Bolalar bog‘chasini “Maktabgacha ta’lim muassasasi” (maktabgacha ta’lim tashkiloti) deyishga ham asta-sekin ko‘nikdik, ammo MTM desa, ko‘z oldimizga baribir bolalar bog‘chasi keladi. Masalaga chuqurroq qarasak, bolalar uchun ilk yoshdan boshlab tarbiyaning jismoniy va axloqiy turlari muhim hisoblanadi. Aqliy yoki fikriy tarbiya — ta’lim bolalar maktabga borishi arafasida amalga kiradi.
Shu o‘rinda “ta’lim” va “tarbiya” so‘zlarining lug‘aviy ma’nosiga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. Milliy tarbiya tarixining atoqli namoyandalari Fitrat va Abdulla Avloniy qarashlarida “tarbiya” so‘zining ma’no qamrovi “ta’lim”ga qaraganda birmuncha kengligini ta’kidladik, hatto “ta’lim” mazmun-mohiyati jihatidan “fikr tarbiyasi” yoki “aql tarbiyasi” sifatida tarbiyaning tarkibiy qismi sanaladi. Umuman, tarbiya so‘zida yoshlarni (ham jismonan, ham axloqan, ham aqlan) barkamol avlod sifatida tarbiyalash tushuniladi. Ya’ni sodda qilib aytganda, “tarbiyali bola” barkamol avlod demakdir.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida tarbiya so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “rivojlantirish, parvarish qilish, o‘stirish; o‘rgatish; ilm berish” singari bir qator ma’nolarni anglatishi yozilgan. Izohli lug‘atni sinchiklab o‘rganganimizda “ta’lim” so‘zidan ko‘ra “tahsil” so‘zi ham kengroq ma’noni ifodalaydi.
Aqliy va axloqiy tarbiya mushtarakligiga xalqimiz azaldan o‘ta zukkolik bilan yondashgan. Abu Nasr Forobiy “Baxt-saodatga erishuv” asarida bu masalani o‘ziga xos tarzda izohlaydi: “Ta’lim degan so‘z xalqlar va shaharliklar o‘rtasida nazariy fazilatni birlashtirish, tarbiya esa shu xalqlar o‘rtasidagi tug‘ma fazilat va amaliy kasb-hunar fazilatlarini birlashtirish degan so‘zdir”. Mutafakkir kasb-hunar egallashni ham, tarbiyani ham amaliy faoliyat orqali yuzaga chiqarishni nazarda tutadi, ta’lim esa faqat so‘z va nazariy tomondan o‘rganish bilan cheklanadi.
“Aqlli deb shunday kishilarga aytiladiki, — deb yozadi Forobiy “Aql to‘g‘risida” risolasida, – ular fazilatli, o‘tkir muhokamali, yaxshi, foydali ishlarga berilgan, zarur narsalarni kashf va ixtiro etishda zo‘r iste’dodga ega; yomon ishlardan o‘zini chetga olib yuradilar. Shunday kishilarni “oqil” deydilar. Yomon ishlarni o‘ylab topishda zehn-idrokka ega bo‘lganlarni “aqlli” deb bo‘lmaydi, ularni “ayyor”, “aldoqchi” degan nomlar bilan aytmoq lozim”.
Anglashiladiki, Sharqda tarbiya ta’limdan bir qadar keng tushuncha ekan, uning zamirida shaxs fazilatlari, bilimliligi, kasb-hunar egallagani, odob-axloqi, umuman, jamiyatda odamlarga qay darajada foyda keltira olishi asosiy mezon hisoblangan.
Tarbiyaviy ruhdagi (“Qobusnoma”, “Mahbub ul-qulub”, “Futuvvatnomayi sultoniy”, “Turkiy guliston yoxud axloq” singari) asarlarda shaxs fazilatlarining tasavvurimizdagi eng kichik, oddiy ko‘rinishlari ham batafsil tavsiflanganki, bu shaxsning tarbiyalanganlik darajasini aniqlashda o‘lchov bo‘lib xizmat qiladi. Shaxs fazilatlarini batafsil izohlash, dars jarayonida o‘rganishning yaqqol namunasi Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asaridir. Asarda insonga xos bo‘lgan fazilatlar, yaxshi va yomon xulq va illatlarga birma-bir izoh berilgan.
