Reproduktiv funksiya. Bu funksiya naslni davom ettirish bilan bog‘liq. Hozirgi kunda O‘zbekistonda serfarzand oilalarning mavjuddigi bilan bir qatorda, oila a’zolari sonining qisqarishi ham kuzatilmoqda. Bu hodisalar, asosan, moddiy-iqtisodiy qiyinchiliklar, ma’naviy inqiroz, yosh oilalarning ota-ona uyidan ajralib chiqishi, tibbiy xizmatning darajasi, ekologiyaning inson salomatligiga ta’siri bilan izohlanadi.
Iqtisodiy funksiya. Ma’lum bir oila a’zolari tomonidan boshqalari uchun moddiy mablag‘lar topilishi, voyaga yetmaganlar va qariyalarni moddiy ta’minlash, pul mablag‘larini to‘plash iqtisodiy funksiyaning asosini tashkil qiladi. Zamonaviy bozor munosabatlari mulk to‘plash, mulkka ega bo‘lish, meros masalalarida oilaning iqgisodiy vazifasi faollashuvini talab qiladi.
Ijtimoiylashuv funksiyasi. Oila bala shakllanishiga ta’sir qiluvchi birinchi va asosiy ijtimoiy guruh hisoblanadi. Oilada ota-ona va bolalarning tabiiy-biologik hamda ijtimoiy aloqalari uzviy bog‘lanib keladi. Oila mikromuhit sifatida bolaning ruhiy, jismoniy va ijtimoiy rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Oilaning vazifasi bolani asta-sekinlik bilan jamiyatga tayyorlashdir. Oilada insonga ta’lim va tarbiya beriladi, uning aqliy, ijodiy qobiliyatlarining rivoji sodir bo‘ladi. Aynan oilada bola mehnat qilishga va mustaqillikka o‘rganadi.
Xo‘jalik-maishiy funksiyasi. Oila jamiyatning asosiy va doimiy xo‘jalik negizidir. Unda oila a’zolarining jismoniy holati bir maromda ushlab turiladi, kasallar va qariyalarga g‘amxo‘rlik qilinadi. Ilm-texnika taraqqiyoti jadal rivojlanayotgan bizning asrimizda oilaning kundalik yumushlari (ovqat pishirish,uy tozalash, kir yuvish, kiyim tikish va boshq.) maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari zimmasiga yuklatilmokda.
Tarbiyaviy funksiya. Biz bu funksiyani alohida ajratib ko‘rsatamiz. Chunki u bolaning ilk ijtimoiylashuvi jarayonida muhim rol o‘ynaydi. Bola shakllanishiga atmosfera va iqlimning ham ta’siri bor. Tarbiyaning eng muhim vositalaridan biri shaxsiy namunadir. Yuqorida, “Tarbiya ijtimoiy institut sifatida” deb nomlangan qismda, tarbiyaning jamiyat va davdat taraqqiyotidagi o‘rni to‘g‘risida to‘liq to‘xtab o‘tgan edik.
Psixoterapevtik funksiya. Bu funksiya oklada barcha oila a’zolari o‘zini qulay sezishi lozimligida namoyon bo‘ladi. Psixologlar, sotsiologlar, pedagoglarning kuzatishlariga ko‘ra, inson kuchlari oila sharoitida jadal tiklanar ekan.
Har qanday zamon va makonda ham oilaning zimmasiga shaxs kamolotini
ta’minlash borasida muayyan vazifalar yuklatiladi. Oila zimmasiga muayyan
vazifalarning yuklatilishida jamiyat taraqqiyoti, u tomonidan shaxs kamolotiga
qo’yiladigan talablar, aholining ijtimoiy turmush tarzi, shaxslararo munosabatlar
mazmuni, davlat siyosati hamda milliy rivojlanish maqsadlari inobatga olinadi.
Zamonaviy sharoitda oilalarning hayoti va faoliyati quyidagi vazifalarni ijobiy
hal qilishga yo’naltiriladi:
- iqtisodiy;
- reproduktiv;
- tarbiyaviy;
- rekreativ;
- kommunikativ;
- regulyativ;
- feliotsitologik;
- relaksatsiya8 Quyida zamonaviy oilalar tomonidan shaxs kamolotini ta’minlash borasida hal
qilinadigan vazifalarning mohiyati yuzasidan batafsil so’z yuritiladi.
1. Oilaning iqtisodiy vazifasi. Barcha davrlarda ham oilaning iqtisodiy vazifalarni
ijobiy hal qilish imkoniyatiga ega bo’lishiga alohida e’tibor qaratib kelingan. Zero, oila iqtisodiyoti va uning ma’naviy-axloqiy qiyofasi uning mavjudligini ta’minlovchi muhim omillar sanaladi. Bozor munosabatlari sharoitida esa oilaning iqtisodiy vazifasini muvaffaqiyatli ado etish layoqatiga ega bo’lishi yanada muhim ahamiyatga ega.
