O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim, fan



Yüklə 3,37 Mb.
səhifə12/74
tarix07.01.2024
ölçüsü3,37 Mb.
#205016
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   74
Arxeologiyaga kirish O\'UM

Arxeologik dala tadqiqotlarda zamonaviy axborot texnologiyalarining qo‘llanilishi. XX asrning ikkinchi yarmi - XXI asr boshlarida boshqa gumanitar fanlar singari arxeologiyada ham raqamli texnologiyalar ta’siri kuzatiladi. Bugungi kunda arxeologik qidiruv-kuzatuv, arxeologik qazishmalar, dala va kabinet sharoitida topilmalarga ishlov berish jarayonida biz zamonaviy axborot texnologiyalarining keng qo‘llanilishi kuzatmoqdamiz. Bunday texnologiyalar sirasiga masofadan zondlash tizimi, gat, 3D modellashtirish, raqamli fotografiya, lazerli taxeometr va boshqalarni keltirib o‘tishimiz mumkin.

Arxeologiyada masofadan zondlash (tadqiq etish) tizimi manbalariga aero va kosmik fototasvirlar, sun’iy yo‘ldoshlar, skanerlar, yer va havo radarlari va boshqa qurilmalar


ma’lumotlarini keltirib o‘tishimiz mumkin. Arxeologik tadqiqotlarda masofadan zondlash (tadqiq etish) tizimi bir asrdan ortiqroq vaqt mobaynida qo‘llanilib kelinmoqda. Dastlab tadqiqotlarda aerofotosuratlardan foydalanilgan. Aerofotosuratlarni o‘rganish asosida taxminiy yodgorliklar tuproq yoki o‘simlik uyumi belgilari asosida ajratib olingan.
Bundan tashqari, bugungi kunda arxeologik tadqiqotlar jarayonida masofaviy boshqariladigan kamerali qurilmalar, ya’ni kvadrakopterlardan ham foydalanilmoqda. Mazkur qurilmalar vositasida ochiq maydonda joylashgan yodgorliklarning umumiy ko‘rinishi tasvirini olish yoki qazishmalar o‘tkazilgan qismlarning tarhini yaratishda foydalanish mumkin. Shu bilan birga mazkur qurilmaning kamchiliklari ham mavjud bo‘lib, o‘rmon zonalarda joylashgan obyektlarni tadqiq etishdagi ma’lum bir qiyinchiliklar bilan belgilanadi. Shuningdek, arxeologik obyektlarni masofaviy tadqiq etishda Google va Yandex kompaniyasi mahsulotlari hisoblangan Google Earth, Google Map hamda Yandex Maplardan ham foydalanilmoqda. Ushbu dasturlarning qo‘shimcha, ya’ni aholi manzilgohlari, suv omborlari, magistral yo‘llar, chegaralar va boshqa funksiyalaridan ham foydalanish imkoniyati mavjud.
Ba’zi obyektlarning maydoni bir necha o‘n gektardan 100 gektargacha yoki undan ortiq bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda ularning o‘lchamlarini aniqlashda lazerli o‘lchash asboblaridan foydalaniladi. Shuningdek, obyektlarning topografik tarhlarini, hudud rel’efini tuzishda esa lazerli taxeometr qurilmalari muhim ahamiyat kasb etadi. Lazerli taxeometr optik-elektron qurilma bo‘lib, bort kompyuter, elektron teodolit va lazerli dalnomer qismlaridan tashkil topgan. Mazkur qurilmaning imkoniyatlari shundan iboratki, unda barcha ma’lumotlar raqamli ko‘rinishda saqlanadi va ushbu ma’lumotlardan keyinchalik uch o‘lchamli modellashtirish yoki topografik tarhlarni yaratishda foydalanish mumkin. Arxeologik tadqiqotlar jarayonida tasvirga tushirilgan obyekt va arxeologiya ashyolarini grafik qayta ishlashda grafik dasturlaridan ham keng foydalanilmoqda. Grafika dasturlari kompyuter ekranida grafik tasvirlar ustida ishlash va ularni namoyish etish vazifasini bajaradi. Ularning keng tarqalgan rastr va vektor formatlari mavjud. Grafik dasturlariga biz Adobe Photoshop, Pixelmator, CorelDraw va boshqalarni keltirib o‘tishimiz mumkin. Arxeologiyada tabiiy va aniq fanlar yutuqlarining keng joriy etilishi natijasida yodgorliklar va topilmalarning uch o‘lchamli ko‘rinishi, ya’ni 3D modellashtirish usuli ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. 3D modellashtirish lazerli skanerlash va fotogrammetriya usullari vositasida amalga oshiriladi. 3D modellashtirishda Range Vision Spectrum 3.1, Shining 3D Einscan-SP kabi qurilmalar va Agisoft PhotoScan, Autodesk 123D Catch kabi dasturiy ta’minotlardan foydalaniladi. 3D modellashtirish obyektlar va topilmalarning sohaviy xususiyatlarini saqlash imkoniyati ham taqdim etadi.