Turli tarixiy davrlarda tarbiya oldida turgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘ziga xos usullar, an’analar shakllangan. Bitiktoshlardagi mardlik va ezgulikka da’vat, xalq og‘zaki ijodidagi donishmandlik, mehr-oqibat, mehnatsevarlik kabi fazilatlar, odil podshohlar, komil farzandlar, fozil odamlar; o‘rta asrlar mutafakkirlarining axloqiy ta’limotlari, “ustoz va shogird”, “pir va murid” an’analari; jadid tarbiyashunosligi singari boy tarixiy manbalar ko‘pligiga guvoh bo‘lamiz.
Sho‘ro davridagi “kommunistik tarbiya” esa yuzaki va yolg‘onligi, milliy, tarixiy asosga qurilmagani bilan qisqa vaqt ichida unutildi. Hozirgi zamon jahon pedagogikasida tarbiyaga turlicha ta’rif berilayotgan bo‘lsa-da, biz uchun sharq mutafakkirlari qoldirgan meros o‘zining hayotiyligi va mazmunan keng qamrovliligi bilan qimmatlidir. Ayrim hollarda ta’lim muassasalarida ta’limni tarbiyadan ustun qo‘yish, tarbiyani e’tibordan chetda qoldirish holati yoki tarbiyani ta’lim orqali amalga oshirish haqidagi fikrlar ilgari surildi. Ammo jahon pedagogikasidagi bu tajribalar o‘zini oqlamaganligini hayot ko‘rsatib turibdi. Rus olimi G.K.Selevko e’tirof etganidek, “tarbiyalovchi ta’lim” rus ta’lim tizimiga katta zarar keltirdi — bu ta’limni tarbiyadan ustun qo‘ydi, jamoa tarbiyasini yetarli baholay olmadi, maktabni amaliy hayotdan ajratib qo‘ydi” (Ta’kid bizniki — H. A.).
Maktab amaliy hayotdan ajralib qolishining asosiy sabablaridan biri, shubhasiz (xuddi shuni sharq mutafakkirlari ta’kidlagan edilar), yosh avlod tarbiyasiga faqat nazariy (ta’limiy) tomondan yondashuv bo‘lib, axloqiy faoliyat e’tibordan chetda qoldirilganidir. Haqiqatan, ta’lim olish (o‘quv-biluv faoliyati) — aqliy tarbiyani amalga oshirishi, ya’ni mustaqil o‘qish, fikrlashni rivojlantirishi mumkin. Ammo ta’lim zamiridagi tarbiya nazariy bilimligicha qolaveradi, bu faoliyat emas.
Rus pedagog olimi I.P.Podlasiy (axloqiy) tarbiyani umumiy falsafiy nuqtayi nazardan insonning hayotiy shart-sharoitlarga moslashuvi, ijtimoiy tomondan katta avlod hayotiy va axloqiy tajribalarini yosh avlodga o‘tkazishi, pedagogik jihatdan keng ma’noda insonga barcha ta’sirlar jarayoni va uning natijasi, tor ma’noda o‘quv-tarbiya muassasalarida amalga oshiriluvchi tarbiyachilar tomonidan maxsus tashkil etilgan, aniq maqsadga yo‘naltirilgan va tarbiyalanuvchilarda belgilangan sifat-fazilatlarni shakllantiradigan boshqariluvchi jamoaviy o‘zaro harakat, amaliy nuqtayi nazardan aniq tarbiyaviy vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan tarbiyaviy faoliyat (tarbiyachilar, o‘qituvchilar, sinf rahbarlari, yetakchilar hamkorligida) jarayoni va natijasi deb izohlaydi.
Shuningdek, taniqli rus pedagogi G.M.Kodjasparova tarbiya kategoriyasiga ikki yo‘nalishda yondashadi. Birinchidan, tarbiya ijtimoiy hodisa sifatida “yangi avlodni ijtimoiy hayotga tayyorlash maqsadida ularga ijtimoiy-tarixiy tajribalarni o‘tkazish jarayoni bo‘lsa, ikkinchidan, pedagogik hodisa sifatida insonga mavjud madaniyatni o‘zlashtirishi uchun aniq maqsadga yo‘naltirilgan va rejalashtirilgan (uzluksiz) sharoit yaratish”, deb izohlaydi. Bu tarbiya maxsus tarbiya muassasalarida, oila, maktab, maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida, bolalar va o‘smirlar birlashmalarida, turar joylardagi klublar singari muassasalarda amalga oshiriladi. Tasavvur qiling, mana shu vazifalarni ta’lim zamirida amalga oshirish mumkinmi?