Iqtisodiy vazifalari sirasida oila iqtisodiyoti va byudjetini shakllantirish, oila
daromadini rejali sarflash, oilaning kundalik xarajatlarini amalga oshirish, oilaviy
ehtiyojlar uchun mablag’ yig’ish, oila xo’jaligini yuritish, moddiy ne’matlar ishlab
chiqish kabilar alohida o’rin tutadi.
Har qanday oila o’zining iqtisodiyoti va byudjetiga ega bo’lishi zarur. O’z
iqtisodiyoti va byudjetini shakllantirishda oilaning asosiy hamda qo’shimcha
daromad manbalariga egaligi muhim ahamiyatga ega. Oila a’zolarining asosiy
daromadi ularning doimiy ish joyidan oladigan oylik maoshlari, izchil olib
turiladigan nafaqalar (keksalik yoki bolalik nafaqalari) yoki talaba bo’lgan oila
a’zolarining stipendiyalari kabi manbalar negizida shakllanadi. Oila byudjetini
shakllantirishga hissa bo’lib qo’shiladigan qo’shimcha daromad manbalari esa –
tomorqa, issiqxona yoki yordamchi xo’jalik (chorva mollari, parrandalar)dan
olinadigan meva, sabzovot hamda sut mahsulotlari, oilaviy tadbirkorlik
(hunarmandchilik, maishiy xizmat ko’rsatish)ni tashkil etish hisobiga topiladigan
pul mablag’lari, “suyunchi puli”, turli mukofot pullari, oila a’zolarining asosiy
bo’lmagan ish joyidan oladigan maoshlari sanaladi.
Oila iqtisodiyotini shakllantirishda ota-onalarning iqtisodiy bilimlarga egaliklari,
inson mehnatining mahsuli bo’lgan pul mablag’lariga nisbatan ham o’zlarida, ham
farzandlarda ijobiy munosabatni shakllantira olishlari muhim ahamiyatga ega.
Sobiq Ittifoq davrida jamiyat hayotining “ijtimoiy tenglik” tamoyiliga
asoslanganligi bois boylik, boy bo’lishga nisbatan salbiy munosabat shakllangan
edi. Hatto shaxsiy mulkka ega bo’lish davlat nazoratiga olingan, ma’lum darajada
o’ziga to’q, boy bo’lgan shaxslar, ularning xatti-harakatlari qoralanar edi.
Bozor munosabatlari sharoitida esa, aksincha, oila a’zolari – ota-onalar,
farzandlarning ishbilarmonligi, tadbirkorligi, yaratuvchanligi hamda ushbu
sifatlarga egalik asosida qo’shimcha moddiy daromad manbalarini yaratishlari
qo’llab-quvvatlanadi. Binobarin, qo’shimcha daromad oilaning farovonligini
ta’minlaydi, farzandlarning har tomonlama sog’lom, baquvvat bo’lib o’sishlari,
chuqur bilim olishlari uchun zarur, qulay shart-sharoit yaratib berilishini
ta’minlaydi. Ota-onalar o’z tadbirkorliklari evaziga farzandlarining shaxsiy
qobiliyatlarini yanada rivojlantirishga muvaffaq bo’ladilar. Iqtisodiy bilim,
tadbirkorlik, ishbilarmonlik, tejamkorlik sifatlariga ega ota-ona oila muhitida
farzandlarning bozor munosabatlariga to’laqonli moslasha olishlariga erishadi.
Oila iqtisodiyotini yaratishda ota-ona va farzandlarning birgalikda uy
xo’jaligini yuritishlari, tomorqa va yordamchi xo’jalik mahsulotlarini
etishtirishlari, hunarmandchilik buyumlarini tayyorlashlari ko’p tomonlama
ahamiyatga ega. Birinchidan, oila a’zolarining birgalikda mehnat qilishlari
hamjihatlilik, birlikni qaror toptiradi, ikkinchidan, farzandlarda mehnatga ijobiy
munosabat shakllantiriladi, ularda mehnatsevarlik xislati tarbiyalanadi,
uchinchidan, bolalar o’zlari mehnat qilar ekanlar, o’zgalarning mehnatini
qadrlashga o’rganadilar, to’rtinchidan, oila sharoitida tayyorlangan, etishtirlgan
mahsulotlarni sotish jarayonida bolalarning iqtisodiy tushunchalari kengayadi,
savdo ko’nikma, malakalarini o’zlashtiradi.
2. Oilaning reproduktiv vazifasi. Har qanday zamon va makonda ham oila,
eng avvalo, avlodlar davomiyligini ta’minlash, naslni saqlash sanaladi. Dastlab
tayanch tushuncha (“reproduktivlik”)ning lug’aviy ma’nosini anglab olish oilaning
reproduktivlik vazifasi mohiyatini to’laqonli tushunish imkoniyatini yaratadi.
Elektron manbalardan birida talqin etilishicha, “reproduktivlik” (lot. “fertillik”
(“fertilis”) – nasl qoldirish) tushunchasi “voyaga etgan organizmning nasl qoldirish
layoqatiga egaligi” ma’nosini anglatishga xizmat qiladi. Biologiya, tibbiyot kabi
sohalarda “reproduktivlik” tushunchasining antonimi sifatida “bepushtlik” atamasi
ishlatiladi.9 Yuqorida ko’rsatilgan elektron manbada qayd etilishicha, voyaga etgan
organizm sifatida odam yoki hayvonning nasl qoldirish layoqatiga ega bo’lmasligi
“bepushtlik”, niholning ma’lum yildan so’ng, etarli darajada rivojlanganidan keyin
ham hosil bera olmasligi “sterillik” (lot. “sterilis” – ko’paya olmaslik) deb
yuritiladi. “Salomatlik. Ommabop-meditsina entsiklopediyasi” esa “bepushtlik”
tushunchasi lug’aviy nuqtai nazardan “voyaga etgan organizmning nasl qoldirishga
ojizligi”ni ifodalovchi ma’noni anglatishiga urg’u berib o’tiladi.
Ko’pgina xalqlar, shu jumladan, o’zbek xalqida oilani barpo etishdan ko’zlangan
asosiy maqsad – sulolaning davomiyligini ta’minlash, nasl qoldirish hisoblanadi.
Sulolaning davomiyligini ta’minlash, nasl qoldirish nafaqat shaxsiy, shu bilan
birga ijtimoiy ahamiyatga ega masala sanaladi. Farzand ko’rish (nasl qoldirish) ota
hamda onaning shaxsiy xarakterga ega xohish-istaklariga ko’ra amalga oshirilsada, biroq, bu jarayon jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi ishlab chiqarish kuchining shakllanishi nuqtai nazaridan ijtimoiy mohiyat kasb etadi. Shu sababli insoniyat tarixiy taraqqiyotining deyarli barcha davrlarida avlodlar davomiyligini ta’minlash kun tartibidagi muhim masalalardan biri bo’lib kelgan.
Mustaqillik yillarida O’zbekistonda ham yoshlarda reproduktiv salomatlikni
shakllantirishga davlat miqyosida alohida e’tibor qaratildi. Buning isboti
“Barkamol avlod yili” Davlat dasturi hamda unda ifodalangan g’oyalarda o’zining
yaqqol ifodasini topgan. Ushbu dasturda “reproduktiv salomatlikni saqlash va
sog’lom oilani shakllantirish muammolari bo’yicha yoshlar va yosh oilalar orasida
tushuntirish ishlari olib borish” dolzarb ijtimoiy vazifalardan biri ekanligi alohida
ta’kidlangan.
Mazkur masala G’arb mamlakatlarida nikoh va oilaga g’ayriaxloqiy qarashlar
qaror topib, ularning muqaddasligiga putur etayotgan, bir jinsli nikoh tobora keng
targ’ib etilayotgan, qolaversa, erkak va ayollarning bepushtligiga sabab bo’luvchi
omillar (jinsiy organlardagi turli salbiy o’zgarishlar, jinsiy a’zolarning tug’ma
nuqsoni (kriptorxizm), shikastlanishi (orxit, epididimit), yallig’lanishi, endokrin
tizimi faoliyatining o’zgarishi, irsiy kasalliklar (m: Shereshevskiy, Terner, Daun va b. kasalliklar), Internet sahifalari va ayrim telekanallarda pornografik suratlar,
sahnalarning namoyish etilayotganligi, aksariyat yoshlarning real va vizual hayotni
ajrata olmayotganliklari, yigit va qizlarning jinsiy jihatdan to’g’ri, etarlicha
rivojlanmayotganliklari va h.k.) sonining ortib borayotgan mavjud sharoitda,
ayniqsa, o’ziga xos dolzarblik kasb etmoqda.
Farzandning benuqson va sog’lom dunyoga kelishida onalarning roli beqiyos.
Biroq, so’nggi yillarda ayollarda ham bepushtlik holatlari tobora ko’proq
kuzatilmoqda. Ayollarda namoyon bo’ladigan bepushtlik bachadon va ortiqlar
(tuxumdon va naylar)ning yallig’lanish kasalliklari (adneksit), so’zak, jinsiy
organlar sili, ichki sekretsiya bezlari (tuxumdon, qalqonsimon bez, bo’yrak usti
bezi va boshqalar) faoliyatining buzilishi, balog’atga etish davrida yuqumli
(infektsion) kasalliklar bilan og’rish natijasida markaziy asab tizimida ro’y bergan
o’zgarishlar, jinsiy organlarning etilmay qolishi(infantilizm) bilan bog’liq61
.
So’nggi yillarda maxsus adabiyotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida
ham “reproduktivlik” yoki boshqacha aytganda, “reproduktiv salomatlik”
tushunchalari ko’p qo’llanilmoqda. Yana bir elektron manbada “reproduktiv
salomatlik” tushunchasiga shunday ta’rif berilgan: “insonning reproduktiv tizimi
shakllanishi va o’z faoliyatini to’la bajara olishini ta’minlaydigan barcha hayotiy
jarayonlarda jismoniy, aqliy va ijtimoiy jihatdan kamolga etganlik holati”.