  1. Arxeologik kartografiya: manbalari, usullari va texnologiyasi. GAT, ya’ni geografik axborotlar tizimi XX asrning 50-60-yillarida yer yuzida joylashgan obyektlarni kompyuter xotirasida saqlash va tasvirlash vositasi sifatida yaratiladi. GAT texnologiyasi bugungi kunda deyarli barcha sohalarda keng qo‘llanilayotgan axborot texnologiyalaridan biri hisoblanadi.

Arxeologik tadqiqotlar jarayonida geografik axborotlar tizimining keng qo‘llanilishi quyidagi yo‘nalishlar bilan izohlashimiz mumkin.

  1. Turli davrlarga oid tarixiy-madaniy merosni muhofaza qilish.

  2. Arxeologik obyektlardan tarixiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishda bashoratli modellashtirish usulining qo‘llanilishi.

  3. Landshaft arxeologiyasi doirasida ko‘p tarmoqli tadqiqotlarning amalga oshirilishi.

Hozirgi kunda GAT “Google”, “NASA”, “Refraction Research”, “Integraph”, “Microsoft”, “Esri (Arc Gis)” va boshqa ko‘plab yirik kompaniyalar ish olib boruvchi yuqori axborot texnologiyalar bozoridagi tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan sohalardan biri hisoblanadi. GAT dasturlaridan asosan “Arc Info” va “Map Info” arxeologiya sohasida ma’lumotlar tahlili uchun boshqa dasturlarga nisbatan ko‘proq qo‘llaniladi.
GATning tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat:

  1. Qurilmalar. GAT dasturlari o‘rnatiladigan va ishga tushiriladigan kompyuterlar hisoblanib, hozirda GAT turli kompyuter platformalarida ishlamoqda. GAT o‘rnatilgan qurilmalarni markazlashtirilgan serverlardan tortib tarmoqlar vositada o‘zaro bog‘langan shaxsiy kompyuterlar guruhi tashkil etishi mumkin.

  2. Dasturiy ta’minot. GAT dasturiy ta’minotlari hududiy ma’lumotlarni saqlash, tahlil qilish va namoyish etish kabi buyruqlar hamda asboblar to‘plamidan iborat.

  3. Ma’lumotlar. GATning muhim tarkibiy qismi bu - ma’lumotlar hisoblanib, hududiy ma’lumotlar va ular bilan bog‘liq jadvallar ko‘rinishidagi ma’lumotlar bazasi foydalanuvchilarning o‘zlari tomonidan ishlab chiqilishi yoki tijoriy asosda xarid qilinishi mumkin.