Tarbiyaning maqsad-mohiyati davrlar o‘tishi bilan o‘zgarmaydi, barcha millat uchun ham bir darajada ahamiyatli. Milliy va umuminsoniy qadriyatlar, an’analar tarbiya mazmun-mohiyatini belgilaydi. Bugun nemis, rus yoki ingliz maktabida ham, o‘zbek maktabida ham ta’lim muassasasining tarbiyaviy vazifalarini kuchaytirish, ta’limning “tarbiyalovchi” faoliyatidan qoniqmaslik holatlari olimlar tomonidan e’tirof etilmoqda. Tarbiyaga asoslangan maktablar, o‘quvchini hayotga tayyorlashni, ijtimoiylashuvini asosiy maqsad bilayotgan ta’lim muassasalari tajribalarini o‘rganishga ehtiyoj tug‘ilayotganini ta’kidlash joiz.
Ta’lim berish yuksak darajada tashkil qilingan yapon yoki koreys maktablari bitiruvchilari o‘z xalqining milliy qadriyatlari asosida tarbiya topganini bir qarashda, ularning oddiygina salomidan sezamiz. Demak, ta’lim sohasida dunyo mamlakatlarining ilm-fan yutuqlarini o‘qib o‘rganish mumkin, ammo tarbiyada milliy qadriyatlar, urf-odatlardan chekinish yoki ularni ikkinchi darajaga tushirib qo‘yish mumkin emas.
Tarbiyaning ibratga, namunali amaliy faoliyatga asoslanganini ham unutmaslik joiz. Ya’ni aqliy tarbiya (ta’lim) aniq dastur va rejalar asosida oddiydan murakkabga tomon rivojlanib borsa, tarbiyada (axloqiy tarbiya) jamiyatda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan yoshlarda o‘z vaqtida tegishli munosabat uyg‘otish, aniq maqsad va natijaga yo‘naltirilgan reja va dasturlar ijrosiga qo‘shimcha ravishda ijodiy yondashuv, ijtimoiy muhitni sinchiklab o‘rganish taqozo etiladi. Aqliy tarbiyaga nisbatan axloqiy tarbiyaning faoliyat qamrovi, oldiga qo‘yilgan vazifalar katta bo‘lib, buning samarali ijrosi uchun maktab imkoniyati torlik qiladi. Shunday bo‘lsa-da, ta’lim muassasasi tarbiya jarayonining tashkilotchisi, muvofiqlashtiruvchisi bo‘lishi maqsadga muvofiq. Chunki oilalar bolalarni nafaqat ta’limiy (fikriy), balki axloqiy va jismoniy tarbiyalash borasida turli darajada, hatto farzandiga odob qoidalarini o‘rgatishga qobil bo‘lmagan ota-onalar ham oz emas.
Pedagogik jarayonda axloqiy tarbiyani ham, ta’lim tizimidagidek (davlat ta’lim standartlari singari) uzluksizlik talablaridan kelib chiqib shakllantirish qanchalik katta va murakkab masala bo‘lsa-da, amalga oshirish lozim. Albatta, ma’naviy-axloqiy tarbiya tushunchalarini qolipga solib bo‘lmaydi, ammo talablar shaklida hayotdan ajralmagan holda ifodalash mumkin. Bu boradagi samarali vositalardan biri, shubhasiz, milliy adabiyot o‘qitishni yanada takomillashtirishdir. Chunki milliy adabiyotimiz azaldan odobga asoslanganligini yodda tutishimiz lozim.
Tarbiya umr bo‘yi davom etadigan jarayon. Hayotdagi har bir kishi tarbiyaviy ta’sirga ega. U hayot maktabida tarbiyalanar ekan, tarbiyachi sifatida, tarbiya vositasi sifatida o‘zi ham ijtimoiy muhit yaratishga xizmat qiladi.
Yana Abdulla Avloniyga murojaat qilamiz: ma’rifatparvar bobomiz “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida “o‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar” deya ota-onalardan, “usuli ta’lim” ko‘rmagan” deya muallimlardan noliydi. Demak, axloqiy tarbiyada oila, mahalla, jamoat, maktab hamkorligi hamda bu boradagi muammolar bugun paydo bo‘lgan emas. Bu hamkorlik asosida aniq maqsadga yo‘naltirilgan o‘nlab tarbiya konsepsiyalarini, texnologiyalarini yaratish kun tartibida turgan dolzarb vazifa bo‘lib qolaveradi. Davrimizning muammolari ham, tarbiyaviy imkoniyatlari ham barcha davrlardagiga qaraganda murakkab va ulkandir.