Demak, reproduktivlik insonga xos reproduktiv tizim faoliyatining benuqson
ishlashi asosida uning bevosita sog’lom farzand ko’ra olishidir. Shunga ko’ra har
bir shaxsning reproduktiv salomatlikka egaligini quyidagi belgilar asosida
baholash mumkin:
1) shaxs reproduktiv tizimining salbiy asoratlarsiz, benuqson shakllanishi;
2) reproduktiv tizimning o’z fiziologik vazifasining benuqson bajara
olishi;
3) reproduktiv tizim faoliyati jarayonida shaxsning o’zini ma’naviyaxloqiy, jismoniy, fiziologik, aqliy va ijtimoiy jihatdan kamolga etganligini his qila olishi.
Shunga ko’ra “shaxsning reproduktiv salomatligi uning oilaviy hayotga
ma’naviy-axloqiy, jismoniy, aqliy va ijtimoiy tayyorligi, er-xotin o’rtasidagi
jismoniy yaqinlikning har ikki tomon uchun ham ijobiy xarakter kasb etishiga
erishishi, farzand ko’rish xohishining qondirilishi va, eng muhimi, sog’lom farzand
ko’ra olishi uchun xizmat qiladi” (N.Ashurova). 10 Bugungi kunda har bir oilada ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari
hamda ijtimoiy institutlari bilan hamkorlikda yoshlarning reproduktiv salomatlikka
ega bo’lishlarini ta’minlash yo’lida amaliy ishlarni olib borish maqsadga
muvofiqdir. Ijtimoiy hamkorlik asosida yoshlarni nikoh va oilaviy hayotga:
- ma’naviy-axloqiy (oila uchun mas’ullik, oila va nikohni muqaddas deb bilish,
oila sha’ni va oila a’zolarining obro’sini himoya qila olish, er-xotin, shuningdek,
ota-ona va farzandlar o’rtasida o’zaro hurmatni qaror toptirish, tasodifiy jinsiy
aloqalardan o’zini tiyish),
- jismoniy (er-xotin o’rtasidagi jismoniy yaqinlikning har ikki shaxs uchun
ijobiy xususiyat kasb etishiga erishish, bu jarayonning ixtiyoriy, hech qanday
zo’rlik, majburlashlarsiz kechishiga erishish),
- fiziologik (erkakning tug’dirish, ayolning tug’ish qobiliyatiga egaligi),
- aqliy (oilaviy hayotni mo’’tadil kechishini ta’minlash, ota-onaning yosh
xususiyatlaridan kelib chiqqan holda farzandlar soni, farzand ko’rish davrlarini
ixtiyoriy belgilash, homiladorlik muddatlari o’rtasida ma’lum oraliq (interval) bo’lishi zarurligini inobatga olish, istalmagan homiladorlikning oldini olish chora-tadbirlarini ko’rish; vositalari (jumladan, kontratseptsiya vositalari) va metodlaridan xabardor bo’lish, reproduktiv salomatlikka erishishni kafolatlovchi omillar (organizmda bepushtlik kelib chiqish sabablarini bartaraf etish maqsadida jinsiy gigiena qoidalariga rioya qilish, o’z vaqtida davolanish yoki qo’shimcha reproduktiv texnologiyalardan foydalanish malakalarini o’zlashtirish), vositalar, metodlar hamda xizmatlar to’g’risidagi axborotlardan foydalanish qobiliyatiga egalik);
- ijtimoiy (oilani ongli rejalashtirish) jihatdan tayyorlash zarur.
Oila faoliyati reproduktiv nuqtai nazardan sog’lom farzand ko’rish, uni har
tomonlama sog’lom qilib voyaga etkazish, fiziologik, jinsiy va jismoniy jihatdan
qizlarni onalik, yigitlarni esa otalikka to’laqonli tayyorlashdek vazifalarni hal
qilishga yo’naltiriladi.Daniyalik olimlar tomonidan o’tkazilgan tadqiqot natijalarining ko’rsatishicha,
“Koka-kola” ichimligini muntazam iste’mol qilish voyaga etgan yigitlarning
farzand ko’rish imkoniyatlarini sezilarli darajada pasaytiradi. 2,5 ming nafar
yoshlar ishtirokida o’tkazilgan tadqiqot jarayonida ushbu ichimlikni kuniga 1 litr hajmida
muntazam iste’mol qiluvchilarda uni deyarli iste’mol qilmaydiganlardan farqli
ravishda farzand ko’rishda muhim element sanaladigan sperma (jinsiy suyuqlik)da
spermatozoid (jinsiy hujayra)lar sonining 30 foizga kam bo’lishi aniqlangan. Bu holat
bepushtlikka olib keladi. Bir millilitr spermada “Koka-kola” iste’mol qilmaydigan
shaxslarda o’rtacha 50 million, yoshlarning sevimli “chanqoq bosdisi” boshqa turdagi
ichimliklar bilan iste’mol qilinganda esa jami 35 million spermatozoid mavjud
bo’lishi ilmiy nuqtai nazardan tasdiqlangan. Jahon miqyosida keng tarqalgan ushbu ommaviy ichimlik, ayollarning ham farzand ko’rish qobiliyatlarini pasaytiradi. Agarda, ayollar farzand ko’rish oldidan hafta davomida qand miqdori yuqori bo’lgan mazkur ichimlikdan 5 yoki undan ortiq hissa (portsiya) iste’mol qilsalar, u holda homiladorlik vaqtida diabetga chalinish xavfi 22 foizga ortadi. Bunday xavf tarkibida qand miqdori yuqori bo’lgan yoki sun’iy moddalar qo’shilgan boshqa “chanqov bosdi” ichimliklar iste’mol qilganda u qadar yuqori bo’lmaydi.
3. Oilaning tarbiyaviy vazifasi. O’ziga xos tarbiya muhiti bo’lgan oila
farzandlarning kamolotini ta’minlashda muhim o’rin tutadi. Oilaning tarbiyaviy
imkoniyatlari beqiyosdir. Bolaning tabiiy alomatlari va nasl-nasabi qanchalik
ahamiyatga ega bo’lmasin, tarbiya hal qiluvchi rolni o’ynaydi. Oilaning tarbiyaviy
vazifasi bolalarda ma’naviy-axloqiy, aqliy, jismoniy, estetik, mehnatsevarlik, jinsiy,
ekologik, huquqiy, iqtisodiy fazilatlarni tarbiyalashdan iborat. Ota-onalar farzandlarda yoshlikdanoq ma’naviy-axloqiy sifatlarning shakllanishiga e’tibor qaratishlari lozim. Zero, “oilada uyushtirilajak axloqiy tarbiyaning maqsadi bolalarda eng oliy axloqiy sifatlar ota-ona hamda oilaning boshqa a’zolari, shuningdek, atrofdagilarga nisbatan mehr-muhabbat, kattalarga hurmat, kichiklarga muruvvat, kamtarlik, to’g’riso’zlik, mehnatsevarlik, sahovat, insonparvarlik, adolat, vijdon, or-nomus, g’urur, intizom, ijtimoiy burchni anglash va h.k.ni shakllantirishdan iboratdir. Shaxsda mazkur sifatlarning qaror topishida
oiladagi sog’lom muhit, oila a’zolarining psixologik jihatdan o’zaro yaqinliklari,
ehtiyoj, qiziqish va hayotiy yondashuvilaridagi umumiylik, bir-birlarini har qanday
vaziyatda qo’llab-quvvatlay olishlari, ota-onalar tomonidan barcha farzandlariga nisbatan
qo’yilayotgan talablar, shuningdek, ularga ko’rsatilayotgan e’tiborning bir xil
bo’lishi oila tarbiyasida ijobiy natijalarga erishishning omillari sanaladi. Oilada
muayyan an’ananing qaror topganligi, unga oila a’zolari tomonidan bildirilayotgan
hurmat, shuningdek, keksa avlod vakillarining shaxsi, ularning ijobiy sifatlari,
mehnatda erishgan (garchi u oddiy bo’lsa ham) yutuqlari, atrofdagilar bilan munosabati borasidagi suhbat yoki xotiralarning tashkil etilishi bolalarda hayotiy e’tiqodning shakllanishini ta’minlaydi”.
Oilaning tarbiyaviy imkoniyatlarini o’rgansh asosida shunday xulosalarga
kelish mumkin:
1) oilaning bolaga ta’siri boshqa har qanday tarbiyaviy harakatlardan kuchli;
2) oilada shunday sifatlar shakllanadiki, oiladan tashqari hech qaerda bunday
sifatlar shakllanishi mumkin emas;
3) oila muhitida shaxsning ijtimoiylashuvi amalga oshadi, shu sababli oilada
jamiyat a’zosi – fuqaro, vatanparvar shaxs, bo’lg’usi oila boshlig’i, qonunga rioya
qiluvchi huquqiy faol shaxs, iste’molchi voyaga etkaziladi, binobarin, oila qanday
bo’lsa, jamiyat ana shunday bo’ladi.
4) oila an’analarning davomiyligini ta’minlaydi;
5) oilaning muhim ijtimoiy funktsiyasi fuqaroni tarbiyalashda aks etadi;
6) oila kasb tanlashga muhim ta’sir ko’rsatadi.
4. Oilaning kommunikativ vazifasi. Odatda oila hayoti uning a’zolari o’rtasida
tashkil etiladigan muloqotga asoslanadi. Zamonaviy sharoitda oila a’zolari o’rtasida faol muloqotda bo’lish tanazzulga uchramoqda. Buning asosiy sabablari ommaviy axborot vositalari sonining ortib borishi, ulardan axborot tarqatish ko’lamining tobora kengayishidir. Aynan shu hodisalar tufayli har bir shaxs oila davrasida uyushtiriladigan muloqotdan ko’ra ko’proq ommaviy axborot vositalari bilan munosabatda bo’lishni ma’qul ko’rmoqda. Bu esa bir qator salbiy oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo’lyapti: shaxs tobora individuallashib bormoqda, ommaning manfaatidan ko’ra o’z qiziqish va intilishlarini ustun qo’ymoqda, o’zgalarning holatiga nisbatan befarqlik kuchaymoqda. Oila davrasida suhbatlar odatda bolalarda kattalar – ota-ona, buva-buvi va oilaning boshqa yoshi katta a’zolari namunasida atrof-muhitga, atrofdagilarga nisbatan ijobiy yoki salbiy bo’lishidan qat’iy nazar munosabatni shakllantiradi. Shu sababli farzandlar ishtirokida tashkil etiladigan suhbatlar doimo yoqimli, insonga ko’tarinki ruh bag’ishlaydigan, bolalarni harakatga, o’qib-o’rganishga undaydigan, ularda o’ziga nisbatan ishonch, atrofdagilarga nisbatan hurmatni uyg’otadigan g’oyalarga asoslanishiga e’tibor qaratish lozim. Suhbatlar mavzusining burch, mardlik, olijanoblik, saxiylik, kamtarlik, atrofdagilarga nisbatan muhabbat, bunyodkorlik, yutuqlar (qaysi sohada bo’lishidan qat’iy nazar), biror bir kishining ibratli xattiharakatlari xususida bo’lishi bolalarda yashashga (yashaganda ham mazmunli, unumli hayot kechirishga) bo’lgan ishtiyoqni oshiradi, ertangi kunga bo’lgan ishonchni mustahkamlaydi, ularni ijtimoiy faol bo’lishga rag’batlantiradi. Oila davrasidagi suhbatlarda kimningdir salbiy xatti-harakati yuzasidan fikr bildirish mumkin. Ammo bu boradagi fikrning bolalarga ibrat uchun aytish, bu kabi hodisalardan xulosa chiqarib olish zarurligini uqtirib o’tish maqsadga muvofiqdir. Biroq, hech qachon inson shaxsini baholashga urinmaslik, ayniqsa, “uning o’zi yaramas odam”, “u hech qachon odam bo’lmaydi”, “uning ota-onasi (aka-ukasi, opa-singlisi va b.) ham yaxshi odamlar emas” kabi asosli bo’lmagan hukmlarni chiqarishga urinmaslik lozim. Ota-onalar yoki kattalarning shu taxlitda yo’l tutishlari bolalarda atrofdagilarga nisbatan ishonchsizlikning qaror topishiga sabab bo’ladi. Oxir-oqibat bolalar hamisha kimlarnidir o’zlari bilib-bilmagan holda ayblashni, boshqalarni g’iybat qilishni o’rganishadi. Bolalarni yoshlikdan boshqalar, ayniqsa, kattalarni muhokama qilmaslikka, aksincha, ko’proq o’z xatti-harakatlarini tahlil qilishga, xatolari ustida fikr yuritishga, ularni to’g’rilash yuzasidan qarorlar qabl qilishga, o’zgalarning mummolariga befarq bo’lmalikka o’rgatib borish maqsadga muvofiqdir. Shundagina bolalarda ijtimoiy sub’ektlar bilan to’g’ri, samimiy muloqotni tashkil etish ko’nikmalari
shakllanadi.
Oilaning rekreativ, felitsitologik, regulyativ va relaksatsiya vazifalari. Yuqorida
aytib o’tilganidek, rekreativ, felitsitologik, regulyativ va relaksatsiyaga asoslangan
munosabatlarni ijobiy, samarali tashkil etilishiga erishish ham oila zimmasiga
yuklatiladigan vazifalar sirasida muhim ahamiyat kasb etadi.
5. Oilaning rekreativ vazifasi. Ijtimoiy jihatdan oila a’zolarining bir-birlariga
nisbatan rekreativ (o’zaro jismoniy, moddiy, ma’naviy va psixologik yordam
ko’rsatishga asoslangan) munosabat ko’rsatishi sifatida asrlar davomida ushbu
kichik birlashmaning qadriyat sifatida shakllanishini ta’minlagan. Oila tomonidan
rekreativ vazifaning ijobiy hal qilinishi quyidagilarga erishish imkonini beradi:
- oila a’zolarining salomatligini mustahkamlash;
- birgalikda mehnat qilish va dam olishni tashkil etish;
- oila a’zolarining o’zaro jismoniy, moddiy, ma’naviy, psixologik va tibbiy
yordam ko’rsatish ko’nikma-malakalariga ega bo’lishlarini ta’minlash;
- oilaviy tadbirlarni tashkil etishda o’zaro birdamlik, hamjihatlikka erishish;
- oila a’zolaridan biri duch kelgan muammoni oilaning barcha a’zolari
tomonidan o’zaro maslahatlashgan holda, yakdillik bilan hal qilish;
- muammo yoki qandaydir qiyinchilikka duch kelgan oila a’zosini yolg’izlatib
qo’ymaslik, uni moddiy va ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlash.