  4. Mutaxassislar. Ushbu tarkibiy qismni GATning dasturiy ishlanmalarini yaratadigan va ma’lum bir vazifalarni yechishda mazkur dasturiy ta’minotlarni qo‘llash rejalarini ishlab chiqadigan mutaxassislar guruhi tashkil etadi. Biz mutaxassislar guruhini shartli ravishda mutaxassislar va foydalanuvchilar guruhiga ajratishimiz mumkin. Birinchi guruhni dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan texnik mutaxassislar tashkil etsa, ikkinchi guruhni ma’lum bir masalalarni yechish bilan shug‘ullanadigan foydalanuvchilar guruhi tashkil etadi.

  5. Usullar. GATning samarali va muvaffaqiyatli qo‘llanilishi, birinchi navbatda, rejaning izchil, ketma-ketlik asosda tuzilganligi va muammoning xususiyatidan kelib chiqqan holda to‘g‘ri tashkil etilgan ish qoidasi bilan xarakterlanadi. Bizning holatda, arxeologik ma’lumotlarni o‘rganishda to‘g‘ri tanlangan sohaviy tahlil usullari to‘plami muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda, biz aksariyat zamonaviy adabiyotlarda GPS qisqartmasini uchratmoqdamiz. Bu qisqartma “Global Positioning System” deb talqin etiladi. Bu tizimning ikkinchi nomlanishi “NAVSTAR” (Navigation Sattelite providing Time And Range), ya’ni vaqt va obyektning joylashish nuqtasini aniqlash tizimi. Bu tizimning yaratilishiga qadar arxeologik yodgorliklar koordinatalarini aniqlashda ma’lum bir qiyinchiliklarga duch kelingan va tadqiqotlar jarayoniga geodeziya sohasi
mutaxassislari jalb etilgan. Xaritaga obyektlarni 10-20 metr aniqlikda kiritish uchun 1:25000 masshtabli topografik xaritalar kerak bo‘lar va koordinatalarni raqamli ko‘rinishga aylantirish uchun uzoq vaqt hamda mashaqqatli mehnat talab qilinar edi. GPSning yaratilishi esa yodgorliklar xaritasini tuzishdagi ishlarni bir qadar yengillashtirdi.
GPS tizimi yerga to‘xtovsiz ravishda elektromagnit signallar uzatib turuvchi bir nechta sun’iy yo‘ldoshlar to‘ridan iborat. Sun’iy yo‘ldoshlardan kelayotgan signallarni qabul qiluvchi va uzatuvchi qurilmalar yordamida yer yuzidagi obyektlarning joylashish koordinatalarini bir necha o‘n kilometrlardan bir necha o‘n millemetrlargacha aniqlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
“Global Positioning System”ni yaratish g‘oyasi XX asrning 50-yillarida Jon Xopkins universitetida vujudga keladi. GPS o‘tgan asrning 60-yillari oxirida yaratilgan bo‘lib, u dengiz sathidan 20.2 km balandlikda joylashgan 6 ta orbita aylanasida harakat qiluvchi sun’iy yo‘ldoshlardan iborat bo‘lgan. Sun’iy yo‘ldoshlar yerga kuchsiz signallarni uzatadi va bu signallar yer yuzidagi obyektlarning joylashish nuqtasini aniqlash uchun yetarlidir.
Hozirgi kunda jahon raqamli texnologiya bozorida GPS qurilmasining quyidagi turlari mavjud:

  1. Garmin Geko 101

  2. Portativli navigator GARMIN E-trex Camo

  3. GPS-navigator GARMIN eTrex Legend C

  4. GPS-navigator MAGELLAN SporTrak

  5. MAGELLAN Meridian Marine GPS

  6. MAGELLAN Meridian Color

  7. Navigator

  8. Cobra GPS 100

  9. Navigator Cobra GPS 500

Albatta, ushbu qurilmalarning texnik xususiyatlari, imkoniyatlari, bajaradigan funksiyalari, tan narxlari ham turlichadir.

Yüklə 3,37 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   74




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin