Asarning ilk konfliktini olaylik: Boybo’ri va Boysari to’yga boradi. To’yda ularni izzat-ikrom bilan mehmon qilishmaydi. Sababi ularning farzandi bo’lmay, xalq ularning to’y-tamosha qilib bu xurmatni, nozu ne’matlarni qaytarishiga ishonmaydi. Bu asardagi birinchi konflikt bo’lib, syujetdagi barcha voqelikning boshlanish omili hisoblanadi. To’yda Boybo’ri va Boysaribiylarga bo’lgan munosabat hecham suniy emas, aksincha kishilarning munosabatida tez-tez ko’zga tashlanuvchi tabiiy hodisadir.
Dostonning butun syujeti uchun tugun bo’luvchi keyingi hodisaga e’tibor qilaylik. Zakot so’rash voqeasi va undagi konfilkt ham judayam tabiiy tarzda tasvirlanadi. Umuman Boybo’rining zakot olish kerakligi haqida o’y surishi: “ukam gunohkor bo’lib qolmasin” deya ish tutishi voqealarini esga olaylik. Bir qarashda, bu o’rinda ukasining oxiratidan qayg’urayotgan akani ko’ramiz. Mulohaza yuritilsa, shakllanib kelayotgan hokimiyat boshlig’ining o’z haqqini qarzdorlarga eslatib o’tishdagi ilk qadamini ham sezishimiz mumkin bo’ladi. Bu esa davlatchilik qonuniyatlarini yodga solishlik bilan bir qatorda, ijtimoiy munosabatlardagi asl ziddiyat (kuchlining kuchsiz bilan aloqasi)ni ham namoyon qiladi.
Suhayl kampir ham yurtdagi obro’yi, kuch-qudratidan kelib chiqib, boylarga dabdurusdan zo’rlik qilib, Barchinni tortib olmoqchi bo’lmadi. Suhayl boynikiga sovchi bo’lib boradi. Uy oldida itlarning talaganiga qaramay kelin orzusidagi kampirning jahli chiqmaydi, mulozamat bilan Boybichadan “qizingning boshi ochiqmi” deya so’raydi. Qarangki, dostonning bu qismida Suhayl va boylarning ilk ziddiyatli munosabatiga asos solinadi. Ahamiyatlisi shundaki, Boybichadan achchiq haqoratlar eshitganiga qaramay, kampir mehmonligini unutmaydi. Rasm-rusmini qilib oldiga tortilgan oshdan “ikki guruch” bo’lsa-da tatib qo’yadi. Ya’ni, Boybicha ayni vaqtda dushmanga aylangan bo’lsa-da, u mezbon, kampirni quva solmaydi—mehmonga osh tortdi. Kampir esa mehmon sanalib, dushmanini emas, mezbonni hurmat qilishga mahkum. Bu bilan Suhaylni oqlamoqchi emasmiz. Asardagi tabiiy ijtimoiy munosabatlarning haqqoniy tasviriga ahamiyat berilishini hohlaymiz. Bilsangiz ertaklarda salbiy qahramon faqat salbiy tasvirlanib, insonga xos yaxshilik va yomonlikning bir vujudga jam bo’lishligi umuman esdan chiqariladi. Biz nazarda tutayotgan qahramonga haqqoniy munosabat realistik asarlarga hosdir. Ammo qarangki, “Alpomish” dostonida qahramonlarga munosabat realistik metod tomoyillari ostida kechadi.