1.3. Oilaning ijtimoiy maqomi va uning bola rivojlanishiga ta’siri Zamonaviy oilalarning ijtimoiy xususiyatlari. Hozirgi vaqtda zamonaviy
oilalar o’ziga xos xarakter va rivojlanish an’anasiga ega. Ularni anglab etish,
shuningdek, bunday o’ziga xoslikning ota-onalar tomonidan o’z faoliyatlarida
hisobga olinishi oilaning tarbiyaviy imkoniyatlarini oshirishga yordam beradi.
Zamonaviy oilalar rivojining o’ziga xosliklaridan biri – bu shahar va qishloq
oilalarining ijtimoiy hayot tarzidagi farqda namoyon bo’ladi. Masalan:
qishloqlarda har bir bola o’zining boshqalar tomonidan qattiq nazorat ostida
ekanligini his etadi. Bu, bir tomondan, hodisa ijobiy bo’lsa, boshqa tomondan,
bunday ijtimoiy nazorat tor manfaatparastlikni keltirib chiqaradi. Shahar hududi
katta bo’lganligi sababli bu kabi amaliy nazorat bo’lmaydi. Ko’pgina hollarda
garchi ko’p qavatli bir uyda, hatto bir pod’ezdda istiqomat qilsalarda qo’shnilar
bir-birlarining farzandlarini tanimasliklari mumkin.
Ota-ona qanchalik yuqori ma’lumotga ega bo’lsalar ularning bolalari ta’lim
muassasasida shunchalik muvafaqqiyatli o’qishadi. Zamonaviy ota-onalar ma’lum
kasb yoki hunar egalari bo’lib, bolalarning tarbiyasini butunlay bobo va buvilarga
topshirib qo’yishgan. Ko’p holatlarda katta avlod vakillari hamda yosh ota-onalar
tomonidan bolalar tarbiyasini tashkil etishda qo’llaniladigan metodlarning bir-biriga mos kelmasligi bu jarayonda turli ziddiyatlarni keltirib chiqaradi.
Oilalarning bozor iqtisodiyoti sharoitida moddiy jihatdan turlicha
ta’minlanganligi ham oilada bolalarni tarbiyasini tashkil etish jarayoniga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Odatda har bir oilada bolalarning turli ehtiyojlari uchun oila
daromadining 25 foizidan 50 foizigacha hajmdagi mablag’ sarflanadi.
Oiladagi farzandlar sonini kamaytirish, tug’ilishning oldini olish –
zamonaviy oilalarning o’ziga xos muhim xususiyatlaridan biri. Ayni vaqtda shahar
yoki qishloqda bo’lishidan qat’iy nazar oilalarda bir-ikki nafar bola
tarbiyalanmoqda. Tug’ilishni kamaytirish ko’plab sabablarga bog’liq murakkab
jarayon sanaladi. Bu boradagi asosiy sabablar quyidagilardir:
1) ota-onaning ish bilan bandligi;
2) maktabgacha ta’lim muassasalarining bolalarni o‘zida yetarlicha qamrab
olmasligi;
3) bola tarbiyasida moddiy ta’minot ahamiyatining ortishi;
4) qulay bo‘lmagan turar-joyga egalik;
5) oilaning xo‘jalik sharoiti;
6) ota-onalarning “o‘zi uchun yashash” kabi xudbinona qarashlarga egaligi.
Bugungi kunda tug’ilishni kamaytirish masalasini hal qilishda yana bir
pedagogik muammo kun tartibiga qo’yilmoqda. Bu kam bolali oilalarda bolalarni
tarbiyalashga doir samarali metodlarni ishlab chiqish va o’rganishdir.
Zamonaviy oilalarga xos bo’lgan yana bir ijtimoiy xususiyat oilaviy ajrimlar
sonining sezilarli darajada ko’payganligi bilan tavsiflanadi. Ayni vaqtda oilaviy
ajrimlarning 90 foizga yaqini oila shakllanishining dastlabki birinchi yilida yosh
er-xotinlarning oilaviy hayotga amaliy jihatdan tayyor emasliklari natijasida ro’y
bermoqda.
Har bir oila ijtimoiy tuzilma sifatida jamiyat oldida ma’lum bir funktsiyalarni
bajaradi. Oilaning ijtimoiy funktsiyalari haqida gapirganda, bir tomondan,
jamiyatning oilaga ta’siri, ikkinchi tomondan, oilaning umumiy ijtimoiy
tuzilmadagi o’rni hamda zimmasidagi ijtimoiy vazifalarni hisobga olish lozim.