6. Oilaning feliotsitologik vazifasi. Azaldan oila baxt qo’rg’oni sanaladi.
Chunki inson aynan oiladagina o’zini chinakamiga xavfsiz, baxtli his qiladi.
Agarda oilada sog’lom psixologik muhit shakllangan bo’lsa, shubhasiz, uning
a’zolari o’zaro hamjihatlilikda baxtli (feliotsitologik) hayot kechirishadi. Ammo
ba’zi oilalarda turli sabablarga ko’ra nosog’lom muhit yuzaga keladi. Oiladagi
nosog’lom muhim a’zolarning baxtli emasliklaridan dalolatdir. Sog’lom psixologik
muhit mavjud bo’lgan oilalarda har bir a’zosi yaqinlarining baxtli bo’lishlariga o’z
hissasini qo’shishga harakat qiladi. Ular o’zaro bir-birlarini hurmat qilishadi,
mehr-muhabbat ko’rsatishadi, har qanday vaziyatda ham yordamga tayyor ekanliklarini amalda namoyish etishadi. Oilada har bir a’zoning qiziqishlari,
xohish-istaklarini inobatga olish, shaxs sifatidagi huquqlariga hurmat bilan
munosabat bildirishlari ularda shaxsan baxtga erishish imkoniyatini oshiradi. Otaonalar va oiladagi boshqa yoshi kattalar farzandlarga hukmron sifatida munosabat bildirmasdan, aksincha, ularga hamdard bo’la olishlari lozim.
Har bir shaxs o’z oilasida baxtli bo’lishga haqli. Shu sababli oila o’z a’zolarining baxtli bo’lishi uchun sharoit yaratib bera olishi zarur.
7. Oilaning regulyativ vazifasi. Har qanday ijtimoiy guruh, uyushma mavjud ekan,
uning faoliyati boshqariladi. Oila a’zolari o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni tartibga solish, ularning faoliyatlari yuzasidan ijtimoiy nazoratni yo’lga qo’yish, oilada otaning ustunligini ta’minlash, shuningdek, otaning oilada alohida obro’ga ega bo’lishiga erishish oilaning regulyativ, ya’ni, boshqaruv vazifalari sirasida alohida o’rin tutadi. Oila faoliyatini boshqarishda uning a’zolari o’rtasidagi o’zaro
munosabatlarni tartibga solish, ushbu munosabatlarning tartibga solinishida esa
mehnat taqsimoti muhim ahamiyatga ega. Bunda, eng avvalo, har bir oila a’zosi
zimmasiga ma’lum vazifalarni yuklanishiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.
Ota-onalar tomonidan oilaning eng kichik yoshli (3-4 yoshli) a’zolari zimmasiga
ham ma’lum vazifalarning yuklatilishi qator afzalliklarga ega.
Xususan, 1) yoshlikdan mehnat ko’nikmalari shakllanadi;
2) mas’uliyat hissi tarbiyalanib boradi;
3) asta-sekin bolalar ongida oilada o’z o’rniga egaligi to’g’risidagi tushuncha
shakllana boradi.
Bolalar oilada o’zaro hamjihatlikda mehnat qilar ekanlar, o’zlarining hamda
boshqalarning mehnatini qadrlashni o’rganadilar. Qolaversa, bir-birlarini hurmat
qilish, har qanday vaziyatda ham bir-birlarini qo’llab-quvvatlash, bir-birlariga
o’zro yordam ko’rsatishga odatlanib boradilar. Oilada mehnat taqsimotining oqilona yo’lga qo’yilishi esa ijtimoiy munosabatlarda tartibga erishish, ro’zg’orga baraka kirishini ta’minlaydi. Qat’iy tartib o’rnatilgan oilalarda uning a’zolari o’rtasida o’zaro kelishmovchiliklar yuzaga kelmaydi, janjallar sodir bo’lmaydi.
Oilaning boshqaruv vazifasi sirasiga uning byudjetini yaratish, pul mablag’laridan to’g’ri, oqilona foydalanish ham alohida o’rin tutadi. Ota-onalar bolalarga yoshlikdan qilinadigan sarf-xarajatlarning miqdori ishlab topiladigan pul mablag’lari summasidan oshmasligiga e’tiborli bo’lish kerakligini, sarf-xarajat qilishdan mavjud pul mablag’ining umumiy summasini inobatga olgan holda dastlab eng muhim va muhim narsalarni sotib olish zarurligini o’rgatib borishlari zarur. Oila byudjetining samarali shakllantirilishi va undan oqilona foydalanish ota-onalar tomonidan farzandlarning moddiy qo’llab-quvvatlanishi uchun imkon beradi.
Boshqaruvni tashkil etishda ota-onalar farzandlari xatti-harakatlarini nazorat
qilib borish zimmalaridagi mas’uliyatli yumush ekanligini unutmasliklari lozim.
Farzandlarning kun tartibiga ega bo’lib, unga qat’iy rioya qilishlari ular faoliyati
ustidan ijtimoiy nazoratni tashkil etishda yuqori samaradorlikka erishish imkonini
beradi.
Oilada otaning ustunligini ta’minlash, uning oilada alohida obro’ga ega
bo’lishiga erishish esa oila a’zolari o’rtasidagi shaxslararo munosabatlarning
samarali kechishini, farzandlar tarbiyasining ijtimoiy mazmun kasb etishiga olib keladi. Shu sababli onalar oilada otaning mavqeini yuqori bo’lishini ta’minlay olishlari zarur. Shundagina farzandlar har bir ishni amalga oshirishda otadan ruxsat va yuzaga kelgan katta-kichik muammolarni hal qilishda maslahat so’rash, duo olishga odatlanib boradilar. Otaning mavqei yuqori bo’lgan oilalarda farzandlar odobli, axloqli bo’lib voyaga ketishadi.
8. Oilaning relaksatsiya vazifasi. Ishlab chiqarish jarayonining tezlashuvi, ijtimoiy
va iqtisodiy munosabatlardagi kuchli raqobat zamonaviy sharoitda shaxslarda turli
darajadagi zo’riqishlarni yuzaga keltirmoqda. Bu esa o’z-o’zidan oilaning relaksatsiya imkoniyatiga ega bo’lishi zarurligini taqozo etadi. Oilaning relaksatsiya vazifasi oila a’zolarining jinsiy, emotsional faoliyatini yo’lga qo’yish, ruhiy-jismoniy quvvat va mehnat qobiliyatlarini qayta tiklash65dan iboratdir. Oila har bir shaxsning emotsional jihatdan to’laqonli shakllanishi mumkin bo’lgan eng qulay maskan sanaladi. Oila a’zolarining bir-birlariga bo’lgan ijobiy munosabatlari, o’zaro birbirlarini qo’llay olishlari ularda ruhiy xotirjamlik, hissiy barqarorlikni yuzaga keltirsa, ota-onaning farzandlar salomatligi to’g’risida qayg’urishlari, mehnat vositasida chiniqtirib borishlari ularning jismoniy baquvvat bo’lishlari uchun zarur sharoitni yaratadi. Qolaversa, ma’lum muammolarga duch kelgan farzandlarga so’z vositasida dalda berish, oila a’zolarining birgalikdagi dam olishlari jarayonida ota-onaning suv hamda musaffo havo yordamida chiniqishlari uchun sharoit yaratish ularni kuchli ruhiy zo’riqishdan xalos etadi.
Mehnat qobiliyatini yo’qotgan oila a’zosi to’g’risida ota-ona va yaqinlarining qayg’urishlari, unga dalda bera olishlari, moddiy va ma’naviy jihatdan qo’llabquvvatlashlari ham uning salomatligini, jismoniy-ruhiy quvvatini qayta tiklash, mehnat jarayoniga qaytarish uchun keng imkoniyatlarni yaratadi. Bu esa o’z navbatida oilaning reklaksatsiya vazifasi to’la-to’kis bajarilishini tasdiqlaydi.
Oilaviy munosabatlarning oila vazifalarining bajarilishidagi ahamiyati.
Oila hamda jamiyat o’rtasidagi ijtimoiy munosabatlar ikki tomonlama aloqadorlik
xususiyatiga ega. Har bir oila jamiyat talablariga muvofiq faoliyat yuritadi.
Jamiyatning rivoji esa, yuqorida aytib o’tilganidek, oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy
va ma’naviy taraqqiyotiga bevosita bog’liqdir. Chunonchi, ijtimoiy borliqning
oilalar zimmasiga qo’yadigan talablari ularning manfaatlariga zid bo’lmasa,
aksincha, oilalar farovonligi, tinchligini ta’minlashga yordam bersa, oilalar
tomonidan ushbu talablarning qo’llab-quvvatlanishi, ularning amaldagi ijrosini
ta’minlash ko’rsatkichi shuncha yuqori bo’ladi.
Ilmiy-pedagogik, psixologik, fiziologik hamda falsafiy asarlarning tahlili shuni
ko’rsatdiki, oila bola uchun eng asosiy tarbiya muhiti bo’lib, bu muhitda shaxs
kamoloti uchun muhim hisoblangan xulq-atvor, iroda, xarakter va dunyoqarash
shakllanadi. Bola oila timsolida jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini ko’radi,
jamiyat talablari mohiyatini ilk bora shu kichik jamoa orasida, oilaviy
munosabatlarni tashkil etish jarayonida anglaydi.