Zamonaviy sharoitda oila tomonidan hal etiladigan vazifalar xususida o’quv
qo’llanmaning avvalgi o’rinlarida batafsil to’xtalib o’tilgan edi. Shu sababli bu
xususida qayta so’z yuritishga hojat yo’q.
Zamonaviy oilalarning o’ziga xos asosiy jihatlari xususida so’z yuritilganda
muhim tavsiflarni yagona guruhda jamlashning aslo iloji yo’q. Buning sababi oila
va oilaviy munosabatlar mavzusida yaratilgan adabiyotlarda oilaga xos asosiy
jihatlar borasida turlicha yondashuvlar mavjud. Masalan: aksariyat manbalarda uy
xo’jaligini yuritish, naslni davom ettirish, farzandlarni tarbiyalash hamda oila
a’zolarining o’zaro yordami kabilar hozirgi zamon oilasining muhim jihatlari
sifatida ko’rsatib o’tilgan bo’lsa, U.M.Sverdlov, V.A.Resensov, V.P.Klyuchnikov
va boshqalar sotsiolog olimlar esa naslni davom ettirish, bolalarni tarbiyalash va uy
xo’jaligini yuritish oilaga xos asosiy jihatlar ekanligiga urg’u berib o’tadi.
Agarda S.D.Laptenok esa uy xo’jaligini yuritish (maishiy yumushlarni tashkil
etish), aholi sonini qayta tiklash, farzandlarni tarbiyalash, shuningdek, ko’ngilli
dam olish (hordiq chiqarish)ni tashkil etish zamonaviy oilalarga xos bo’lgan
muhim jihatlar ekanligiga alohida urg’u berib o’tgan bo’lsa, N.T.Yurkevichning
ilmiy izlanishlarida zamonaviy oilalarga xos bo’lgan muhim jihatlar sifatida oila
a’zolari o’rtasidagi ma’naviy muloqot, seksual faoliyat, bolalarni dunyoga
keltirish, tarbiya jarayonidagi hamkorlik, uy xo’jaligini samarali yuritish uchun
zarur shart-sharoitni yaratish, oila a’zolarining ko’ngilli dam olishlarini tashkil
etish, ularning bir-birlarini o’zaro moddiy va ma’naviy nuqtai nazarda qo’llab
quvvatlashlari kabi holatlarni e’tirof etib o’tadi.
Zamonaviy oilalarga xos bo’lgan muhim jihatlar yuzasidan fikr yuritar ekan,
A.G.Xarchev quyidagi holatlarni o’zaro farqlaydi: aholi sonini qayta tiklash,
ijtimoiylashuv, uy xo’jaligini yuritish, moddiy ne’matlarni iste’mol qilish hamda
oila a’zolarining ko’ngilli dam olishlarini tashkil qilish.
Yuqoridagi fikrlardan anglanadiki, bir guruh oilashunos mutaxassislar oilaning
asosiy jihatlari xususida turlicha yondashuvlarni bayon etadilar. Ularning e’tirof
etishlaricha, oilaga xos muhim jihatlarni shunchaki sanab o’tish emas, balki ularni,
bir tomondan, kishilarning moddiy, xo’jalik-maishiy, ikkinchi tomondan,
emotsional, ijtimoiy-psixologik ehtiyojlarini qondirishdagi imkoniyatlarini farqlash
muhim sanaladi.
Zamonaviy oilalarning psixologik va pedagogik xususiyatlari. Yosh ota-ona
nikohdan o’tmasdan avval oilaviy hayotni tashkil etish hamda farzandlar
tarbiyasini yo’lga qo’yishga psixologik jihatdan tayyor bo’lishlari zarur. Nikohdan
keyin esa bu boradagi mas’uliyatni yanada teran his etgan holda o’z ustilarida
izlanishlari, farzand tarbiyasini to’g’ri tashkil etish borasidagi ma’lumotlarni
o’zlashtirishga e’tibor qaratishlari maqsadga muvofiqdir. Biroq. ayni o’rinda shuni
ham aytib o’tish joizki, oilaviy hayotga qadam qo’yayotgan yoshlarning barchasi
ham bu borada etarlicha pedagogik bilimlarga ega emas. Bu esa ota-onalarni
kerakli o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash, mazkur adabiyotlarni o’qib-o’rganishni
ular orasida keng tashviq etishni talab etadi.
Zamonaviy sharoitda ommaviy axborot vositalari (OAV), ayniqsa, Internet
tarmog’i orqali axborotlar tarqatilishining qulayligi, ular hajmining ko’pligi kabi
sabablar tufayli ota-onalar oilaviy munosabatlar hamda oilada bolalar tarbiyasini
samarali tashkil etishga oid maxsus adabiyotlarni o’qishga etarlicha e’tibor
qaratishmayapti. Jamiyatning asosiy maqsadi har tomonlama barkamol avlodni
tarbiyalashdir. Bunga esa kitobga mehr qo’ygan ona-onalar sonini ko’paytirish
orqali erishiladi. Zero, hech bir vosita, shu jumladan, OAV ota-onalarning
pedagogik bilimlarini oshirishda kitob (maxsus adabiyot) o’rnini bosa olmaydi.
Qolaversa, kitobxon ota-onalarning shaxsiy namunasi oila muhitida bolalarning
kitob o’qishga, kitobga bo’lgan qiziqishini oshiradi. Kitob o’qish esa qator
afzalliklarga ega. Xususan: 1) bolalar hayot va uning mazmunini erta anglaydilar;
2) turli hayotiy vaziyatlarda oqilona, to’g’ri yo’l tutishni o’rganadilar; 3) ularda
fikrlash qobiliyati rivojlanadi; 4) jamiyat tomonidan tan olingan axloqiy
me’yorlardan xabardor bo’lib, ularning ijtimoiy ahamiyatini to’g’ri baholashni
o’rganishadi; 5) asar qahramonlari misolida haqiqat va haqsizlik, erkinlik va
erksizlik, ezgulik va yovuzlik, yaxshi va yomon, oq va qoraning mohiyatini
anglash imkoniyatiga ega bo’lgan holda o’zlarida muayyan axloqiy sifatlarning
shakllanishiga erishadilar.
Zamonaviy taraqqiyotning tezkorligi, shuningdek, “ommaviy madaniyat” nomi
ostida targ’ib etilayotgan g’oyalarning turli mintaqalar hududiga keng
yoyilayotganligi tufayli bugungi kunda oila tarbiyasini tashkil etishda avvalgidek
yuqori samaradorlik ko’zga tashlanmayapti. Shu sababli oilashunos olimlar oila
tarbiyasi samaradorligini oshirish borasidagi tavsiyalarni ishlab chiqish va ularni
amaliyotga tatbiq etishga jiddiy e’tibor qaratmoqdalar. Quyida ana shunday
tavsiyalar xususida so’z yuritiladi.
1. Oiladagi tarbiya jarayonining qoniqarsizligi sabablari va ularni bartaraf
etish. Bolalarning oila muhitida qoniqarsiz tarbiyalanayotganligining asosiy sabablari
orasida quyidagilarni alohida ajratib ko’rsatish mumkin:
1. Oila iqtisodiy rivojlanish darajasining pastligi. Bugungi kunda ota-onalar
garchi ish bilan ta’minlangan va barqaror oylik maoshlarini olib tursalar-da, biroq,
oila a’zolari ehtiyojlari (Masalan: oilaning har bir a’zosini mobil telefon (ular
uchun oy sayin xizmat to’lovi zarur), Notebook, Netbook bilan ta’minlash,
shuningdek Internet xizmatidan foydalanish borasidagi ehtiyojlar)ning kun sayin
ortib borishi tufayli oila byudjetini shakllantirish va undan oqilona foydalanishda
muayyan qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Bu esa o’z-o’zidan ota-onalarni asosiy
ishidan tashqari qo’shimcha daromad topishga imkon beruvchi mehnat bilan
uzluksiz shug’ullanishlarini taqozo etadi. Asosiy vaqtlarini mehnatga sarflanayotgan
ota-onalar tirikchilik vositalari (ish haqi, oziq-ovqat mahsulotlari, xom ashyo va
b.q.)ni ishlab topish uchun sarflanmoqda.
2. Turmush tarzini yo’lga qo’yishga nisbatan ongli yondasha olmaslik:
Aksariyat ota-onalarda zo’rma-zo’raki hokimiyatga intilish, ijtimoiy tanglik,
ertangi kunga nisbatan ishonchsizlik, ishidan ayrilib qolishdan qo’rqish holatlari
kuzatiladiki, bu ularning haddan tashqari jismoniy va ruhiy zo’riqishlariga sabab
bo’ladi, buning natijasida turli kasalliklarga chalinish holatlari kuzatilmoqda.
3. Zamonaviy oilada ayollarning zimmasiga keragidan ortiq mas’usuliyatning
yuklanayotganligi. Bugungi kun ayolining zimmasiga ham ish joyida, ham uyda
ularning imkoniyatlaridan ortiq majburiyatlar yuklatilmoqda. Olib borilgan
tadqiqotlar natijalarining ko’rsatishicha, bugungi kunda shaharlik ayollar haftasiga
77 soat mehnat qilishsa, shundan 36 soatini uy yumushlarini bajarishga sarflaydi.
4. Oilaviy ajrimlar sonining yuqoriligi. Bu holat ko’plab ijtimoiy-maishiy
hamda ma’naviy-axloqiy sabablar tufayli kelib chiqmoqda. Barcha davrlarda ham
oilaviy ajrimlar bolalar uchun kuchli ruhiy zarba bo’lib, bu ularning axloqi hamda
ruhiyatiga keskin salbiy tasir ko’rsatadi.
5. Ota va onaning bolalar tarbiyasini tashkil etishda birdek mas’uliyatli
emasliklari. Aksariyat oilalarda erkak kishi – oila boshlig’i asosan oilaning
iqtisodiyoti va moliyaviy masalalarini hal etishi lozim, bolalar tarbiyasi esa to’lato’kis onaning zimmasida, degan tushuncha shakllangan. Bugungi kunda ayrim otalarda hatto “bolalarni boqish oilaning emas, balki onaning majburiyati”
qabilidagi tushuncha shakllanmoqda. Bu kabi noto’g’ri qarashning yuzaga
kelishiga ko’p holatlarda ayollarning o’zlari ham sababchi bo’lishmoqda. Ular erkaklarni amaliy harakatga rag’batlantirish o’rniga “Siz ishlab topmasangiz, men
o’zim mablag’ topaman” deyishga o’tishgan.
6. Avlodlar orasidagi ziddiyatlarning kuchayib borayotganligi. So’nggi
paytlarda oilalarda u yoki bu arzimas sabablarga ko’ra turli mojarolar yuzaga
kelmoqda. Asosiy ziddiyatlar qaynona-kelin o’rtasida kelib chiqayotganligi o’zbek
xalqiga xos asriy an’analar unutilayotganligidan dalolatdir. Zero, asrlar davomida
buvi va qaynonalar kelinni o’z oilalariga qiz sifatida qabul qilib, unga uy-ro’zg’or
yuritishni, atrofdagilar bilan muomala qilishni o’rgatishgan bo’lishsa, bugungi
kunda hali hayotiy tajribaga ega bo’lmagan kelindan ham qaynota-qaynonaga
xizmat qilish, uy-ro’zg’or ishlarini bekamu ko’st bajarish, qolaversa, agar u ta’lim
olayotgan bo’lsa, o’qishini davom ettirish yoki ishlash (pul mablag’ini ishlab
topish) talab etilmoqda. Bu esa o’z-o’zidan yosh kelinda jismoniy va ruhiy
zo’riqishni yuzaga keltirmoqda. Oilaviy mojarolarning tobora avj olayotganligi
ba’zan o’lim holatlarini ham keltirib chiqarmoqda.
7. Oila bilan ta’lim muassasalari o’rtasidagi hamkorlikning uzluksiz bo’lishiga
erishila olmayotganligi. Ayni vaqtda O’zbekistonda ta’lim muassasasi, mahalla va oila
o’rtasida mustahkam hamkorlikni qaror toptirilishini ta’minloashga jiddiy e’tibor
qaratilmoqda. Ta’lim muassasasi, mahalla va oila hamkorligi Kontseptsiyasi ushbu
e’tiborning yorqin misoli sanaladi. Kontseptsiya g’oyalari ta’lim muassasasi,
mahalla va oila o’rtasidagi hamkorlik asosida yoshlar tarbiyasini samarali tashkil
etilishini ifodalaydi. Mazkur g’oyalar qanchalik ezgu bo’lmasin, biroq, ularga amal
qilishda ta’lim muassasalari va oilalarning tashabbuskorligi etarlicha bo’lmayapti.
Bu esa o’z-o’zidan oilalarda tashkil etilayotgan bolalar tarbiyasining kutilgan
darajada qoniqarli bo’lmasligiga olib kelmoqda.
Ta’lim muassasasi, mahalla va oila hamkorligi Kontseptsiyasi g’oyasiga ko’ra
ijtimoiy pedagoglar oilaviy masalalarni hal qilish, oila hayotiga doir turli
muammolarni bartaraf etishda ota-onalarga amaliy yordam ko’rsata olishlari zarur.
Ijtimoiy pedagog tomonidan o’z faoliyatining rejali amalga oshirilishi kutilgan
natijalarni kafolatlaydi. Hayotiy tajribalar ijtimoiy pedagog faoliyatining quyidagi
reja asosida tashkil etilishi maqsadga muvofiq ekanligini ko’rsatmoqda:
- oiladagi munosabatlarni insoniylashtirish (bugungi kunda ota-onaning
farzandlarga nisbatan avtoritar munosabati, ularning oldiga qo’yayotgan talablari
o’zini oqlamaydi; aksincha, samimiylik, yaxshilik, ko’rsatiladigan aniq amaliy
yordam, ota-onaning oila muammolariga qiziqishlari, ota va onaning o’zaro
hamjihat, hamfikr ekanliklari, oila hayotiga oid turli masalalarni birgalikda, o’zaro
maslahatlashgan holda hal qilish farzandlar kelajagining porloq bo’lishini
ta’minlaydi);
- mahalla va oila imkoniyatlarini birlashtirgan holda turli oilalarga tegishli
muammolarni samarali hal qilish;
- oila masalalari bilan shug’ullanuvchi turli ilmiy markazlar, nodavlat
tashkilotlar, gumanitar yordam jamg’armalar faoliyatlarini o’zaro uyg’unlashtirish,
hamkorlikda oila sharoitida bolalarni samarali tarbiyalashga doir maxsus
dasturlarni ishlab chiqish.
Har qanday jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishi shaxslararo
munosabatlar ko’lami va mazmuniga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. O’zbekiston Respublikasida bozor iqtisodiyoti munosabatlarining qaror topishi shaxslararo
munosabatlar doirasining yanada kengayishi va bir qadar murakkablashuviga olib
keldi.
Ma’lumki, bozor iqtisodiyotida axborotlar, ularning almashinishi va tezligi
ustuvor ahamiyatga ega. Axborotlar almashinuvi turli madaniyatlar, shuningdek,
G’arb va Sharq axloqiy qarashlarining o’zaro uyg’unlashishini ta’minlaydi. Bu
ijobiy hol bo’lib, jamiyatning, ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishi va yanada
takomillashuviga xizmat qiladi. Biroq, so’nggi yillarda G’arb va Sharq madaniyati
hamda axloqiy qarashlarining o’zaro uyg’unligi ilg’or xususiyat kasb etishi bilan
birga milliy qadriyatlarning muayyan darajada inkor etilishiga sabab bo’lmoqda.
Boshqada aytganda, “G’arbdan namuna olish” an’anasi yuzaga kelmoqda. Shu
sababli millatning milliyligini ifodalovchi milliy madaniyatni saqlab qolish, milliy
axloqiy qarashlarning avloddan avlodga meros bo’lib o’tishini ta’minlash oilaning
o’ziga xos o’rni mavjudligi dolzarb ahamiyat kasb etadi11.
Oila shaxsni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalashda etakchi tarbiya maskani
hisoblanadi. Zero, katta yoshli oila a’zolarining milliy axloqiy qarashlari va
yondashuvlari misolida farzand atrofdagilar bilan munosabatda milliy axloq
mezonlari (ota-ona yoki keksalarni qadrlash, kattaga hurmat, kichikka izzat, tongda
turib, ezgu niyatlar qilish, shaxsiy manfaat va qiziqishlarining oila sha’ni va
obro’siga ziyon etkazmasligi, mehmondo’stlik, qarindoshlik rishtalarini
mustahkamlash, qo’ni-qo’shnilar bilan yaxshi munosabatda bo’lish, o’zgalardan
yordamni ayamaslik, imkoniyati cheklangan shaxslarga nisbatan rahm-shafqat va
muruvvat ko’rsatish va b.q.)ga rioya qilish ko’nikmalarini o’zlashtirib boradilar.
“Ilmiy-pedagogik, psixologik, fiziologik hamda falsafiy asarlarning tahlili shuni
ko’rsatdiki, oila bola uchun eng asosiy tarbiya muhiti bo’lib, bu muhitda shaxs
kamoloti uchun muhim hisoblangan xulq-atvor, iroda, xarakter va dunyoqarash
shakllanadi. Bola oila timsolida jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini ko’radi,
jamiyat talablari mohiyatini ilk bora shu kichik jamoa orasida, oilaviy
munosabatlarni tashkil etish jarayonida anglaydi” .
Oila ijtimoiy maqomining yuqori bo’lishi, oilaviy munosabatlarning milliy
xususiyat kasb etishida uning demografik holati muhim ahamiyatga ega. Ya’ni:
1) ko’p bolali o’zbek oilalarida patriarxal tartibning saqlanib qolayotganligi
oilaviy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydi hamda oila tarbiyasi
samaradorligini ta’minlovchi omil va ko’nikmalarning avloddan-avlodga o’tishini
ta’minlaydi. Bunday oilalarda jamoaviylik katta kuch bo’lib, yuzaga keluvchi har
bir muammo birgalikda hal qilinadi;
2) kam bolali o’zbek oilalarida individuallik, “men”lik ustuvor o’rin tutadi. Otaona yoki katta yoshdagi oila a’zolari bola (bir nafar) yoki bolalar (ikki nafar)ning xohish-istaklarini doimiy ravishda inobatga oladilar. Ularning shaxsiy manfaatlari oilaning umumiy manfaatlaridan ustun turadi, iste’molchilik kayfiyati yuqori.
Zamonaviy oilalarga xos bo’lgan xususiyatlardan yana biri – bu huquqiy
mazmundagi oilaviy munosabatlarning tartibga solinishi sanaladi. Oilaning huquqiy xususiyatlari o’quv qo’llanmaning “Oilaning huquqiy asoslari. Ota-onalar
va farzandlarning huquq va burch (majburiyat)lari” mavzusida batafsil
yoritilganligi bois shu o’rinda ushbu masalaga qayta to’xtalib o’tishga hojat yo’q.
Talabalar mazkur holatda avval o’zlashtirgan bilimlarini yodga oladilar.
Shunday qilib, oilalarda oila a’zolari sonining qisqarishi, avlodlarning
uzoqlashuvi oila tarbiyasiga nisbatan yangicha yondashuvni qaror toptirishni taqozo etmoqda. Ana shunday yondashuvlardan biri – bu oilalarga ijtimoiypedagogik yordam ko’rsatish hisoblanadi. Ijtimoiy pedagoglar tomonidan oilaga tarbiyaviy yordam ko’rsatishda uning qarindoshlikka asoslanib, oila a’zolarini birga yashashlarini ta’minlovchi kichik ijtimoiy guruh yoki oila a’zolarining kundalik hayot kechirishlarini ta’minlovchi ijtimoiy institut sifatidagi rolini kuchaytirishga e’tibor qaratish zarur.
Ma’lumot o’rnida shuni qayd etishimiz mumkinki, 2022-yilning 1-yanvar holatiga Oʻzbekiston Respublikasida jami 620 821 ta koʻp bolali oilalar mavjud.
Respublikamiz hududlari orasida koʻp bolali oilalar soni eng koʻp Samarqand viloyatiga toʻgʻri kelgan. Viloyatdagi koʻp bolali oilalar soni 178 532 tani tashkil etgan.
Respublikamiz hududlarida koʻp bolali oilalar soni:
Qoraqalpogʻiston R. – 22 271 ta
Andijon – 41 780 ta
Buxoro – 18 171 ta
Jizzax – 28 294 ta
Qashqadaryo – 125 175 ta
Navoiy – 5 471 ta
Namangan – 36 061 ta
Samarqand – 178 532 ta
Surxondaryo – 62 760 ta
Sirdaryo – 12 074 ta
Toshkent – 24 470 ta
Fargʻona – 28 529 ta
Xorazm – 22 482 ta
Toshkent sh. – 14 751 ta majud.